21-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlarni amalga oshiradigan mansabdor shaxslarga qoʻyiladigan talablar
Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-339-son) · Sana: 17.12.2012 · Amalda
Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishlar huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirishga kirishishiga mazkur shaxslarda nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan tekshiruvlar oʻtkazish rejasidan koʻchirma yoki qisqa muddatli tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisida ushbu organ tomonidan qabul qilingan qarorning koʻchirma nusxasi, shuningdek nazorat qiluvchi organning tekshirish maqsadlari, tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi va tekshiruv oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan buyrugʻining koʻchirma nusxasi, tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tekshiruvlar oʻtkazishga ruxsat berilganligi toʻgʻrisidagi maxsus guvohnomasi hamda shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasi boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshiruvdan oʻtkazayotganda tekshirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish kitobiga qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli yozuv kiritadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatini tekshirayotganda xususiy bank va moliya institutlarining tijorat siri, xizmat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlari, shuningdek oshkor etilmagan axboroti sir saqlanishini taʼminlashi shart.
