Avtomobillarda xalqaro tashish toʻgʻrisida
23.12.2002
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN NIDERLANDIYA QIROLLIGI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Niderlandiya Qirolligi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ularning iqtisodiy aloqalarini yaxshilash, yoʻlovchilar va yuklarni ularning mamlakatlariga/dan avtomobillarda tashishni, shuningdek ularning hududlari orqali tranzit tashishning rivojlanishini istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-qism Umumiy qoidalar
1-modda Bitim mavzui
1. Ushbu Bitimning qoidalari avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilarni tashishning yollanma yoki mukofot tarzida yoki oʻz mablagʻlaridan Oʻzbekiston va Niderlandiya hududlari oʻrtasida ularning hududlaridan tranzit orqali, uchinchi davlatlarga/dan va transport vositalaridan foydalanayotgan tashuvchilar uchun ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatib oʻtilganidek kuchga kiruvchi kabotajga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
3. Ushbu Bitimning qoʻllanilishi Niderlandiya Qirolligining Yevropa Ittifoqi aʼzosi sifatida Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga zarar keltirmaydi.
2-modda Atamalar
Ushbu Bitimning maqsadlari va uni amalga oshirish uchun:
1. “Tashuvchi” atamasi har qanday jismoniy shaxsni yoki har qanday yuridik shaxsni, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida roʻyxatdan oʻtgan, yuk va yoʻlovchilarni tashishni yollanma yoki mukofot tarzida yoki oʻz mablagʻidan amalga oshiriladigan tashuvchining faoliyatini hamda bozorga kelishni belgilovchi milliy qonunchilik talablariga muvofiq olib borilishini bildiradi.
2. “Transport vositasi” atamasi:
avtomobil yoki transport vositasi birikmasi;
avtomobil transportida yoʻlovchi va yuklarni tashishga moʻljallangan, xususiy mulk yoki ijara tarzida yoki lizing shartnomasi shartlari asosida tashuvchining ixtiyorida boʻlgan avtotransport vositasini bildiradi.
3. “Avtobus” atamasi haydovchi bilan birga oʻttiztadan ortiq boʻlgan yoʻlovchilarni tashishga moʻljallangan va moslab qurilgan transport vositasini bildiradi;
4. “Roʻyxatdan oʻtish” atamasi vakolatli organlar tomonidan transport vositasiga identifikatsiyaviy raqam berilishini bildiradi. Transport vositasi birikkan holda, ruxsatnoma berilgan yoki olib qoʻyilganda avtotransport vositasi aniqlovchi omil boʻlishi kerak;
5. “Roʻyxatdan oʻtish mamlakati” atamasi tashuvchi va transport vositasi roʻyxatdan oʻtgan Tomonning hududini bildiradi;
6. “Qabul qiluvchi mamlakat” atamasi tashuvchi va transport vositasi roʻyxatdan oʻtmagan Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududini bildiradi;
7. “Tashish” atamasi transport vositasi, tirkama yoki yarim tirkama poyezd yoki kema orqali safarning bir qismi sifatida olib borilgan taqdirda ham yukli yoki yuksiz transport vositasidan foydalanishni bildiradi.
8. “Oʻz mablagʻi yonidan tashish” atamasi yoʻlovchi va yuklarni oʻz javobgarligi va oʻz mablagʻlari yonidan tashishning olib borilishini bildiradi.
9. “Intermodal tashish” atamasi yuklarni transport vositasi, tirkama, yarim tirkama, almashtiriladigan korpus yoki shatakli/siz konteyner, avval avtomobil yoʻllaridan yoki davlat terminalidan, soʻngra temir yoʻllari, suv yoki dengiz yoʻllari orqali foydalanishini bildiradi.
10. “Yoʻlovchilarni muntazam tashish” atamasi avvaldan kelishilgan jadval, harakat yoʻnalishi va yoʻl haqi uchun belgilangan tariflarga muvofiq yoʻlovchilarni tashishni bildiradi. Yoʻlovchilarning chiqishi va tushirilishi ilgari belgilangan toʻxtash punktlarida amalga oshiriladi va har bir kishi foydalana oladigan xizmat koʻrsatish boʻlsa ham, baʼzi bir hollarda oldindan buyurtma berib qoʻyish talab etiladi.
