Toshkent shahrida ruxsatsiz qurilgan, koʻp yillardan beri foydalanib kelinayotgan yakka tartibdagi turar joy bino-inshootlariga nisbatan egalik huquqini eʼtirof etish ishlarini amalga oshirish haqida (809-son)
14.12.2011
Toshkent shahar hokimining
QarorI
Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasining 1988-yil 5-apreldagi “Yakka tartibdagi dahalarda joylashgan oʻzboshimchalik bilan qurilgan uylarni, xoʻjalik va maishiy binolarni hamda inshootlarni shaxsiy mulk sifatida roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi 202/8-sonli qaroriga asosan ruxsatsiz qurilgan turar joy binolarini egalik huquqi asosida roʻyxatga olish ishlari boshlanib, belgilangan ishlar toʻliq yakuniga yetkazilmaganligi munosabati bilan, shuningdek bugungi kun holatiga Toshkent shahri hududidagi 14 mingga yaqin yakka tartibdagi turarjoy bino-inshootlariga nisbatan egalik huquqi eʼtirof etilmaganligi sababli, egalik huquqi eʼtirof etilmagan turarjoylardan foydalanuvchilarida meros, hadya, oldi-sotdi va boshqa shu kabi bitimlarni rasmiylashtirishda muammolar yuzaga kelishini, shu orqali koʻp sonli ariza va shikoyatlar kelib tushishini oldini olish, turli byurokratik toʻsiqlar va sansalarlik holatlarini bartaraf etish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 7-yanvar kuni roʻyxatga olingan “Bino-inshootlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi 387-sonli va 1999-yil 27-may kuni roʻyxatga olingan “Oʻzbekiston Respublikasida yer uchastkalarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 736-sonli yoʻriqnomalariga muvofiq qaror qilaman:
1. Tuman hokimliklari:
1.1. Toshkent shahri mahallalarida 2000-yilgacha ruxsatsiz qurilgan turarjoy bino-inshootlarining haqiqiy quruvchisi nomiga egalik huquqini eʼtirof etish ishlari amalga oshirilsin.
1.2. Egalik huquqini eʼtirof etishda, namunaviy shakllar asosida (ilova qilinadi) oʻrnatilgan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilsin.
1.3. Muhofaza yerlari, kapital qurilish va obodonlashtirish ishlari uchun ajratilgan hududlarda ruxsatsiz qurilgan turarjoy binolarini shaxsiy mulk sifatida roʻyxatga olinmasligi belgilab qoʻyilsin.
1.4. Egalik huquqi eʼtirof etilayotgan turarjoy binolarining foydalanuvchilari zimmasiga binolarning texnik va sanitariya holatini yaxshilash, joriy va tegishli ruxsatga asosan kapital taʼmirlash ishlarini olib borish hamda uyning old hududini obodonlashtirish majburiyatlari yuklatilsin.
1.5. 2000-yilgacha ruxsatsiz qurilgan turarjoy bino-inshootlariga nisbatan egalik huquqini eʼtirof etish ishlarining ijro muddati 2013-yil yakuniga qadar deb belgilansin.
2. Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (Gʻ.Rasulov):
Egalik huquqi eʼtirof etilgan turarjoy binolari oʻrnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi taʼminlansin.
3. Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi (A.Tadjiyev), Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (Gʻ.Rasulov) bilan birgalikda:
Oʻzboshimcha qurilishlar va yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish holatlarining oldini olish yuzasidan amaldagi qonunchilik asosida doimiy ravishda tegishli ishlar olib borilsin.
4. Ushbu qaror tasdiqlash uchun Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasiga kiritilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari B.S. Raxmonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v.v.b. R. USMANOV
Toshkent sh.,
2011-yil 14-dekabr,
809-son
Shahar hokimining 2011-yil 14-dekabrdagi 809-sonli qaroriga ILOVA
