Investitsiyalarni oʻzaro himoyalash va ragʻbatlantirish toʻgʻrisida
18.07.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bangladesh Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bangladesh Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlatning oʻzaro manfaatdorligi uchun ular oʻrtasida uzoq muddat asosidagi yanada kengroq iqtisodiy hamkorlikka koʻmaklashishni istab,
bir Tomon davlati investorlarining boshqa Tomon davlati hududidagi investitsiyalari uchun manfaatli sharoitlar yaratish va ularni saqlash maqsadida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash zaruratini eʼtirof etib,
investitsiyalarning barqaror asosi iqtisodiy manbalardan foydalanishning yuksak samaradorligi va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishni taʼminlashiga kelishgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Umumiy taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlari uchun:
1. “Investor” atamasi quyidagilarga tatbiq etiladi va ularni oʻz ichiga oladi:
i) Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlari;
ii) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining yuridik shaxslari;
iii) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining xalqaro tashkilotlari;
iv) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslari;
v) Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining doimiy ravishda chet elda yashovchi fuqarolari.
2. “Investitsiyalar” atamasi mulkiy boyliklarning istalgan koʻrinishi hamda ularga egalik huquqini, shuningdek mualliflik huquqi, patentlar, foydali modellar, sanoat andozalari va modellari, savdo belgilari, firmaviy nomlar, ishlab chiqarish va tijorat sirlari, texnologiyalar, “gud vil” va “nou-xau” singari intellektual, savdo va sanoat mulkiga egalik huquqlarini anglatadi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududidagi investitsiyalar quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
i) xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari, banklar, sugʻurta tashkilotlari va butunlay yoki ulardagi ulushli ishtirok asosida investorlarga tegishli boʻlgan boshqa korxonalarni tuzish;
ii) mol-mulklar, aksiyalar va boshqa qimmatbaho qogʻozlarni sotib olish;
iii) mulkiy huquqlarni, shuningdek yerga va tabiiy resurslarga (shu jumladan ijara asosida) egalik va ulardan foydalanish huquqlarini sotib olish;
iv) investitsiyalash joyi boʻyicha Ahdlashuvchi Tomonning davlati hududida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq investitsiyalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzga faoliyat.
Boyliklarni dastlabki va qaytadan investitsiyalangan shakldagi hech qanday oʻzgarish ularning investitsiya sifatidagi xarakteriga taʼsir koʻrsatmaydi.
4. “Yuridik shaxslar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq ravishda tashkil etilib, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan oʻz organlariga ega boʻlgan hamda investitsiyalarni amalga oshirayotgan har qanday yuridik shaxsni bildiradi.
5. “Xalqaro tashkilotlar” atamasi markaziy boshqaruv organlari Tomon davlati hududida joylashgan, ustavga muvofiq faoliyati ana shu Ahdlashuvchi Tomon davlatining va bir yoki undan ortiq xorijiy davlatlarning hududida tatbiq etiladigan hamda xalqaro huquq prinsiplari va normalariga muvofiq amalga oshiriladigan xalqaro tashkilotlar, birlashmalarni anglatadi.
6. “Fuqarolar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga binoan fuqarolik va huquq layoqatiga ega boʻlgan, doimiy ravishda uning hududida yoki chet elda yashovchi hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan shaxslarni bildiradi.
7. “Fuqaroligi boʻlmagan shaxslar” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida doimiy ravishda yashovchi, tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun ana shu Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan xamda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni anglatadi.
8. “Daromadlar” atamasi ushbu moddaning 2, 3-bandlarida belgilanganidek daromadlar, foizlar, dividendlar, royalti koʻrinishida investitsiyalar natijasida olingan summalarni, litsenzion va komission mukofotlarni, texnik yordam uchun toʻlovlar, texnik xizmat koʻrsatish va boshqa shakllardagi mukofotlarni, ammo nafaqat ularni bildiradi.
9. “hudud” atamasi tabiiy resurslarni tadqiq qilish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish maqsadida, Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻz suveren huquqlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining tegishli hududini anglatadi.
