Avtotransport vositalari haydovchilari uchun viza masalalarini yengillashtirish toʻgʻrisida
26.04.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Memorandum
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga intilib,
ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari hamda konsullik muassasalari Tomonlarning qonunchiliklarida belgilangan tartibda soʻrov olingan kundan boshlab 5 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatlarda Tomonlarning xalqaro avtomobil tashishlarni amalga oshiruvchi haydovchilariga muddati 3 oygacha boʻlgan (Tomonlar davlatlarining hududlarida 20 sutkagacha boʻlish huquqi bilan) koʻp marotabali kirish- chiqish vizalarini rasmiylashtiradilar.
Xalqaro avtomobil tashishlarni amalga oshiruvchi tashuvchilar vizalarni rasmiylashtirish uchun Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiliklarida koʻzda tutilgan barcha zarur hujjatlarni taqdim etadilar.
Ushbu Memorandum qoidalarini amalga oshirishda quyidagilar Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi;
Eron tomonidan — Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Eron Islom Respublikasi Yoʻl va transport vazirligi.
2-modda
Tomonlar davlatlarining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari Tomonlar davlatlarining hududlari orqali tranzit tarzida oʻtuvchi yuk avtotransport vositalari haydovchilariga 3 ish kunidan oshmaydigan muddatlarda tranzit vizalarini rasmiylashtiradilar.
3-modda
Vizalar berishdagi konsullik yigʻimlarining tariflari ushbu Memorandum imzolangan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida diplomatik kanallar orqali notalar almashuvi bilan Tomonlar tarafidan oʻzarolik asosida belgilanadi. Koʻrsatib oʻtilgan notalar ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
4-modda
Tomonlar diplomatik kanallar orqali xalqaro avtomobil tashishlarini amalga oshiruvchi avtotransport vositalari uchun oʻtish punktlari roʻyxatlarini almashadilar.
5-modda
Tomonlar oʻz hududlarida boʻlishi nomaqbul hisoblangan boshqa Tomon davlati fuqarolarining kirishini rad etishi yoki boʻlish muddatini cheklashlari mumkin.
6-modda
Boshqa Tomon davlati hududiga kirib kelgan Tomonlar davlatlarining fuqarolari ushbu Memorandum shartlariga binoan mazkur Tomon davlatining qonun va qoidalariga, jumladan xorijiy fuqarolar uchun belgilangan roʻyxatdan oʻtish (propiska), kelish va harakatlanish qoidalariga rioya etishlari lozim.
7-modda
Ushbu Memorandum Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
8-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra ushbu Memorandumga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
9-modda
Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni Tomonlar ikki tomonlama muzokaralar hamda maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
10-modda
Ushbu Memorandum imzolangan kundan keyin oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi va bir Tomon boshqa Tomondan ushbu Memorandum faoliyatini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida rasmiy xabarnomani olgan sanadan boshlab toʻqson kun oʻtguncha faoliyat qiladi.
Toshkent shahrida 2002-yil 26-aprelda, hijriy 1381 yil oʻrdibehesht oyining 6 kunida ikki nusxada, har biri oʻzbek va fors tillarida imzolandi, ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
