14-modda. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-341-son) · Sana: 20.12.2012 · Amalda
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun tadbirkorlik subyekti tegishli vakolatli organga quyidagilarni taqdim etadi:
yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli; jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari, tadbirkorlik subyekti bajarmoqchi yoki amalga oshirmoqchi boʻlgan harakat va (yoki) muayyan faoliyat koʻrsatilgan holda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisidagi ariza;
ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda belgilangan boshqa hujjatlar. Ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar sifatida faqat tadbirkorlik subyektining harakatni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirish imkoniyatini tasdiqlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, shuningdek mavjud boʻlmasligi harakatni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirish chogʻida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga ziyon hamda atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan hujjatlar belgilanishi mumkin.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berish toʻgʻrisidagi arizada tadbirkorlik subyektining elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berish toʻgʻrisidagi arizada tadbirkorlik subyektining elektron manzili koʻrsatilganligi uning oʻz arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi xabarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olishga boʻlgan roziligidir.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar, vakolatli organ aksini isbotlaguniga qadar, barcha hollarda toʻgʻri hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektidan ushbu moddada va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar tadbirkorlik subyekti tomonidan vakolatli organga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar tadbirkorlik subyektining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
