Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (2390-son)
19.09.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 19-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2390]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-apreldagi “Ichki ishlar organlari harbiy xizmatchilari va xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 168-sonli qaroriga muvofiq hamda ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida buyuraman:
1. Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2012-yil 21-avgust,
118-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012-yil 21-avgustdagi 118-sonli buyrugʻiga ILOVA
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-apreldagi 168-sonli “Ichki ishlar organlari harbiy xizmatchilari va xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani (keyingi oʻrinlarda nafaqa deb yuritiladi) toʻlash tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma quyidagi shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi:
ichki ishlar organlari xodimlariga;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda IIV deb yuritiladi) Qorovul qoʻshinlarining harbiy qismlarida va Toshkent oliy harbiy texnik bilim yurtida muddatli hamda shartnoma asosida harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilarga;
IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan kursant va tinglovchilarga.
2. Ichki ishlar organi xodimi va harbiy xizmatchisi (keyingi oʻrinlarda xodim deb yuritiladi) xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda halok boʻlganda, uning merosxoʻrlariga marhumning oylik ish haqining 50 baravarigacha boʻlgan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
3. Xodim xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda yaralanganda, mayiblanganda yoki kontuziya olganda (keyingi oʻrinlarda tan jarohati deb yuritiladi), unga:
ogʻir tan jarohati olganda, oylik ish haqining 25 baravarigacha boʻlgan miqdorda;
oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganda, oylik ish haqining 10 baravarigacha boʻlgan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
4. Engil tan jarohati olgan xodimga nisbatan nafaqa rasmiylashtirilmaydi.
5. IIVning Portlovchi qurilmalar va moddalarni zararsizlantirish va yoʻq qilish maxsus otryadi va Alohida vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadlari hamda ularning quyi tizimi xodimlari xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda:
halok boʻlganda, uning merosxoʻrlariga marhumning oylik ish haqining 100 baravarigacha boʻlgan miqdorda;
ogʻir tan jarohati olganda oylik ish haqining 50 baravarigacha boʻlgan miqdorda;
oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganda oylik ish haqining 20 baravarigacha boʻlgan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
6. Nafaqa olishga nisbatan daʼvo muddati talablarining qoʻllanilishi Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga asosan amalga oshiriladi.
II bob. Nafaqani rasmiylashtirish
7. Xodimning xizmat vazifasini bajarish chogʻida tan jarohati olganligi fakti yuz berganda, bevosita uning rahbari yoki uning oʻrinbosari tashabbusi bilan guvohlar ishtirokida mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq darhol dalolatnoma tuziladi.
8. Dalolatnoma tuzishda voqea tafsilotlarining obyektiv va aniq bayon etilishiga hamda tan jarohatining xizmat vazifasini bajarish bilan bogʻliq holda yuz berganligiga alohida eʼtibor qaratish lozim.
9. Dalolatnoma tan jarohati olgan xodim, xodimning bevosita rahbari yoki uning oʻrinbosari, voqea sodir boʻlgan hududdagi ichki ishlar organi rahbari yoxud harbiy qism komandiri yoki IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbari tomonidan imzolanadi hamda gerbli muhr bilan tasdiqlangan holda rasmiylashtiriladi.
10. Voqea sodir boʻlgan hududdagi ichki ishlar organi rahbari tomonidan yuqori turuvchi ichki ishlar organiga yoki harbiy qism komandiri yoxud IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbari tomonidan IIVga yuz bergan holat yuzasidan dastlabki axborot beriladi.
11. Xodimning halok boʻlishi yoxud tan jarohati olishining holat va sabablarini surishtirish uchun tegishli ichki ishlar organi rahbari yoki harbiy qism komandiri yoki IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbarining yozma koʻrsatmasiga asosan xizmat tekshiruvi tayinlanadi.
12. Xizmat tekshiruvi belgilangan tartibda tegishli ichki ishlar organi yoki sohaviy xizmat mansabdor shaxslari, harbiy qismning boʻlim va boʻlinma boshliqlari yoxud IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi masʼul xodimlari tomonidan oʻtkaziladi. Bunda xizmat tekshiruvi oʻtkazayotgan masʼul xodimlar xodimning halok boʻlishi yoxud tan jarohati olishi uning xizmat vazifasini bajarishi bilan sababiy bogʻliqligiga eʼtibor qaratishlari shart.
