Andxoydan Hirotgacha boʻlgan avtomobil yoʻlini tiklashda hamkorlik toʻgʻrisida
06.07.2004
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN AFGʻONISTON OʻTISh ISLOM DAVLATI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati Hukumati (bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
birgalikdagi saʼy-harakatlar asosida oʻzaro foydali ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va chuqurlashtirish hamda munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida,
uzoq muddatli loyihalar asosida xizmatlar koʻrsatishga hamda ikki tomonlama hamkorlikning muhimligiga alohida eʼtibor qaratib,
Ahdlashuvchi Tomonlar birinchi bosqichda quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Andxoydan Hirotgacha boʻlgan avtomobil yoʻlini toʻla yoki qisman tiklashda Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida bevosita kontraktlar tuzilishiga kelishib oldilar.
2- modda
Basharti Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirgandan soʻng 30 kun mobaynida loyihaning boshlanishi va yakunlanishi muddatlari, loyiha qiymati va xalqaro muassasa tomonidan koʻrib chiqilgan texnikaviy xulosa boʻyicha kelishuvga erishgan boʻlsalar, Afgʻon Tomoni tenderni eʼlon qilmasdan turib, Oʻzbekiston Respublikasiga Andxoydan Hirotgacha boʻlgan avtomobil yoʻlini toʻla yoki qisman tiklash huquqini beradi.
3- modda
Afgʻon tomoni loyihaga jalb etilgan Oʻzbek tomoni mutaxassislarining xavfsizligi, ishlab chiqarish vositalari va moddiy resurslarning muhofazasini taʼminlaydi.
4-modda
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Ushbu Bitim imzolangan kundan kuchga kiradi.
Yuqoridagilarni tasdiqlab, oʻzlarining tegishli Hukumatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Qobul shahrida 2004-yil 6-iyulda oʻzbek, dari va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
