Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
19.12.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Konvensiya
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
karantin obyektlarini olib kirish va tarqatishni bartaraf etishda hamkorlik qilish zarurligini eʼtirof etib,
oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlikni davom ettirish va davlat karantin tadbirlarini muvofiqlashtirish istagida,
tijoriy kontraktlarni amalga oshirish hamda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida xoʻjalik aloqalarini rivojlantirish chogʻida karantin obyektlarini olib kirish va tarqatishdan oʻz davlatlari hududini birgalikda asrash manfaatlaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Konvensiyada quyidagi atamalar qoʻllanadi:
“karantinli organizmlar” — davlat hududida uchramaydigan yoki kam tarqalgan, ammo oʻsimliklar va ulardan olinadigan mahsulotlarga xiyla ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan oʻsimlik zararkunandalari va kasallik qoʻzgʻovchilari hamda yovvoyi oʻtlar;
“entomofaglar” — hasharotlarni eb kun koʻradigan organizmlar;
“feromonlar” — hasharotlar tur ichida isi orqali taʼsir etish uchun chiqaradigan kimyoviy modda;
“biopreparatlar” — latent holatida zararli hasharotlarga qarshi kurashishda qoʻllanadigan, tarkibida kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar bor boʻlgan preparatlar;
“karantin qilinadigan materiallar” — karantinli obyektlarning tarqalishiga omil boʻladigan yoki shunga vosita boʻladigan har qanday materiallar (urugʻlar, ekish materiallari, oʻsimliklar va ularning qismlari, oʻsimliklardan olingan boshqa mahsulotlar).
2- modda
Ushbu Konvensiyani amalga oshirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish uchun quyidagilar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari etib tayinlanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi tarafidan — Davlat oʻsimliklar karantini bosh inspeksiyasi;
Moldova Respublikasi tarafidan — Davlat fitosanitariya karantini xizmati.
3- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Konvensiyaning tarkibiy qismi hisoblangan 1- va 2-ilovalarga muvofiq karantin obyektlari roʻyxati boʻyicha karantin qilinadigan materiallarni Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari chegaralaridagi oʻsimliklar karantini boʻyicha punktlardan import, eksport qilish va tranzit oʻtkazishda karantin tekshiruvidan oʻtkazish tadbirlarini oʻtkazadilar.
* 1, 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Karantin qilinadigan materiallarni karantin tekshiruvidan oʻtkazish xarajatlarini yuk egasi Tomonlar davlati hududidagi tariflarga muvofiq toʻlaydi.
4- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar bir davlatdan boshqasiga yuborilayotgan karantin qilinadigan materiallarni import, eksport qilish va tranzit oʻtkazishda ular davlatlarining amaldagi qonunlariga muvofiq tasdiqlangan fitosanitariya nizomlariga rioya qilish majburiyatini oladilar.
5- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻsimliklar karantini sohasida samarali hamkorlik qilish maqsadida quyidagi majburiyatlarni oladilar:
bir Ahdlashuvchi Tomon davlatidan ikkinchisi davlatiga karantin qilinadigan materiallarni import, eksport qilish va tranzit oʻtkazishda karantin obyektlari oʻtib qolishining oldini olish uchun lozim choralar koʻrish;
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududida oʻsimliklar karantini boʻyicha tadbirlarni tartibga soluvchi qoidalar, nizomlar va yoʻriqnomalarni almashish;
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududida karantin obyektlari paydo boʻlib, tarqalayotgani toʻgʻrisida axborot almashish;
oʻsimliklar karantini sohasida axborot va fan yutuqlarini almashish;
karantin obyektlariga qarshi kurashda qoʻl keladigan entomofaglar, biologik dori-darmonlar, feromon va boshqa moddalarni almashish;
mutaxassislarni xizmat safariga yuborish orqali karantin qilinadigan materiallarni ishlab chiqarish va tayyorlash joyida karantin tekshiruvidan oʻtkazishni, chegara punktlarida oʻsimliklar karantini masalasining zudlik bilan hal etilishi yuzasidan tanlab tekshiruvdan oʻtkazishni amalga oshirish, shuningdek oʻsimliklar karantini sohasida fan va amaliyot yutuqlarini oʻrganish maqsadida almashish;
oʻsimliklar karantini boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishga, karantin oʻchoqlarini aniqlash, ajratib qoʻyish, tugatish, zararsizlantirish hamda boshqa ishlarda oʻzaro texnikaviy va maslahat yordamini berish;
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra favqulodda vaziyatlarda birgalikda oshigʻich tadbirlarni amalga oshirish uchun oʻsimliklar karantini boʻyicha mutaxassislardan tashkil topgan ekspeditsiyani xizmat safariga yuborish.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar import davlatida oʻsimliklar karantini boʻyicha amaldagi qonunlarga muvofiq, karantin obyektlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga eksport qilinayotgan yoki tranzit oʻtkazilayotgan karantin qilinadigan materiallar bilan kirib qolishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻrish majburiyatini oladilar.
Bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga olib oʻtilayotgan karantin qilinadigan materialning har bir turkumiga eksport davlatining oʻsimliklar karantini boʻyicha mahkamasi beradigan fitosanitariya sertifikati ilova qilinishi lozim. Bu sertifikatda karantin qilinadigan materiallar import qiluvchi tomonning import uchun karantin ruxsatini olish boʻyicha belgilagan talablariga muvofiq kelishi tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Fitosanitariya sertifikati va import uchun karantin ruxsatini berish xarajatlarini yuk egasi mamlakatdagi tariflar asosida toʻlaydi.
Karantin qilinadigan materiallarning ayrim turkumini sotib olganda Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari bunday materiallarning fitosanitariya holatiga qoʻshimcha talablar qoʻyish huquqini saqlab qoladilar. Bunday hollarda ikkala Tomon karantin inspektorlari ishtirokida karantin qilinadigan materiallarni eksport uchun tekshirib koʻrish eksportchi davlat hududida amalga oshirilishi mumkin.
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatidan biri hududi orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga tranzit olib oʻtilayotgan karantin qilinadigan materiallarning har bir turkumi fitosanitariya sertifikati va tranzit oʻtkazish uchun ruxsatnoma boʻlishi kerak.
7- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari hududida karantin qilinadigan materiallarni import, eksport qilish va tranzit oʻtkazish amalga oshiriladigan chegara punktlarini belgilaydilar, bu punktlarda ular tekshiriladi va karantin obyektlari oʻtib qolishini bartaraf etish choralari koʻriladi.
8- modda
Karantin qilinadigan materiallarni eksport qilishda oʻrash materiali sifatida karantin obyektlari boʻlmagan qirindi, qipiq, qogʻoz, plastik va boshqa materiallar qoʻllanadi, ularga tuproq tegmagan boʻlishi lozim. Pichan, somon, xazon, barg va boshqa oʻsimlik materiallarini bu maqsadda foydalanish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining roziligini olish lozim.
Bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga karantin materialini tashiydigan transport vositalari yaxshilab tozalanishi, lozim boʻlsa qatron qilinishi kerak.
9- modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari eksport mamlakatining chegara punktida fitosanitariya tekshiruvidan oʻtkazish chogʻida karantin materiallari tushganligi aniqlansa, uni eksportchiga qaytarishi yoki egasi hisobiga zararsizlantirish, materialni qaytarib yuborish yoki zararsizlantirishning iloji boʻlmasa, egasining roziligiga koʻra uni yoʻq qilib yuborish huquqiga ega. Har bir bunday holda boshqa Tomonning vakolatli organiga oldindan xabar berish lozim.
10- modda
Ushbu Konvensiyani bajarishga taalluqli amaliy masalalarni hal etish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari zarur hollarda qoʻshma kengashlar tashkil etadilar, bunday kengashlar navbatma-navbat har ikkala mamlakatda oʻtkaziladi.
Ushbu Konvensiyani talqin etish va qoʻllash yuzasidan kelib chiqqan bahsli masalalar ikkala Ahdlashuvchi Tomonning roziligiga koʻra maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra ushbu Konvensiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Konvensiyaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Bu bayonnomalar 12-moddada koʻzda tutilgan protseduraga muvofiq kuchga kiradi.
11- modda
Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12- modda
Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Tomonlar uni kuchga kiritish uchun zarur ichki protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisida oxirgi xabarnoma olinganidan soʻng 30-kuni kuchga kiradi.
Ushbu Konvensiya 5 yil muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisi boshqa Tomonga uning faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida tegishli muddat tugashidan kamida olti oy avval xabarnoma yoʻllamasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayadi.
Kishinyov shahrida, 2000-yilning 19-dekabrida ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir kuchga ega.
Ushbu Konvensiya moddalarini talqin qilish va qoʻllashda har xilliklar kelib chiqsa, rus tilidagi matn, asosiy matn sifatida foydalaniladi.
(imzolar)
