Xavfsizlikni taʼminlash va terrorizmga qarshi kurash sohasida
03.10.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakolatlangan Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan Malayziya Hukumati tomonidan vakolatlangan Ichki xavfsizlik vazirligi (bundan keyin alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni tan olib,
ikki mamlakat oʻrtasida xavfsizlikni taʼminlash va terrorizmga qarshi kurash sohasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishni istab,
oʻzaro manfaatlarga javob beradigan xavfsizlikni taʼminlash va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi uzoq muddatli va samarali hamkorlikning muhim ahamiyatga ega ekanligini anglab,
bunday hamkorlik Tomonlarning umumiy manfaatlariga javob bergan holda ikki tomonlama aloqalarni kuchaytirishiga va ikkala mamlakat xalqlarining ijtimoiy rivojlanishiga koʻmaklashishiga ishonib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Hamkorlik maqsadi
Tomonlar ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalari va har ikki davlatning amaldagi qonunlari, tartib- qoidalari va milliy siyosatiga amal qilib, xavfsizlikni taʼminlash va terrorizmga qarshi kurash sohasida tenglik va oʻzaro manfaatdorlik asosida hamkorlikni mustahkamlaydilar, jadallashtiradilar va rivojlantiradilar.
2-modda. Hamkorlik sohalari
Tomonlar, oʻz davlatlarining qonunlari, tartib-qoidalari va milliy siyosatiga amal qilib, quyidagi jinoiy faoliyat turlariga qarshi kurashda texnik hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirishga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qiladilar:
a) terrorizm;
b) narkotik vositalar va psixotrop moddalarni noqonuniy aylanmasi va prekursorlar ustidan nazorat;
v) turistik va immigratsion hujjatlarni qalbakilashtirish;
g) odamlar savdosi, ayniqsa xotin-qizlar va bolalar savdosi;
d) oʻq otar qurollar, jangovar oʻq-dorilar, portlovchi va zaharlovchi moddalar, shuningdek yadro, kimyoviy, biologik qurollarni va radioaktiv moddalarni noqonuniy aylanmasi;
e) pul va moliyaviy hujjatlarni qalbakilashtirish va ularni noqonuniy tarqatish, firibgarlik va boshqa iqtisodiy jinoyatlar;
j) oʻzaro qiziqish uygʻotishi mumkin boʻlgan boshqa jinoiy faoliyat sohalari,
3-modda. Vakolatli organlar
Mazkur Anglashuv Memorandumining bajarilishida masʼul vakolatli organlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi;
Malayziya Hukumati nomidan — Ichki xavfsizlik vazirligi.
4-modda. Memorandumning bajarilishi
1. Mazkur Anglashuv Memorandumi Tomonlar vakolat bergan organlar tomonidan bajariladi.
2. Tomonlar oʻzlarining tegishli vakolatli organlari orqali mazkur Anglashuv Memorandumining oʻz hududlarida bajarilishini muvofiqlashtiradigan axborot markazi sifatida faoliyat koʻrsatuvchi tashkilot yoki idorani tayinlaydi.
3. Mazkur Anglashuv Memorandumiga muvofiq va uning bajarilishiga koʻmaklashish maqsadida Tomonlarning vakolatli organlari, zaruriyat tugʻilganda alohida bitimlar tuzishlari mumkin.
5-modda. Moliyaviy masalalar
Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasidagi hamkorlik faoliyati xarajatlarini qoplash boʻyicha moliyaviy masalalar Tomonlar moliyaviy imkoniyatlari va resurslaridan kelib chiqib, har bir holat uchun ular oʻrtasida alohida kelishiladi.
6-modda. Maxfiylik
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi yoki unga asoslanib tuzilgan boshqa bitimlarning bajarilishi vaqtida Tomonlar boshqa Tomonga taqdim etgan yoki ulardan qabul qilib olgan maʼlumotlar, maxfiy hujjatlar yoki axborotlarning maxfiyligiga rioya qilish majburiyatini oladilar.
2. Mazkur Anglashuv Memorandumi oʻz kuchini yoʻqotgandan soʻng Tomonlar ushbu moddaning qoidalari amalda boʻlishi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
7-modda. Amal qilishni toʻxtatish
Har bir Tomon milliy xavfsizlikni va milliy manfaatlarni, jamoat tartibi va sogʻligʻini taʼminlash va himoya qilish maqsadida ushbu Anglashuv Memorandumiga amal qilishini toʻla ravishda yoki qisman vaqtincha muddatga toʻxtatib qoʻyish huquqiga egadir, bunday toʻxtatish boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qilinganidan soʻng darhol amal qila boshlaydi.
8-modda. Qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
Har bir Tomon mazkur Anglashuv Memorandumi yoki uning bir qismiga qoʻshimcha yoki oʻzgartirish kiritishni yozma ravishda taklif etishi mumkin. Tomonlar kelishgan har qanday qoʻshimcha va oʻzgartirishlar yozma ravishda rasmiylashtiriladi va u ushbu Anglashuv Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi. Kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar ikkala Tomon kelishgan kundan boshlab kuchga kiradi. Barcha qoʻshimcha va oʻzgartirishlar ular kuchga kirgunga qadar mazkur Anglashuv Memorandumiga asoslangan yoki undan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga zid boʻlmaydi.
9-modda. Nizolarni hal qilish
Tomonlar oʻrtasida ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalarini talqin qilish, bajarish va/yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan har qanday kelishmovchilik yoki nizolar Tomonlar oʻrtasida uchinchi tomon aralashuvisiz yoki xalqaro tribunallarga murojaat etmagan holda diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar yoki muzokaralar olib borish yoʻli bilan tartibga solinadi.
10-modda. Kuchga kirishi, amal qilishi va oʻz kuchini yoʻqotishi
1. Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda Anglashuv Memorandumi amal qilishini tugatish niyati borligi toʻgʻrisida tugatish sanasidan kamida olti (6) oy ilgari xabardor qilmaguncha oʻz kuchida qolaveradi.
2. Ushbu Anglashuv Memorandumining oʻz kuchini yoʻqotishi, Anglashuv Memorandumi kuchini yoʻqotish sanasidan avvalroq Tomonlar kelishuvi asosida boshlangan tadbir va dasturlarni amalga oshirilishiga taʼsir qilmaydi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Kuala-Lumpur shahrida 2005-yil 3-oktabrda ikki nusxada ingliz tilida tuzildi.
(imzolar)