Xizmat koʻrsatishni kim tashkillashtirishidan qatʼi nazar, “yoʻlovchilarni muntazam tashish” atamasi maʼlum bir toifadagi yoʻlovchilarni tashishni, agar shu xizmat yuqorida keltirilgan mezonlarga javob beradigan taqdirda boshqa toifadagi yoʻlovchilarni ham oʻz ichiga oladi. Bu xizmat “maxsus muntazam tashishlar” deb ataladi.
11. “Qatnab turish asosidagi tashish” atamasi takrorlanuvchi ham borish, ham qaytish safarlar orqali amalga oshiriladigan tashishni, oldindan tashkil etilgan yoʻlovchilar guruhi joʻnash joyidan belgilangan manzilga olib borilishini bildiradi. Bir yoʻnalishda amalga oshirilgan yoʻlovchilardan tashkil topgan har bir guruh keyingi reyslardan birida joʻnash joyiga qaytib keladilar. Joʻnash joyi va belgilangan joy safar boshlangan va safar yakunlangan radiusi 50 km. Atrofida boʻlgan joyni bildiradi.
Bir joydan ikkinchi joyga koʻchirishda birinchi qaytish safari va belgilangan manzilga oxirgi safar yuksiz transport vositasi orqali amalga oshiriladi.
Qaytish chogʻida bir qancha yoʻlovchilar boshqa guruhga qoʻshilib olgan taqdirda yoki belgilangan joyga birinchi safar va joʻnash joyiga oxirgi safar yuksiz amalga oshirilgan boʻlsa, qatnab turish asosidagi tashishni aniqlashga taʼsir koʻrsatmaydi. Tashishning bunday koʻrinishi qayta koʻchirish deb aytiladi.
Agarda qatnab turish asosidagi tashish belgilangan joyda 80 foiz yoʻlovchilarga dam olish xizmatlarini taklif qilsa va lozim boʻlsa ovqat bilan taʼminlash yoki taʼminlamasdan koʻrsatilgan xizmat turi — “dam olishni oʻz ichiga olgan qatnab turish asosidagi tashish” deb ataladi.
12. “Muntazam boʻlmagan tashish” atamasi muntazam yoʻlovchilar tashish va bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish taʼriflariga aloqador boʻlmagan tashishlarni anglatadi.
13. “Kabotaj” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlarning, yaʼni qabul qiluvchi mamlakat hududidagi yuklash va yukni tushirish punktlari joylashgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtgan tashuvchi tomonidan amalga oshiriladigan transport tashishni anglatadi. Transport vositalarining qabul qiluvchi tomon hududidagi ikkita xalqaro avtomobil tashish orasidagi yuksiz safari, shuningdek xalqaro aralash tashishlarda terminaldagi transport kabotaj sifatida koʻrilmaydi.
14. “Ahdlashuvchi Tomon hududi” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi hududi yoki Niderlandiya Qirolligi hududini anglatadi.
15. “Vakolatli organlar” atamasi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan: Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligini anglatadi.
Niderlandiya Qirolligi tomonidan: Transport, jamoat ishlari va suv resurslarini boshqarish vazirligini anglatadi.
Yoki har ikkala holda, yuqorida aytib oʻtilgan vazirlik va agentlik tomonidan vakolatli boʻlgan har qanday shaxs yoki boʻlinma.
II-qism Yoʻlovchilarni tashish
3-modda Yoʻlovchilarni muntazam tashish
1. Avtobus orqali amalga oshirilayotgan muntazam yoʻlovchilar tashish joʻnash, belgilangan va tranzit mamlakatlarida vakolatli organlar tomonidan berilayotgan ruxsatnomalar tizimining predmeti hisoblanadi.
2. Ruxsatnoma uchun talabnoma tashuvchi roʻyxatdan oʻtgan mamlakatda vakolatli organlarga taqdim etiladi. Talabnoma tasdiqlangan holda bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organini ruxsatnoma haqida xabardor etadi.
15-moddaga muvofiq Qoʻshma Komissiya ruxsatnoma shakli, muvofiqlashtirish jarayoni va talab etilayotgan hamroh hujjatlarni tasdiqlaydi.
