3-modda. Asosiy tushunchalar
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-341-son) · Sana: 20.12.2012 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organlar — qonunchilik hujjatlari bilan zimmasiga tadbirkorlik subyektlariga ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish vazifasi yuklatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
ruxsat berishga doir talablar va shartlar — ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat asosida harakatni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirishda tadbirkorlik subyekti tomonidan bajarilishi shart boʻlgan, qonunchilikda belgilangan talablar va shartlar yigʻindisi;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat — vakolatli organ tomonidan qabul qilinadigan va tadbirkorlik subyektiga beriladigan, tadbirkorlik faoliyati sohasida harakatlarni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan hamda ruxsatnoma, kelishuv, xulosa shaklida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ifodalanadigan qaror;
tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomili (ruxsat berish tartib-taomili) — harakatlarni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisidagi arizaning topshirilishi va koʻrib chiqilishi, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning berilishi, amal qilish muddatining uzaytirilishi, toʻxtatib turilishi, qayta tiklanishi, tugatilishi, qayta rasmiylashtirilishi va bekor qilinishi jarayoni bilan bogʻliq tadbirlar majmui.
