22-modda. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-341-son) · Sana: 20.12.2012 · Amalda
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
ruxsat berishga doir talablar va shartlar tadbirkorlik subyekti tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
tadbirkorlik subyekti tomonidan vakolatli organning tadbirkorlik subyekti zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarori bajarilmaganda.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa haqiqiy xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish hollari bundan mustasno.
Vakolatli organning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorlik subyektiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikning normalari aniq koʻrsatilgan holda, yozma shaklda yetkaziladi.
Sudning ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori tadbirkorlik subyektiga qonunchilik belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Vakolatli organ yoki sud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishi toʻxtatib turilishiga sabab boʻlgan holatlarning tadbirkorlik subyekti tomonidan bartaraf qilinishi muddatini belgilashi shart. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarning tadbirkorlik subyekti tomonidan bartaraf qilinishi muddati tadbirkorlik subyekti ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar tadbirkorlik subyekti tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan vakolatli organ yoki sud koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
