2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida (579-II-son)
23.11.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan 2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
2013-yilda hududlar va bandlik yoʻnalishlari boʻyicha 972,7 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish dasturi soʻzsiz bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin;
oʻz saʼy-harakatlarini Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlari, demografik rivojlanishning oʻziga xos xususiyatlari, sanoatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi dastur, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlari, Investitsiya dasturi, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi, ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlanishning hududiy dasturlari, mintaqaviy investitsiya dasturlari inobatga olingan holda qabul qilingan 2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining roʻyobga chiqarilishini taʼminlashga qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari va parametrlari tegishli hududda bajarilishini taʼminlasinlar;
tarmoqlarni va respublika hududlarini rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan barcha dasturiy hujjatlarning roʻyobga chiqarilishini inobatga olgan holda ish bilan band boʻlmagan aholini ishga joylashtirish yuzasidan faol chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali ishsizlikning oldini olishga, shu jumladan, ish oʻrinlari tashkil etishga, aholining kam taʼminlangan toifalarini, birinchi navbatda, koʻp bolali ayollarni, nogironlarni va ishsizlarni ish bilan taʼminlashning samarali shakllarini rivojlantirishga, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishga, kasanachilikni ragʻbatlantirishga, boʻshab qolgan xodimlarni, taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishga, eng avvalo, kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini “korxona-kollej” tizimi boʻyicha, egallagan mutaxassisliklariga muvofiq ishga joylashtirishga alohida eʼtibor qaratsinlar;
boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarini muntazam ravishda tashkil etsinlar va oʻtkazsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi 2013-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini yilning har choragida xabardor qilsin va unga zarur materiallarni yuborsin.
5. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2012-yil 23-noyabr,
579-II-son
