Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2413-son)
17.01.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 17-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2413]
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori J. ISMAILOV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-dekabr,
68/QQ-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-dekabr,
20-son
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. KUZIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-dekabr,
21/QQ-son
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. NURIDINOV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-dekabr,
05/QQ-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining 2012-yil 27-dekabrdagi 68/QQ, 20, 21/QQ, 05/QQ-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Mazkur Nizom oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari (bundan buyon matnda taʼlim tashkiloti deb yuritiladi) oʻquvchilariga (bundan buyon matnda oʻquvchilar deb yuritiladi) akademik taʼtil berish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom xorijiy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallariga (markaz, boʻlim, oʻquv-maslahat punkti va shu kabilar) tatbiq etilmaydi.
1. Akademik taʼtil oʻquv yili mobaynida oʻquvchining salomatligini tiklash maqsadida 12 oy muddatgacha beriladi.
2. Oʻquvchiga oʻqish davomida ikki martagacha akademik taʼtil berilishi mumkin.
II. Akademik taʼtil berish va akademik taʼtildan qaytish
3. Akademik taʼtil olish uchun oʻquvchining ota-onasi (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) taʼlim tashkiloti direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Akademik taʼtil olishni soʻrab murojaat qilingan arizaga oʻquvchi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasi ilova qilinishi lozim.
4. Surunkali kasalligi sababli bir oydan ortiq vaqt davomida darslarga qatnasha olmagan oʻquvchining ota-onasi (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan yozilgan arizaga asosan akademik taʼtil berilishi mumkin. Bunda akademik taʼtil muddati oʻtishining boshlanishi oʻquvchi darslarga qatnasha olmayotgan kundan boshlab hisoblanadi.
5. Salomatligini tiklash maqsadida oʻquvchiga akademik taʼtilning berilishi mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan Taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga tibbiy koʻrsatmalar boʻyicha akademik taʼtil berishga oid kasalliklar roʻyxatiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Taʼlim tashkiloti Pedagogik kengashi qarori asosida direktor raisligida tashkil etilgan Oʻquvchiga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi.
7. Oʻquvchiga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi murojaat bir hafta muddatda Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
Komissiya xulosasi akademik litseylarda — tegishli oliy taʼlim tashkilotiga, texnikumlarda esa — hududiy kasbiy taʼlim boshqarmasiga yuboriladi. Rasmiy javob xati olingandan soʻng, taʼlim tashkiloti direktori tomonidan oʻquvchiga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi buyruq rasmiylashtiriladi. Mazkur buyruqda akademik taʼtilning boshlanish va tugash sanalari, shuningdek uning huquqiy asosi koʻrsatilishi shart.
8. Oʻquvchi akademik taʼtilga chiqqan kundan boshlab bir oy muddatgacha oʻquvchining ota-onasi (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) akademik taʼtilni bekor qilish va uni oʻqishga qaytarishni soʻrab taʼlim tashkiloti direktoriga ariza bilan murojaat qilganda, ariza koʻrib chiqilishi mumkin.
9. Oʻquvchining ota-onasi (yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) akademik taʼtilning muddati tamom boʻlgandan soʻng oʻquvchining oʻqishga qaytishi boʻyicha taʼlim tashkilotining direktori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
10. Agar akademik taʼtil davrida oʻquvchi oʻqigan taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi) tugatilgan boʻlsa, oʻquvchini shu taʼlim tashkiloti yoki boshqa taʼlim tashkilotiga oʻqishini mos va turdosh yoʻnalishi (mutaxassisligi) boʻyicha koʻchirish masalasi ham ariza bilan birga koʻrib chiqilishi va hal etilishi lozim.
11. Akademik taʼtildan qaytish boʻyicha oʻquvchining murojaati bir haftalik muddatda koʻrib chiqilishi va uning taʼlim tashkilotiga oʻqishga qaytishi toʻgʻrisida taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻi chiqarilishi lozim.
Ushbu buyruqda oʻquvchi akademik taʼtildan qaytgandan soʻng oʻqiydigan oʻquv kursi, yoʻnalishi va guruh raqami koʻrsatilishi shart.
