Axborot-texnologiyalari boʻyicha oʻzbek-hind markazini tuzish toʻgʻrisida
29.10.2004
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN HINDISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
ANGLAShUV MEMORANDUMI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati (bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar),
oʻzlarining doʻstona munosabatlarini taʼkidlab, axborot texnologiyalari sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash istagida,
ushbu iborada, Toshkent shahrida “Axborot texnologiyalari boʻyicha oʻzbek-hind markazi”ni tuzish orqali Oʻzbekistonda axborot texnologiyalarini (bundan keyin AT) rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida Hindiston Respublikasi Hukumatining taklifini qayd etib,
shuningdek, Hindiston Respublikasi Hukumati Toshkentda “Axborot texnologiyalari boʻyicha oʻzbek-hind markazi”ni tuzish orqali axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 30 million rupiy miqdoridagi grantni taqdim etish toʻgʻrisidagi qarorini belgilab oʻtib,
Tomonlar quyidagilar toʻgʻrisida anglashuvga erishdilar:
Kirish
Markaz faoliyati quyidagilarga yoʻnaltirilgan:
mutaxassislar uchun bilimlar bazasini tashkil etish va ishga joylashish imkoniyatlarini yaratish;
Oʻzbekistonga investitsiyalarni jalb qilish va eksportdan daromad olish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida AT sohasida jahon talablariga javob beradigan professional mutaxassislarni shakllantirish;
Oʻzbekistonda elektron boshqaruvini shakllantirishga koʻmaklashish.
Vazifalari
dasturiy kompyuter taʼminoti sohasida qisqa muddatli ixtisoslik kurslari koʻrinishidagi treningni taʼminlash;
Oʻzbekistonning davlat xizmatchilarini AT mahoratlariga oʻqitish;
Oʻzbekiston universitetlarining professor-oʻqituvchilar tarkibini AT sohasidagi malakasini oshirish;
dasturiy dizayn va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish sohasidagi zamonaviy oʻqitish, loyihani amalga oshirishning barcha davri boʻyicha oʻqitish, yaʼni uskunani mijozning talabiga koʻra loyihalashtirish, rivojlantirish, test oʻtkazish, sinash, sozlash, moslash, foydalanishga tushirish, xizmat koʻrsatish va hokazolar.
1-modda
Hindiston Respublikasi Hukumati hamkorlikni quyidagilar asosida taʼminlaydi, jumladan texnik ekspertiza; apparat vositalari, dasturiy taʼminot va tarmoq uskunalarini yetkazib berish; Oʻzbekiston mutaxassislarini Hindistonda oʻqitish; Hindistonning AT boʻyicha ekspertlarini markazni tuzish va asosiy ishdan uzilmagan holda oʻqitish maqsadida yuborish; va quyidagilarga binoan ixtisoslashtirilgan oʻquv adabiyotlarini taqdim etish:
1. Ilgʻor kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish Markazi Hindiston Hukumati nomidan ijro etuvchi organ etib belgilanadi (bundan keyin—IKTRM);
2. Markazda kurslarni tashkil etish uchun talab qilinadigan apparat vositalari, zarur dasturiy mahsulotlar va amaldagi tizimlar, tarmoq elementlari hamda oʻquv sinflari uchun uskunalar (proyektor, elektron doskalar, nusxa olish mashinalari va hokazolar)ni yetkazish;
3. Markazni tashkil etish va Oʻzbekiston professor-oʻqituvchilar tarkibining asosiy ishdan uzilmagan holda markazda trening oʻtkazish maqsadida Oʻzbekistonga AT boʻyicha umumiy miqdorda bir oyga 60 kishidan iborat hind ekspertlarini yuborish;
