Magistratura toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2405-son)
18.12.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 18-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2405]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF–4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda) va Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 10-sentabrdagi 190-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 384-modda) muvofiq buyuraman:
1. Magistratura toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2007-yil 29-dekabrdagi 269-son “Magistratura toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765, 2008-yil 4-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 6-7-son 28-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2010-yil 22-sentabrdagi 363-son “Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1765-1, 2010-yil 30-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 40-41-son, 347-modda).
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir B. XODIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-oktabr,
418-son
Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2012-yil 29-oktabrdagi 418-son buyrugʻiga ILOVA
Magistratura toʻgʻrisidagi nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 11-12-son, 295-modda) qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 24-iyuldagi PF–4456-son “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 30-son, 346-modda), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-avgustdagi 343-son “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 15-16-son, 104-modda) va 2007-yil 10-sentabrdagi 190-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimida magistratura faoliyatini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 384-modda) qarorlariga muvofiq magistratura faoliyatini tubdan takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish, kadrlar tayyorlash sifati va raqobatbardoshligini kuchaytirish, “magistr” darajasini berish boʻyicha dissertatsiya ishi mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan mezonlar va talablar hamda xalqaro taʼlim standartlari darajasida oliy taʼlim muassasalarida magistrlar tayyorlash tartibini belgilaydi.
I bob.Umumiy qoidalar
1. Magistraturaga qabul qilish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 24-25-son, 195-modda) bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Tegishli mutaxassisliklar boʻyicha magistrlarni tayyorlash kadrlar buyurtmachilarining takliflari asosida, davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan oliy taʼlim muassasalarida amalga oshiriladi.
3. Magistratura aniq mutaxassislik boʻyicha fundamental va amaliy bilim beradigan, bakalavriat negizida taʼlim muddati kamida 2 yil davom etadigan oliy taʼlimdir.
Magistratura taʼlim dasturini tugatgan bitiruvchilarga yakuniy davlat attestatsiyasi natijalariga koʻra taʼlim yoʻnalishining aniq mutaxassisligi boʻyicha “magistr” akademik darajasi toʻgʻrisidagi davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom beriladi.
Magistratura talabalarining (bundan buyon matnda talaba deb yuritiladi) yakuniy davlat attestatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 1963, 2009-yil 5-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 23-son, 267-modda) asosida amalga oshiriladi.
4. Tayanch oliy taʼlim muassasalarida magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari va kadrlar buyurtmachilarining (bundan buyon matnda buyurtmachilar deb yuritiladi) takliflari asosida ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik hamda ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan dasturlar boʻyicha maqsadli magistrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
5. Oliy taʼlim muassasalari barcha boʻlinmalarining magistrlar tayyorlash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish magistratura boʻlimi tomonidan kafedra va dekanatlar bilan birga amalga oshiriladi.
6. Magistraturada ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumot shartnoma (toʻlov-kontrakt) asosida olinadi.
II bob. Magistrlarning tayyorgarligiga qoʻyiladigan umumiy talablar
7. Magistrlarning tayyorgarligiga nisbatan qoʻyiladigan umumiy malaka talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-avgustdagi 343-son “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek aniq mutaxassislik boʻyicha magistrlarning tayyorgarligiga nisbatan qoʻyiladigan malaka talablari ushbu qarorga asosan oliy taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan magistratura mutaxassisliklari davlat taʼlim standartlarida belgilanadi.
8. Magistr:
tanlangan mutaxassislik boʻyicha mustaqil ilmiy-tadqiqot, ilmiy-pedagogik va kasbga doir faoliyatini yuritish;
tayyorgarligiga muvofiq mutaxassislik boʻyicha oliy taʼlimdan keyin katta ilmiy xodim izlanuvchilar institutida tahsil olish;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida qoʻshimcha kasb taʼlimi olish uchun tayyorlanadi.
9. Magistr oʻzining mutaxassisligi, ilmiy-faoliyat va ilmiy-pedagogik tayyorgarligiga muvofiq kasbiy faoliyatining:
loyiha-konstruktorlik;
loyiha-texnologik;
ilmiy tadqiqot va tajriba;
ishlab chiqarish boshqaruvi;
ilmiy-pedagogik;
ilmiy-ijodiy turlari, shuningdek bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos boshqa mutaxassisliklari boʻyicha ham shugʻullanishi mumkin.
