Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita toʻgʻrisida
03.10.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati oʻrtasida 1997-yil 6-oktabrda imzolangan Savdo bitimi (Savdo bitimi)da nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Malayziya Hukumati Savdo bitimining 10-moddasiga muvofiq quyidagi ilovada qayd etilgan vakolatlarga ega boʻlgan Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmitani tuzishga kelishib oldilar:
Putrajayya shahrida 2005-yil 3-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, malay va ingliz tilida tuzildi.
(imzolar)
ILOVA
Qoʻshimcha qoidalar
1. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita ikki tomonlama Savdo bitimining amalga oshirilishiga koʻmaklashadi. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita boshqa vakolatlardan tashqari:
(a) 1-Qoʻshimchadagi ish dasturida belgilangan hamkorlik sohalari orqali ikki tomonlama savdo va investitsiya aloqalarini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni belgilaydi hamda amalga oshiradi;
(b) ikki davlatga taʼsir qiladigan savdo va investitsiya masalalari yuzasidan choralar koʻradi;
(s) savdo va tadbirkorlik korxonalarini tashkil etishda ikki davlatning xususiy tarmogʻiga koʻmaklashadi;
(d) savdo va boshqa tegishli sohalarda maslahatlar beradi hamda maʼlumotlarni almashadi;
(e) tegishli hukumatga ikki davlat oʻrtasidagi savdoni koʻpaytirishga hamda kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tavsiya beradi;
(f) ikki davlat oʻrtasidagi savdo va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash hamda koʻmaklashish maqsadida, oʻz vakolatiga kiruvchi faoliyatlarni amalga oshirish uchun kerak boʻlganda ishchi guruhlarini tashkil etadi;
(g) Savdo bitimi doirasida amalga oshirilgan faoliyatlarning hamda dasturlarning monitoringini olib boradi;
(h) Savdo bitimining talqin qilinishi yoki qoʻllanilishi boʻyicha yuzaga kelgan masalalar boʻyicha muzokaralar olib boradi;
(i) Savdo bitimini amalga oshirilishi bilan bogʻliq boshqa masalalarni muhokama qiladi.
2. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita vazirlar darajasida oʻtkaziladi. Ikki vazir Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmitaning hamraislari sifatida faoliyat yuritadilar. Oʻzbekiston tomoniga Tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo va investitsiyalar vaziri va Malayziya tomoniga Xalqaro savdo va sanoat vaziri boshchilik qiladi. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita tarkibi tegishli hukumatlar tomonidan tayinlangan davlat va xususiy tarmoq vakillaridan iborat boʻladi.
3. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita yigʻilishlari oʻzaro kelishilgan muddatlarda doimiy asosda, navbatma-navbat har bir davlatda oʻtkaziladi.
4. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita yigʻilishining kun tartibi loyihasi hamraislar tomonidan kelishiladi.
5. Ikki davlat xususiy tarmogʻining kiritadigan hissasi Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita yigʻilishida inobatga olinadi.
6. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita yigʻilishi davomida qabul qilingan qarorlar va boshqa xulosalar kelishilgan yigʻilish bayonnomasida oʻz aksini topadi hamda ikki tomon qabul qilgan qarorlar va xulosalarni tatbiq etish yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirishlari lozim.
7. Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmitaning ushbu vakolatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar oʻzaro kelishilgan ilova sifatida kiritilishi lozim hamda u mazkur hujjatning ajralmas qismi hisoblanadi.
1-Qoʻshimcha
Oʻzbekiston — Malayziya Savdo boʻyicha qoʻshma qoʻmita yigʻilishlarining ish dasturi
Hamkorlik sohalari
— axborot va kommunikatsiya texnologiyalari;
— investitsiyani ragʻbatlantirish;
— turizm;
— qurilish, ayniqsa infratuzilmani rivojlantirish;
— mahsulot savdosi;
— kichik va oʻrta sanoatni ragʻbatlantirish;
— neft va gaz sanoati;
— yengil sanoat va kiyim-kechaklar;
— halol oziq-ovqat ishlab chiqarish;
— moliyaviy xizmatlar;
— sogʻliqni saqlash;
— taʼlim;
— elektrotexnika sanoati;
— kimyo sanoati;
— qazib chiqarish; va
— oʻzaro kelishilgan boshqa sohalar.
