Siyosiy maslahatlashuvlar toʻgʻrisida
28.05.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRLIGI BILAN BRAZILIYAFEDERATIV RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRLIGI OʻRTASIDA
ANGLAShUV MEMORANDUMI
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Braziliya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2007-yil 10-avgustda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi bilan Braziliya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi Protokol qoidalariga asoslanib,
oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi xalqaro muammolar va ikki tomonlama hamkorlik masalalari boʻyicha muntazam ravishda maslahatlashuv oʻtkazib turish maqsadida,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining qoidalari va xalqaro huquq normalariga muvofiq oʻzaro manfaatli hamkorlik masalalari boʻyicha qarorlar qabul qilishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar vazirliklar darajasida yoki boshqa darajalarda ikki tomonni qiziqtiradigan xalqaro yoki mintaqaviy masalalari boʻyicha muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlarni oʻtkazib turadilar
2-modda
Tomonlar bir vaqtning oʻzida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyasi yoki boshqa Tomonlar kelishgan joyda siyosiy maslahatlashuvlarni oʻtkazadilar.
3-modda
1. Tomonlar agar zarurat tugʻilganda amaldagi ular oʻrtasidagi shartnomalarni bajarilishiga doir maʼlumotlarni almashadilar.
2. Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi amaldagi shartnomalarni samarali bajarilishini taʼminlash maqsadida mazkur shartnomaviy huquqiy bazani rivojlantirishga va mustahkamlashga intiladilar.
4-modda
Tomonlarning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi yoki boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillari, agar zarurat tugʻilganda, oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va yaqin hamkorlik qiladilar.
5-modda
1. Tomonlar ularning diplomatik vakolatxonalari oʻrtasida oʻzaro aloqalar uchun, shuningdek ular oʻrtasida amaliy tajriba almashish uchun zarur sharoitlar yaratadilar.
2. Tomonlar oʻzaro kelishilgan hollarda diplomatik xodimlarning ish tajribasi va taʼlimini takomillashtirish sohasida hamkorlik qiladilar.
6-modda
Tomonlar diplomatik yoʻllar bilan muntazam maʼlumot almashish orqali siyosiy, iqtisodiy, ilmiy va gumanitar hamda turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga intiladilar.
7-modda
Mazkur Anglashuv memorandumini talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizolar diplomatik kanallar orqali Tomonlar oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar yoʻli bilan doʻstona hal etiladi.
8-modda
Tomonlarning roziligi bilan diplomatik kanallar orqali ushbu Anglashuv memorandumni oʻzgartirish mumkin.
9-modda
Ushbu Anglashuv memorandum imzolangan kundan kuchga kiradi va besh yil (5) davomida amal qiladi, agar Tomonlardan biri mazkur Anglashuv memorandumning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida navbatdagi muddat tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, Anglashuv memorandum oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytiriladi.
Braziliya shahrida 2009-yil 28-may kuni ikki asl nusxada, oʻzbek, portugal va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Anglashuv memorandumini talqin qilishda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolari)
