Oʻzaro savdo imtiyozlari toʻgʻrisida
17.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
AHDLAShUV MEMORANDUMI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
savdo munosabatlarini rivojlantirish va mazmunan yangilash, tenglik va oʻzaro manfaatdorlikka asoslangan iqtisodiy va savdo hamkorligini yuksaltirish, hamda ikki mamlakatning yuqori darajadagi organlari tomonidan kelishilgan ularning mamlakatlaridagi savdo maqsadlariga erishish yoʻlida oʻz hissalarini qoʻshish niyatida,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2003-yil 17-iyunda, hijriy 1382 yil 27 xoʻrdodda imzolangan savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida Bitimning 3-modda qoidalariga asoslanib,
quyidagi oʻzaro imtiyozli tariflarni berish toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Oʻzaro manfaatlarni himoyalash va Oʻzbekiston bilan Eron savdosida sogʻlom raqobat yaratish uchun tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish orqali ikki tomonlama savdo hajmini oshirish bilan ikki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmak berish ushbu Ahdlashuv Memorandumining maqsadi hisoblanadi.
2-modda
Oʻzaro manfaatlarga alohida eʼtibor berib, Ahdlashuvchi Tomonlar ekspertlar muzokaralari orqali oʻzaro imtiyozli tariflar rejimini berishga kelishib oldilar. Ikkala davlatning amaldagi savdo rejimlari doirasida, taʼkidlab oʻtilgan tariflar import bojlarini jadal qisqartirish shaklida beriladi.
Ushbu Memorandum maqsadlarida, “import bojlari” quyidagilarni nazarda tutadi:
Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinayotgan tovarlar uchun import bojxona bojlari;
Eron Islom Respublikasiga import qilinayotgan tovarlar uchun import savdo bojlari.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Ahdlashuv Memorandumi kuchga kirgan kundan soʻng bir oy ichida imtiyozli import bojlari qoʻllaniladigan tovarlar roʻyxati bilan almashib olishga kelishib oldilar. Ahdlashuvchi Tomonlar tenglik asosida oʻzaro manfaatli boʻlgan iqtisodiy qulayliklarni izlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Ahdlashuv Memorandumi kuchga kirgan kundan soʻng bir oy ichida imtiyozli import bojlari darajasi hamda bunday imtiyozlar tatbiq etiladigan tovarlar roʻyxatini koʻrib chiqish maqsadida qoʻshma uchrashuv oʻtkazish uchun ekspertlar komissiyasi aʼzolarining ism-shariflarini bir-birlariga taqdim etish va tanishtirishga kelishib oldilar.
Yuqorida aytib oʻtilgan tovarlar roʻyxati Ahdlashuvchi Tomonlarning ekspert komissiyalari tasdigʻidan soʻng ushbu Memorandumning ilovasi deb yuritiladi.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar davomida ikki davlatning amaldagi qonunchiligi va qoidalari doirasida tadbiq etilgan import bojlari ushbu Ahdlashuv Memorandumining 3-moddasida koʻrsatib oʻtilgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladigan import bojlarini qisqartirish uchun “tarif toʻlovi”ni (umumiy toʻlovni) tashkil etadi.
5-modda
Ushbu Ahdlashuv Memorandumi maqsadlarida Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli tashkilotlari tovar kelib chiqishi toʻgʻrisidagi sertifikatlarni taqdim etadilar va xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar Oʻzbekiston tovarlari hamda Eron Islom Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar Eron tovarlari sifatida yuritiladi.
6-modda
Imtiyozlar roʻyxatiga kiritilgan tovarlar eksport qiluvchi davlatning roziligi hamda tegishli davlatning amaldagi qonun va qoidalariga muvofiq uchinchi davlatga reeksport qilinishi mumkin.
7-modda
Ushbu Ahdlashuv Memorandumi doirasida ikki mamlakat oʻrtasida amalga oshirilayotgan tovarlar savdosi Ahdlashuvchi Tomonlar tasdiqlagan meʼyorlarga muvofiq boʻlishi lozim.
8-modda
Agar Ahdlashuvchi Tomon jiddiy muammolarga, ayniqsa iqtisodiy tusdagi qiyinchiliklarga duch kelsa, ushbu Ahdlashuv Memorandumi qoidalarini qayta koʻrib chiqish va boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan oʻzaro yon berish xususida maslahatlashuvlar oʻtkazish huquqiga ega.
9-modda
Ushbu Ahdlashuv Memorandumiga muvofiq kelishilgan ikki tomonlama tarif imtiyozlari har qanday qoʻshni davlatlarga yoki mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar aʼzolariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
10-modda
Ushbu Ahdlashuv Memorandumi qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq bahslar, birinchi navbatda, ikki tomonlama muzokaralar orqali doʻstona hal etiladi. Agar hech qanday murosaga erishilmasa, masala oʻzaro kelishuvga koʻra qaror qabul qiladigan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Qoʻshma komissiyasiga koʻrib chiqish uchun ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlarining amaldagi qonunchiligi va qoidalariga muvofiq yuboriladi.
11-modda
Ushbu Ahdlashuv Memorandumi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning mazkur Memorandumning kuchga kirishi uchun lozim boʻlgan talablarni bajarganligi toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnomasini olgan kundan boshlab kuchga kiradi va 5 yil amal qiladi.
12-modda
Ushbu Ahdlashuv Memorandumi uning amal qilish muddati tutashidan olti oy ilgari Tomonlardan biri mazkur Ahdlashuv Memorandumining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi niyati haqida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor etmagan boʻlsa, oʻz-oʻzidan keyingi muddatlarga uzaytiriladi.
13-modda
Tehron shahrida 2003-yil 17-iyunda, hijriy 1382 yil 27 xoʻrdodda bir muqaddima, 13 moddadan iborat oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Memorandumini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
