Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida
07.07.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisida Toshkent shahrida 1998-yil 31-oktabrda imzolangan Shartnoma qoidalariga amal qilib,
ikkala davlat fuqarolarining oʻzaro kelib-ketishlari tartibini yoʻlga qoʻyish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari ushbu Bitimning 1- va 2-ilovalarida koʻrsatib oʻtilgan haqiqiy hujjatlar boʻyicha va ushbu Bitimda koʻzda tutilgan shartlarga muvofiq boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari, chiqishlari, tranzit oʻtishlari hamda unda vaqtincha boʻlishlari mumkin.
2- modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari, doimiy yashash joyidan qatʼi nazar, har bir 180 (bir yuz sakson) kalendar kunlik davr mobaynida jami 90 (toʻqson) kalendar kun ichida, basharti ularning boʻlib turish muddati Tomon davlatining Davlat chegarasini kesib oʻtgan paytdan boshlab 30 (oʻttiz) kalendar kundan oshmasa, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma (vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtish)siz boshqa Tomon davlatining hududiga mazkur Bayonnomaning 1 va 2-ilovalarida koʻrsatilgan, ularning shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida kiradilar, undan chiqib ketadilar, tranzit oʻtadilar, harakatlanadilar.
Bir Tomon davlatining fuqarosi boshqa Tomon davlatining hududida 30 (oʻttiz) kalendar kundan ortiq boʻlib turgan taqdirda, ushbu fuqaro u boʻlib turgan Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq vaqtinchalik yashash uchun boʻlib turgan Tomon davlatining vakolatli organlaridan ruxsatnoma olishi (vaqtincha roʻyxatdan oʻtishi) lozim.
3-modda
Quyidagilar vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olish (vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtish) tartibidan ozod qilinadilar:
a) fuqaro aviatsiyasi havo kemasining ekipaj aʼzolari haqiqiy milliy pasportga koʻra va bosh deklaratsiyada (uchish topshirigʻida) yozuv boʻlgan taqdirda;
b) dengiz va daryo kemalari ekipajlarining aʼzolari kema rolida yozuv va undan koʻchirma mavjud boʻlgan taqdirda haqiqiy milliy pasportlar boʻyicha;
v) temir yoʻllarning yoʻlovchi, poyezd, refrijerator va lokomotiv brigadasi xizmatchilari hamda Tomonlar davlatlari hududi boʻylab temir yoʻl transportida tashilayotgan yuklarni kuzatib boruvchi shaxslar haqiqiy milliy pasport va har bir reys uchun tasdiqlanadigan ismlar yozilgan roʻyxat, yoʻl varaqalari boʻyicha;
g) hukumatlararo feldyegerlik aloqasi xodimlari haqiqiy milliy pasport va Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan beriladigan tegishli hujjatlar boʻyicha;
d) huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari oldindan kelishilganiga muvofiq ravishda haqiqiy milliy pasport va xizmat safari guvohnomasi boʻlgan xizmat guvohnomasi (shahodatnomasi) boʻyicha (Tomonlar davlatlari huquqni muhofaza qilish organlarining roʻyxati diplomatik kanallar orqali belgilanadi);
e) Tomonlar davlatlarining rasmiy davlat va hukumat delegatsiyalari aʼzolari hamda ularni kuzatib boruvchi shaxslar;
j) Tomonlar davlatlari diplomatik pasportining egalari;
z) Tomonlar davlatlarining diplomatik pasportga ega boʻlgan, Tomonlar davlatlarining hududida joylashgan, Tomonlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining xodimlari va ularning oila aʼzolari;
i) Tomonlar davlatlari diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining maʼmuriy-texnik xodimlari va ularning oila aʼzolari.
Ushbu moddaning “z” va “i” bandlarida koʻrsatilgan shaxslar Tomonlar davlatlarining Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinadilar.
4- modda
1. Boshqa Tomon davlatining hududida joylashgan Tomonlardan birining davlat obyektlariga xizmat koʻrsatish uchun boshqa Tomon davlati hududiga kiruvchi, undan chiquvchi va boʻlib turuvchi Tomonlar davlatlarining fuqarolarini Davlat chegarasi orqali oʻtkazish kelishilgan roʻyxatlar boʻyicha milliy pasportlar va xizmat guvohnomalari asosida amalga oshiriladi.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan obyektlar roʻyxati mazkur Bitim imzolangan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kun ichida diplomatik kanallar orqali notalar almashinuvi bilan aniqlanadi.
8- modda
Odamlar, transport vositalari, mollar, yuklar, boshqa mulklar hamda jonivorlarni chegaradan oʻtkazish Tomonlarning kelishuvi boʻyicha belgilangan oʻtkazish punktlarida amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya, veterinariya, fitosanitariya va boshqa turdagi nazoratlar amalga oshiriladi.