2-modda Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalariga ruxsat beradi va ularni ragʻbatlantiradi, shuningdek ularning toʻliq va soʻzsiz huquqiy muhofazasini kafolatlaydi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining qonunchiligi doirasida oʻzaro investitsiyalarning turli shakllarini quvvatlaydi va oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalarini himoyalash vositasida iqtisodiy hamkorlikni taʼminlaydi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar bevosita investitsiyalarni amalga oshirishda va Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlari hududida hamda istalgan uchinchi davlatlar hududida koʻp tomonlama iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari investorlarining investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga koʻmaklashish zaruratidan kelib chiqadilar.
4. Agar Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitim doirasida oʻz hududida investitsiyalarga ruxsat bergan boʻlsa, ana shu Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga shunday investitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan zaruriy ruxsatnomalar beradi.
3-modda Milliy rejim va mumkin qadar qulaylik berish rejimi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari va daromadlari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari va daromadlariga va/yoki istalgan uchinchi davlat investorlarining investitsiyalari va daromadlariga yaratgan rejimdan kam boʻlmagan adolatli va teng huquqli rejim yaratadi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari amalga oshiradigan investitsiyalar borasida oʻz milliy qonunchiligi va ushbu Bitimdan kelib chiquvchi har qanday majburiyatlarga rioya qiladi.
3. Ushbu Bitimning eng qulay rejim prinsiplariga oid qoidalari, Ahdlashuvchi Tomonlardan birini kuyidagilar asosida birinchi Ahdlashuvchi Tomonga taalluqli boʻlgan imtiyozli rejim, preferensiya yoki imtiyozlarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim:
i) Tomonlardan biri qatnashchisi boʻlgan yoki kelgusida boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday mavjud yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona, valyuta va toʻlov uyushmalari, erkin savdo va yagona tarif zonalari, umumiy bozor yoki mintaqaviy iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi bitimlarning har qanday boshqa shakllari;
ii) ikki tomonlama soliq solishga yoʻl qoʻymaslik hamda foyda (daromadlar) va mulk (yoki sarmoya) soligʻi toʻlashdan boʻyin tovlash toʻgʻrisidagi, bojxona ishlari sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar, yoxud soliq va bojxona masalalari boʻyicha boshqa xalqaro shartnomalar.
4-modda Boshqa qoidalar va maxsus majburiyatlarning qoʻllanilishi
Agar bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligidagi qoidalar yoki hozirda mavjud boʻlgan yoxud keyinchalik ushbu Bitimga qoʻshimcha ravishda tuzilgan, xalqaro huquq bilan bogʻliq majburiyatlar, boshqa Tomon davlati investorlarining investitsiyalari uchun ushbu Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra qulayroq rejim yaratish toʻgʻrisidagi umumiy yoki maxsus qoidalarni oʻz ichiga olsa, bunday qoidalar oʻzining boʻlgan hajmida ushbu Bitimga nisbatan ustun hisoblanadi.
5-modda Pul oʻtkazish
1. Davlati hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari investitsiyalarni amalga oshirgan Ahdlashuvchi Tomon, ana shu investorlar tomonidan tegishli soliqlar, boj toluvlari va yigʻimlar toʻlanganidan soʻng, bunday iivestitsiyalar bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlarning, xususan quyidagilarning, ammo nafaqat ularning erkin ravishda oʻtkazilishini taʼminlaydi:
i) foizlar, dividendlar, foyda va ushbu Bitimning 1-modda, 8-bandida belgilangan boshqa joriy daromadlar;
ii) ikkala Ahdlashuvchi Tomon investitsiya sifatida tan olgan zayomlarning puli toʻlanadigan summalar;
iii) litsenzion tushumlar va ushbu Bitimning 1-modda, 2-bandida koʻzda tutilgan huquqlardan kelib chiquvchi boshqa toʻlovlar;
iv) boshqa Tomon hududida amalga oshirilgan investitsiyalarni yuritish yoki rivojlantirish, shuningdek ularning menedjementi uchun zarur boʻlgan sarmoyalar summasi va qoʻshimcha summalar;
v) investitsiyalarni musodara qilish, qisman yoki butunlay tugatishdan, shu jumladan sarmoyalarning oʻsishidan kelgan tushumlar;
vi) bir Ahdlashuvchi Tomon davlati fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududida amalga oshirilgan investitsiyalar munosabati bilan oladigan ish haqi;
vii) ushbu Bitim qoidalariga muvofiq toʻlanadigan kompensatsiyalar va ushbu Bitim doirasidagi har qanday investitsion nizolarga taalluqli boʻlgan boshqa toʻlovlar.
