Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
25.07.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻz mamlakatlari fuqarolarining hayoti, huquqi va qonuniy manfaatlarini, jamiyat hamda davlat manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilishga intilib,
xalqaro transmilliy jinoyatchilik, xususan uning uyushgan shakllari faollashganidan tashvishlanib,
jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga eʼtiborni qaratib,
xalqaro konvensiyalar va Birlashgan Millatlar Tashkilotining jinoyatchilikning oldini olish va odil jinoiy sudlovni amalga oshirish sohasidagi qarorlaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Bitim sohasi va u qoʻllanadigan subyektlar
1. Tomonlar milliy qonunlar hamda xalqaro huquq meʼyorlaridan kelib chiqib, oʻz davlatlarining markaziy vakolatli organlari orqali jinoyatchilikka qarshi kurashishda ushbu Bitim qoidalariga muvofiq hamkorlik qiladilar.
2. Ushbu Bitimga koʻra quyidagilar markaziy vakolatli organlar hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat chegaralarini qoʻriqlash boʻyicha qoʻmitasi;
Ozarbayjon Respublikasi uchun — Ichki ishlar vazirligi, Prokuratura, Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Soliqlar vazirligi, Milliy bank, Davlat qimmatbaho qogʻozlar boʻyicha qoʻmitasi.
3. Ushbu Bitim kuchga kirgach, bir oy ichida Tomonlar markaziy vakolatli organlarning roʻyxatini ularning vakolati doirasi, manzili va boshqa zarur maʼlumotlarni koʻrsatgan xolda almashadilar. Ularga oid boshqa barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini tezda xabardor qiladilar.
4. Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimni bajarish maqsadida bir-birlari bilan bevosita aloqada boʻladilar.
5. Ushbu Bitim jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam berish va ekstraditsiya masalalariga daxl qilmaydi.
2-modda Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar:
a) terrorizmga;
b) shaxsga qarshi jinoyatlarga;
v) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar (matnda — giyohvandlik moddalari)ni noqonuniy yurgizishga;
g) oʻq otar qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar, portlatish qurilmalari, shuningdek radioaktiv moddalarni noqonuniy muomalaga kiritishga;
d) noqonuniy topilgan daromadlarni legalizatsiya qilishga;
e) noqonuniy moliyaviy operatsiyalarga;
j) qalbaki pullar, qimmatbaho qogʻozlar va kredit kartochkalarini, shuningdek pasportlar hamda shaxsni tasdiqlaydigan boshqa hujjatlarni yasab tarqatishga;
z) madaniy va tarixiy qadriyatlarga tajovuz qilishga;
i) boj sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
2. Tomonlar, shuningdek quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) taʼqib va suddan qochib yurgan, jinoiy jazoni oʻtashdan bosh tortgan, shuningdek bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirib topish;
b) oʻgʻirlangan, alohida nomeri yoki maxsus taniqlik belgilariga ega boʻlgan va qimmatbaho narsa hamda buyumlarni, pasportlar va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni, nomerli qimmatbaho qogʻozlar va kredit kartochkalarini qidirib topish;
v) shaxslarning, nomaʼlum jasadlarning belgilarini koʻrsatish;
g) yoʻl harakati xavfsizligi va yongʻin xavfsizligini taʼminlash;
d) aeroportlarda, temir yoʻl stansiyalari va metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek shaxslar va obyektlarni turli xildagi jinoiy tajovuzlardan himoya qilish;
e) axborotlashtirish sohasida xavfsizlikni taʼminlash;
yo) jinoiy jazoni oʻtashni tashkil etish.
3-modda Hamkorlik shakli
1. Tomonlar hamkorlikni quyidagi shakllarda amalga oshiradilar:
a) jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va fosh etishga koʻmaklashadigan, shuningdek ushbu Bitimning 2-moddasiga muvofiq boshqa vazifalarni hal etishga koʻmaklashadigan axborotni almashish;
b) shaxslar, tashkilotlar, muassasalar va firmalar faoliyatini oʻrganish, shaxslar, narsalar va hujjatlarni tegishli hisob-kitoblar boʻyicha tekshirish orqali ushbu Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlarni tekshirishga koʻmaklashish;
v) tezkor qidiruv tadbirlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi soʻrovlarni bajarish;
g) uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga barham berishga yoʻnaltirilgan muvofiq tadbirlarni amalga oshirish;
d) tajriba almashish, jumladan stajirovkalar, maslahatlashuv va seminarlar oʻtkazish;
e) jinoyatchilikka qarshi kurash masalalari boʻyicha qonunlar va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarni almashish.
