Veterinariya-sanitariya sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
19.12.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Konvensiya
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
veterinariya sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish istagidan kelib chiqib, hayvonlarda infeksion kasalliklar tarqalishining oldini olish hamda oʻz davlatlari hududini epizootiya yuqishidan birgalikda himoya qilish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yuqumli kasalliklarning tashuvchilari boʻlishi mumkin boʻlgan tirik hayvonlar, hayvonlardan olingan mahsulotlarni qayta ishlash natijasida tayyorlangan materiallar, hayvonlardan tayyorlangan oziq-ovqatlar, ozuqa va narsalarni import, eksport va tranzit qilishda ularning hududlarini epizootiyadan himoya qilish uchun oʻzaro hamkorlik qiladilar.
1. Ahdlashuvchi Tomonlar nobop sonalar, obyektlar, kasallangan hayvonlar turi va soni, kasalliklarning shakli va kechishi hamda infeksiyalar tarqalishining taxmin qilinayotgan yoʻllari, qoʻzgʻatuvchi turi, shuningdek kasallikni cheklash va bartaraf qilish uchun koʻrilgan choralarni koʻrsatgan holda Xalqaro epizootiya byurosining (XEB) “A” roʻyxatidagi kasalliklar paydo boʻlishi toʻgʻrisida bir-birini xabardor qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar zooantroponoz kasalliklar paydo boʻlishi toʻgʻrisida, hayvonlarda yoki hayvonlardan tayyorlangan oziq-ovqatlarda odamlar va hayvonlar salomatligi uchun xavfli, kelib chiqishi biologik, kimyoviy boʻlgan moddalar hamda mexanik aralashmalar mavjudligi toʻgʻrisida axborot almashadilar.
3. Zarur hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar hayvonlarda paydo boʻlgan kasalliklarga tashxis qoʻyish borasida bir-birlariga oʻzaro yordam koʻrsatadilar, bu borada oʻrnatilgan xalqaro veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda bakteriya va virus shtammlarni almashishlari mumkin.
2-modda
Ushbu Konvensiyani amalga oshirish yuzasidan quyidagilar Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanib, bajarilayotgan ishlarni uygʻunlashtirish bilan shugʻullanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinar tibbiyot bosh boshqarmasi;
Moldova Respublikasi tomonidan — Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Davlat inspeksiyasi bilan Veterinar tibbiyot bosh boshqarmasi.
3-modda
Ushbu Konvensiya qoidalari quyidagilarga qoʻllanadi:
a) barcha turdagi jonivorlar (jumladan qushlar, moʻynali hayvonlar, laboratoriya, hayvonot bogʻi, uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar, dengiz jonivorlari, asalarilar, baliqlar va boshqa gidrobiontlar, hayvonlarning homila, sigot, tuxumhujayralari va spermasi, inkubatsiya uchun tuxum va urugʻlantirilgan ikra);
b) hayvonlardan tayyorlangan oziq-ovqatlar (goʻsht va goʻsht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari, baliq, tuxum va asalarichilik mahsulotlari),
v) hayvonlardan tayyorlangan xomashyo (teri, jun, moʻyna, par, pat, endokrin va oshqozon xomashyosi, qon, suyak va xomashyoning boshqa turlari),
g) hayvonlar uchun ozuqa,
d) veterenariya preparatlari, biologik materiallar va kolleksiyalash uchun hayvonlardan tayyorlangan narsalar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar hayvonlar yuqumli kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurash borasidagi muayyan davlatda mavjud boʻlgan yoʻriq va dasturlarni qoʻllashning shart-sharoiti hamda usullari toʻgʻrisida bir-birini xabardor qiladilar.
Hayvonlar va hayvonlardan olingan oziq-ovqatlarni, ozuqa va davlat veterinariya xizmati tomonidan nazorat qilinadigan narsalarni import, eksport hamda tranzit qilishdagi veterinariya-sanitariya talablari, shuningdek katta miqdorda iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zaharli oziq-ovqatlar, radioaktiv moddalar va boshqalarga tegishli yuqumli boʻlmagan kasalliklar yuzaga kelganda qoʻllaniladigan choralar toʻgʻrisida axborot almashadilar.