2. Pul oʻtkazishlar ortiqcha kechiktirishsiz, investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada, yoki pul oʻtkazish vaqtida amalda boʻlgan almashtirish kursi boʻyicha erkin muomaladagi valyutada, hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Tomon davlatining qonunchiligida koʻzda tutilgan protseduralarga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlari qoidalaridan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Tomon adolatli, nodiskriminatsion asosga ega boʻlgan shartlarda oʻz davlati qonunchiligini tatbiq etgan holda, quyidagilarga taalluqli boʻlgan pul oʻtkazilishini taqiqlab qoʻyishi mumkin:
i) bankrotlik, toʻlovlarga qurbi etmaslik yoki kreditorlar huquqlarini himoya qilish;
ii) qimmatbaho qogʻozlar emissiyasi, savdosi yoki operatsiyasi;
iii) jinoiy va maʼmuriy huquqbuzarliklar;
iv) tartibga yoki sud qarorlariga nomuvofiqlik yuzaga kelgan hollarda.
4. Ushbu moddada koʻrsatilgan, bir Tomon davlati investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalari natijasida investitsiyalangan joydagi manbalardan har qanday valyutada olgan daromadlari va boshqa summalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida, uning qonunchiligiga muvofiq reinvestitsiya qilinishi yoki boshqa maqsadlarda sarflanishi mumkin.
5. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari va oʻzga davlatlarning valyutalari, toʻlov hujjatlari, qimmatbaho qogʻozlarni olib kelish va chetga olib chiqish investitsiyalar amalga oshirilgan joydagi Tomon davlatining valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solib boriladi.
6-modda Mulkka egalik huquqidan mahrum qilish va uni cheklash, zararlar uchun kompensatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga tegishli boʻlgan investitsiyalarga nisbatan ularni musodara, natsionalizatsiya qilish yoki oqibat natijasi shu singari yoki unga barobar boʻlgan chora-tadbirlarni qoʻllamaydi, agar ular quyidagilar bilan bogʻliq boʻlmasa:
i) qonuniy tartibda amalga oshiriladigan, jamoat maqsadlari yoʻlida qoʻllaniladigan choralar;
ii) nodiskriminatsion xarakterga ega boʻlgan yoki boshqa Tomon qoʻllagan harakat-tadbirlarga javoban qabul qilingan choralar.
2. Ushbu moddaning 1-i, ii bandlarida koʻzda tutilgan xolatlar oqibatida investitsiyalarni musodara qilayotgan Ahdlashuvchi Tomon, boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlarini adolatli va samarali tovon toʻlovlari bilan taʼminlaydi. Bunday tovon toʻlovlari investitsiyalarning ularni musodara qilinishigacha yoki musodara qilish xususidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtda (bundan avval qanday hol yuz berganligiga bogʻliq ravishda) belgilangan qiymatiga muvofiq boʻladi, musodara qilingan investitsiyalar qiymatidan keladigan, ular musodara qilingan sanadan boshlab “Libor” stavkasi boʻyicha toʻlov sanasiga qadar hisoblanadigan foizlarni qamrab oladi, hamda erkin ravishda oʻtkaziladi. Tovon toʻlovlari summasi erkin muomaladagi valyutada belgilanishi va joylashgan manzili hamda yashash joyidan qatʼi nazar investorga ortiqcha kechikishsiz toʻlanishi zarur. Pul oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan rasmiyatchiliklarni amalga oshirish uchun meʼyor talabidagi vaqt mobaynida oʻtkazilgan pul “ortiqcha kechikishsiz oʻtkazilgan pul” deb hisoblanadi. Bu davr boʻyicha hisob buyurtma berilgan kundan boshlanadi va u uch oydan oshmasligi lozim.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga boshqa Tomon davlatining hududida sodir boʻlgan urush yoki boshqa qurolli toʻqnashuv, inqilob, favqulodda holat, davlat toʻntarishi, fuqarolik tartibsizliklari yoki shunga oʻxshash boshqa voqealar oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash uchun ushbu Bitimning 3-modda, 1- va 2-bandlariga muvofiq boʻlgan shartlarda kompensatsiya, restitutsiya, ziyonni qoplash yoki boshqa talafot qiymati toʻlovlari toʻlanadi.
4. Bir Tomon davlati investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalariga, ana shu Ahdlashuvchi Tomon davlati organlari yoki mansabdor shaxslarining harakat-tadbirlari natijasida, shu jumladan shunday organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan birinchi Tomon davlatining investorlariga yoki ana shu investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga nisbatan qonunchilikda koʻzda tutilgan majburiyatlarni zarur darajada bajarmaslik oqibatida yetkazilgan zararlar uchun, shuningdek boy berilgan foyda uchun, qayd etilgan investorlar tovon toʻlovlari olish huquqiga egadir.
7-modda Subrogatsiya
1. Agar bir Tomon yoki uning instituti, oʻz investorlarining boshqa Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalari borasida notijorat xavfidan biror-bir moliyaviy kafolat bersa, hamda ana shu kafolat asosida toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlsa, boshqa Tomon, ana shu investorlarning bunday tarzda sugʻurta qilingan investitsiyalari bilan bogʻliq majburiyatlari qayd etilgan holda, subrogatsiya prinsiplari asosida ularning huquqlari, shu jumladan talab huquqlari toʻlaligicha birinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning institutiga oʻtishini tan oladi.
2. Agar investor Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli instituti tomonidan vakolatli etib tayinlanmagan boʻlsa, ushbu moddaning 1-bandida belgilangan subrogatsiya holatida talabnoma bilan chiqishga haqli emas.
3. Boshqa Tomon davlatining investori bilan boʻlgan nizoda tomon hisoblanuvchi Ahdlashuvchi Tomon, nizoni hal etish yoki unga doir qaror bajariladigan butun jarayon mobaynida oʻz immuniteti yoki boshqa Tomon yoki uning institutlari tomonidan beriladigan kafolatlar koʻzda tutilmagan va koʻrilgan zarar yoki talafotlarni toʻlaligicha yoki qisman qoplovchi sugʻurta kontraktlari boʻyicha investor oladigan tovon toʻlovlarini himoya sifatida dalil keltirishi mumkin emas.
8-modda Maslahatlashishlar
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitimni talqin qilish va uni qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan har qanday sababga koʻra maslahatlashishlar oʻtkazishni taklif qilishi mumkin. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday taklifga xayrixoh munosabatda boʻladi va bunday maslahatlashishlar uchun tegishli imkoniyat yaratadi.
9-modda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllashga taalluqli boʻlgan nizolar diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar nizo paydo boʻlgan vaqtdan boshlab olti oy mobaynida murosaga kelolmasalar, istalgan Ahdlashuvchi Tomonning talabiga kura, nizo koʻrib chiqish uchun uch aʼzodan iborat tarkibdagi arbitraj Sudiga topshiriladi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri bittadan arbitr tayinlaydi, tayinlangan arbitrlar esa har ikki Ahdlashuvchi Tomon davlati bilan ham diplomatik munosabatlarda boʻlgan uchinchi davlatning fuqarosi boʻlgan Raisni saylaydilar.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri oʻz arbitrini tayinlamasa va ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning bunday tayinlash ikki oy ichida amalga oshirish taklifiga rozi boʻlmasa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Xalqaro Sud Prezidentiga murojaat qilishi mumkin.
4. Agar ikkala arbitr oʻzlari tayinlangan kundan boshlab ikki oy mobaynida Rais saylash xususida bir qarorga kelolmasa, istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlashlarni oʻtkazish uchun Xalqaro Sud Prezidentiga murojaat qilishi mumkin.
5. Basharti, ushbu moddaning 3-, 4-bandlarida koʻrsatilgan holatlarda Xalqaro Sud Prezidenti koʻrsatilgan vazifani bajarolmasa yoki u Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati fuqarosi boʻlsa, bunday tayinlash Prezident oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi, agar u Tomonlardan birining davlati fuqarosi boʻlsa, yoki boshqa biror sababga koʻra ushbu vazifani bajarolmasa, zaruriy tayinlashlar hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon davlatining fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro Sudning lavozimi yuqoriroq boʻlgan aʼzosi tomonidan amalga oshiriladi.