III bob. Magistratura taʼlim dasturi hamda oʻquv jarayonini tashkil etilishi
10. Magistratura taʼlim dasturlariga nisbatan qoʻyiladigan umumiy talablar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-avgustdagi 343-son “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, shuningdek aniq mutaxassislik boʻyicha magistratura taʼlim dasturlariga nisbatan qoʻyiladigan talablar ushbu qarorga asosan oliy taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan magistratura mutaxassisliklari davlat taʼlim standartlarida belgilanadi.
11. Magistraturada oʻquv jarayoni tegishli taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgan hamda Oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashda muhokama qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlangan mutaxassisliklar boʻyicha Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari (bundan buyon matnda Davlat taʼlim standartlari deb yuritiladi) va oʻquv rejalari asosida tashkil etiladi.
Tanlov fanlari magistrlik dissertatsiyalarining (bundan buyon matnda dissertatsiya deb yuritiladi) mavzularidan yoki buyurtmachilar tomonidan mutaxassis kadrlarga qoʻyiladigan talablar asosida belgilangan tartibda oʻquv rejaga kiritiladi.
12. Ayrim mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini va magistraturada tahsil olish muddatlarini (3 yilligi) inobatga olib, magistraturada oʻqish davrining umumiy hajmi (nazariy taʼlim, attestatsiya, amaliyot, taʼtil va ilmiy faoliyat taqsimoti)ga Vazirlik bilan kelishilgan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13. Talabalarning mustaqil ishi oʻquv rejasidagi muayyan fanni oʻzlashtirish uchun belgilangan oʻquv jarayonining ajralmas qismi boʻlib, bilimlarni mustaqil oʻzlashtirish koʻnikmalarini shakllantirish va zamonaviy axborot manbalaridan samarali foydalanishga yoʻnaltiriladi.
14. Magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonini tashkil etishga quyidagi talablar qoʻyiladi:
davlat taʼlim standartlari talablari darajasida nazariy va amaliy taʼlim, laboratoriya mashgʻulotlari, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish hamda dissertatsiyalarni tayyorlash uchun zaruriy oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik bazaning mavjudligi;
tashkilotlarda davlat taʼlim standartlari va oʻquv rejalariga muvofiq talabalarning amaliyotlarini oʻtkazish uchun oliy taʼlim muassasasi, fakultet yoki kafedralar bilan tashkilotlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarning mavjudligi;
magistrlar tayyorlash jarayoniga yuqori malakali oʻqituvchilar, fan nomzodi va dotsentlar, fan doktori va professorlar, shuningdek tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassis va amaliyotchilarning jalb etilishi.
15. Magistraturada talabaning mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan namunaviy shakldagi shaxsiy kalendar ish rejasi (bundan buyon matnda ish reja deb yuritiladi) asosida taʼlim olishiga magistratura boʻlimi boshligʻi, tegishli fakultet dekani va kafedra mudiri hamda ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) masʼul hisoblanadi.
Ish reja oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, dissertatsiyani tayyorlash, pedagogik va malakaviy amaliyot faoliyatiga oid tarkibiy qismlardan iborat boʻladi.
Ayrim mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini va magistraturada tahsil olish muddatlarini (3 yilligi) inobatga olib ish rejaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
16. Ilmiy rahbar bilan birgalikda ishlab chiqilgan va tegishli kafedrada tasdiqlangan ish reja magistratura boʻlimi tavsiyasi asosida oliy taʼlim muassasasining oʻquv ishlari boʻyicha prorektori tomonidan tasdiqlanadi.
17. Talaba ish rejaning bajarilishi boʻyicha har oyda kafedra yigʻilishida rasmiy hisobot beradi. Bunda talabalar hisobotini eshitish jadvali tegishli kafedra tomonidan ishlab chiqiladi va magistratura boʻlimi bilan kelishgan holda tegishli fakultet dekani tomonidan tasdiqlanadi.
Kafedra mudiri talabalarning fanlarni oʻzlashtirishi, ularning ilmiy-tadqiqot ishlari holati boʻyicha har semestrda 1-marta tegishli fakultet ilmiy kengashi (oʻquv-uslubiy kengash)ga hisobot berishi lozim.
Talaba ilmiy rahbari ishtirokida semestrlar yakunida tegishli fakultet ilmiy kengashi (oʻquv-uslubiy kengash) va magistratura boʻlimiga dissertatsiyaning bajarilish holati, ilmiy, uslubiy maqolalar tayyorlanishi, oʻtkazilgan ijodiy ishlar va boshqalar haqida yozma hisobot taqdim etadi.