III. Yakuniy qoida
12. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Taʼlim tashkilotlari oʻquvchilariga tibbiy koʻrsatmalar boʻyicha akademik taʼtil berishga oid kasalliklar roʻyxati
1. Sil kasalligining ochiq formalari (aktiv rivojlanuvchi oʻpka sili, traxeobronxial, ichki va periferik limfa tugunlari, yirik suyaklar, boʻgʻimlar faol sili yoki kichik suyak va boʻgʻimlarning sildan koʻp jarohatlanishi, tomoq, kekirdak, halqum, qizil oʻngach, ichak, koʻz, teri va boshqa ichki aʼzolar aktiv sili).
2. Silga aloqador boʻlmagan, yurak-oʻpka faoliyatlari yetishmovchiligi (III daraja) bilan kechuvchi oʻpkaning surunkali kasalliklari.
3. Barcha bosqichdagi xavfli oʻsma kasalliklari, ikki yil oldin radikal davolanganlar bundan mustasno.
4. II va III darajali qon aylanishining buzilishi bilan kechuvchi yurak klapanlarining va mushaklarning organik oʻzgarishlari (tugʻma va orttirilgan).
5. II va III darajali qon bosimining oshishi, tez rivojlanuvchi qon bosim oshishi kasalligi—xavfli gipertoniya.
6. Turgʻun buyrak yetishmovchiligi bilan kechuvchi buyrak va boshqa aʼzolar kasalliklari.
7. Statsionar sharoitida davolashga muhtoj boʻlgan oshqozon-ichak tizimi yara kasalliklari.
8. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolash va reabilitatsiya qilish lozim boʻlgan ogʻir shikastlanishlar, oʻtkir va surunkali kasalliklar.
9. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolash va reabilitatsiya qilish zarur boʻlgan turli etiologiyalik jigar kasalliklari, jigar sirrozi, parazitar kasalliklari va boshqalar.
10. Endokrin kasalliklarning aniq shakllari (akromegaliya, Bazedov kasalligi, Addison kasalligi, miksedema, qandli diabetning ogʻir shakli, Itsenko-Kushinga kasalligi).
11. Qon tizimi kasalliklari: oʻtkir va surunkali leykozlar (limfa leykozlar bundan mustasno), aplastik anemiya.
12. Asab sistemasining surunkali organik asab kasalliklari, shuningdek boʻlib oʻtgan kasalliklarning ogʻir asoratlari (ensefalit, meningit, araxnoidit, bosh suyakning va orqa miyaning yopiq holda shikastlanishi, bosh suyakning ochiq holda shikastlanishi va boshqalar) natijasida aql-zakovatning chuqur va turgʻun buzilishlari, psixopatik buzilishi (oʻzini axloqiy jihatdan tuta olmaslik yoki tajanglik urinishdagi holatlar), nevrologik belgilar yoki psixopatik xulq-atvor asoratlari bilan oʻtkaziladigan kasalliklar.
13. Toʻxtovsiz rivojlanish bilan kechuvchi shizofreniyaning (oddiy, gebefrenik, paranoid turlari) quyidagi koʻrinishlari:
a) xurujsimon rivojlanish bilan kechuvchi shizofreniya (katotonik, galyutsinator, paranoid turlari);
b) toʻlqinsimon kechuvchi shizofreniya (sirkulyator, depressiv-paranoid, oneyroid-katotonik) tez-tez xurujlanuvchi va qisqa remissiyali holatlar;
v) sust kechuvchi shizofreniyaning xuruj davri.
14. Tez-tez takrorlanuvchi tutqanoqli, tutqanoqsiz va psixomator xurujlari bilan, shuningdek hushning xiralashuvi va ogʻir disforiya bilan kechuvchi epilepsiya:
a) kam takrorlanuvchi xurujlar bilan, shaxsning chuqur oʻzgarishi va aql-zakovat buzilishi bilan kechuvchi epilepsiya;
b) epileptik psixozlar.
15. Tez-tez xurujlanuvchi siklotimiya, maniakal depressiv psixoz, tez-tez takrorlanuvchi maniakal depressiv holatlar.
16. Shaxsda patologik rivojlanishning har xil turlari, mehnatga qobiliyati pasayishi bilan, psixopatiyaning yaqqol turi yoki tez-tez dekompensatsiyalanishi bilan kechuvchi turlari.
17. Ogʻir, surunkali kechuvchi, takrorlanuvchi teri kasalliklarining nogironlikka olib keluvchi turlari.
18. Zaxmning yuqumli bosqichi.
19. Traxomaning I, II, III darajalari.
20. Giyohvandlik, toksikomaniyaning (tamakiga tobelikdan tashqari) barcha turlari.
21. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS/OIV).
