Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida
13.11.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki davlat va ularning xalqlari oʻrtasida doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida,
ikki davlat fuqarolarining oʻzaro kelib-ketish rejimini tartibga solish istagiga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari ushbu Bitimning Ilovasida sanab oʻtilgan ularning shaxslari toʻgʻrisida guvohlik beruvchi va fuqaroliklarni tasdiqlovchi hujjatlar asosida boshqa Tomon davlatining hududi boʻylab vizasiz kirish, chiqish, boʻlish va tranzit oʻtish huquqiga egadirlar.
2-modda
Ushbu Bitimning amal qilinishi taalluqli boʻlgan bir Tomon davlatining fuqarolari uchinchi davlatlarga davlat chegarasidan xalqaro qatnov uchun ochilgan oʻtkazish punktlari orqali Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiliklariga muvofiq davlat chegarasini kesib oʻtishda zarur boʻlgan protseduralarga rioya etish yordamida Tomonlar davlatlaridan birining hududi orqali tranzit harakatlanishlari mumkin.
3-modda
Tomonlar davlatlarining fuqarolari boshqa Tomon davlati hududiga kelgan vaqtlarida bu Tomon davlatining qonun va qoidalariga, shu jumladan xorijiy fuqarolar uchun oʻrnatilgan roʻyxatdan oʻtish (vaqtincha propiska), boʻlib turish va harakatlanish qoidalariga rioya etishlari lozim.
4-modda
Tomonlar davlatlari yangi hujjatlarni amalga kiritgan holda, Tomonlar ularning amalga kirishiga qadar kamida 1 (bir) oy ilgari bu hujjatlarning nusxalarini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
Tomonlar davlatlarining Tashqi ishlar vazirliklari xorijiy fuqarolarning kirish, chiqish, boʻlib turish tartibiga doir amaldagi qonunchilik toʻgʻrisidagi axborotni va bu sohadagi boshqa axborotni almashadilar.
5-modda
Tomonlar zaruratga koʻra ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun maslahatlashuvlar olib boradilar.
Ushbu Bitimning qoidalarini bajarish yoki qoʻllash davomida yuzaga keladigan kelishmovchilik yoki bahsli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
6-modda
Tomonlarning kelishuvlariga koʻra ushbu Bitimga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Ular 9-moddada koʻzda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
7-modda
Tomonlarning har biri davlat xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibi yoki aholi sogʻligʻini saqlash uchun zarur boʻlsa, ushbu Bitimning amal qilishini vaqtincha, butunlay yoxud qisman toʻxtatish huquqiga egadirlar.
Tomonlar bunday choralarni qabul qilish yoki bekor qilish toʻgʻrisida oldindan, lekin qaror qabul qilingandan keyin kamida 72 soat ilgari bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
8-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab oʻttiz kun oʻtgach kuchga kiradi va Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonning rasmiy xabarnomasini olgan sanadan boshlab toʻqson kun oʻtgunga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2003-yil 13-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda Tomonlar rus tilidagi matnga amal qiladilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida 2003-yil 13-noyabrda imzolangan Bitimga Ilova
Bir Tomon davlati fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududi boʻylab kirish, chiqish va harakatlanish uchun hujjatlar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun:
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro pasporti.
2. Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik pasporti.
3. Havo kemasi ekipajining guvohnomasi (parvoz topshirigʻi yozuvi bilan birga).
4. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun).
5. 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomasi (ularning qonuniy vakillari kuzatuvi ostida faqat Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish uchun).
6. 16 yoshga toʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining guvohnomasi.
7. Zobitning shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma.
Moldova fuqarolari uchun:
1. Moldova Respublikasi fuqaro pasporti.
2. Moldova Respublikasi diplomatik pasporti.
3. Moldova Respublikasi xizmat pasporti.
4. Havo kemasi ekipajining guvohnomasi (parvoz topshirigʻi yozuvi bilan birga).
5. Moldova Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Moldova Respublikasiga qaytish uchun).
6. 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnomasi (ularning qonuniy vakillari kuzatuvi ostida faqat Moldova Respublikasidan chiqish uchun).
