Ularning bojxona maʼmuriyatlari orasida oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisida
29.05.2001
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN GRETSIYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Gretsiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi “Tomonlar” deb ataluvchilar,
bojxona qonunlarining buzilishi ular davlatlarining ijtimoiy, iqtisodiy, fiskal va boshqa manfaatlariga ziyon yetkazishini tan olib,
bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar, oʻqotar qurollar, portlovchi moddalar, oʻq-dorilar, yadroviy materiallar, shuningdek madaniy va arxeologik boyliklar deb hisoblanadigan predmetlarning gʻayriqonuniy aylanishini ham hisoblaganda bojxona qonunbuzarliklarini bartaraf etish, tergov qilish va oldini olish maqsadlarida yanada samarali xatti-harakatlarga koʻmaklashadi, deb ishonib,
BMTning Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalar boʻyicha Konvensiyasini inobatga olib,
shuningdek, ikki tomonlama oʻzaro koʻmakni ragʻbatlantiruvchi amaldagi tegishli xalqaro konvensiyalar va Bojxona hamkorligi Kengashining yoʻriqlarini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadlarida:
a) “bojxona qonunlari” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari amal qiladigan huquqiy va meʼyoriy aktlarning yigʻindisini hamda olib kirish, olib chiqish va tovarlar tranziti, taqiqlash, cheklash va nazorat qilish choralarini ham hisoblaganda, ularni har qanday bojxona rejimiga solinishini bildiradi;
b) “bojxona maʼmuriyati” atamasi Oʻzbekiston Respublikasida — Davlat bojxona qoʻmitasini; Gretsiya Respublikasida — Moliya vazirligi Bosh bojxona va aksiz direktoratini bildiradi;
c) “bojxona huquqbuzarligi” atamasi bojxona qonunlarini istalgan tarzda buzish yoki buzishga urinishni anglatadi;
d) “bojxona bojlari va soliqlari” atamasi tovarlar importi va eksporti chogʻida yoki shunga bogʻliq ravishda undiriladigan bojxona bojlari va boshqa barcha bojlar, soliqlar va yigʻimlarni anglatadi, qiymati koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatiga taxminan teng cheklangan yigʻimlar va toʻlovlar bundan mustasno;
e) “shaxs” atamasi har qanday jismoniy va yuridik shaxsni anglatadi;
f) “shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar” atamasi belgilangan yoki belgilanadigan shaxsga tegishli har qanday axborotni anglatadi;
g) “giyohvandlik vositalar” atamasi BMTning Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida 1961-yilda tegishli toʻldirishlari boʻlgan yagona Konvensiyasining I va II roʻyxatlarida sanab oʻtilgan istalgan tabiiy yoki sintetik moddalarni anglatadi;
h) “psixotrop moddalar” atamasi BMTning Psixotrop moddalar toʻgʻrisida 1971-yildagi Konvensiyaning I, II, III, IV roʻyxatlarida sanab oʻtilgan istalgan tabiiy yoki sintetik moddalarni anglatadi;
i) “soʻralayotgan maʼmuriyat” atamasi koʻmaklashish soʻralayotgan bojxona maʼmuriyatini anglatadi;
j) “soʻrovchi maʼmuriyat” atamasi koʻmaklashishni soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatini anglatadi.
2-modda Bitimni qoʻllash sohasi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim doirasida oʻz bojxona maʼmuriyatlari oʻrtasida bojxona huquqbuzarliklarini bartaraf etish, tergov qilish va qarshi kurashish, shuningdek bojxona qonunlarining tegishlicha qoʻllanishi maqsadida oʻzaro hamkorlik oʻrnatadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik ularning milliy qonun-qoidalariga muvofiq mavjud vakolat va imkoniyatlar doirasida amalga oshiriladi.
3. Ushbu Bitimning qoʻllanishi Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirok etgan xohlagan boshqa xalqaro bitimlari boʻyicha majburiyatlariga daxl qilmaydi.
