Huquqiy axborot almashinuvi toʻgʻrisida
15.06.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
huquqiy axborot almashish sohasida toʻgʻridan toʻgʻridoimiy aloqalarni kengaytirishga boʻlgan oʻzaro intilishdan kelib chiqib,
ikkala davlat mustaqilligi va suverenitetini huquqiy taʼminlashga, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga muhim ahamiyat berib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar davlatlararo almashinadigan, eʼlon qilish uchun ochiq Meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning mavzu roʻyxati(ilova qilinadi)da sanab oʻtilgan masalalar yuzasidan ikki tomonlama axborot almashishni amalga oshiradilar. Mazkur roʻyxatga Tomonlarning oʻzaro ahdlashuvi boʻyicha oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
2- modda
Tomonlardan har biri ikkinchi Tomonga soʻralayotgan huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etadi.
Tomonlardan biri hamkorlik davomida olgan axborot uni etgan Tomonning roziligi bilangina uchinchi Tomonga berilishi mumkin.
3- modda
Tomonlar milliy axborot resurslaridan foydalangan holda, huquqiy axborot almashish uchun oʻz etalon bazalarini tashkil etadilar. Ushbu Bitimni roʻyobga chiqarish organlari qilib:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi,
Tojikiston Respublikasidan — Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi tayinlanadilar.
4- modda
Tomonlar huquqiy axborot almashish tizimini barpo etish boʻyicha hamjihat tadbirlarni amalga oshirib, mustaqil ravishda:
axborotdan foydalanuvchi subyektlar roʻyxati;
axborotning huquqiy rejimi — axborotning ochiqlik darajasi, hujjatlashtirish tartibi, unga kirish, tarqatish va muhofaza qilishning meʼyoriy qoidalarini belgilaydilar.
5- modda
Tomonlar huquqiy axborotning birgalikda foydalanish uchun belgilangan (etalon bazalari) milliy resurslariga kirishni taʼminlaydilar ularning aktual holatini saqlaydilar va axboriy maʼlumotlarni toʻliq, ishonchli va oʻz vaqtida yetkazishga masʼul boʻladilar.
6- modda
Tomonlar oʻzaro ahdlashuviga koʻra, huquqiy axborotlarni kommutatsiya qilishning xalqaro andozalarida belgilangan usullarga amal qilib, hujjatlarni elektron uzatish orqali yoki foydalanuvchi subyektga meʼyoriy huquqiy hujjatlarni qogʻoz materialli eltuvchilarda rus tilida taqdim etish orqali almashadilar.
7- modda
Tomonlar amaldagi kommunikatsion tizimlar resursidan, shuningdek yangidan tashkil etilayotgan maxfiy aloqadan foydalanib, huquqiy axborotni almashadilar.
8- modda
Huquqiy axborotni almashish Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga koʻra amalga oshiriladi.
Huquqiy axborot, odatda, rus tilida va tekin taqdim etiladi. Shoshilinch xabarlar va materiallarni uzatishda elektron, faksemil va boshqa aloqa vositalaridan foydalaniladi.
9- modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
10- modda
Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra, ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar sifatida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning tarkibiy qismi hisoblanadi.
11- modda
Ushbu Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin etishda bahs va kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, Tomonlar ularni muzokaralar oʻtkazish orqali hal etadilar.
12-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Bitim Tomonlardan biri boshqa Tomonni ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab olti oy oʻtgunicha amal qiladi.
Dushanba shahrida, 2000-yil 15-iyunda ikki asl nusxada har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
Davlatlar oʻrtasida almashinadigan meʼyoriy huquqiy hujjatla
ROʻYXATI
1. Davlat tuzilishi asoslari.
2. Fuqarolik huquqi.
3. Nikoh va oila.
4. Fuqarolik-protsessual qonunlari.
5. Arbitraj jarayoni.
6. Ishga joylashtirish va aholining ish bilan bandligi.
7. Mehnat.
8. Ijtimoiy sugʻurta va ijtimoiy taʼminot.
9. Moliya va kredit.
10. Xalq xoʻjaligi (yalpi).
11. Korxonalar va tadbirkorlik faoliyati.
12. Sanoat.
13. Kapital qurilish va kapital taʼmir.
14. Shaharsozlik va arxitektura komplekslari.
15. Qishloq xoʻjaligi va agrosanoat komplekslari.
16. Savdo.
17. Uy-joy — kommunal xoʻjaligi va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish.
18. Transport va aloqa.
19. Taʼlim.
20. Fan.
21. Madaniyat.
22. Fuqarolar salomatligini muhofaza qilish.
23. Aholini jismoniy tarbiyalash.
24. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish. (yalpi)
25. Er toʻgʻrisida qonunlar.
26. Er osti boyliklari toʻgʻrisida qonunlar.
27. Oʻrmonlar, suvlar, hayvonot olamini muhofaza qilish va foydalanish.
28. Atmosfera havosini muhofaza qilish.
29. Geodeziya va kartografiya.
30. Gidrometeorologiya.
31. Davlat xizmati.
32. Mudofaa.
33. Davlat xavfsizligi.
34. Bojxona ishi.
35. Jamoat tartibini himoya qilishi.
36. Sud. Adliya. Prokuratura.
37. Jinoiy qonunlar.
38. Jinoiy-protsessual qonunlar.
39. Jinoiy-ijro qonunlari.
40. Maʼmuriy javobgarlik.
41. Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar.
42. Xalqaro shaxsiy huquq, va protsess.
43. Tashqi iqtisodiy aloqalar.