2. Hamkorlikning koʻlami va konkret shakllari markaziy vakolatli organlarning ehtiyojlar hamda boshqa muhim jihatlarni hisobga olib tuzgan ahdlashuvlarida belgilanadi.
3. Tomonlar oʻz davlatlarining markaziy vakolatli organlariga agar tuzilmagan boʻlsa, iloji boricha qisqa muddatlarda quyidagilarni koʻzda tutadigan bitimlarni ishlab chiqish va tuzishni topshiradilar:
a) ular oʻrtasida aloqa kanallarini oʻrnatish va aloqada boʻlib turish, jinoyatlarning barcha jihatlari hamda ushbu Bitim 2-moddasida oʻrtaga qoʻyilgan boshqa masalalarni hal etishga aloqador axborotlarni zudlik bilan almashish;
b) ushbu Bitim 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlar hamda xalqaro tusdagi jinoyatlarni bunday jinoyatlarni amalga oshirishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida tekshirishda hamkorlik qilish.
4. Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida dasturlar va tadqiqotlarni rejalashtirish hamda amalga oshirishda, oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar boʻyicha xalqaro konferensiyalar va seminarlar oʻtkazishda bir-birlariga koʻmaklashadilar.
5. Tomonlar alohida bitimlarga muvofiq adliya organlari, bojxona, soliq xizmatlari uchun oʻzaro manfaatli asosda kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilishga kelishdilar.
6) Tomonlar jinoyatchilikning oldini olish sohasida, shuningdek oʻz davlatlarida vositalariga talabni hamda giyohvandlik koʻlamlarini qisqartirish maqsadida huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan shaxslar, ayniqsa voyaga yetmaganlari, reabilitatsiya qilish va ijtimoiy integratsiyalash boʻyicha dasturlarda hamkorlikni amalga oshiradilar. Bu maqsadda, jumladan penitensiar tizimning amal qilish tajribasidan foydalaniladi, mahkumlarni ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlash sharoitlarini yaxshilashda, jazoni oʻtab qaytgan shaxslarni ijtimoiy koʻniktirish markazlari ishida oʻzaro koʻmaklashuv amalga oshiriladi.
4-modda Axborot almashish
1. Ushbu Bitim 3-moddasi 1 -bandining “a” kichik bandida koʻzda tutilgan axborot almashish konkret jinoyatlarga, jumladan quyidagilarga taalluqli boʻladi:
a) uyushgan guruhlar tarafidan bir Tomon davlati hududida tayyorlanayotgan yoki amalga oshirilgan jinoyatlarga, agar bunday guruhlar tarkibiga boshqa Tomon davlatning fuqarolari ham kirsa, yoki bu jinoyatlar ushbu davlat manfaatlariga taalluqli boʻlsa;
b) giyohvandlik moddalarini noqonuniy yurgizishga aloqador jinoyatlar, agar giyohvandlik moddalari bir Tomon davlatidan ikkinchi Tomon davlatiga, jumladan uchinchi mamlakatlar orqali tranzit tarzida kelib tushayotgan boʻlsa, shuningdek bir Tomon davlati hududida giyohvandlik moddalarini noqonuniy tayyorlash va sotishga boshqa Tomon davlatining fuqarolari tortilgan boʻlsa;
v) noqonuniy yoʻl bilan topilgan legalizatsiya qilishga aloqador jinoyatlar, unda bir tomon davlatining hududi yoki muassasasi boshqa Tomon davlatining fuqarolari tarafidan shu maqsadda foydalanilayotgan boʻlsa.
2. Tomonlar, shuningdek quyidagi axborotlarni almashadilar:
a) aniqlangan terroristik guruhlarning tarkibi va tuzilmasi, ular faoliyatining shakl va metodlari, ular foydalanadigan texnikaviy vositalar, tayyorlanayotgan va amalga oshirilgan terroristik voqealar hamda ularga aloqador shaxslar, agar bu jinoyatlar boshqa Tomon davlati manfaatlariga daxl qilsa;
b) moddalarini nolegal tashish yoʻnalishlari, ularni aniqlash metodlari, noqonuniy yurgizishga kelib tushayotgan moddalarining yangi turlari, ularning xususiyatlari va tayyorlash texnologiyasi toʻgʻrisida;
v) jinoyatlarning uyushgan guruhlar tomonidan amalga oshirish yoʻllari, ularning tarkibi, tuzilishi, faoliyat sohasi va jinoiy aloqalari toʻgʻrisida;
g) noqonuniy yoʻl bilan topilgan daromadlarni legalizatsiyalash usullari, bunday faoliyatga aloqadorlikda gumon qilinayotgan tashkilotlar, bank muassasalari va firmalar toʻgʻrisida;
d) bir Tomon davlatining ikkinchi Tomon davlati hududida doimiy yashaydigan yoki unda vaqtincha boʻladigan, ushbu Bitim 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirishda gumon qilinayotgan fuqarolari toʻgʻrisida.