3-modda Oʻzaro koʻmaklashish sohasi
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra quyidagilar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar:
a) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududiga olib kirilayotgan tovar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidan qonuniy eksport qilinyaptimi;
b) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududidan olib chiqilayotgan tovar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududiga qonuniy import qilinyaptimi;
Soʻrovga koʻra, tovarlarning bojxona tozalanishida foydalanilgan bojxona protseduralari axborotda koʻrsatilishi lozim.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatining soʻrovi boʻyicha oʻz imkoniyatlariga koʻra quyidagilarga daxldor axborotni berishi lozim:
a) transport vositalarining, bojxona huquqbuzarligi maqsadida foydalanilgan, foydalanilayotgan, foydalanishi mumkin boʻlgan, deb oʻylashga yetarli dalillar boʻlsa;
b) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatiga maʼlum boʻlgan yoki ular tarafidan shubhalanayotgan gʻayriqonuniy faoliyat predmetlari sifatida koʻrilayotgan tovarlar;
c) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatiga maʼlum yoki ular tarafidan shubhalanayotgan gʻayriqonuniy faoliyatlarga aloqador shaxslar;
d) soʻrayotgan maʼmuriyatga maʼlum yoki ular tarafidan shubhalanayotgan gʻayriqonuniy faoliyatlarga aloqador yangi metod va kanallar.
Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning iqtisodiga, fuqarolari sogʻligʻiga, jamoat xavfsizligiga yoki boshqa hayotiy har qanday muhim manfaatlariga, masalan oʻq otar qurollar, portlovchi moddalar va oʻq-dorilar, yadro materiallari, giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarning gʻayriqonuniy aylanishi, arxeologik boyliklar, sanʼat asarlari yoki boshqa madaniy boyliklariga jiddiy zarar etgan hollarda, oʻz xohishiga koʻra bunday axborot beriladi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatining soʻroviga koʻra, soʻrayotgan maʼmuriyat davlati hududida bojxona huquqbuzarliklari va boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan faoliyatga tegishli barcha mavjud axborotni beradi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona maʼmuriyatlari soʻrovga koʻra, maʼmuriy, yuk, tijoriy hujjatlar kabi tovarlarni olib oʻtish va joʻnatishga doir yoki bu tovarlarning narxi, kelib chiqishi hamda yoʻnaltirilgan manzili toʻgʻrisida xohlagan zarur maʼlumotlarni beradilar.
5. Bir Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatining soʻroviga koʻra boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati oʻz vakolati va imkoniyatlari doirasida maʼlum muddat davomida bojxona huquqbuzarligi sifatida maʼlum, shaxslar va ularga daxldor transport vositalarining joyini oʻzgartilishini ham hisoblaganda, tovarlar joyini oʻzgartilishining maxsus nazoratini amalga oshiradi.
4-modda Aloqa kanallari
1. Oʻzaro koʻmak tegishli bojxona maʼmuriyatlarining rahbariyati tayinlagan mansabdor shaxslar oʻrtasida bevosita amalga oshiriladi.
2. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati soʻrovni amalga oshira olmagan holda,u uni vakolatli organga topshiradi.
3. Ushbu Bitim doirasida amalga oshiriladigan yozishma Ahdlashuvchi Tomonlarning rasmiy tillarida, ingliz tiliga tarjima qilingan holda olib boriladi.
5-modda Koʻmak toʻgʻrisida soʻrovning shakli va tuzilishi
1. Ushbu Bitim doirasidagi soʻrovlar yozma ravishda yuboriladi. Ular soʻrovning bajarilishi uchun zarur hujjatlar bilan ilova qilinadi. Zarurat tugʻilsa, shoshilinch hollarda ogʻzaki soʻrovlar ham qabul qilinadi, biroq ular darhol yozma shaklda tasdiqlanishi lozim.
2. Koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovlar quyidagi axborotni oʻz ichiga oladi:
a) soʻrayotgan bojxona maʼmuriyatining nomlanishi;
b) soʻrovning predmet va sababi;
c) agar maʼlum boʻlsa, qidirilayotgan shaxslarning ismlari va manzillari;
d) koʻrib chiqilayotgan ishning qisqacha tafsiloti va ishga daxldor tegishli huquqiy aktlar.
