13-modda. Xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari
Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-339-son) · Sana: 17.12.2012 · Amalda
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari xususiy bank va moliya institutlarining faoliyatida qonunchilik buzilganligini aniqlasa, ular oʻz vakolatlari doirasida va aniq qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan toʻgʻridan toʻgʻri bogʻliq chora-tadbirlarni koʻrishi mumkin. Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan xususiy bank va moliya institutlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ular mansabdor shaxslarining xususiy bank va moliya institutlari faoliyatiga, shu jumladan mazkur institutlar hamda ular filiallarining rahbar xodimlarini tayinlashga aralashishi, xususiy bank va moliya institutlarining mablagʻlari hisobidan turli toʻlovlar hamda badallar talab qilishi taqiqlanadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning xususiy bank va moliya institutlarining tadbirkorlik tavakkalchiliklarini, shu jumladan kredit portfeli hamda aktivlarini shakllantirish bilan bogʻliq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarishga doir faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi.
