2010-2012-yillarga moʻljallangan hamkorlik
27.09.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida
Dastur
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida 2004-yil 23-martdagi Bayonnomaga amal qilgan holda 2010 — 2012-yillarda quyidagi tadbirlarni amalga oshiradilar:
1. Ikki tomonlama maslahatlashuvlar
Tashqi ishlar vazirlari va/yoki ularning oʻrinbosarlari darajasidagi maslahatlashuvlar Toshkentda - 2010-yilning I choragi va Bokuda - 2011-yilning III choragi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va ekspertlari darajasidagi mavzuga doir maslahatlashuvlar:
ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani inventarizatsiya qilish masalalari boʻyicha (Toshkent, 2010-yilning III choragi);
SEAP, PRM va Yevropa Ittifoqi doirasida NATO bilan hamkorlik boʻyicha tajriba almashish, shuningdek umumyevropa mavzuiga doir maslahatlashuvlar (Toshkent, 2010-yilning IV choragi);
BMT muammolari boʻyicha, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish boʻyicha (Toshkent, 2010-yilning IV choragi va Boku, 2011-yilning III choragi);
konsullik masalalari boʻyicha (Boku, 2011-yilning I choragi);
Afgʻonistondagi vaziyat toʻgʻrisida (Boku, 2011-yilning II choragi);
EXHT, MDH, IKT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlar masalalari boʻyicha (Toshkent, 2011-yilning II choragi va Boku, 2012-yilning II choragi);
mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, xalqaro terrorizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotiklarning noqonuniy aylanishi masalalari boʻyicha (Boku, 2011-yilning III choragi);
atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari boʻyicha (Toshkent, 2012-yilning IV choragi);
gumanitar sohada ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha (Toshkent, 2010-yilning IV choragi va Boku, 2011-yilning IV choragi va).
Zarur hollarda boshqa maslahatlashuvlar va amaliy uchrashuvlar oʻtkazilishi mumkin.
2. Axborot almashish va axborot-maʼlumot faoliyatini kengaytirishda oʻzaro yordam koʻrsatish
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi nashr qilinuvchi toʻplamlar va oʻzaro ahamiyatga ega boʻlgan ochiq idoraviy nashrlar bilan almashinadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻzaro kelishuv boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan axborot-maʼlumot materiallari bilan almashinadilar.
Mazkur Dastur imzolangan kundan kuchga kiradi.
Toshkent shahrida 2010-yil 27-sentabrda har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil yuridik kuchga ega. Ushbu Dastur qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelganda Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