18. Talaba tomonidan ish rejasini tizimli ravishda buzilishi va talaba aybi bilan dissertatsiyaning oʻz vaqtida bajarilmasligi holatlarida ilmiy rahbar talabaga ilmiy rahbarlik qilishdan voz kechishi va uni dastlabki himoyaga tavsiya etmasligi mumkin.
IV bob. Talabalarning huquq va majburiyatlari
19. Talabalar quyidagi huquqlarga ega:
taʼlim, fan, madaniyat, texnika, iqtisodiyot, ijtimoiy yoki boshqa sohalarning zamonaviy taraqqiyoti darajasiga mos keluvchi bilimlarni olish;
oliy taʼlim muassasasining muhim masalalarini muhokama etish va hal qilishda bevosita ishtirok etish;
axborot-resurs markazidagi axborot resurslari, oʻquv, ilmiy, tibbiy va boshqa turdagi xizmatlardan oliy taʼlim muassasasining ustavida belgilangan tartibda bepul foydalanish;
ilmiy-tadqiqot ishlarida, konferensiya va simpoziumlarda ishtirok etish;
oʻz ilmiy-tadqiqot ishlarini nashrga taqdim etish;
oliy taʼlim muassasasi rahbariyatining qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, ularning ustidan shikoyat qilish;
talabalar uchun belgilangan tartib va miqdordagi stipendiya, shuningdek Davlat stipendiyalari hamda oʻqishga yoʻllagan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tayinlagan stipendiyalarni olish.
Talaba qonun hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ega boʻlishi mumkin.
20. Talabalarning majburiyatlari:
oliy taʼlimning taʼlim dasturlari va oʻquv rejada nazarda tutilgan bilimlarni egallash;
oʻquv rejada nazarda tutilgan topshiriqlarning barcha turlarini, shuningdek dissertatsiyani belgilangan muddatda bajarish;
oliy taʼlim muassasasining Ustavi, ichki tartib qoidalari va talabalar turar joylari qoidalariga rioya etish.
Talaba zimmasida qonun hujjatlarida belgilangan boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
V bob. Dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilishga qoʻyiladigan talablar
1-§. Dissertatsiya mavzularini tasdiqlash va ilmiy rahbarlarni tayinlash
21. Dissertatsiya talabaning taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishni yakunlovchi va oʻqish davrida egallagan nazariy va amaliy bilimlari asosida bajargan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijasi hisoblanadi.
22. Dissertatsiyalarning namunaviy mavzulari kafedralarning yetakchi professor-oʻqituvchilari tomonidan (tashkilotlarning oʻz yechimini kutayotgan va istiqbolli masalalarini hisobga olgan holda) oʻquv yili boshlanishigacha shakllantiriladi va zaruriyat boʻlganda buyurtmachilar bilan kelishilgan holda, oliy taʼlim muassasasining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori tomonidan tasdiqlanadi.
Dissertatsiyalarning mavzulari oliy taʼlim muassasasida shartnoma va loyihalar boʻyicha olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining bir qismi boʻyicha ham shakllantirilishi mumkin.
Dissertatsiya mavzusi dolzarb ilmiy-tadqiqot masalalariga yoki aniq amaliy vazifani echishga bagʻishlangan, shuningdek mutaxassislikka mos boʻlishi lozim.
23. Dissertatsiyaga ilmiy rahbarlik oliy taʼlim muassasasi professori, fan doktori, dotsenti yoki fan nomzodi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy markazlar olimlari hamda boshqa tashkilotlarning tajribaga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassis va amaliyotchilari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Dissertatsiya mavzusi va dissertatsiyaga ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) talabaning dissertatsiya mavzusini tasdiqlash va ilmiy rahbarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizasi hamda tegishli kafedra taqdimnomasining fakultet ilmiy kengashi (oʻquv-uslubiy kengashi) tomonidan koʻrib chiqilishi natijasiga koʻra 1-oʻquv yilining oktyabr-noyabr oylarida oliy taʼlim muassasasining rektori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
25. Dissertatsiyaga talaba oʻqiyotgan oliy taʼlim muassasasidan boshqa tashkilotlardan ilmiy rahbar tayinlangan holda, kafedra aʼzolaridan biri kafedra mudiri tomonidan mazkur talabaga ilmiy maslahatchi etib tayinlanadi.
Ilmiy maslahatchi dissertatsiyani belgilangan talablar boʻyicha bajarilishi uchun ilmiy rahbar bilan bir xilda masʼul hisoblanadi.
