Mineral resurslarni oʻzlashtirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
03.10.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati oʻrtasida
ANGLAShUV MEMORANDUMI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tarafidan vakolatlangan Oʻzbekiston Respublikasi geologiya va mineral resurslari Davlat qoʻmitasi bilan Malayziya Hukumati tarafidan vakolatlangan Malayziya tabiat resurslari va atrof muhit vazirligi, bundan keyin alohida “Tomon” va birgalikda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni tan olib,
tabiat resurslarini oʻzlashtirish ikki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ekanligini eʼtirof etib,
mineral resurslarini oʻzlashtirish sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishni istab,
uzoq muddatli va samarali hamkorlik ikki mamlakat manfaatlariga javob berishiga ishonib;
bunday hamkorlikni oʻrnatish umumiy manfaatga xizmat qilajagiga va ikki mamlakatning tabiat resurslarini oʻzlashtirishga va ikki mamlakat xalqlarining ijtimoiy rivojlanishiga hissa qoʻshishiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda. Maqsadi
Tomonlar ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalariga, va shuningdek har bir mamlakatning amaldagi qonun hujjatlari va milliy siyosatiga muvofiq, tenglik va oʻzaro manfaatdorlik asosida tabiat resurslarining istiqbolli konlarini birgalikda oʻzlashtirish sohasida hamkorlikni mustahkamlashga va rivojlantirishga rozilik bildiradilar.
2-modda. Hamkorlik shakllari
Har bir Tomon oʻz mamlakatining amaldagi qonun hujjatlari va milliy siyosatiga muvofiq, zarur tadbirlarni qabul qilgan holda quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan hamkorlik faoliyatini ragʻbatlantiradilar:
— mineral resurslarni qazib olishni birgalikda oʻrganish;
— geologik axborotni birgalikda oʻrganish;
— mineral resurslarni qazib olish ishlari boʻyicha qidiruv ishlarini olib borish;
— investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha birgalikda faoliyat olib borish;
— mutaxassis va ekspertlar bilan almashish;
— qoʻshma kurslar, anjumanlar, seminarlar, koʻrgazmalar tashkil etish;
— va shuningdek, Tomonlar oʻrtasida kelishilgan hamkorlikning boshqa shakllari.
3-modda. Vakolatli organlar
Ushbu Anglashuv Memorandumini bajarish boʻyicha vakolatli organlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi;
Malayziya Hukumati nomidan — Tabiat resurslari va atrof muhit vazirligi.
4-modda. Memorandumni qoʻllash
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasida belgilangan hamkorlik shakllari Tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishilgan holda olib borilishi mumkin.
2. Ushbu Anglashuv Memorandumida belgilangan hamkorlik shakllarini amalga oshirish maqsadida vakolatli organlar quyidagilarga masʼuldirlar:
a) ushbu Anglashuv Memorandumini bajarish maqsadida oʻz mamlakatlarining tegishli organlari bilan birgalikda harakat qiladilar;
b) ushbu Anglashuv Memorandumi boʻyicha amalga oshirilayotgan faoliyat/dasturlarning monitoringini olib boradilar;
v) ushbu Anglashuv Memorandumiga doir har qanday masala yoki uni bajarish yoxud talqin qilish muammolari boʻyicha Anglashuv Memorandumining 11-moddasi qoidalariga muvofiq maslahatlashuvlar olib boradilar.
5-modda. Moliyaviy kelishuvlar
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasida hamkorlik faoliyatining xarajatlarini qoplash boʻyicha moliyaviy masalalar mablagʻlar mavjud boʻlganda har bir alohida holatda Tomonlar oʻrtasida kelishiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalariga qaramay, ishchi guruhlarning uchrashuvlarini tashkil etish boʻyicha xarajatlarni uni qabul qiluvchi Tomon qoplaydi. Ishchi guruhida ishtirok etuvchi vakillarning yoʻl va yashash xarajatlarini yuboruvchi Tomon qoplaydi.
6-modda. Uchinchi tomonning ishtiroki
1. Har bir Tomon ushbu Anglashuv Memorandumi boʻyicha olib borilayotgan birgalikdagi faoliyat va qoʻshma loyihalarda boshqa Tomonning yozma roziligini olgandan soʻng uchinchi tomonni ishtirok etishi uchun taklif etishi mumkin.
