Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida (2093-3-son)
27.09.2012
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 27-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2093-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 16-iyuldagi PF–4453-sonli “Statistik, soliq, moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 29-son, 327-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 23-yanvardagi 3/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 2093, 2010-yil 13-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 14-15-son, 116-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 18-avgust,
24/10-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 18-avgustdagi 24/10-son qaroriga ILOVA
Mikrokredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 1-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“komissiya — Markaziy bankning Kredit tashkilotlari va kredit byurolarini roʻyxatga olish va litsenziyalash komissiyasi.”.
2. 24-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mikrokredit tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish maqsadida takroran taqdim etilgan arizani qayta koʻrib chiqishda litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan asoslar boʻyicha mikrokredit tashkilotiga litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