26. Bitta professor yoki fan doktori beshtagacha, shuningdek bitta dotsent, fan nomzodi, mutaxassis yoki amaliyotchi uchtagacha dissertatsiyaga rahbarlik qilishi mumkin.
27.Dissertatsiyalarning mavzulari tasdiqlangandan va ilmiy rahbarlar tayinlangandan soʻng 1 oy muddatda ular haqidagi maʼlumot talabalar familiyasi, ismi, otasining ismi hamda dissertatsiya mavzulari qisqacha maqsadi va vazifalari koʻrsatilgan holda oliy taʼlim muassasasining rasmiy saytida eʼlon qilinadi.
28. Ilmiy rahbar vazifalariga quyidagilar kiradi:
talabaning ish rejasini tuzishda unga yordam berish;
talabaga tizimli ravishda maslahatlar berib borish uchun tegishli jadvalni tuzish. Bunda ilmiy rahbar talabaga haftasiga kamida 1-marta maslahat berishi koʻzda tutilishi lozim;
tadqiqot uslublarini tanlash va ularni qoʻllashda talabaga koʻmaklashish;
talaba tomonidan ish rejani bajarilishini nazorat qilish va talabani baholab borish;
dastlabki himoya sanasidan kamida 3 kun oldin dissertatsiyaga yozma taqriz berish.
29. Dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbarning oʻzgartirilishi talabaning ularni oʻzgartirish sabablari asoslantirilgan yozma arizasi asosida oliy taʼlim muassasasining oʻquv-uslubiy kengashi qarori bilan amalga oshiriladi va oliy taʼlim muassasasining rektori buyrugʻi bilan yangi dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbar tayinlanadi.
Dissertatsiya mavzusini oʻzgartirishda ilmiy rahbarning roziligi hisobga olinadi.
Oʻzgartirilgan dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbar toʻgʻrisidagi maʼlumot 1 hafta muddatda talabalar familiyasi, ismi, sharifi hamda dissertatsiya mavzulari qisqacha maqsadi va vazifalari koʻrsatilgan holda oliy taʼlim muassasasining rasmiy saytida eʼlon qilinadi.
2-§. Dissertatsiyaning tarkibi va uning mazmuniga qoʻyiladigan talablar
30. Dissertatsiya quyidagi tarkibiy qismlardan iborat boʻlishi kerak:
titul varaq;
ikki tildagi (oʻqitish tili va ingliz tilida) dissertatsiyaning qisqacha annotatsiyasi;
mundarija;
kirish;
asosiy qism;
xulosa;
foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati;
ilovalar (agar mavjud boʻlsa).
Dissertatsiyaning titul varagʻi, annotatsiyasi, mundarijasi va foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatining namunaviy shakli mazkur Nizomning 2—5-ilovalarida keltirilgan.
31. Dissertatsiyaning kirish qismi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
dissertatsiya mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi;
tadqiqot obyekti va predmetining belgilanishi;
tadqiqot maqsadi va vazifalari;
tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari;
mavzu boʻyicha qisqacha adabiyotlar tahlili;
tadqiqotda qoʻllanilgan uslublarning qisqacha tavsifi;
tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati;
tadqiqotning ilmiy yangiligi;
dissertatsiya tarkibining qisqacha tavsifi.
32. Asosiy qism kamida 3 bobdan iborat boʻlib, bunda tadqiqot masalalari toʻliq yoritilishi lozim.
Asosiy qismning boblari hajm jihatidan oʻzaro mutanosib boʻlishi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
tadqiqot mavzusi boʻyicha boshqa manbalarda keltirilgan nazariy, amaliy va empirik tadqiqotlar natijalarining tanqidiy tahlilini;
talaba tomonidan olib borilgan tahliliy ishlarning tavsifi, tadqiqot olib borishda qoʻllanilgan uslublar hamda tadqiqot vositalarining bayonini;
dissertatsiyada talabaning taʼlim, fan, madaniyat, texnika, iqtisodiyot, ijtimoiy yoki boshqa sohalarning dolzarb muammolarini hal etishga qoʻshgan shaxsiy hissasini;
tadqiqot natijalari va ularning muhokamasini.
33. Dissertatsiyaning xulosa qismida barcha qismlarda bayon etilgan tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati, tadqiqot muammosining yechimi koʻrsatilishi lozim. Ushbu qism 4 betdan oshmasligi kerak.
34. Dissertatsiyaning ilova qismiga uning mazmun mohiyatini tushunish uchun zarur boʻlmagan, qoʻshimcha sifatida qaraluvchi maʼlumotlar kiritiladi. Bunda ilovaning hajmi dissertatsiya umumiy hajmining 1/3 qismidan oshmasligi lozim.