5-modda
Veterinariya sohasida hamkorlikni kuchaytirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilarni amalga oshiradilar:
1. Veterinariya faoliyatiga taalluqli normativ hujjatlar va boshqa maxsus nashrlarni almashish.
2. Ikkala Tomon mutaxassislari ishtirok etishi mumkin boʻlgan veterinariya sohasidagi uchrashuv va yigʻilishlar toʻgʻrisida bir-birini xabardor qiladilar.
3. Veterinariya faoliyatini rivojlantirish va yanada mukammallashtirish uchun, veterinarlarning kasbiy malakasini oshirish uchun mutaxassislar almashish, tajriba va bilim almashish orqali veterinariya fani, taʼlim va veterinariya xizmatini amaliy tashkil qilish sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar.
Ushbu Konvensiyaning 4-moddasida koʻrsatilgan hujjatlarni almashishga taalluqli barcha xarajatlarni yuboruvchi Ahdlashuvchi Tomon koʻtaradi.
Mutaxassislarni almashish ikkala Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlari oʻrtasida oʻzaro kelishuv boʻyicha amalga oshiriladi. Bu hollarda yoʻl xarajatlarini yuboruvchi tomon, ularning boʻlishi boʻyicha xarajatlarni esa qabul qiluvchi tomon qoplaydi.
6-modda
Ushbu Konvensiya uchun oʻzbek, rus yoki ingliz va moldovan, rus yoki ingliz tillarida nashr etiladigan XZB Xalqaro zoosanitariya kodeksi talablari asosida Tomonlar tarafidan ishlab chiqilgan va kelishilgan veterinariya sertifikatlari haqiqiy hisoblanadi.
7-modda
Olib kirilayotgan tovar (tirik hayvonlar, hayvonlardan tayyorlangan oziq-ovqatlar va ozuqa yuklangan alohida transport vositasi) chegarada veterinariya koʻrigidan oʻtkazilayotganda u sanitariya va gigiyena talablari jihatidan veterinariya sertifikati talablariga javob bermasligi aniqlansa yoki tovar tashilayotgan transport vositalari tashishning veterinariya talablariga javob bermasa, import qiluvchi davlatning davlat veterinariya organlari eksport qiluvchi davlatning davlat veterinariya organlarini xabardor qiladilar hamda amaldagi veterinariya qonunlariga muvofiq hayvonlarda yuqumli kasalliklar va odamlarda antropozoonlar tarqalishidan davlat hududini saqlash uchun harakat qiladilar.
8-modda
Tomonlardan biri davlati hududida Xalqaro Epizootiya Byurosining “A” roʻyxatida koʻrsatilgan kasalliklar mavjudligi aniqlansa, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning markaziy davlat veterinariya organi boshqa Tomonning tegishli markaziy davlat veterinariya organini darhol xabardor qilishi hamda mazkur Konvensiyaning 3-moddasida koʻrsatilgan chorvachilik yuklarini olib chiqishni toʻxtatishi lozim.
Chorvachilik yuklarini olib chiqish boʻyicha oʻrnatilgan tartib Tomonlarning markaziy davlat veterinariya organlari oʻrtasidagi dastlabki maslahatlashuv va oʻzaro kelishuvdan keyingina tiklanishi mumkin.
9-modda
Ushbu Konvensiya qoidalarini talqin qilish va koʻllashda yuzaga keladigan barcha bahsli masalalarni Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan muzokara hamda maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra ushbu Konvensiyaga uning tarkibiy qismi hisoblanadigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Bular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi. Ushbu Bayonnoma ushbu Konvensiyaning 12-moddasida koʻzda tutilgan protseduraga muvofiq kuchga kiradi.
11-modda
Ushbu Konvensiya Ahdlashuvchi Tomonlarning ular tuzgan yoki veterinariya boʻyicha xalqaro tashkilotlardagi ularning ishtiroki bilan bogʻliq boʻlgan boshqa shartnoma, konvensiya va bitimlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12-modda
Ushbu Konvensiya ikkala Ahdlashuvchi Tomonning uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabar olingandan soʻng 30-kun kuchga kiradi.
Ushbu Konvensiya 5 yillik muddatga tuziladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni, tegishli muddat tugashidan kamida olti oy oldin uning faoliyatini toʻxtatish niyati yozma ravishda xabardor qilmasa, uning faoliyati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatga uzayadi.
Kishinyov shahrida, 2000-yil 19-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldavan va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Konvensiya moddalarini talqin qilish va qoʻllashda har xilliklar kelib chiqsa, rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