3. Ruxsatnomalar Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarining oʻzaro roziligi bilan beriladi.
a. Binobarin, vakolatli organlar tomonidan muntazam tashishlar boʻyicha qaror qabul qilinayotganda, agar;
toʻliq rozilik boʻlmasa;
talabnoma beruvchi tashishni amalga oshira olmaganligi tufayli hozirgi paytda oʻz ixtiyorida boʻlgan asbob-uskuna bilan ruxsatnomaga murojaat etgan boʻlsa;
talabnoma beruvchi ilgari xalqaro avtomobil tashish uchun ruxsatnoma shartlarini buzgan yoki harakat xavfsizligi bilan birga transport vositasi standartlarini va haydovchining ish va dam olish vaqtiga oid qoidalarini jiddiy buzgan boʻlsa;
ruxsatnoma uzaytirilishi uchun talabnoma uning taqdim etilish shartlariga muvofiq boʻlmasa,
ruxsatnoma uchun talabnoma qondirilmasligi mumkin.
b. Ruxsatnoma berilishi haqidagi qaror toʻliq talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab uch oy mobaynida vakolatli organlar tomonidan qabul qilinadi. Agar vakolatli organlardan biri ushbu davr mobaynida javob bermasa, bunday holat ruxsatnoma berilishi uchun u rozi ekan deb baholanadi.
c. Ruxsatnoma bir yildan kam boʻlmagan muddat mobaynida haqiqiy deb hisoblanadi va talabnoma boʻyicha uzaytirilishi mumkin.
4. Ish sharoitidagi oʻzgarishlar yoki tashishdan voz kechish 2- va 3-bandlarda belgilangan tartibga muvofiq hal etiladi.
Tashish uchun talab yoʻq boʻlgan taqdirda, tashuvchi ruxsatnomani bergan vakolatli organlarni, shuningdek buyurtmachilarni uch hafta ilgari xabardor etib, undan voz kechishi mumkin.
4-modda Bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish
1. Avtobus orqali dam olish sharoitlarisiz olib borilayotgan bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish joʻnash, belgilangan va tranzit mamlakatlarining vakolatli organlari tomonidan berilayotgan ruxsatnomalar tizimining predmeti boʻladi.
2. Avtobus orqali dam olish sharoitlari bilan olib borilayotgan bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish ruxsatnomalar tizimining predmeti boʻlmaydi, lekin nazorat hujjati orqali tartibga solinadi.
3. 1-bandda koʻrsatilgan tashishlar uchun ruxsatnomaga talabnoma tashuvchi roʻyxatdan oʻtgan mamlakatning vakolatli organlariga taqdim etiladi.
15-moddaga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma Komissiya ruxsatnoma shakli va mazmunini va talab etilayotgan hamroh hujjatlarni tasdiqlaydi.
4. Qoʻshma Komissiya bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish uchun yanada erkinroq tartibni oʻrnatishi mumkin.
5-modda Muntazam boʻlmagan tashishlar
1. Avtobus orqali amalga oshirilayotgan muntazam boʻlmagan tashishlar ruxsatnomalar tizimining predmeti boʻlmaydi.
2. Maxsus ruxsatnoma boʻlmagan holda, muntazam boʻlmagan tashishlar paytida yoʻlovchilarni tashish man etiladi.
3. Muntazam boʻlmagan tashishlar nazorat hujjatlari bilan birga amalga oshiriladi. Foydalanish shartlari va nazorat hujjatlarining mazmuni 15-moddaga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma Komissiya tomonidan belgilanadi.
6-modda Yoʻlovchi tashishlar uchun umumiy qoidalar
1. Transport ruxsatnomalari shaxsiy deb hisoblanadi va boshqa transport tashuvchilar yoki uchinchi shaxslarga berilmaydi.
2. Kabotajga faqat qabul qiluvchi mamlakatda maxsus ruxsatnomadan foydalangan holda ruxsat beriladi. Bir xil tashuvchi tomonidan oʻsha manzilga olib borilayotgan, faqatgina yoʻlovchilar guruhi uchun oʻz javobgarligi ostida tashkillashtirilgan ichki qatnovlar kabotaj sifatida koʻrilmaydi, chunki ular hamroh hujjatlar taqdim etilish sharti bilan amalga oshiriladi.