13. Xizmat tekshiruvi davomida surishtiruv yoki tergov harakatlarini olib borayotgan organ yoki harbiy qism komandiri tomonidan xodim olgan tan jarohatining darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash haqida qaror qabul qilinadi. Ekspert oldiga qoʻyiladigan savollar qatorida, xodimdan olinadigan qon namunasi tarkibida spirtli ichimliklar, giyohvandlik va psixotrop moddalar mavjudligini tekshirishga alohida eʼtibor qaratilishi lozim.
14. Har bir holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza muassasasining tegishli xulosasi olinadi va barcha hujjatlar umumlashtirilgan holda xizmat tekshiruvi oʻtkazgan masʼul xodimlar tomonidan xizmat tekshiruvi natijasiga doir xulosa tuziladi. Mazkur xulosa xizmat tekshiruvini tayinlagan tegishli ichki ishlar organi rahbari yoki harbiy qism komandiri yoki IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
15. Xodimning halok boʻlishi yoxud tan jarohati olishi quyidagi hollarda xizmat vazifasini bajarishi bilan sababiy bogʻliq deb topiladi:
jinoyatchini qoʻlga olish choralarini koʻrayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
huquqbuzarlarni tartibga chaqirish choralarini koʻrayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
xizmat burchlarini ado etayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
jangovar navbatchilikni (tungi va jangovar xizmatni) oʻtayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
kun tartibi bilan belgilangan xizmat vaqti davomida yoki bu xizmat zaruratidan kelib chiqqan holda, xizmat joyi yoki harbiy qism hududida sodir boʻlgan boʻlsa;
xizmat safari vaqtida sodir boʻlgan boʻlsa;
xizmat joyiga, davolanishga ketayotgan yoki orqaga qaytayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
kasallik holatida yoki oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish tufayli sodir boʻlgan boʻlsa;
buyruq yoki farmoyish asosida tashkil etilgan sport mashgʻuloti va musobaqasida boʻlgan boʻlsa;
maxsus taktik oʻquv mashgʻulotlarini (harbiy oʻquv dala maydonida va maxsus tayyorgarlik maydonlarida) bajarayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
alohida topshiriqlarni ijro etish bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun jalb etilgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
harbiy yigʻinlarda ishtirok etayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
ashyoviy dalil sifatida taqdim etilgan portlash xavfi boʻlgan obyektlarni tadqiqot qilish yoki yaroqliligini aniqlash vaqtida sodir boʻlgan boʻlsa;
portlash bilan bogʻliq voqea joyini koʻzdan kechirish jarayonida kimyoviy moddalar, turli gazlar va boshqa kimyoviy zararli moddalar bilan zaharlanishi natijasida sodir boʻlgan boʻlsa;
asirga tushgan (oʻz ixtiyori bilan asir tushishdan tashqari), garovga olingan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa;
sud tomonidan jamiyat va davlat manfaatlari yoʻlida sodir etilgan deb tan olingan xatti-harakatlarni (mehnat taʼtilida, xizmatdan tashqari paytda, xizmat hududidan uzoqda boʻlsa ham) bajarayotgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa.
16. Xodimning halok boʻlishi yoki olgan tan jarohati quyidagi hollarda xizmat vazifasini bajarish bilan sababiy bogʻliq emas deb eʼtirof etiladi:
oʻz xohishiga koʻra spirtli ichimliklar, giyohvandlik va psixotrop moddalarni isteʼmol qilgan holatda sodir boʻlgan boʻlsa;
sud tomonidan xodimning harakatlarida (harakatsizligida) qonun hujjatlari talablarini qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida buzish holatlari mavjud deb topilgan boʻlsa;
xizmat tekshiruvi natijasida maʼmuriy huquqbuzarlik yoki intizomiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi holatlar aniqlangan boʻlsa;
oʻzini oʻzi oʻldirgan yoki oʻzini oʻzi oʻldirishga suiqasd qilgan boʻlsa, agar bunday harakatlar kasallik holati yoki oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish tufayli sodir etilgan boʻlmasa;
nafaqa olish maqsadini koʻzlab, oʻziga qasddan tan jarohati yetkazganlik fakti aniqlangan boʻlsa;
xizmat joyi va harbiy qism hududidan tashqari vaqtda, dam olish vaqtida, belgilangan tartibda ruxsat berilgan vaqtda, mehnat taʼtilida boʻlgan vaqtda yoki oʻzboshimchalik bilan harbiy qism yoki xizmat joyi hududini tark etgan vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa, mazkur Yoʻriqnomaning 15-bandi oʻn yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
17. Agar harbiy xizmatchi mazkur Yoʻriqnomaning 16-bandida nazarda tutilgan holatlarda halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan boʻlsa, unga yoki uning merosxoʻriga nafaqa toʻlanmaydi.