35. Dissertatsiyada talabalar professional etika qoidalarini buzilishiga (plagiat, maʼlumotlarni soxtalashtirish hamda yolgʻon tsitata keltirish) yoʻl qoʻymasliklari lozim.
36. Dissertatsiya qoida tariqasida, standart varaqda 1,5 qator oraligʻida yozilishi lozim, har bir bet hoshiyasi: yuqoridan, pastdan va oʻngdan 2 sm, chapdan 3 sm boʻlishi, xatboshi besh yoki olti belgiga teng va bir xilda boʻlishi lozim.
Dissertatsiya matnini kompyuter vositasida bosib chiqarishda “Times New Roman” 14 oʻlchamli shriftida yoki shunga oʻxshash shriftni qoʻllagan holda Misrosoft Word matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.
37. Dissertatsiyaning hajmi titul varaq, mundarija, adabiyotlar roʻyxati va ilovalardan tashqari 80 betdan oshmasligi lozim.
38. Dissertatsiya talaba oʻqigan tilda (kafedra yoki magistratura boʻlimi tavsiyasiga muvofiq chet tilda ham) yozilishi mumkin. Chet tilda bajarilgan dissertatsiyaga davlat tilida annotatsiya ilova etiladi hamda dastlabki va rasmiy himoyalar tarjima bilan oʻtkaziladi.
39. Magistratura mutaxassisligi xususiyatidan kelib chiqqan holda dissertatsiya tarkibiy qismlarining mazmuni va hajmi oʻzgartirilishi va kengaytirilishi mumkin.
3-§. Dissertatsiyani dastlabki va rasmiy himoya qilish
40. Dissertatsiya rasmiy himoya sanasidan kamida 1 oy oldin dastlabki himoyadan oʻtkazilishi lozim.
Talabalar kafedra tomonidan tuzilgan komissiya va ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) ishtirokida dastlabki himoyadan oʻtadi.
41. Dastlabki himoyaga kirgunga qadar talaba dissertatsiya mavzusiga doir kamida 2 ta ilmiy maqola yoki tezisga, ichki va tashqi hamda ilmiy rahbar taqriziga ega boʻlishi talab etiladi.
Talabalarning ilmiy faoliyati bilan bogʻliq izlanish natijalari ilmiy nashrlarda va taʼlim muassasalarining rasmiy saytlarida chop etilishi mumkin.
Dastlabki himoyaga boshqa kafedralar va oliy taʼlim muassasalaridan mutaxassislarni taklif etish mumkin. Dastlabki himoya natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
42. Ichki va tashqi taqrizchilarni oliy taʼlim muassasasining tegishli kafedrasi tavsiya etadi va ularning roʻyxati oliy taʼlim muassasasining ilmiy ishlar boʻyicha prorektori tomonidan tasdiqlanadi.
43. Taqrizchilar vazifalariga quyidagilar kiradi:
taqriz yozish uchun unga taqdim etilgan dissertatsiyada professional etika qoidalarining buzilish holatlarini(plagiat, maʼlumotlarni soxtalashtirish hamda yolgʻon tsitata keltirish) aniqlash va dissertatsiyaning dolzarbligi, ilmiyligi va yakunlanganligi haqida xulosalar berish;
belgilangan dastlabki himoya sanasidan kamida 3 kun oldin dissertatsiyaga yozma taqriz berish.
44. Taqrizchi dissertatsiyada talaba tomonidan professional etika qoidalari buzilganligini (plagiat, maʼlumotlarni soxtalashtirish hamda yolgʻon tsitata keltirish) aniqlagan taqdirda, mazkur qoida buzilishlarini qisqa muddatda tuzatish imkoniyati mavjud boʻlmasa, mazkur dissertatsiyani dastlabki himoyaga tavsiya etmaslik haqida taqriz beradi.
45. Talaba tomonidan dissertatsiya dastlabki himoya sanasiga qadar kafedraga bosma muqovalangan hamda elektron shaklda taqdim etilishi lozim.
46. Dastlabki himoyadan oʻtmagan, shuningdek uzrsiz sabablarga koʻra rasmiy himoyaga taqdim etish muddati va tartibi buzilgan dissertatsiyalar rasmiy himoya qilishga ruxsat etilmaydi. Bunda uzrli sabablar deb talabaning kasalligi (kasallik varaqasi mavjud boʻlgan holda) yoki oʻziga bogʻliq boʻlmagan boshqa sabablarga muvofiq oliy taʼlim muassasasiga kelish imkoniyati cheklangan holatlar tushuniladi.
