Savdo bitimi
13.05.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN INDONEZIYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Indoneziya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Savdo va iqtisodiy munosabatlarning muvaffaqiyatli rivojlanishini mamnuniyat bilan taʼkidlab,
Ikki mamlakat oʻrtasidagi tenglik va oʻzaro manfaatdorlikka asoslangan savdo va iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash niyatida,
Ikki mamlakat qonunlarining ustuvorligiga asoslanib;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1- modda Maqsad
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakat oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy hamkorlikni ragʻbatlantirish, yengillashtirish va rivojlantirish uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlarni uzoq muddatli va barqaror asosda yaratish uchun tegishli chora-tadbirlarni koʻradilar.
2- modda Eng qulay rejim
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlari oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy hamkorlikka oid barcha masalalarda bir-birlari uchun eng qulay rejim yaratadilar.
3- modda Imtiyozlarning qoʻllanilishi
2-modda qoidalari quyida berilgan yoki beriladigan imtiyozlarga nisbatan qoʻllanilmaydi:
1. Chegaraboʻyi savdosini yengillashtirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qoʻshni davlatlar uchun yaratadigan imtiyoz va afzalliklarga;
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hozirda mavjud boʻlgan yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmalari, erkin savdo zonalari yoki savdo-iqtisodiy hamkorligining boshqa shakllaridagi ishtiroki natijasida yaratiladigan imtiyoz va afzalliklarga.
4- modda Savdo kemalari va yuklari
Biror-bir mamlakatning savdo kemalari yuki boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, boshqa mamlakat chegarasiga kirayotganda, uni tark etayotganda yoki mamlakat hududida qolayotganda, ushbu mamlakatning qonunchiligiga muvofiq, uchinchi davlat bayrogʻi ostidagi kemalarga berilgan eng qulay sharoitlardan foydalanadilar. Ushbu tamoyil sohil boʻyida navigatsiya ishlarini olib borayotgan kemalarga nisbatan amal qilmaydi.
5- modda Savdo yengilliklari
Tovarlar va xizmatlar importi va eksporti jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida tuziladigan shartnomalarga asoslangan xalqaro savdo amaliyotiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ahdlashuvchi Tomonlar jismoniy va yuridik shaxslari oʻrtasida tuzilgan shartnomalardagi majburiyatlarning bajarilishi boʻyicha javobgarlikni oʻz zimmalariga olmaydilar.
6- modda Yuklar tranziti
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning yuklarini oʻz hududi orqali oʻtishi uchun kerakli yengilliklar bilan taʼminlaydi.
7- modda Toʻlov
Ushbu Bitim yuzasidan amalga oshiriladigan barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar, agar shartnoma tomonlari boshqacha kelishib olmagan boʻlsalar, erkin muomaladagi valyutalarda amalga oshiriladi.
8- modda Savdoni ragʻbatlantirish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz xoʻjalik subyektlarining ikkala mamlakatda ularning savdo munosabatlarining rivojlanishi manfaatida tashkil etiladigan yarmarka, koʻrgazma va seminarlar kabi savdoni qoʻllab-quvvatlovchi tadbirlarda ishtirok etishiga koʻmaklashadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi tovarlarni import yoki eksport qilishda soliq va/yoki boshqa toʻlovlardan ozod qiladilar:
a. tijorat ahamiyatiga ega boʻlmagan namunalar va reklama materiallari;
b. vaqtinchalik koʻrgazmalarga va taqdimotlarga moʻljallangan tovarlar.
9- modda Qoʻshma uchrashuvlarni tashkil etish mexanizmi
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirishni yengillashtirish maqsadida oʻzaro rozilik asosida ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar vakillaridan iborat Qoʻshma uchrashuvlarni oʻtkazadilar.
10- modda Intellektual mulk huquqini himoya qilish
Ahdlashuvchi Tomonlar amaldagi qonunlariga va oʻrnatilgan qoidalarga muvofiq bir-birlarining intellektual mulklarini himoya qilishni taʼminlaydilar.
11- modda Jamiyat sogʻligʻi va milliy manfaatini himoya qilish
Ushbu Bitim qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlardan hech birining milliy manfaatlarni himoya qilish, sogʻliqni saqlash va/yoki hayvonot va oʻsimlik kasalliklarini oldini olish zaruriyati bilan bogʻliq toʻsiq qoʻyish huquqini cheklamaydi.
12- modda Soliq masalalari
Ushbu Bitimning hech bir qoidasi soliqqa tortish masalalariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
13- modda Nizolarni hal qilish
Ushbu Bitimning qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelib chiqadigan nizolar oʻzaro maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali doʻstona hal etiladi.
14- modda Qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning kelishuviga binoan kiritilgan har qanday qoʻshimcha yoki oʻzgartirishlar, Ahdlashuvchi Tomonlar belgilagan kundan kuchga kiradi.
15-modda Bitimning kuchga kirishi
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uni kuchga kiritish uchun zarur barcha davlat ichki protseduralarini bajarilganligini bir-birlariga maʼlum qilgan oxirgi kundan kuchga kiradi. Ushbu Bitim 5 (besh) yil mobaynida amal qiladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni tugatish toʻgʻrisidagi niyatidan kamida olti oy avval yozma ravishda xabardor qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi 5 (besh) yillik muddatlarga uzaytiriladi.
3. Ushbu Bitimga oʻzgartirish kiritilishi yoki uning bekor qilinishi ikki mamlakat jismoniy va yuridik shaxslari oʻrtasida ushbu Bitimga asosan tuzilgan shartnoma va bitimlarning amal qilishiga taʼsir oʻtkazmaydi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻz Hukumatlari tomonidan tegishli vakolatga ega quyidagi imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkentda, 2008-yil 13-mayda, oʻzbek, indoneziya va ingliz tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi
(imzolar)