3. Markaziy vakolatli organlar, agar axborot boshqa Tomonni ham qiziqtiradi deb hisoblash uchun asoslar mavjud boʻlsa, soʻrov berilmagan boʻlsada, ushbu Bitim doirasida oʻz tashabbuslariga koʻra axborot almashishlari mumkin.
5-modda Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
1. Axborot berish va ushbu Bitimning 3-moddasida koʻzda tutilgan boshqa xatti-harakatlar markaziy vakolatli organlar tomonidan soʻrovnomalarga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday soʻrovlar Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti (Interpol) orqali yoki bevosita, jumladan elektr aloqasi vositalari orqali yuborilishi mumkin.
2. Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma ravishda joʻnatiladi va unda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
a) ishning mohiyati, ushbu ishga daxldor boʻlgan yoki unga aloqador shaxslar axborot berish soʻralayotgan faktlar, narsalar va hujjatlar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot;
b) koʻmaklashishni soʻrayotgan va soʻralayotgan organlarning nomi, soʻralayotgan koʻmaklashishning mazmuni;
v) zarur boʻlsa soʻrovning bajarilishi kutilayotgan muddat.
3. Zarur hollarda, suruvni bajarishni yengillashtirish uchun hujjatlarning lozim tarzda tasdiqlangan nusxalari yoki koʻchirmalari unga ilova qilinadi.
4. Soʻrovni bajarishda soʻralayotgan Tomon davlatining qonunlari qoʻllanadi. Markaziy vakolatli organlar soʻrovni bajarishni yengillashtirish uchun zarur qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli. Agar bajarish soʻralayotgan Tomon davlatida amalga oshirilayotgan jinoiy taftish yoki boshqa tadbirlarni bajarishga xalal beradigan boʻlsa, soʻrovni bajarish kechiktirilishi yoki soʻrayotgan Tomon bilan kelishgan holda muayyan shartlarga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin.
6- modda Soʻrovni bajarishni rad etish
1. Soʻrovni bajarish quyidagi hollarda toʻliq yoki qisman rad etilishi mumkin:
agar uni bajarish soʻralayotgan Tomon davlatining qonunlariga yoki xavfsizligiga zid kelsa;
soʻrovda koʻrsatilgan qilmish soʻralayotgan Tomon davlatining qonunlariga koʻra jinoyat deb hisoblanmasa.
2. Soʻrovni bajarishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadigan boʻlsa, markaziy vakolatli organlar soʻralayotgan Tomon vakolatli organiga rad etish sabablarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi.
7- modda Axborotdan foydalanish
1. Tomonlar ular davlatlarining markaziy vakolatli organlari bir-biridan olingan axborotning, agar bu axborot yopiq tarzda boʻlsa yoki uni bergan Tomon biron sababga koʻra uning oshkor qilinishini istamasa, maxfiyligini milliy qonunlarga muvofiq taʼminlaydilar, deb kelishib oldilar.
Axborotning maxfiylik darajasini uni bergan Tomon belgilaydi. Bu shart xuddi shu darajada ushbu Bitim doirasida Tomonlar bir-birlariga bergan texnikaviy vositalar, qurilma va materiallarga ham tegishlidir.
2. Ushbu Bitim doirasida Tomonlar bir-birlariga bergan texnikaviy vositalar, qurilma va materiallarni uchinchi tomonga berish zarurati tugʻilganida ularni taqdim etgan markaziy vakolatli organlarning yozma roziligi olinishi lozim.
3. Jismoniy shaxslar toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlaridan olgan maʼlumotlar faqat ushbu Bitimda belgilangan maqsadlardagina ishlatilishi mumkin. etuvchi Tomon bunday maʼlumotlarning ishonchliligi hamda tegishli oʻzgartirish va toʻldirishlarni oʻz vaqtida yetkazishni taʼminlaydi.