Oʻtkazish punktlari quyidagi toifalarga boʻlinadi:
a) xalqaro oʻtkazish punktlari, ularda Tomonlar davlatlari va boshqa davlatlarning odamlari, transport vositalari, mollari, yuklari, boshqa mulklari va jonivorlarini oʻtkazish amalga oshiriladi;
b) ikki tomonlama oʻtkazish punktlari, ularda Tomonlar davlatlarining odamlari, transport vositalari, mollari, yuklari, boshqa mulklari va jonivorlarini oʻtkazish amalga oshiriladi;
v) soddalashtirilgan oʻtkazish punktlari, ularda Tomonlar davlatlarining odamlari va transport vositalarini oʻtkazish amalga oshiriladi.
Soddalashtirilgan oʻtkazish punktlari va ularning ish tartibi Tomonlar davlatlarining chegara va bojxona xizmatlari tomonidan kelishuv asosida belgilanadi.
Tomonlar xalqaro va ikki tomonlama oʻtkazish punktlarining roʻyxatini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
9- modda
Oʻtkazish punktlarining ish rejimi Tomonlarning kelishuvi boʻyicha belgilanadi. Bu rejim oʻtkazish punktlarining ish vaqti, Tomonlar davlatlarining odamlari, transport vositalari, mollari, yuklari, boshqa mulklari va jonivorlarini oʻtkazish tartibini oʻz ichiga oladi.
Oʻtkazish punktlari ish rejimini tashkil etish va unga amal qilinishini nazorat qilish Tomonlar davlatlarining chegara va bojxona xizmatlari zimmasiga yuklanadi.
10-modda
Tomonlarning qaroriga kura, ular istisno hollarda (epidemiya, epizootiya, tabiiy ofatlar va h.) chegaradan odamlar, transport vositalari, mollar, yuklar, boshqa mulklar va jonivorlarni oʻtkazishni vaqtincha toʻxtatishlari mumkin.
Bu holda shunday choralarni qoʻllayotgan Tomon oldindan, biroq, 24 soatdan kechikmasdan boshqa Tomonni shunday choralar koʻrilganligi va ular bekor qilinganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
11-modda
Bir Tomon davlatining fuqarolari boshqa Tomon davlatining hududida boʻlib turgan vaqtida uning qonunchiligiga rioya qilishlari lozim.
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa Tomon davlatining fuqarosi kelishini rad etish yoki boʻlib turish muddatini cheklash huquqiga daxl qilmaydi.
12- modda
Tomonlardan har biri agar bu davlatning milliy xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash yoki aholi salomatligini qoʻriqlash uchun zarur boʻlsa, vaqtincha ushbu Bitim amal qilishini butunlay yoki qisman toʻxtatib turish huquqiga ega.
Bunday choralar koʻrilganligi yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisida Tomonlar oldindan, ammo qaror qabul qilingach 72 soatdan kechikmasdan bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
13- modda
Tomonlar davlatlari yangi hujjatlar joriy etgan hollarda Tomonlar mazkur hujjatlar joriy etilishidan kamida 1 (bir) oy oldin ushbu hujjatlarning namunalarini diplomatik kanallar orqali almashlaydilar.
Tomonlar davlatlarining Tashqi ishlar vazirliklari chet ellik fuqarolarning kelishlari, ketishlari va boʻlib turishlari tartibi borasida amaldagi qonunlar toʻgʻrisida axborot va shu sohadagi boshqa axborotni almashlaydilar.
14- modda
Tomonlar, zaruratga koʻra, ushbu Bitimni amalga oshirishga aloqador masalalarni muhokama qilish uchun maslahatlashuv oʻtkazib turadilar.
Ushbu Bitimni bajarish yoki uning qoidalarini qoʻllash borasida kelib chiqadigan har qanday kelishmovchiliklar va nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazish orqali hal etiladi.
15- modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan, ushbu Bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi, ushbu Bitimning tarkibiy qismi deb hisoblanadi va ushbu Bitimning 17-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
16-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
17-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uni kuchga kiritish uchun zarur davlat ichki protseduralarini bajarganliklari oxirgi xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlarning biri ikkinchisidan uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma xabar olgan sanadan olti oy oʻtgunicha amal qiladi.
Ostona shahrida, 2000-yil 7-iyulda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar kelib chiqqan hollarda Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida Bitimga 1-ilova
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Qozogʻiston Respublikasi hududiga kirishlari, undan chiqishlari va harakatlanishlari uchun hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasining biometrik diplomatik pasporti.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti.
3. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti.
4. Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun).
5. Havo kemasi ekipaj aʼzosining guvohnomasi (ekipaj tarkibida parvoz qilish vaqtida).
6. Hukumatlararo feldyeger xizmati xodimining shaxsiy guvohnomasi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisida Bitimga 2-ilova
Qozogʻiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, undan chiqishlari va harakatlanishlari uchun hujjatlar
ROʻYXATI
1. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosining diplomatik pasporti.
2. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosining xizmat pasporti.
3. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosining pasporti.
4. Havo kemasi ekipaj aʼzosining guvohnomasi (ekipaj tarkibida parvoz qilish vaqtida).
5. Qozogʻiston Respublikasiga qaytish guvohnomasi (faqat Qozogʻiston Respublikasiga qaytish uchun).
6. Hukumatlararo feldyeger xizmati xodimining shaxsiy guvohnomasi.
