16-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning oʻzaro nisbati
“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-342-son) · Sana: 24.12.2012 · Amalda
Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi boʻyicha oʻzaro nisbati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatiga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjat oʻziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq boʻlishi shart.
Normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat qoʻllaniladi.
Teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno.
Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning, davlat qoʻmitasining yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati boʻlsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qoʻmitasi yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega boʻladi.