47. Dastlabki himoyadan keyin 1 hafta muddatda himoyadan oʻtgan dissertatsiyaning talaba familiyasi, ismi, otasining ismi hamda ilmiy rahbari, mutaxassisligi koʻrsatilgan holda annotatsiyasi oliy taʼlim muassasasining rasmiy saytida eʼlon qilinadi. Dissertatsiyaning annotatsiyasi tanlangan mavzuning dolzarbligini, tadqiqotning maqsadi va vazifasini, obyekti va predmetini hamda tadqiqot bosqichlarining qisqacha tavsifi va metodologik asoslarini oʻz ichiga olishi kerak. Annotatsiya hajmi 200 soʻzdan oshmasligi lozim.
48. Dissertatsiyalarning rasmiy himoya sanasi oliy taʼlim muassasasi rektori buyrugʻi bilan tasdiqlangan jadvalga muvofiq belgilanadi.
49. Dissertatsiya rasmiy himoyaga taqdim etilganidan keyin unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga ruxsat etilmaydi.
50. Tarkibi tasarrufida oliy taʼlim muassasasi boʻlgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan kelishilgan holda magistratura mutaxassisliklari boʻyicha shakllantiriladigan va Vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan Magistrlik dissertatsiyalarni himoya qilish komissiyalar tomonidan (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) dissertatsiyaning rasmiy himoyasi oʻtkaziladi.
Rasmiy himoya natijalari Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
51. Dissertatsiyaning rasmiy himoyasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
talabaning taqdimotini;
talabaning Komissiya aʼzolarini savollariga bergan javoblarini;
Komissiya aʼzolarining dissertatsiya boʻyicha sharhlarini;
Komissiya aʼzolari tomonidan dissertatsiyaga berilgan tavsiya va eʼtirozlarga talabaning bildirgan fikrlarini.
52. Talabaning dissertatsiya taqdimoti 20 daqiqadan oshmagan holda elektron shakldagi materiallar bilan boyitilishi lozim.
53. Talabaning dissertatsiya taqdimotida quyidagi masalalar yoritib berilishi lozim:
dissertatsiya mavzusining dolzarbligi;
dissertatsiyaning maqsad va vazifalari;
dissertatsiya tarkibi;
tadqiqotning nazariy poydevori, yaʼni manbalarni tanqidiy koʻrib chiqish natijasida hosil boʻlgan va dissertatsiyaning asosiy qismini tashkil etuvchi tizimlashtirilgan nazariy bilimlar;
tadqiqotning metodologik asosining tavsifi;
tadqiqot olib borilishiga doir farazlar va cheklovchi shart-sharoitlar;
talaba tomonidan dissertatsiyani bajarish davomida olingan asosiy natijalar va ularning dissertatsiya mavzusiga toʻgʻri kelishi, ishonchliligi va qoʻllanilish sohasi;
talaba tomonidan olingan natijalarning nazariy va amaliy ahamiyati;
tadqiqot natijalarini rivojlantirish istiqbollari.
54. Talabadan taqdimotda oʻrganilgan muammoga tegishli masalalarni ilgari surish va ularni hal etish, umumiy tendensiyalar va muayyan holatlarni tizimli ravishda oʻrganish, hodisalarni tadqiq etish, tahlil qilish va prognozlashning metodik uslublarini bilishi va qoʻllay olishini namoyon etishi talab etiladi.
