Davriy nashrlar va kitob mahsulotlarini ayirboshlash hamda tarqatish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
13.06.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlarining hududlarida qonuniy ravishda ishlab chiqarilayotgan davriy nashrlar va kitob mahsulotlarini keng miqyosda hamda erkin ayirboshlash va tarqatish uchun shart-sharoitlar yaratish zarurligidan kelib chiqib,
axborot almashuvining universal qonun-qoidalariga, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlariga muvofiq oʻz fuqarolarining erkin va teng huquqlilik asosida Tomonlar davlatlarining hududlarida ishlab chiqarilayotgan davriy nashrlardan foydalanishiga sodiqliklarini tasdiqlab,
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha Kengashning 1975-yildagi Yakuniy akti qoidalari va EXHTning axborot va gumanitar sohalardagi hamkorlikka oid keyingi hujjatlaridan kelib chiqib,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida 1996-yil 27-mayda imzolangan Shartnoma va Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida imzolangan boshqa xalqaro shartnomalarga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlarning har biri oʻz fuqarolariga milliy qonunchilik va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlariga muvofiq boshqa Tomon davlati hududida qonuniy ravishda ishlab chiqarilayotgan davriy nashrlar va kitob mahsulotlaridan erkin hamda teng huquqli ravishda foydalanishni kafolatlaydi.
2- modda
Tomonlarning har biri oʻz davlatining milliy qonunchiligiga muvofiq oʻz davlati hududida boshqa Tomon davlati hududida qonuniy ravishda ishlab chiqarilayotgan davriy nashrlar va kitob mahsulotlarining, bunday mahsulotni ifodalovchi maʼlumot hamda materiallar ushbu Tomon xalqining milliy qonunlari, milliy anʼanalari, dunyoqarashi va hayot tarzi, jamoat hamda gumanitar qadriyatlariga zid kelmaslik sharti bilan almashuvi va tarqalishiga koʻmaklashadi.
3- modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiliklari doirasida ijtimoiy ahamiyatga molik (bolalar, oʻquv, ilmiy-texnikaviy, maʼlumot) adabiyotlar, milliy mumtozlar va zamonaviy mualliflarning badiiy asarlari, alohida kitoblar, seriyali va boshqa nashriy mahsulotlar, shuningdek ularning oʻzbekchadan ozarbayjonchaga va ozarbayjonchadan oʻzbekchaga tarjima qilishda nashr qilish hamda almashish boʻyicha qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda koʻmaklashadilar.
4- modda
Tomonlar ilmiy-texnik muammolar, kitob ishlab chiqarish korxonalarini rivojlantirish, ularning quvvatidan foydalanish, moddiy-moliyaviy taʼminoti va xizmat koʻrsatish masalalarini hal qilishda oʻzaro hamjihatlikni kengaytirishga koʻmaklashadilar.
5- modda
Tomonlar oʻzaro ahdlashuviga koʻra Tomonlar davlatlarining hududlarida qonuniy ravishda nashr qilinayotgan davriy nashrlar va kitob mahsulotlarini taʼminlashda milliy kutubxonalar va davlat kutubxona jamgʻarmalari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
6- modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiliklari doirasida davriy nashrlar va kitob mahsulotlarini olib kirish va olib chiqishda tarqatuvchilik tashkiloti faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashadilar.
7- modda
Tomonlar, chiqarilayotgan davriy nashrlar va kitob mahsulotlarining adadini aniqlashda Tomonlar tarqatuvchilik tashkilotlarining buyurtmalarini hisobga oladilar.
8- modda
Tomonlar, xalqaro eʼtirof etilgan standartlarni hisobga olgan holda, davriy nashrlar va kitob mahsulotlarini berish va tarqatish jarayonida texnik, yechimlar almashuviga koʻmaklashadilar.
9- modda
Tomonlar, ommaviy axborot vositalari va kitob nashr etish sohasida faoliyat olib boruvchi maʼrifiy hamda ilmiy-texnik muassasa va tashkilotlar oʻrtasida eng zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ish tajribasini almashish boʻyicha hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
10-modda
Tomonlar, qonuniy tartibda bosib chiqarilishi tan olinmagan davriy bosma nashrlarni, shuningdek kitob mahsulotlarini bosib chiqarish huquqlari qonun hujjatlari bilan tasdiqlanmagan tashkilotlar toʻgʻrisida tegishli davlat idoralari orqali maʼlumot almashuvini amalga oshiradilar.
11-modda
Davriy nashrlarni va kitob mahsulotlarini tarqatish sohasidagi hamkorlik masalalari boʻyicha muayyan loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasida Tomonlarning yuridik shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblar ular oʻrtasida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar) asosida amalga oshiriladi.
12- modda
Ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin qilishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan barcha tortishuv va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
13- modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin. Mazkur Bayonnomalar ushbu Bitim 15-moddasining qoidalariga muvofiq kuchga kiradi.
14- modda
Ushbu Bitimda Tomonlarning ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15- modda
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Tomonlardan biri Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab olti oy oʻtgach, ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi.
Ushbu Bitimning amal qilishdan toʻxtatilishi Tomonlar tarafidan ushbu Bitim qoidalari asosida kelishilgan, lekin uning amal qilishi toʻxtatilgan vaqtgacha tugallanmagan loyiha va dasturlarning bajarilishiga, shuningdek ushbu Bitimning qoidalarini bajarish maqsadida tuzilgan shartnomalar (kontraktlar)ning amal qilishiga taʼsir etmaydi.
Toshkent shahrida 2003-yil 13-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
