31-modda. Normativ-huquqiy hujjatning orqaga qaytish kuchi
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni u amalga kiritilishiga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qonunda toʻgʻridan toʻgʻri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonuni sodir etilgan paytda javobgarlikka sabab boʻlmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab boʻlgan xatti-harakatlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etishni yoxud kuchaytirishni nazarda tutsa yoxud yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berish mumkin emas.
