Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizishga qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
11.06.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati Oʻrtasida
Memorandum
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Eron Islom Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizish oʻz davlatlarining xalqi salomatligi hamda jamiyatiga jiddiy xavf solishini anglab,
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizishning oʻsib borayotganligi hamda unga bogʻliq muammolarning oʻtkirlashayotganidan tashvishlanib,
giyohvandlik vositalarini noqonuniy yurgizishga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash ayni muddao va bu ikkala davlat manfaatlariga mos keladi, deb hisoblab,
Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida 1961-yilgi Yagona konvensiyaning qoidalarini, unga 1972-yilgi Bayonnomaga muvofiq kiritilgan tuzatishlarni, Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yilgi Konvensiya qoidalarini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni noqonuniy yurgizishga qarshi kurash toʻgʻrisida 1988-yilgi Konvensiya qoidalarini, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkilotining tegishli rezolyutsiya va hujjatlarini eʼtiborga olib,
xalqaro huquqning meʼyor va prinsiplariga amal qilib,
Tomonlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi hamda milliy qonunlarini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I
Tomonlar hamkorligining asosiy sohalari quyidagilardan iborat:
a) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar(bundan keyin — giyohvandlik moddalari)ni noqonuniy yetkazib berish va unga boʻlgan talabni kamaytirish, shuningdek maʼmuriy metodlarni takomillashtirish;
b) giyohvandlik moddalarini noqonuniy yurgizish manbalarini yoʻqotish borasida birgalikda chora-tadbirlar koʻrish;
c) giyohvandlik moddalarini noqonuniy ishlab chiqish va yurgizishni jazolash sohasida hamkorlik, shuningdek xalqaro maydonda jips va muvofiq hamkorlik qilish;
d) yashirilgan giyohvandlik moddalarini topish tajribasi hamda metodlari boʻyicha axborot almashish;
e) giyohvandlik moddalarini tashuvchilar qoʻllaydigan qoidabuzarlik usullari yuzasidan tajriba va axborot almashish;
f) giyohvandlik moddalarini noqonuniy yurgizishga jalb etilgan yoki shunda gumon qilinayotgan yoxud qoʻlga tushgan tashkilot va shaxslar toʻgʻrisida, shuningdek giyohvandlik moddalarini noqonuniy tashishning yangi yoʻnalishlari haqida axborot almashish;
g) oʻquv kurslarini oʻtkazishda yangi texnikaviy vositalarni qoʻllash va giyohvandlik moddalarini aniqlashning yangi texnologiyalarini almashish;
h) giyohvandlik moddalarining yangi turlari toʻgʻrisida axborot berish;
i) giyohvandlik moddalarini noqonuniy yurgizishga qarshi kurashni amalga oshirayotgan tegishli tarkib uchun samarali oʻquv dasturlarini ishlab chiqish sohasida axborot va tajriba almashish;
j) giyohvandlik moddalarini noqonuniy yurgizishga qarshi kurash sohasidagi qonunlar va yuridik amaliyot toʻgʻrisida axborot almashish;
k) giyohvandlikka chalingan shaxslarni samarali davolash va turmushga qaytarish dasturlari toʻgʻrisida axborot almashish;
1) giyohvandlik moddalarini isteʼmol qilishdan qaytarish va jamoatchilik fikrini oʻtkirlashtirishga bagʻishlangan ilmiy asarlar, maxsus byulletenlar va filmlarni almashish;
m) giyohvandlik moddalarini noqonuniy yurgizishga qarshi kurashning boshqa sohalari.
II
Tomonlar oʻz tegishli davlatlari hududida qoʻlga tushirilgan giyohvandlik moddalarini ularning kelib chiqishi, shuningdek kimyoviy va fizikaviy xususiyatlarini aniqlash maqsadida xalqaro andozalarga muvofiq jihozlangan oʻz laboratoriyalari ixtiyoriga topshiradilar. Tomonlar bunday tekshirish natijalarini almashadilar. Istalgan Tomonning soʻroviga binoan shoshilinch qidiruv tadbirlari oʻtkaziladi.
III
Ushbu Memorandum doirasida hamkorlikni samarali yuzaga chiqarish maqsadida Tomonlar oʻz tegishli vakolatli organlarining bevosita aloqalariga koʻmaklashadilar.
Aloqa vositalari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabar qilinadi.