3. Transport ruxsatnomalari vakolatli organlar yoki vakolatli organlar tomonidan tayinlangan boʻlinmalar orqali tashuvchi-rezidentlarga beriladi.
4. II qism bandlariga istisno tariqasida, quyidagi tashish turkumlari ruxsatnoma talablaridan ozod etiladilar:
shikastlangan yoki buzilgan transport vositalarini tashish va evakuator-mashinasi orqali tashish;
boshqa mamlakatga shikastlangan transport vositasini almashtirish uchun yoʻnaltirilgan transport vositasining yuksiz safari, shuningdek buzilgan transport vositasini sozlagandan keyin boʻlgan qaytib kelish safari;
yangi yoki “second-hand” boʻlgan, eksport roʻyxatidan oʻtgan va vakolatli organlarning eksport qayd etish raqamini olgan, yaqinda olingan transport vositalarining birinchi safari, agar ushbu birinchi safar transport vositasi tamomila roʻyxatdan oʻtgan mamlakatda boʻlsa;
oʻz mablagʻi hisobidan tashish.
III-qism Yuklarni tashish
7-modda Ruxsat berish tizimi
1. Ahdlashuvchi Tomon hududida roʻyxatdan oʻtgan tashuvchilar ruxsatnomalar tizimiga muvofiq, oʻz hududida istalgan nuqta orasida va bu hududdan tashqarida boʻlgan istalgan nuqtada (uchinchi mamlakatga/dan) tashishni amalga oshirishlari va bu hudud orqali tranzitni bajarishlari mumkin.
2. Kabotajga faqat qabul qiluvchi mamlakatning maxsus ruxsatnomasidan foydalangan holda ruxsat beriladi.
8-modda Ruxsatnoma talablaridan ozod etish
1. 7-moddaga istisno tariqasida, quyidagi transport turkumlari ruxsatnoma talablaridan ozod etiladilar:
mumkin boʻlgan umumiy yuklangan vazni (TPLW), tirkamalar bilan birga, 6 tonnadan oshmagan, yoki tirkamalar bilan birga, ruxsat etilgan yuk ogʻirligi 3,5 tonnadan oshmagan transport vositalar orqali tashish;
aeroportlarga/dan, aeroport xizmatidan foydalangan holda, muntazam boʻlmagan tarzda amalga oshiriladigan tashish;
shikastlangan va buzilgan transport vositalarini tashish va mashina-evakuator orqali tashish;
buzilgan transport vositasini boshqa mamlakatda almashtirishga yoʻnaltirilgan transport vositasining yuksiz safari;
ehtiyot qismlarini tashish va dengiz hamda daryo kemalari va samolyotlarning taʼminoti;
favqulodda holatlarda, jumladan, tabiatning keskin oʻzgarishlarida va insonparvarlik ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan yuklarni tashish;
taqdimot va koʻrgazmalar uchun, yoki tijorat maqsadlariga yoʻnaltirilmagan mexanizm va sanʼat obyektlarini tashish;
tijorat maqsadlarini koʻzlamagan, teatr, musiqa, sport va sirk koʻrgazmalari, kinofilmlarni namoyish qilish, shuningdek radio yozib olish va teletasvirga tushirishga yoki ulardan keyin mulk, sahna jihozlari va hayvonlarni tashish;
yangi yoki “second-hand” boʻlgan, vakolatli organlar tomonidan berilgan oʻz eksport qayd etish raqamiga ega boʻlgan, yaqinda olingan transport vositalarining birinchi safari, agar ushbu birinchi safar yuksiz holatda harakatlanish sharti bilan transport vositasi tamomila roʻyxatdan oʻtgan mamlakatda boʻlsa;
dafn qilish marosimi bilan bogʻliq boʻlgan tashish;
davlat xizmati tarzida pochtani tashish;
oʻz mablagʻi hisobidan tashish.
2. 15-moddaga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma Komissiya yuqorida keltirilgan bandda belgilangan tashish turkumlari roʻyxatini kengaytirishi va oʻzgartirishi mumkin.
9-modda Ruxsatnoma shartlari
1. Ikkala Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlari har yili kelishilgan ruxsatnomalarning blanklari soni bilan almashinadilar. Qoʻshimcha ruxsatnomalar boshqa Ahdlashuvchi Tomon soʻrovi asosida Tomonlardan biri orqali beriladi.