Jismoniy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotni qabul qilib olish, saqlash, ulardan foydalanish va yoʻq qilib yuborish uni olgan Tomon davlatining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Barcha hollarda Tomonlar axborotni begona kishilarning undan boxabar boʻlishlari, qonunsiz oʻzgartirilishi, yoʻq qilib yuborilishi yoki oshkor etilishidan samarali ravishda muhofaza etadilar.
8- modda Nazorat uchun yetkazib berishlar
Tomonlar milliy qonunlarga muvofiq hamda oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, zarur hollarda, jumladan istalgan uchinchi tomon bilan ahdlashuviga koʻra yurgizilishi maxsus qoidalar orqali tartibga solinadigan narsalar, vositalar va moddalarni ana shunday narsalar, vositalar va moddalarni noqonuniy yurgizishda ishtirok etayotgan shaxslarni aniqlash hamda ularni jinoiy taʼqib etish maqsadida nazorat uchun yetkazib berish metodini oʻrinli ravishda qoʻllashlari mumkin.
9- modda Tijoriy tashishlar
1. Tomonlar yoʻlovchi va yuklarni xalqaro tashishlarda tijoriy tashuvchilar tarafidan ishlatilayotgan transport vositalari ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan jinoyatlarni amalga oshirishda foydalanilmasligi uchun lozim choralarni koʻradilar.
2. Har bir Tomon tijoriy tashuvchilarga ularning transport vositalaridan ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan jinoyatlarni amalga oshirishda foydalanilishi oldini olish uchun lozim xavfsizlik choralarini koʻrish majburiyatini yuklaydi.
3. Tomonlar chegaradan oʻtkazish punktlari va bojxona nazoratining boshqa zonalarida transport vositalari va yuklarga qonunsiz daxl qilishning oldini olish hamda tegishli xavfsizlik choralarini koʻrish uchun tijoriy tashuvchilar va tegishli organlarning hamkorligini taʼminlaydilar.
10- modda Xarajatlar
1. Tomonlar ushbu Bitimni bajarish boʻyicha xarajatlarni mustaqil ravishda, oʻz majburiyatlarini bajarish uchun lozim boʻlgan darajada toʻlaydilar.
2. Zarur hollarda Tomonlar ushbu Bitimdan kelib chiqadigan xatti-harakatlarni amalga oshirish uchun xarajatlarni birgalikda toʻlaydilar, bu har bir alohida holda tegishli ahdnomalar tarzida rasmiylashtiriladi. Tomonlarning birgalikdagi xarajatlar yuzasidan majburiyatlari ana shu ahdnomalarga binoan tartibga solinadi.
3. Tomonlar zarur hollarda ushbu Bitimning 2 -moddasida koʻrsatilgan jinoyatlarga qarshi kurashishda muayyan vazifalarni hal etish uchun zarur texnikaviy vositalar va materiallarni yordam tariqasida bir-birlariga tekinga berishi mumkin.
11- modda Hamkorlik tili
1. Tomonlar ushbu Bitim doirasida hamkorlikni amalga oshirishda rus tilidan foydalanadilar.
2. Lozim hollarda Tomonlar rus tiliga ogʻzaki va yozma tarjima qilinishini taʼminlaydilar.
12- modda Boshqa shartnomalarga munosabat. Oʻzgartish kiritish
1. Ushbu Bitim Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
2. Ushbu Bitimga Tomonlar alohida bayonnomalar tarzida oʻzaro maqbul oʻzgartish va toʻldirishlar kiritishlari mumkin. Ular ushbu Bitim uchun belgilangan tartibda kuchga kirganidan soʻng uning tarkibiy qismiga aylanadi.
13- modda Bahslarni hal etish
Ushbu Bitimni talqin etish yoki qoʻllash yuzasidan kelib chiqqan har qanday bahslar muzokara va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etiladi.
14- modda Qoʻshma komissiya
Tomonlar ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun Qoʻshma komissiya tashkil etadilar.
15- modda Kuchga kirish, amal qilish muddati
1. Ushbu Bitim Tomonlar uni kuchga kiritish uchun lozim boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgan kunidan boshlab besh yil muddatga amal qiladi va uning faoliyati keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan koʻchib oʻtadi.
3. Tomonlardan har biri boshqa Tomonga xabarnoma yoʻllab, ushbu Bitimni bekor qilishi mumkin. Bu Bitim boshqa Tomon ana shunday xabarnomani olgan kundan olti oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Boku shahrida, 2000-yil 25-iyulda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin etishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