6-modda Soʻrovlarni bajarish
1. Soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati soʻrovni bajarish boʻyicha zarur choralarni koʻradi. Taqdim etilayotgan axborot elektron pochta orqali berilishi mumkin. Taqdim etilayotgan axborotda uni talqin qilish va foydalanish uchun zarur sharhlar boʻlishi lozim.
2. Ushbu modda doirasida yuboriladigan koʻmak toʻgʻrisidagi soʻrovlar soʻralayotgan bojxona maʼmuriyati davlatining milliy qonunlariga muvofiq bajariladi. Soʻrovni bajarishning imkoni boʻlmagan holda, soʻralayotgan maʼmuriyat bu toʻgʻrida soʻrayotgan maʼmuriyatni xabardor qiladi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan bojxona huquqbuzarligini amalga oshirishda shubhalanayotgan shaxslarni ham hisoblaganda barcha zarur bojxona tergovlarini olib boradi.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatining soʻroviga binoan ushbu Bitim faoliyatiga toʻgʻri keladigan va soʻralayotgan maʼmuriyat vakolati doirasidagi ishlarga daxldor faktlarni fosh qilish maqsadlarida tekshiruv, nazorat va tergovni amalga oshiradilar.
5. Soʻralayotgan maʼmuriyatning roziligi bilan soʻrayotgan maʼmuriyatning mansabdor shaxslari soʻralayotgan maʼmuriyat hududida mansabdor shaxslar bilan bojxona huquqbuzarliklari toʻgʻrisida soʻrayotgan maʼmuriyatda qiziqish uygʻotadigan bojxona tergovi yoki hisobotga daxldor maslahatlashuvlarni oʻtkazishlari hamda tegishli maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin.
6. Soʻrayotgan maʼmuriyat oʻzi bajara olmaydigan koʻmak berish toʻgʻrisida soʻrov yuborgan hollarda, uning bajarilishi soʻralayotgan maʼmuriyatning ixtiyorida qoladi va bu toʻgʻrida soʻrayotgan maʼmuriyatni xabardor qiladi.
7-modda Axborotning maxfiyligi
1. Oʻzaro koʻmaklashish qoidalari doirasida olingan oshigʻich maʼlumot, hujjatlar va boshqa axborot faqat ushbu Bitim belgilagan maqsadlarda oluvchi Ahdlashuvchi Tomon tarafidan va faqat vakolatli organlar foydalanishi mumkin, bunga ularning sud hamda maʼmuriy muhokamada foydalanilgani ham kiradi. Bunday oshigʻich maʼlumot, hujjatlar va boshqa axborot oluvchi Tomon tarafidan boshqa maqsadlarda faqat taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomonning roziligi bilan foydalanilishi mumkin.
2. Taqdim etuvchi Ahdlashuvchi Tomonning soʻroviga koʻra ushbu Bitim doirasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon bergan oshigʻich maʼlumot, hujjatlar va boshqa axborot oluvchi Ahdlashuvchi Tomon uchun maxfiy hisoblanadi.
3. Ushbu Bitim doirasida oshigʻich maʼlumotlar, hujjatlar va boshqa axborotga nisbatan bu mamlakatda shu turdagi maʼlumot, hujjatlar va boshqa axborotga nisbatan qoʻllanadigan maxfiylik darajasi beriladi.
4. Ushbu Bitim doirasida shaxslar toʻgʻrisida maʼlumot almashingan hollarda, Ahdlashuvchi Tomonlar, himoyani berayotgan Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlati hududida amal qilayotgan milliy qonunlarga muvofiq qoʻllanadigan himoyani beradi.
8-modda Ishlar va hujjatlar
1. Agar nusxalarning mavjudligi kifoya qilmasa, ishlar, hujjatlar va boshqa axborotning asl nusxalari soʻrab olinadi. Maxsus soʻrovga koʻra, bunday ishlar, hujjatlar va boshqa axborotning nusxalari lozim tarzda tasdiqlanadi.