Ruxsatnomalar yuqorida koʻrsatib oʻtilgan organlar tomonidan tayinlangan vakolatli organlar yoki boʻlinmalar tomonidan beriladi.
2. Ruxsatnomalar shaxsiy hisoblanadi va boshqa tashuvchilar yoki uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.
3. Ruxsatnomalardan bir marotaba bitta transport vositasi uchun foydalanilishi mumkin. Ruxsatnoma kelgusi yilning 31-yanvariga qadar amalda boʻladi. Transport vositasi birikkan holda avtotransport vositasi ruxsatnomani berish va ozod etishda aniqlovchi omil boʻladi.
IV-qism Umumiy qoidalar
10-modda Fiskal masalalar
1. Ushbu Bitimga muvofiq tashish uchun jalb etilgan ehtiyot qismlari bilan birga transport vositalari tashish jarayonida yoki transport vositasiga ega boʻlganligi uchun undirilayotgan barcha soliq va toʻlovlardan ozod etiladilar, hamda boshqa mamlakat hududida tashuvchilardan undirilayotgan maxsus soliq va toʻlovlardan ham ozod etiladilar.
2. Yoqilgʻi uchun soliq va toʻlovlar, transport xizmatlariga qoʻshimcha narx soligʻi, yoʻllardan foydalanish uchun toʻlov va yigʻimlar istisno qilinmaydilar.
3. Normal, korxona tayyorlovchi tomonidan belgilangan, transport vositasining yoqilgʻi bakida joylashgan yoqilgʻi, hamda faqat ushbu tashish maqsadlariga moʻljallangan transport vositasining moylash materiallari import bojlari va har qanday boshqa soliq va toʻlovlardan oʻzaro ozod etiladilar.
11-modda Vazni va kattaligi
1. Transport vositasining kattaligi va oʻqqa tushadigan ogʻirlik bilan birga boʻlgan vazni transport vositasining rasmiy roʻyxatdan oʻtganligiga muvofiq boʻlishi kerak va qabul qiluvchi mamlakatda amalda boʻlgan cheklashlardan oshib ketmasligi kerak.
2, Ushbu Bitimga muvofiq tashishga jalb etilgan yukli yoki yuksiz transport vositasining vazni yoki kattaligi qabul qiluvchi mamlakatda mumkin boʻlgan oʻlchamlardan oshib ketsa, qabul qiluvchi mamlakatning maxsus ruxsatnomasi talab etiladi.
12-modda Milliy qonunchilik bilan muvofiqlik
1. Tomonlarning tashuvchilari va ularning transport vositalari ekipaji boshqa Tomon hududida Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchisi boʻlgan koʻp tomonlama bitimlarning majburiyatlarini, jumladan ushbu Bitimni hamda boshqa ikki tomonlama bitimlar va milliy qonunchilikka rioya qilishlari lozim.
2. Kabotaj holda, qabul qiluvchi mamlakatda qoʻllaniladigan qonun va qoidalar roʻyxatini Qoʻshma Komissiya aniqlaydi.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarida taʼkidlab oʻtilgan qonun va qoidalar fuqarolik va roʻyxatdan oʻtish joyi asosida kamsitishni istisno qilish maqsadlarida, qabul qiluvchi mamlakat rezidentlariga bir xil sharoitlarda qoʻllaniladi.
13-modda Amal qilishi
1. Ushbu Bitimga muvofiq ruxsatnomalar va boshqa hujjatlar butun safar mobaynida transport vositasida boʻlishi shart va nazorat qiluvchi organlar talabi bilan taqdim etilishi lozim.
2. 15-moddaga muvofiq tashkil etilgan Qoʻshma Komissiya oʻz mablagʻi yonidan tashuvchi maqomini belgilaydigan, roʻyxatdan oʻtish mamlakati tomonidan berilayotgan hujjatni aniqlashi kerak.
14-modda Qoidalarni buzish va ogohlantirishlar
Ushbu Bitim qoidalari Niderlandiya Qirolligi yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan tashuvchi tomonidan buzilgan boʻlsa, qoidabuzarlik roʻy bergan mamlakat oʻz qonunlariga ziyon keltirmasdan oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq chora koʻradigan boshqa mamlakatni xabardor etishi kerak. Tomonlar bir-birlarini qoʻllaniladigan har qanday choralar toʻgʻrisida xabardor qiladilar.
