Hamkorlik va maslahatlashuvlar toʻgʻrisida
26.10.2007
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRLIGI BILAN BIRLAShGAN ARAB AMIRLIKLARI TAShQI IShLAR VAZIRLIGI OʻRTASIDA
Protokol
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikka koʻmaklashish, xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga intilishdan kelib chiqib,
oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi xalqaro muammolar va ikki tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha muntazam ravishda maslahatlashuvlar oʻtkazib turish va fikr almashishni foydali deb hisoblab,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining qoidalari va xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq oʻzaro manfaatli hamkorlik masalalari boʻyicha tezkor qarorlar qabul qilishga koʻmaklashishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar muntazam ravishda Tashqi ishlar vazirligi darajasida ikki tomonlama munosabatlar masalalari va oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi xalqaro muammolar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazib turadilar.
Muayyan masalalarni koʻrib chiqish uchun oʻzaro kelishuvlarga muvofiq ekspertlar yoki ishchi guruhlari tuzilishi mumkin.
2-modda
Tomonlar oʻzaro kelishuv asosida maslahatlashuvlarning kun tartibi, muddatlari va joyini belgilaydi hamda yiliga kamida bir marta navbati bilan Toshkent va Abu Dabida oʻtkazilishini taʼminlaydi.
3-modda
Tomonlar maslahatlashuvlar davomida xalqaro maydon va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash masalalariga ahamiyat beradilar, diplomatik yoʻllar bilan muntazam maʼlumot almashish orqali iqtisodiy, siyosiy, savdo, ilmiy, ekologik, madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishni ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Tomonlar delegatsiyalari xalqaro tashkilot va anjumanlar ishida ishtirok etish jarayonida zarur boʻlsa, oʻzaro manfaatli turli masalalar boʻyicha amaliy hamkorlik ruhida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
5-modda
Tomonlarning roziligiga koʻra ushbu Protokolga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
6-modda
Ushbu Protokol imzolangan kundan kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri Protokol amalining muddati tugashidan kamida olti oy ilgari uni bekor qilish niyati borligi haqida yozma ravishda xabar bermasa, Protokol oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 2007-yil 26-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va ingliz tillarida imzolandi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Protokol qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan holda ingliz tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
