Giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari ustidan nazorat qilishda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
29.10.2010
oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tailand Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tailand Qirolligi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro hamkorlik asosida giyohvandlik vositalari ustidan nazorat ular bilan qonunga xilof ravishda muomala qilinishiga qarshi kurashda samarali vosita ekanligini tushunib,
1961-yildagi Giyohvandlik vositalar toʻgʻrisida Yagona konvensiya, unga 1972-yildagi Qoʻshimcha protokol, 1971-yildagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisida Konvensiya va 1988-yildagi BMTning Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilinishiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiyalari prinsiplaridan kelib chiqqan holda,
ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni mustahkamlashni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda.
Ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Narkotik moddalarni nazorat qilish Davlat komissiyasini markaziy organ sifatida tayinlaydi va oʻz navbatida Tailand Qirolligi Hukumati Narkotiklar ustidan nazorat kengashi ofisini markaziy organ sifatida tayinlaydi.
Tomonlarning markaziy organlari, oʻzaro kelishgan holda, ushbu Anglashuv Memorandumida belgilangan hamkorlik samaradorligini muvofiqlashtirish va oshirish maqsadida maslahatlashuvlar olib boradilar.
2-modda.
Tomonlar oʻzlarining qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi masalalarda hamkorlik olib boradilar:
1. Giyohvandlik vositalar va psixotrop moddalarini isteʼmol qilinishini oldini olish chora-tadbirlari;
2. Huquq-tartibot chora-tadbirlari;
3. Giyohvandlik vositalari ekilishi ustidan nazorat choralari;
4. Psixotrop vositalar va ularning prekursorlari ustidan nazorat chora-tadbirlari;
5. Davolash va tibbiy-ijtimoiy tiklash chora-tadbirlari;
6. Qoʻshma texnik koʻmak dasturlarini amalga oshirish;
7. Giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlariga oid texnikaviy va umumiy, shu jumladan amaldagi qonun hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan almashish.
3-modda.
Tomonlar oʻrtasida axborot almashuvi giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilinishini tashkil etadigan muayyan jinoyatlarni oldini olish uchun zarur boʻlgan hajmda, mazkur Anglashuv Memorandumining 2-moddasida qayd etilgan hamkorlik yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
4-modda.
Ushbu Anglashuv Memorandumiga muvofiq hamkorlik Tomonlar markaziy organlarining yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovlari asosida mavjud aloqa vositalari orqali amalga oshiriladi.
5-modda.
Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasida hamkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq moliyaviy masalalar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv yoʻli bilan hal etiladi.
6-modda.
Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasidagi dastur va loyihalarda ishtirok etayotgan texnik xodimlar va ularning oila aʼzolarini, shuningdek foydalanilayotgan asbob-uskunalarni har bir Tomon oʻz hududiga kirish va undan chiqishni oʻz qonun hujjatlariga muvofiq yengillashtiradi.
7-modda.
Har bir Tomon ushbu Anglashuv Memorandumining amal qilishini toʻla ravishda yoki qisman vaqtincha muddatga toʻxtatib qoʻyish huquqiga egadir, bunday toʻxtatish boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali xabardor qilinganidan soʻng darhol amal qila boshlaydi.
8-modda.
Tomonlarning yozma roziligi asosida ushbu Anglashuv Memorandumiga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish diplomatik kanallar orqali amalga oshiriladi.
9-modda.
Ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalarini talqin qilish va/yoki qoʻllashdan kelib chiqadigan har qanday nizo yoki kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar olib borish yoʻli bilan hal etiladi.
10-modda.
Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda Anglashuv Memorandumi amal qilishini tugatish niyati borligi toʻgʻrisida tugatish sanasidan kamida olti (6) oy ilgari xabardor qilmaguncha oʻz kuchida qolaveradi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Bangkok shahrida 2010-yil 29-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, tay va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan xollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