15-modda Qoʻshma Komissiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni amalga oshirish va qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarni tartibga soladilar.
2. Ushbu maqsadlarda Ahdlashuvchi Tomonlar Qoʻshma Komissiyani tuzadilar.
3. Qoʻshma Komissiya har qanday Ahdlashuvchi Tomonlarning soʻrovi boʻyicha muntazam ravishda chaqiriladi va avtotransport sanoati vakillarini ishtirok etish uchun taklif qiladigan Ahdlashuvchi Tomonlarning vakillaridan tashkil topadi. Qoʻshma Komissiya oʻz qoida va protseduralarini oʻrnatadi. Qoʻshma Komissiya navbatma-navbat har bir mamlakatda chaqiriladi. Majlis oʻtkazilgan mamlakat raislik qiluvchi hisoblanadi. Majlis oʻtkazish tartibi raislik qiluvchi mamlakat tomonidan majlis boshlanguniga qadar kamida ikki hafta ilgari yuboriladi. Majlis har bir Ahdlashuvchi Tomon delegatsiya rahbarlari tomonidan imzolangan bayonnoma tuzish bilan yakunlanadi.
Agar Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan boshqacha kelishib olinmagan boʻlsa, Qoʻshma Komissiyaning bayonnoma qarori imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
4. Qoʻshma Komissiya berilayotgan ruxsatnomalar shakli va soni hamda mehnat bozori jihatlari bilan birga bozorga kirib borishning tartibga solish shartlarini hal etadi. Ushbu Bitimning II va III qismlariga istisno holda Qoʻshma komissiya ruxsatnoma talab qilinmaydigan transport vositalari roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritishi mumkin.
5. Qoʻshma Komissiya quyidagi masalalarga alohida eʼtiborni qaratadi:
a. Boshqa masalalar qatorida atrof muhitni himoya qilishni hisobga olib, ikki mamlakat oʻrtasidagi tashishlarning uygʻun rivojlanishi.
b. Yoʻl-transport siyosati, transport qonunchiligi va Tomonlardan uning milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish.
c. Muammolar, jumladan, xazinaga oid, ijtimoiy, bojxona va atrof muhitni himoya qilish bilan birga jamoat tartibi masalalari sohasida yuzaga kelganda tegishli milliy organlar tomonidan boʻlishi mumkin boʻlgan qarorlarning aniq ifoda etilishi.
d. Tegishli axborot bilan ayirboshlash.
e. Vazn va oʻlchamlarni oʻrnatish usullari.
f. Transport tashkilotlari va institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash.
g. Bozorga kirib kelish bilan bogʻliq boʻlgan barcha masalalarni oʻz ichiga olgan intermodal tashishlarni taʼminlash.
h. Milliy qonunchilikka muvofiq albatta maxsus ruxsatnoma talab etiladigan Tomonlar hududidan maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranziti.
16-modda Niderlandiya Qirolligiga oid
Niderlandiya Qirolligiga nisbatan ushbu Bitim Qirollikning faqat Yevropadagi hududida qoʻllaniladi.
17-modda Oʻzgartishlar
Ushbu Bitimga Tomonlar tomonidan kelishilgan har qanday oʻzgartishlar ushbu Bitimga muvofiq, Tomonlar bir-birlarini yozma tarzda oʻz mamlakatlarida konstitutsiyaviy talablarni bajarganliklari toʻgʻrisida xabardor etgan sanadan keyin keladigan ikkinchi oyning birinchi kunida kuchga kiradi.
18-modda Shartnomaning kuchga kirishi va toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim Tomonlar ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun oʻz mamlakatlarida zarur boʻlgan konstitutsiyaviy talablarni bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini yozma tarzda xabardor etgan sanadan keyin ikkinchi oyning birinchi kunida kuchga kiradi.
2. Tomonlar istalgan vaqtda boshqa Tomonni olti oy ilgari yozma ravishda xabardor etib, ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatishlari mumkin.
Ushbuni tasdiqlab, tegishli ravishda vakolatlangan quyida imzo chekuvchi vakillar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2002-yil 23-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, golland va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xilda autentikdir. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