55. Rasmiy himoyada Komissiyaning har bir aʼzosi talabani quyidagi mezonlar asosida baholaydi:
dissertatsiya mavzusining dolzarbligi, undagi masalalarning aniqligi hamda ularning mavzuga aloqadorligi;
dissertatsiya mavzusini ochib berishda hamda undagi masalalarni hal qilishda talabaning mustaqil yondashuvi;
dissertatsiyani yoritishda foydalanilgan ilmiy adabiyotlar, ilmiy nashrlar, normativ-huquqiy hujjatlar, statistik maʼlumotlar, shuningdek chet tildagi manbalarni tanqidiy tahlilining toʻliqligi va chuqurligi;
dissertatsiyaning maqsadi, undagi masalalar va farazlarni shakllantirishda nazariy yondashuvlarning ishlatilish darajasi;
dissertatsiyadagi masalalarni hal qilishda sifat va miqdoriy tadqiqot usullaridan foydalanishning asoslanganligi hamda foydalanilgan tadqiqot usullari imkoniyatlari va chegaralarining tanqidiy tahlili;
talaba tomonidan yigʻilgan va shakllantirilgan birlamchi hamda ikkilamchi maʼlumotlarning hajmi va yangilik darajasi, ularning dissertatsiyadagi masalalarga mosligining asoslanishi, ularni toʻplash usullarining tanqidiy tahlili;
talaba tomonidan toʻplangan va shakllantirilgan maʼlumotlar asosida olingan natijalarning dissertatsiyaga mosligi, ishonchliligi va qoʻllanilish sohalarining mavjudligi;
olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalarni dissertatsiyaning nazariy qismiga aloqadorligi hamda maqsad va vazifalariga mosligi;
dissertatsiyaning ilmiy yangilik darajasi va uning natijalarini mahalliy hamda xalqaro amaliyotdagi ahamiyati;
tadqiqot natijalarini rivojlantirish istiqbollarini talabaning mohiyatan tushunib etganligi;
dissertatsiya yozilishida nazariy va amaliy qismlarining oʻzaro mantiqiy bogʻliqligi va tizimliligi.
Rasmiy himoyada Komissiya aʼzolari tomonidan talabaning ilmiy munozara olib borishi hamda auditoriya bilan ishlash madaniyati darajasi ham hisobga olinadi.
56. Ilmiy rahbar va taqrizchilarning taqrizlaridagi, shuningdek Komissiya har bir aʼzosining yuqorida qayd etilgan mezonlarga koʻra qoʻygan baholari umumlashtirilgan holda dissertatsiyaga yakuniy baho qoʻyiladi.
57. Dissertatsiya rasmiy himoyaga qoʻyilmagan yoki unga qoniqarsiz baho qoʻyilgan taqdirda talaba uni tayyorlash va himoya qilish tartib qoidalariga rioya qilgan holda keyingi 3 oʻquv yili davomida qayta himoya qilishi mumkin. Ushbu muddat oʻtgandan soʻng dissertatsiyani himoya qilishga ruxsat berilmaydi.
58. Rasmiy himoyadan oʻtmagan dissertatsiya masalasi ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) ishtirokida oliy taʼlim muassasasining ilmiy kengashi yigʻilishida muhokama etiladi. Bunda oliy taʼlim muassasasining ilmiy kengashi dissertatsiyani himoyadan oʻtmaganligiga ilmiy rahbarning uzrsiz sabablarga koʻra qilgan kamchiligi yoki masʼuliyatsizligi oqibatida yoʻl qoʻyilgan deb qaror qilgan taqdirda, ushbu ilmiy rahbar dissertatsiyalarga ilmiy rahbarlik qilish huquqidan keyingi 3 yilgacha boʻlgan muddatga mahrum etilishi mumkin.
59. Rasmiy himoyadan oʻtgan dissertatsiyalar oliy taʼlim muassasasida kamida 10 yil saqlanishi lozim.
VI bob. Talaba faoliyatining samaradorligi monitoringi
60. Talabalar tayyorlash sifatini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 16-avgustdagi 343-son “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq belgilanadi.
61. Vazirlik tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan hamkorlikda har oʻquv yilining aprel-may oylarida talabalar faoliyatining samaradorligi monitoringini (bundan buyon matnda Monitoring deb yuritiladi) olib boradi.
62. Monitoring jarayonida talabalar faoliyati quyidagi mezonlar asosida tahlil etiladi:
a) magistraturaning 1-kursida:
ish rejaning mavjudligi va uning rasmiylashtirilishi;
ish rejasidagi topshiriqlarning muddatida bajarilganligi;
talabaning bitta ilmiy maqola yoki tezis chop etganligi;
talabaning ilmiy seminarlarda ishtirok etishi;
talabaning fanlarni oʻzlashtirish darajasi.
b) magistraturaning 2-kursida:
ish rejasidagi topshiriqlarning muddatida bajarilganligi;
magistraturada oʻqish muddati davomida kamida 2 ta ilmiy maqola yoki tezis chop etganligi;
dissertatsiyalarning dastlabki himoyasi oʻtkazilgan taqdirda dissertatsiyaning dastlabki himoyadan muvaffaqiyatli oʻtganligi;
oʻquv rejasidagi barcha fanlarni oʻzlashtirganligi.
63. Ayrim mutaxassisliklar boʻyicha oʻquv jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini va magistraturada tahsil olish muddatlarini (3 yilligi) inobatga olib ushbu mezonlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Monitoringni oʻtkazish jarayonida talabalar bilan suhbat oʻtkazilib, tegishli tavsiya va koʻrsatmalar beriladi.