4. Oʻzbekistonning umumiy miqdorda bir oyga 48 kishidan iborat mutaxassislarini Hindistonda oʻqitish.
2-modda
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻz navbatida loyihani amalga oshirishda quyidagicha koʻmaklashadi:
1. Oʻzbekiston Hukumati nomidan Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi nomidan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ijro etuvchi organ etib belgilanadi;
2. Tegishlicha taʼmirlangan va jihozlangan (LAN lokal tarmoq/telefon aloqasi/ISDN va hokazo), elektr energiyasi, UPS/DGSet uzluksiz elektr quvvati (qoʻshimcha elektr energiyasini taʼminlash), suv, isitish, sovutish tizimi va hokazolar bilan taʼminlangan talab qilinadigan maydonga ega zarur binoni taqdim etish;
3. Kompyuter va ofis mebellarini taʼminlash, xodimlar, oʻquv xonalari, kutubxona hamda kafedra xonalari uchun tegishli uskunalarni taʼminlash;
4. Hindistondan yuborilgan ekspertlarni bepul asosda mebel bilan jihozlangan yashash joyi, transport, aloqa vositasi va tibbiy xizmat bilan taʼminlash;
5. Hind ekspertlariga ofis uchun joy, aloqa vositasi, viza olishda koʻmaklashish, mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish va hokazolar;
6. Hamkorlik dasturi doirasida tovar hamda xizmatlarni Oʻzbekistonda undirilishi mumkin boʻlgan bojxona bojlari, ichki soliqlar, shuningdek boshqa fiskal toʻlovlardan ozod qilish;
7. Toshkent aeroportida bepul bojxona tozalovini taʼminlash va uskunalarni Markazga qisqa muddatda yetkazish. Ushlab qolingan holda Oʻzbekiston Hukumati masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi;
8. Foydalanishga kiritish va oʻqitishda, zarur asboblar, uskunalar, ishchi kuchi va hokazo bilan taʼminlash boʻyicha mahalliy ishlarni muvofiqlashtirish;
9. Markazni boshqarish uchun Oʻzbekiston xodimlarini ishga yollash;
10. Markazni kundalik moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va faoliyatini boshqarishda koʻmaklashishni taʼminlash;
11. Markazning kundalik operatsion xarajatlarini qoplash;
12. Markazni ochish va uning faoliyati uchun talab qilinadigan ruxsatnomalarni oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirish.
3-modda
Loyihaning tegishlicha ijro etilishi boʻyicha monitoring oʻtkazish maqsadida oʻzbek-hind Qoʻshma ishchi guruhi tuziladi.
4-modda Intellektual mulk huquqlari, maxfiylik va maxfiy axborotni tarqatmaslik
Ushbu Anglashuv Memorandumi doirasidagi istalgan modda yoki faoliyati bilan bogʻliq yoxud shunga muvofiq intellektual mulkka ega boʻlish huquqlari (bundan keyin — IMH), shuningdek bunday huquqlarning taqsimlanishi boʻyicha har bir muayyan holatda mahalliy mavjud qonun hujjatlari va xalqaro prinsiplarga muvofiq koʻrib chiqiladi. Biroq, IKTRM tomonidan har qanday kompyuter dasturlari, apparat vositalari, oʻquv kurslari materiallari, oʻqitish uslubiyati/usullari loyihalashtirilsa, ishlab chiqilsa, bunday ishlarga nisbatan IMH Hindiston Hukumati IKTRM/Axborot texnologiyalari departamenti (DIT)ga tegishli boʻladi.
Tomonlar shuni tasdiqlaydilarki, Tomonlarning hech biri ushbu Memorandum doirasidagi qoʻshma faoliyat jarayonida boshqa tomondan olingan har qanday axborotni istalgan uchinchi mamlakatga oshkor qilmaydi va tarqatmaydi, boshqa Tomonning yozma roziligi olingan yoki sud jarayoni bilan bogʻliq holatlar bundan mustasno. Jamoat mulki hisoblangan har qanday shu kabi axborot/maʼlumot/xabarga maxfiy axborot sifatida koʻrilmasligi lozim.
5-modda
Markazning ishchi tili— ingliz tili hisoblanadi va barcha dasturiy taʼminot, oʻquv kurslari materiallari, oʻqitish va boshqalar ingliz tilida boʻladi. Agar oʻquv qoʻllanmalari faqat rus tilida boʻlsa, xuddi shunday shart-sharoitlar taqdim etilishi mumkin.
6-modda
Majburiyatlarni bajarishda yuzaga keladigan barcha masala va kelishmovchiliklar anglashuv asosida muzokara hamda maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
Ushbu Memorandumga oʻzgartish va toʻldirishlar kiritish ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
7-modda
Ushbu Anglashuv Memorandumi Tomonlar imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Memorandumning amal qilishi Tomonlar loyihaning yakunlanganini tasdiqlaganlaridan soʻng toʻxtatiladi.
8-modda
Ushbu Anglashuv Memorandumini bajarish uchun zarur boʻlgan loyiha boʻyicha xarajatlar, uning amalga oshirilishi jadvali, apparat vositalari, dasturiy taʼminoti, tarmoq uskunalari va boshqa detallarning tasniflanishi har bir Tomon tarafidan alohida belgilab olinadi. Ushbu Memorandumni amalga oshirish va rivojlantirish maqsadida chop etilgan barcha hujjatlar Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
Ushbuni tasdiqlab, quyida imzo chekuvchi Tomonlar vakillari tegishli ravishda vakolatlangan va oʻzlarining qonunchiliklariga muvofiq ushbu Anglashuv Memorandumini imzoladilar.
Dehli shahrida 2004-yil 29-oktabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xilda autentikdir. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