III bob. Nafaqani toʻlash shartlari
18. Xizmat tekshiruvi natijasiga doir xulosaga asosan xodimning tan jarohati olishi xizmat vazifasini bajarishi bilan sababiy bogʻliq deb topilsa, tegishli ichki ishlar organi rahbari yoki harbiy qism komandiri yoki IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbari belgilagan masʼul xodim tomonidan sodir etilgan voqea yuzasidan quyidagi hujjatlar toʻplanadi:
xodim va uning yaqin qarindoshlari toʻgʻrisida maʼlumot;
tan jarohat olganligi toʻgʻrisida dalolatnoma;
harbiy-tibbiy komissiya tomonidan berilgan maʼlumotnoma;
xizmat tekshiruvi natijasiga doir xulosa nusxasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza muassasasining xulosasi.
Agar yuz bergan holat boʻyicha vakolatli organning Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-y., 2-son) 83-moddasiga muvofiq jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qarori mavjud boʻlsa, masʼul xodim tomonidan mazkur qaror nusxasi ham tegishli hujjatlarga ilova qilinadi.
19. Xodim xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan boʻlsa, tegishli ichki ishlar organi rahbari yoki harbiy qism komandiri yoki IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbari belgilagan masʼul xodim tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 18-bandida nazarda tutilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlar ham toʻplanadi:
xodimning oʻlim haqidagi guvohnomasi nusxasi;
merosxoʻrning shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda uning meros olish huquqini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi;
ichki ishlar organi rahbari yoki harbiy qism komandiri yoki IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasasi rahbarining xodimni shaxsiy tarkib roʻyxatidan oʻchirish toʻgʻrisidagi buyrugʻi nusxasi.
20. Nafaqani berish uchun toʻplangan barcha hujjatlar oʻn kun ichida tuman, shahar va tarmoq ichki ishlar boʻlimi yoki boshqarmalari tomonidan tegishliligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoki Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yoxud viloyat yoki Transportdagi ichki ishlar boshqarmalarining Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatlariga yuboriladi. Mazkur hujjatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoki Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yoki viloyat yoki Transportdagi ichki ishlar boshqarmalarining Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatlari tomonidan toʻliq oʻrganib chiqilib, oʻn kun ichida IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga yuboriladi.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoki Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yoxud viloyat yoki Transportdagi ichki ishlar boshqarmalarining xodimlari xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlganda yoki tan jarohati olganda, tegishli sohaviy xizmatlar tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi va barcha hujjatlar xizmat tekshiruvi natijasiga doir xulosaga ilova qilingan holda uch kun ichida Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatlariga taqdim etiladi. Mazkur hujjatlar tegishli Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatlari tomonidan toʻliq oʻrganib chiqilib, oʻn kun ichida IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga yuboriladi.
22. Harbiy qismlar tomonidan nafaqa berish uchun toʻplangan barcha hujjatlar oʻn kun ichida IIVning Qorovul qoʻshinlari bosh boshqarmasiga yuboriladi. IIVning Qorovul qoʻshinlari bosh boshqarmasi tomonidan barcha hujjatlar oʻn kun ichida oʻrganib chiqilgach, IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga taqdim etiladi.
23. IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalari tomonidan nafaqa berish uchun toʻplangan barcha hujjatlar oʻn kun ichida toʻgʻridan toʻgʻriIIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga yuboriladi.
24. IIV Markaziy apparati xodimlari xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlganda yoki tan jarohati olganda, tegishli sohaviy xizmatlar tomonidan xizmat tekshiruvi oʻtkaziladi va barcha hujjatlar xizmat tekshiruvi natijasiga doir xulosaga ilova qilingan holda uch kun ichida IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga taqdim etiladi.
25. Agar yuz bergan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa, mazkur jinoyat ishi yakuni boʻyicha chiqarilgan qaror, ajrim yoki hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, toʻplangan hujjatlar belgilangan tartibda IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga yuboriladi.