2. Tomonlar birgalikdagi faoliyat va qoʻshma loyihalarida uchinchi tomon ishtirokiga doir kelishilgan shartlarni uchinchi tomon tarafidan bajarilishini taʼminlaydilar.
7-modda. Intellektual mulk huquqini himoya qilish
1. Intellektual mulkka doir huquqlar Tomonlarning milliy qonun hujjatlari hamda Tomonlar imzolagan xalqaro bitimlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Tomonlardan birining nomi, belgisi yoki rasmiy emblemasidan nashrda, hujjatda va/yoki boshqa qogʻozlarda foydalanish Tomonlarning yozma ruxsatisiz taqiqlanadi.
3. Ushbu moddaning 1 -bandiga qaramasdan, amalga oshiriladigan har qanday texnologiya usuli, mahsulot va xizmatga oid intellektual mulk huquqi:
a) Tomonlar tarafidan birgalikda yoki Tomonlarning birgalikda amalga oshirgan faoliyatlari orqali erishilgan tadqiqot natijalari Tomonlarning oʻzaro kelishuvga muvofiq birgalikda egallanadi; va
b) Tomonlardan birining yakka va alohida faoliyati natijasida erishilgan tadqiqot natijalari tegishli Tomon tarafidan yakka holda egalik qilinadi.
8-modda. Maxfiylik
1. Har bir Tomon ushbu Anglashuv Memorandumini bajarish paytida olingan va taqdim etilgan hujjatlar, axborotlar hamda boshqa maʼlumotlar yoki ushbu Anglashuv Memorandumiga muvofiq tuzilgan har qanday kelishuvlarning maxfiyligiga rioya qilish majburiyatini oladi, boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor etish hollari bundan mustasno.
2. Ushbu moddaning qoidalari Tomonlar tarafidan har bir holat uchun kelishilgan vaqt mobaynida, ushbu Anglashuv Memorandumi amal qilishining tugashiga qaramasdan ikkala Tomon ham uning amalda boʻlishiga kelishdilar.
9-modda. Amal qilishni toʻxtatish
Har bir Tomon milliy xavfsizlikni va milliy manfaatlarni, jamoat tartibi va sogʻligʻini taʼminlash va himoya qilish maqsadida ushbu Anglashuv Memorandumini amal qilishini toʻla ravishda yoki qisman vaqtincha muddatga toʻxtatib qoʻyish huquqiga egadir, bunday toʻxtatish boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qilganidan soʻng darhol amal qila boshlaydi.
10-modda. Qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
Har bir Tomon ushbu Anglashuv Memorandumiga yoki uning bir qismiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritishni yozma ravishda taklif etishi mumkin. Tomonlar kelishgan har qanday qoʻshimcha va oʻzgartirishlar yozma ravishda rasmiylashtiriladi va u ushbu Anglashuv Memorandumining ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi. Kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Tomonlar tarafidan kelishilgan sanadan boshlab kuchga kiradi. Har qanday qoʻshimcha va oʻzgartirishlar ushbu Anglashuv Memorandumiga asoslangan yoki undan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga zarar keltirmagan holda amalga oshirilishi lozim.
11-modda. Nizolarni hal etish
Ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida oʻzaro muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan uchinchi tomon hamda xalqaro sudga murojaat qilmagan holda diplomatik kanallar orqali hal qilinadi.
12-modda. Bitimning kuchga kirishi, amal qilishi va oʻz kuchini yoʻqotishi
1. Ushbu Anglashuv Memorandumi Tomonlar uni imzolagan kundan kuchga kiradi va oʻn (10) yil muddat davomida amal qiladi. Bundan keyin, Tomonlardan birontasi ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida uning muddati tugashidan kamida uch (3) oy ilgari boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, u keyingi besh (5) yillik muddatga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
2. Ushbu moddaning qoidalariga qaramasdan, har bir Tomon ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda diplomatik kanallar orqali kamida uch (3) oy ilgari xabardor qilishi mumkin.
3. Ushbu Anglashuv Memorandumi oʻz kuchini yoʻqotishi, Anglashuv Memorandumi kuchini yoʻqotish sanasidan avvalroq Tomonlar kelishuvi asosida boshlangan faoliyat va dasturlarni amalga oshirilishiga taʼsir qilmaydi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Putrajayya shahrida, 2005-yil 3-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, malay va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilish jarayonida kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
