Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (1418-k-son)
30.09.2011
XORAZM VILOYATI Urganch shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 7, 17-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga asoslanib,
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni. 2012-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan korxona, tashkilot va muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Korxona, muassasa va tashkilotlarda xodimlarning oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 323 ta ish oʻrni,
shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar hamda koʻp bolali ota-onalar uchun 103 ta;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 163 ta;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 21 ta;
nogironlar uchun 15 ta;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish shahar markazida ish qiluvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 11 ta;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 10 ta ish oʻrinlari zaxirasini belgilaydi.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin.
shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalar hamda koʻp bolali ota-onalar uchun;
bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun —ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyiladigan kasb va lavozimlar 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
5. Korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
6. Ushbu qaror ijrosini taʼminlamagan korxona, tashkilot va muassasalarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinishi belgilab qoʻyilsin.
7. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini mazkur qarorda belgilangan miqdoridan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar, ushbu ortiqcha ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
8. “Urganch oqshomi” gazetasi muharriri (S.Avezov)ga ushbu qarorni gazetada eʼlon qilish tavsiya qilinsin.
9. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B.Kurbanov) bir hafta muddatda mazkur qarorni 1-bandda koʻrsatilgan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
Hokim I.R. YoQUBOV
Urganch shahri,
2011-yil 30-sentabr,
1418-k-son