26. Nafaqani rasmiylashtirish uchun yuborilgan hujjatlar IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati tomonidan bir oy ichida oʻrganib chiqilib, nafaqa miqdorini aniq belgilab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar vaziriga mazkur Yoʻriqnomaning 2-ilovasiga muvofiq shaklda taqdimnoma kiritiladi.
27. Nafaqa miqdori aniq belgilangan holda taqdimnoma Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanganidan soʻng, taqdimnomaning asl nusxasi IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati tomonidan ijro uchun xodimning soʻnggi xizmat yoki oʻqish joyiga, taqdimnomaning nusxalari esa, maʼlumot va ijro uchun IIVning Moliya-iqtisod va Tibbiyot boshqarmalariga yuboriladi.
28. Nafaqa miqdori xodim halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan kundagi egallagan shtat lavozimi va ega boʻlgan maxsus (harbiy) unvonlari uchun ish haqi yigʻindisidan tashkil topadigan oylik ish haqlaridan hisoblab chiqariladi.
29. Xizmat vazifasini bajarish chogʻida xodim ogʻir yoki oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganligi tufayli xizmatdan boʻshatilgandan soʻng, olgan tan jarohati tufayli vafot etgan boʻlsa, uning merosxoʻrlariga Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan miqdorda avvalgi toʻlangan nafaqa bilan xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlganda beriladigan nafaqa miqdori orasidagi farq toʻlanadi.
30. Bunday holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, qoʻshimcha ravishda mazkur Yoʻriqnomaning 19-bandida nazarda tutilgan hujjatlar umumlashtirilib, mazkur Yoʻriqnomaning 20–24-bandlarida belgilangan tartibda IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga yuboriladi.
31. Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat vazifasini bajarish chogʻida olgan tan jarohati uchun nafaqa ular muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgandan soʻng beriladi.
32. Nafaqa xodimning soʻnggi xizmat (oʻqish) joyidagi Moliya-iqtisod boshqarmalari, boʻlimlari va boʻlinmalari tomonidan toʻlanadi.
33. Merosxoʻr hali voyaga etmagan boʻlsa, nafaqa puli uning vasiy yoki homiyiga beriladi.
IV bob. Nafaqani rasmiylashtirish boʻyicha
34. Xodim vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlganda yoki tan jarohati olganda unga yoki uning merosxoʻriga toʻlanadigan nafaqani rasmiylashtirish uchun toʻplangan barcha hujjatlar tegishli hududiy ichki ishlar organlarining Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatlari, harbiy qismlar va IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalarining kadrlar bilan ishlash boʻlimi va boʻlinmalari tomonidan xodimning shaxsiy hujjatlari yigʻma jildining arxiv qismiga tikiladi hamda bu haqda shaxsiy hujjatlari yigʻmajildining 1-qismi 12-bandiga batafsil qayd etiladi.
35. Rasmiylashtirilgan hujjatlar hisoboti mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shaklda hududiy ichki ishlar organlarining Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatlari, harbiy qismlar va IIV tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalarining tarbiyaviy ishlar boʻlimi va boʻlinmalari tomonidan Moliya-iqtisod boshqarmasi, boʻlim va boʻlinmalari bilan kelishilgan holda tayyorlanadi va har chorak yakuni boʻyicha belgilangan tartibda IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatiga yuboriladi.
36. Yuborilgan hisobotlar IIVning Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati tomonidan umumlashtiriladi va mazkur Yoʻriqnomaning 4 va 5-ilovalariga muvofiq shaklda hisobotlar tayyorlanadi va tanishib chiqish uchun IIVning rahbariyatiga taqdim etiladi.
V bob. Yakuniy qoida
37. Mazkur Yoʻriqnoma talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 1 -ILOVA
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 2-ILOVA
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 3-ILOVA
Bir yoʻla toʻlangan nafaqalar boʻyicha
HISOBOT
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 4-ILOVA
Bir yoʻla toʻlangan nafaqa toʻgʻrisida hududlar va muassasalar kesimi boʻyicha
HISOBOT
Xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki tan jarohati olgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilariga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqani toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 5-ILOVA
Bir yoʻla toʻlangan nafaqa toʻgʻrisida hududlar va muassasalar kesimi boʻyicha
HISOBOT
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 38-son, 440-modda)
