Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida 2013-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (849/09-son)
17.09.2012
Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2012-yil 21-avgustdagi № 754-sonli aloqa xati hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan tuman hududidagi korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynaladigan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida 2013-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha ishchi komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish (2-ilovaga muvofiq) xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha soni yigirma nafardan koʻpni tashkil etadigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar uchun jami 7 foiz (550 kishi), shundan nogironlar uchun ish oʻrinlarining eng kam soniga muvofiq 3 foiz (17 kishi) miqdorida va 4 foiz (533 kishi) uchun ish joylarini band qilib qoʻyish yoki barpo etish belgilansin.
Jumladan, umumiy band qilib qoʻyilgan yoki barpo etiladigan ish joylariga nisbatan:
a) oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga xamda koʻp bolali ota-onalar 1,4 foiz (7 kishi);
b) taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar 75,6 foiz (367 kishi);
v) muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar 4,1 foiz (20 kishi);
g) nogironlar 3 foiz (15 kishi);
d) bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar 1,3 foiz (6 kishi);
e) jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar 2,2 foiz ( 11 kishi);
j) ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 12,3 foiz (60 kishi)
3. Ish beruvchilar ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalariga va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasin.
Bunda:
a) oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
b) taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
v) nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlarni hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
g) jazoni ijro etish muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari.
4. Korxona, muassasa va tashkilotlar yil boshlangungacha 10 kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmda ish oʻrinlari band qilib qoʻyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlab, bu toʻgʻrida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yil boshlangungacha yozma ravishda axborot berishni taʼminlasin.
5. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini band qilib qoʻyish korxona, muassasa, tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlab, bu toʻgʻrida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga birinchi chorak tugagandan keyin 10 kundan kechikmay yozma ravishda axborot berish vazifasi yuklatilsin.
6. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda korxona, muassasa va tashkilotlar uchun quyidagi imtiyozlar belgilanadi:
nogironlar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etgan tashkilotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda imtiyoz olish huquqiga;
davlat hokimiyati organlari oʻz vakolatlari doirasida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun belgilangan koʻrsatkichdan ortiqcha, shu jumladan ish uchastkalari (sexlar) tashkil etish uchun turar joy boʻlmagan binolarni birinchi navbatda ajratish yoʻli bilan band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlari tashkil etgan tashkilotlar uchun imtiyozlar;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdorda ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplash huquqiga ega boʻladi.
7. Korxona, muassasa va tashkilotlar har chorakda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga 3-ilovaga muvofiq axborot berib borish yuklatilsin.
8. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaz direktori E. Bozorovga bir hafta muddatda mazkur qarorni ilovalarda koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilot rahbarlari eʼtiboriga quyidagilar yetkazilsin:
korxona, muassasa va tashkilotlar tomonidan ish oʻrinlarining band qilib qoʻyilishi;
ushbu ish oʻrinlariga qarorning 2-bandida koʻrsatilgan shaxslarning ishga joylashtirilishi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining ish oʻrinlarni band qilib qoʻyish boʻyicha qarorini bajarmagan korxona, muassasa va tashkilotlarga jarimalar solish toʻgʻrisida yozma axborotni berib borish topshirilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari zimmasiga yuklatilsin.
Hokim S. AZIZOV
Koson t.,
2012-yil 17-sentabr,
849/09-son
Tuman hokimining 2012-yil 17-sentabrdagi 849/09-sonli qaroriga 1-ILOVA
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida 2013-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish boʻyicha ishchi komissiya
TARKIBI :
Tuman hokimining 2012-yil 17-sentabrdagi 849/09-sonli qaroriga 1-ILOVA
Koson tumani boʻyicha 2013-yil uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish belgilangan korxonalar
ROʻYXATI