2. Berib turilgan ishlar, hujjatlar va boshqa axborot qisqa muddat ichida qaytarilishi shart.
3. Ishlar va hujjatlarda eslatib oʻtilgan soʻralayotgan maʼmuriyat yoki uchinchi Tomonlarning huquqlari kamsitilmaydi.
9-modda Ekspertlar va guvohlar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmuriyati boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona maʼmuriyatining soʻroviga koʻra ushbu Bitim doirasida boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida koʻrilayotgan masalalarga daxldor sud yoki maʼmuriyat muhokamalarida oʻzining mansabdor shaxslariga ekspertlar va guvohlar sifatida vakolat berishi hamda bunday muhokamalar uchun zarur hollarda ishlar, hujjatlar yoki ularning asl nusxalarini berishi mumkin.
Sud yoki maʼmuriy organlari oldida bunday chiqish toʻgʻrisidagi soʻrovda mansabdor shaxsning qanday yuridik yoxud maʼmuriy maʼmurlar oldida soʻroq qilinishi aniq koʻrsatilishi lozim.
2. Soʻrayotgan maʼmuriyat mansabdor shaxslarning shaxsiy xavfsizligini ular hududda boʻlgan paytlarida va guvohlik koʻrsatmalarining maxfiyligini ushbu moddaning (1)-bandiga muvofiq toʻla himoyasi uchun barcha zarur choralarni koʻrish majburiyatini oladilar. Transport xarajatlari va sutkalik pullarni soʻrayotgan maʼmuriyat toʻlaydi.
3. Bojxona xodimining ekspert va guvoh sifatida chiqishi toʻgʻrisida soʻrov Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda Koʻmaklashish boʻyicha majburiyatlardan cheklovlar
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻrovni bajarish uning suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibi eki boshqa istalgan muhim hayotiy milliy manfaatlariga ziyon yetkazadi, deb hisoblasa, u bunday koʻmaklashishni rad etishi yoki muayyan shartlarga amal qilingandagina koʻmaklashishi mumkin.
2. Agar koʻmaklashish rad etilsa, soʻrayotgan maʼmuriyatga buning sababi toʻgʻrisida yozma ravishda xabar qilinadi.
11-modda Xarajatlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarishga aloqador xarajatlar qoplanishini talab qilishdan voz kechadilar, ammo soʻrayotgan Tomon tarafidan toʻlanadigan davlat xizmatchisi boʻlmagan guvohlarni joʻnatish, ekspertlar va tarjimonlarga haq toʻlashga bogʻliq xarajatlar bundan mustasno.
12-modda Bitimni bajarish
1. Ushbu Bitimning bajarilishida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Gretsiya Respublikasi bojxona maʼmuriyati masʼul organlardir hamda ushbu Bitimdan kelib chiqadigan masalalarni hal etish maqsadida toʻgʻridan toʻgʻrihamkorlik qiladilar va maslahatlashuvlar oʻtkazganlaridan soʻng ushbu Bitimni qoʻllash boʻyicha maʼmuriy qarorlar chiqaradilar, shuningdek Ushbu Bitimni talqin qilish yoki uni qoʻllashda yuzaga keladigan tortishuv va masalalarni oʻzaro rozilik boʻyicha hal qilishga harakat qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimning bajarilib borishini baholash maqsadida yilda kamida bir marta uchrashish toʻgʻrisida kelishib oladilar, agar ular bir-birlarini bunday uchrashuvlarga zarurat yoʻqligi toʻgʻrisida oʻzaro yozma ravishda xabardor qilmasalar.
3. Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Bunday oʻzgartish yoki toʻldirishlar ushbu Bitimning 13-moddasida belgilangan protseduralarga muvofiq kuchga kiradi.
13-modda Kuchga kirishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida verbal notalarni almashish orqali xabarnoma olingan sanadan boshlab 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimning muddati cheklanmagan.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborib ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Bu holda Bitim bunday xabarnoma olingandan soʻng 6 oy oʻtgach amal qilishini toʻxtatadi.
Toshkent shahrida, 2001-yil 29-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, grek va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
