Mahalliy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari yarmarka savdosini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (377-son)
30.12.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Isteʼmol bozorini maksimal darajada qondirish va uni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli raqobatbardosh isteʼmol tovarlari bilan toʻldirish, mintaqaviy koʻrgazma-yarmarkalar oʻtkazilishini tizimli asosda tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasining mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari koʻrgazma-yarmarkalarini, eng avvalo, qishloq joylarda doimiy asosda oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining qoʻshimcha vazifalari etib belgilansin:
mahalliy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlarining, eng avvalo qishloq joylarda koʻrgazma-yarmarkalarini tashkil etish va doimiy asosda oʻtkazish;
koʻrgazma-yarmarkalarda ishtirok etish uchun raqobatbardosh nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarning keng doirasini, shu jumladan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini jalb etish;
talab yuqori boʻlgan nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari turlarining nomenklaturasini aniqlash va shu asosda ularni ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini kengaytirish, ularning dizayni va sifatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, savdo-vositachi tashkilotlar va isteʼmolchilar oʻrtasida amaliy aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashish.
3. Zamonaviy mahalliy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari koʻrgazma-yarmarkalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni doimiy asosda oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari koʻrgazma-yarmarkalarni oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlarni, shu jumladan, asosan zarur savdo-koʻrgazma uskunalari bilan jihozlangan savdo komplekslarida bepul asosda binolar ajratish yoʻli bilan taʼminlasinlar..
5. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, koʻrgazma-yarmarkalarda ishtirok etish munosabati bilan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qilingan xarajatlar yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasini aniqlashda belgilangan tartibda chegirib tashlanadigan reklama xarajatlariga kiradi.
6. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi oʻtkazilayotgan koʻrgazma-yarmarkalarning maqsad va vazifalari, respublika ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilayotgan nooziq-ovqat isteʼmol tovarlarining yangi turlari toʻgʻrisida aholini va manfaatdor ishbilarmon doiralarni ommaviy axborot vositalari orqali keng xabardor qilishni taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin..
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 30-dekabr,
377-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 377-son qaroriga 2-ILOVA
Zamonaviy mahalliy nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari koʻrgazma-yarmarkalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni doimiy asosda oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar
