Madaniyat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
19.06.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi xalqlari oʻrtasida madaniyat sohasidagi doʻstona aloqalarni va hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash istagida,
ikkala mamlakat xalqlarining madaniy aloqa va doʻstona munosabatlari anʼanalarini eʼtiborga olib,
madaniyat sohasidagi aloqalar ikkala mamlakat xalqlarining tub manfaatlariga javob berishiga va doʻstona aloqalar hamda oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlanishiga koʻmaklashishini ishongan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston bilan Iordaniya xalqlarining madaniy aloqalariga tayangan holda, ularning madaniyat sohasidagi hamkorligini bundan keyin ham rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati madaniyatining yutuqlari bilan tanishishga keng yoʻl ochib beradi.
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat muassasalari oʻrtasida bevosita hamkorlik va toʻgʻridan toʻgʻrialoqalarning oʻrnatilishi va kengaytirilishiga, manfaatdor muassasalari oʻrtasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar madaniy hamkorlikning ikki tomonlama dasturlari va loyihalari asosida professional va havaskor badiiy jamoalar, guruhlar, ansambllar, alohida ijrochilar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sanʼat arboblarini va ijodiy jamoalarni oʻzaro musiqa, teatr, ashula hamda folklor tanlovlarida, festivallarda, jumladan kinofestivallarda ham qatnashish uchun bir-birlariga taklif qilishni ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Tomonlar teatr, kino sanʼati, sirk, folklor, xalq hunarmandchiligi, shuningdek tarixiy- madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohalarida mutaxassislar bilan almashuv hamda hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
6-modda
Tomonlar madaniyat sohasiga oid adabiyotlar, nashrlar, kataloglar va boshqa axborot materiallarini almashish yoʻli orqali kutubxona ishida hamkorlik qiladilar.
7-modda
Tomonlar madaniyat oʻquv yurtlari professorlari, olimlari, aspirantlari hamda mutaxassislar almashuvini amalga oshiradilar.
8-modda
Tomonlar muzeylar faoliyatiga oid hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar, tasviriy va amaliy bezak sanʼat koʻrgazmalari bilan almashuvga koʻmaklashadilar.
9-modda
Ushbu Bitimni bajarish maqsadida ikkala davlatning vakolatli organlari sifatida tayinlangan Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat ishlari vazirligi hamda Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Madaniyat ishlari vazirligi oʻrtasida ikki tomonlama almashuv dasturlari ishlab chiqildi.
10-modda
Ushbu Bitimga har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlardan bittasi uning amal qilinishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni tegishli muddat tugashidan olti oy ilgari yozma ravishda diplomatik kanal orqali xabardor qilmagunicha, har safar keyingi besh yillik davrlariga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va amalda qoʻllash boʻyicha yuzaga kelgan bahslar har bir Tomonning tegishli madaniyat muassasalari oʻrtasida olib boriladigan muzokaralar va oʻzaro maslahatlar asosida hal qilinadi.
Ushbu Bitim amal qilishining toʻxtatilishi uning doirasida boshlangan va ushbu Bitim amal qilishining tugatilish daqiqasiga qadar toʻliq bajarilmagan har qanday oʻzaro faoliyatning oxiriga yetkazilishiga taʼsir qilmaydi.
Toshkent shahrida 2002-yil 19-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