IV
1. Quyidagilar ushbu Memorandumni bajarish va muvofiqlashtirishga masʼul vakolatli organlar hisoblanadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasidan:
Giyohvandlik moddalarini nazorat qilish Davlat komissiyasi;
b) Eron Islom Respublikasidan:
Giyohvandlik moddalarini nazorat qilish markazi.
2. Tomonlarning boshqa tegishli vazirliklari va hukumat agentliklari ham ushbu Memorandum qoidalarini bajaradilar.
V
Ushbu Memorandumga binoan yuborilgan yozma va ogʻzaki holdagi axborot hamda boshqa hujjatlar amaldagi milliy qonun va qoidalarga binoan maxfiy hisoblanadi hamda tekshiruv oʻtkazish yoki boshqa maqsadlar uchun ularni taqdim etgan Tomon yozma ravishda rozilik bersagina foydalaniladi.
VI
Tomonlar giyohvandlik profilaktikasi, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolash va turmushga qaytarish metodlarini ishlab chiqish hamda joriy etishda, kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirish yuzasidan axborot va tajriba almashishda, giyohvandlik moddalarini nazorat qilish boʻyicha tadqiqiy ishlar oʻtkazish va maslahatlashish, zarur boʻlsa, ekspertlar almashishda hamkorlik qiladilar.
VII
1. Tomonlar nazoratda tutib turilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, ular prekursorlarining milliy roʻyxatlarini almashadilar.
2. Tomonlardan birontasi nazoratda tutib turilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, ular prekursorlarining tegishli roʻyxatlariga qoʻshimcha kiritadigan boʻlsa, boshqa Tomon ham oʻz milliy roʻyxatlariga ana shunday qoʻshimchalar kiritish imkoniyatini koʻrib chiqadi.
VIII
1. Tomonlar axborotni soʻrovga koʻra yoinki oʻz ixtiyorlari bilan taqdim etishlari mumkin.
2. Bunday soʻrovlar yozma ravishda, faksimil aloqasi yoki elektron pochtadan foydalanib amalga oshiriladi.
3. Soʻrovlarda quyidagi axborot boʻlishi lozim:
a — soʻrayotgan organning nomi;
b — soʻralayotgan organning nomi;
s — ishning mohiyati va uning asoslanishi, shuningdek soʻrovni ijro etish uchun zarur boshqa axborot.
4. Soʻrovni bajarish rad etiladigan boʻlsa, soʻralayotgan Tomon soʻrayotgan Tomonga rad etishning sababini koʻrsatib, zudlik bilan xabar qiladi. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni bajarish uning suverenitetiga, davlat xavfsizligi va boshqa asosiy manfaatlariga ziyon yetkazadi yoki uning qonunlari yoxud xalqaro majburiyatlariga zid keladi, deb hisoblasa, soʻrovni bajarishni butunlay yoki qisman rad etishi mumkin.
IX
Ushbu Memorandum doirasida muvofiqlashtirish va hamkorlikning ijobiy natijalariga erishish maqsadida Tomonlar oʻzaro kelishgan holda maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va giyohvandlik moddalariga bogʻliq vaziyatni koʻrib chiqish va ushbu Memorandumni bajarishda muvaffaqiyatga erishish uchun navbatma-navbat yillik uchrashuvlarni oʻtkazishga rozilik beradilar. Tomonlarning vakolatli organlari ahdlashuviga koʻra bunday uchrashuvlarda ushbu Memorandum doirasidagi hamkorlikning yangi sohalari muhokama qilinib, tasdiqlanadi.
X
Ushbu Memorandum doirasidagi hamkorlikni amalga oshirishda Tomonlar ingliz tilidan foydalanadilar.
XI
Ushbu Memorandum doirasidagi hamkorlikni amalga oshirishda Tomonlar ingliz tilidan foydalanadilar.
XII
Ushbu Memorandum qoidalarini talqin etish va qoʻllash yuzasidan kelib chiqadigan har qanday bahslar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv hamda muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
Tomonlarning yozma ravishda oʻzaro kelishuviga binoan, ushbu Memorandumga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
XIII
Ushbu Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi. Tomonlardan har qaysisi uch oy ilgari xabarnoma yuborib uning faoliyatini toʻxtatishi mumkin.
Tehron shahrida, 2000-yil 11-iyunda, hijriy 1379 yil 22 xoʻrdodda ikki nusxada, oʻzbek, fors va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda har xilliklar yuzaga chiqsa, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega deb hisoblanadi.
(imzolar)