6. Sud qarorlari qonunga hurmat asosida qabul qilinadi. Qaror qabul qilishdan avval, Sud oʻz ishining istalgan bosqichida Tomonlarga nizoni doʻstona tarzda hal etishni taklif etishi mumkin. Agar Ahdlashuvchi Tomonlar shunday qaror qilsalar, bundan avvalgi qoidalar nizoni hal etishga toʻsqinlik qilmaydi.
7. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi boshqa kelishuvlarni buzmagan holda, Sud oʻz qoida- protseduralarini belgilaydi. Sud qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
8. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining Sud aʼzosi uchun sarflangan mablagʻlarni, shuningdek arbitraj protseduralaridagi oʻz ulushiga muvofiq ravishda xarajatlarni toʻlaydi. Arbitraj Sudining Raisi uchun sarflanadigan va oʻzga chiqimlarni esa Ahdlashuvchi Tomonlar teng tarzda toʻlaydilar. Ammo Sud oʻz qarorida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun koʻproq xarajatlar belgilashi ham mumkin, Sudning bunday qarori Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri uchun majburiy hisoblanadi.
9. Sudning qarori har bir Ahdlashuvchi Tomon uchun tugal va majburiy hisoblanadi.
10-modda Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon investori oʻrtasidagi nizolarni hal etish
Har bir Ahdlashuvchi Tomon, ushbu bilan, bir Ahdlashuvchi Tomon va boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investori oʻrtasida uning birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirgan investitsiyalari borasida yuzaga keladigan har qanday nizoni, 1965-yil 18-martda Vashingtonda imzolash uchun ochilgan “Davlatlar va boshqa davlatlarning fuqarolari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etuvchi Konvensiya”ga muvofiq Investitsion nizolarni yarashtirish yoki sudlov yoʻli bilan hal etuvchi Xalqaro Markazda hal etish uchun rozilik beradi. Nizo yuzaga kelgunga qadar bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investori tomonidan nazorat qilinayotgan investori ham, Konvetsiyaning 25 (2-b) moddasiga muvofiq, boshqa Tomon davlatining investorlari bilan teng huquqlarga ega hisoblanadi.
11-modda Qoʻllaniladigan qonunlar
1. Agar ushbu Bitimda oʻzga holatlar koʻzda tutilgan boʻlmasa, ushbu Bitimga muvofiq barcha investitsiyalar hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining amaldagi qonunchiligi asosida tartibga solib boriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalaridan qati nazar, hech qanday holat, qabul qiluvchi Tomonni nodiskriminatsion asosda oʻz qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilgan, uning hayotiy manfaatlari va xavfsizligi masalalarini muhofazalashga qaratilgan yoki favqulodda vaziyat holatlarida chora-tadbirlar qoʻllashda cheklamaydi.
12-modda Avvalgi investitsiyalar
Ushbu Bitim, u qonuniy kuchga kirgunga qadar yoki undan soʻng amalga oshirilganligidan qatʼi nazar, bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida, uning qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari amalga oshirgan investitsiyalarga nisbatan qoʻllaniladi.
13-modda Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning yozma ravishdagi roziligiga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda Bitimning kuchga kirishi, davom etish muddati va amal qilishining toʻxtatilishi
1. Tomonlar, ushbu Bitimning qonuniy kuchga kirishi uchun har bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligida koʻzda tutilgan huquqiy protseduralar yakunlanganligi toʻgʻrisidagi notalar bilan almashadilar.
Soʻnggi nota olingan kun ushbu Bitim kuchga kirgan sana hisoblanadi.
2. Ushbu Bitim oʻn yil mobaynida amal qiladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddatdan oʻn ikki oy avval boshqa Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor etmasa, ushbu Bitimning amal qilishi navbatdagi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
3. Ushbu Bitim bekor qilingan holda, 1 — 12-moddalarning qoidalari, ushbu Bitim bekor qilingan kunga qadar amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan keyingi oʻn yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Toshkent shahrida 2000-yil 18-iyulda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, bengal va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar autentikdir.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan xolda ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