64. Monitoring natijalari oliy taʼlim muassasasi yoki tegishli fakultet oʻquv-uslubiy kengashida koʻrib chiqiladi va tegishli chora-tadbirlar belgilanadi hamda ushbu oʻquv-uslubiy kengash tavsiyasiga muvofiq talabaning ish rejasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Bunda oʻquv-uslubiy kengash tavsiyasiga muvofiq talabaning ish rejasiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish magistraturaning 2-kurs, shuningdek magistraturada tahsil olish muddati 3 yil boʻlgan holatlarda 3-kurs talabalariga tatbiq etilmaydi.
65. Monitoring natijalari oliy taʼlim muassasalari boʻyicha umumlashtirilgan holda Vazirlikda muhokama etiladi.
VII bob. Yakuniy qoidalar
66. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar boʻyicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
67. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bilan kelishilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMAILOV
2012-yil 25-oktabr,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi G. BAXADIROV
2012-yil 25-oktabr,
Xalq taʼlimi vaziri T. ShIRINOV
2012-yil 25-oktabr,
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2012-yil 25-oktabr,
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. RUZIYEV
2012-yil 25-oktabr,
Madaniyat va sport ishlari vaziri T. QUZIYEV
2012-yil 25-oktabr,
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari Davlat qoʻmitasi raisi X. MIRZAXIDOV
2012-yil 25-oktabr,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK raisi O. RAMATOV
2012-yil 25-oktabr,
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2012-yil 25-oktabr,
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A. NURITDINOV
2012-yil 25-oktabr,
Tashqi ishlar vaziri A. KAMILOV
2012-yil 25-oktabr,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK bosh direktori Q. SANAQULOV
2012-yil 25-oktabr,
Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ish rejadagi “Talabaning oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, dissertatsiyani tayyorlash, pedagogik va malakaviy amaliyot faoliyati boʻyicha kalendar ish rejasi” magistratura talabasining butun magistraturada oʻqishi davomidagi faoliyatini tashkil etish uchun moʻljallangan boʻlib, u magistratura talabasini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha majburiy faoliyati va ularni bajarilish muddatlarini belgilab beradi:
oʻquv va oʻquv-uslubiy ishlar;
ilmiy-tadqiqot ishlari;
ilmiy-pedagogik ishlar;
malakaviy amaliyot faoliyati.
“Magistrlik dissertatsiyasini bajarishning kalendar rejasi” magistrlik dissertatsiyasini magistraturada oʻqish davomida tayyorlashga moʻljallangan ishlar ketma-ketligi va ularning tarkibini belgilaydi. Rejada qayd etiladigan ishlarni talaba ilmiy rahbar bilan kelishgan holda tayyorlashi va bayon etishi kerak.
I bob. Talabaning oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, pedagogik va malakaviy amaliyot faoliyati boʻyicha kalendar ish rejasi
II bob. Magistrlik dissertatsiyasini bajarishning kalendar rejasi
Ushbu ish reja shakli oliy taʼlim muassasasi (fakultet)ning oʻquv-uslubiy kengash yigʻilishida muhokama qilingan va 20___ yil _____ ________da _____-son maqullangan.
Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Magistratura toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
I. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning asarlari
IV. Asosiy adabiyotlar
V. Qoʻshimcha adabiyotlar
VI. Davriy nashrlar, statistik toʻplamlar va hisobotlar
VII. Internet saytlari
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati boblar boʻyicha keltiriladi va undagi keltirilgan manbalar bobdan bobga oʻtishda ketma-ketligini yoʻqotmagan holda raqamlanadi.
Adabiyotlar quyidagi tarzda rasmiylashtiriladi:
“
Normativ-huquqiy hujjatlar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Xususiy korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni. 11-dekabr 2003-yil (oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 2003-yil 22-dekabrdagi PF-3366-sonli Farmoni.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 14-martdagi “2005-2006-yillarda korxonalarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-29-sonli Qarori.
Darslik va oʻquv qoʻllanmalar:
Doʻsmuratov R.D. Audit asoslari. -T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2010. -604 b.
Ilmiy jurnallardagi maqolalar:
Karimov A.A. Korporativ boshqaruv tizimida ichki audit xizmati // Jamiyat va boshqaruv. – Toshkent, 2007. – № 1. – B. 57-58.
Internet saytlari quyidagi tartibda keltiriladi:
http://www.mf.uz (Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi).
