Umumiy foydalaniladigan transportda yoʻlovchi tashuvchilar faoliyatini hamda ularni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida (273-son)
17.09.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”, “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”, “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasida yoʻlovchilar aylanmasini va umumiy foydalaniladigan avtomobil va elektr transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda hamda soatlar boʻyicha tashilgan yoʻlovchilar sonini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasida cheklangan tariflar boʻyicha aholiga xizmatlar koʻrsatish munosabati bilan shaharda yoʻlovchilarni muntazam tashish bilan band boʻlgan tashuvchilar koʻradigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 17-sentabr,
273-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida yoʻlovchilar aylanmasini va umumiy foydalaniladigan avtomobil va elektr transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda hamda soatlar boʻyicha tashilgan yoʻlovchilar sonini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
N I Z O M
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida yoʻlovchilar aylanmasini va umumiy foydalaniladigan avtomobil va elektr transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda hamda soatlar boʻyicha tashilgan yoʻlovchilar sonini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom avtomobil va elektr transportida (elektrobus, trolleybus, tramvay va metropolitenda) shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda muntazam va soatlar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni amalga oshiradigan tashuvchilarga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
umumiy foydalaniladigan transport — yoʻlovchilar va yuk tashish uchun moʻljallangan jamoat yer usti va yer osti transporti (avtobus, elektrobus, trolleybus, tramvay, yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilar, metropoliten);
avtobus — yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan va haydovchi oʻrnidan tashqari, 8 tadan koʻp oʻrindiqqa ega boʻlgan avtotransport vositasi;
elektrobus — elektr privodga ega boʻlgan, belgilangan yoʻnalish boʻylab yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan umumiy foydalaniladigan relssiz harakatlanuvchi mexanik transport vositasi (elektr avtobus);
tramvay — elektr privodga ega boʻlgan, temir yoʻl polotnosi boʻyicha harakatlanadigan va muntazam shahar yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan vagon (yoki bir-biri bilan ulangan bir nechta vagonlar);
trolleybus — elektr privodga ega boʻlgan, koʻchalar boʻylab harakatlanadigan va muntazam yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan vagon;
yoʻnalishli taksi — yoʻlovchilar talabiga koʻra toʻxtagan holda muntazam yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan avtotransport vositasi (avtobus yoki yengil avtomobil);
yoʻnalishsiz taksi — taksometr (hisoblagich) koʻrsatkichi boʻyicha toʻlov toʻlanadigan, yoʻlovchilar buyurtmanomalari boʻyicha tashish xizmatlari koʻrsatadigan avtotransport vositasi;
metropoliten — elektropoyezdlarda yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan yer osti va yer usti inshootlari tizimi;
tushum — avtobus, elektrobus, trolleybus, tramvay, yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksi, metropolitenda yoʻlovchilar tashishdan olingan daromad;
cheklangan tarif — yoʻlovchilar va bagaj tashish uchun belgilangan toʻlovning cheklangan miqdori;
oylik transportda yurish kartochkasi — harakatlanish hududi chegaralarida va ushbu hujjat amal qiladigan davr mobaynida barcha yoʻnalishlar boʻyicha umumiy foydalaniladigan transportda (avtobus, elektrobus, trolleybus, tramvay va metropolitenda) yurish imkoniyatini olishga yoʻlovchining huquqini tasdiqlaydigan, qatʼiy hisobda turadigan hujjat. Oylik yurish kartochkasi ikki turga — umumiy va imtiyozli kartochkaga boʻlinadi;
umumiy oylik transportda yurish kartochkasi — yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari, umumiy foydalaniladigan transportning barcha turlarida yoʻlovchilar yurishini nazarda tutadigan, qatʼiy hisobda turadigan hujjat;
imtiyozli oylik transportda yurish kartochkasi — chegirish va imtiyozlarni hisobga olgan holda, yoʻlovchilarning ijtimoiy guruhi (pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, talabalar va oʻrta maktablar, litseylar, kollejlar oʻquvchilari) uchun transportda yurishni nazarda tutadigan, qatʼiy hisobda turadigan hujjat;
transport kartasi — yoʻlovchilar tomonidan umumiy foydalaniladigan transportda (yoʻnalishsiz taksidan tashqari) yurganlik uchun amaldagi tarif asosida yoʻl haqini toʻliq toʻlash uchun moʻljallangan shaxsiylashtirilmagan koʻp marotabalik debet toʻlov kartasi. Transport kartasining depozit hisob raqami pul mablagʻlarini tushirish orqali toʻldiriladi. Transport kartasidagi tarif rejalarining toʻliq qiymati umumiy foydalaniladigan transportdagi cheklangan tarifni, chegirma va imtiyozlarni hisobga olgan holda, yurishlar soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi;
imtiyozli transport kartasi — umumiy foydalaniladigan transportda (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksidan tashqari) avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi operatori maʼlumotlar bazasida roʻyxatga olingan yoʻlovchiga transportda bepul yoki imtiyozli yurish huquqini kafolatlaydigan, transportdan foydalanish soni va bir transportdan boshqasiga chiqish soni cheklanmaydigan shaxsiylashtirilmagan va(yoki) shaxsiylashtirilgan transport kartasi;
transportda bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnoma — shahar yoʻlovchilar transportini boshqarish organlari tomonidan beriladigan, qatʼiy hisobda turadigan, belgilangan namunadagi, egasining nomi yozilgan hujjat. Transportda bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnoma shakli hamda uni berish mexanizmi Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
bir martalik chipta — shahar yer ustida yoʻlovchilar tashish transportida (yoʻnalishsiz taksidan tashqari) transportda bir marta yurish huquqini beradigan, qatʼiy hisobda turadigan va QR kodga ega boʻlgan hujjat;
yoʻlovchilar aylanmasi — yoʻlovchi tashilgan masofani hisobga olgan holda, yoʻlovchi tashishlar sonini belgilovchi koʻrsatkich;
yoʻlovchi-kilometr — yoʻlovchi aylanmasining oʻlchov birligi;
oʻrtacha masofa— yoʻlovchilar oqimini tahlil qilish natijalari boʻyicha aniqlanadigan yoʻl yurish masofasining uzoqligi;
toʻlov toʻlab yurilgan masofa — yoʻnalishsiz taksining yoʻlovchi bilan bosib oʻtgan masofasi.
31. Imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilar (pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, talabalar va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, akademik litseylar, kasb-hunar maktablari, kollejlar hamda texnikumlar oʻquvchilari) tomonidan imtiyozli transport kartalari orqali toʻlovlar umumiy foydalaniladigan transportning (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksidan tashqari) amaldagi tariflarning 50 foizlik imtiyozini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
32. Imtiyozli transport kartasidan foydalangan holda umumiy foydalaniladigan transportdan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilar sifatida “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashish toʻgʻrisida” 2017-yil 9-martdagi 128-son qarorida nazarda tutilgan shaxslar eʼtirof etiladi.
II. Tashilgan yoʻlovchilar sonini aniqlash
4. Tashilgan yoʻlovchilar soni umumiy foydalaniladigan transportda (avtobus, elektrobus, trolleybus, yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksi, tramvay, metropolitenda) bajariladigan shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro tashuvlarning har bir turi hamda soatlar boʻyicha tashuvlar uchun alohida-alohida aniqlanadi.
5. Shahar yoʻnalishida umumiy foydalaniladigan transportda (avtobus, elektrobus, trolleybus, yoʻnalishli taksi, tramvay va metropolitenda) tashilgan yoʻlovchilar soni:
cheklangan tariflarni qoʻllagan holda — sotilgan bir martalik chiptalar soni boʻyicha yoki tushumni cheklangan tarifga taqsimlash yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda, elektron toʻlov tizimi operatorlariga amaldagi cheklangan tariflarga nisbatan 10 foizgacha chegirma taqdim etilishi mumkin;
transport kartasidan foydalangan holda — transport kartasidan foydalangan yoʻlovchilarning, jumladan imtiyozli va bepul yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarning har bir transport turida amalga oshirilgan validatsiyalar soni boʻyicha aniqlanadi. Muayyan tashuvchi tomonidan tashilgan yoʻlovchilar hajmi hisobot davrida amalga oshirilgan validatsiyalarni umumlashtirish orqali aniqlanadi.
6. Oylik transportda yurish kartochkasi va transportda bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnomalar boʻyicha tashilgan yoʻlovchilar soni:
sotilgan oylik transportda yurish kartochkalari va transportda bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnomalarning berilgan sonini ushbu Nizomga ilovaga muvofiq belgilangan oylik yurishlar soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi;
tashuvchilar oʻrtasida ulardan har birining bir martalik chiptalar boʻyicha tashigan yoʻlovchilari soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
7. Shahar atrofidagi yoʻnalishlarda tashilgan yoʻlovchilar soni yoʻlovchi aylanmasini ushbu muayyan yoʻnalishda yoʻlovchi bosib oʻtadigan oʻrtacha masofaga taqsimlash yoʻli bilan aniqlanadi.
Shahar yoʻnalishidagi shahar atrofi yoʻnalishlarida tashilgan yoʻlovchilar soni tashilgan yoʻlovchilarning umumiy sonini shahardagi yoʻnalishning umumiy yoʻnalish masofasidagi ulushiga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
8. Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda tashilgan yoʻlovchilar soni sotilgan bir martalik chiptalar soni hamda transportning aniq bir turida amalga oshirilgan validatsiyalar soniga teng holda qabul qilinadi.
9. Soatlar boʻyicha tashuvlarda tashilgan yoʻlovchilar soni yoʻlovchi tashuvlari sonini ushbu tashuvchining shahar atrofidagi yoʻnalishda yoʻlovchining bosib oʻtgan oʻrtacha masofasiga taqsimlash yoʻli bilan aniqlanadi. Agar tashuvchida bunday tashuvlar mavjud boʻlmasa, u holda hisoblash uchun 10 kilometrga teng boʻlgan masofa olinadi.
10. Yoʻnalishsiz taksilarda tashilgan yoʻlovchilar soni toʻlovli bosib oʻtilgan masofani yoʻlovchilarning oʻrtacha soniga koʻpaytirish va yoʻlovchilar tashishning oʻrtacha masofasiga taqsimlash yoʻli bilan aniqlanadi.
Yoʻnalishsiz taksida tashilgan yoʻlovchilarning oʻrtacha soni:
shahar yoʻnalishida — 2 nafarga;
shahar atrofidagi, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda — 4 nafarga teng holda qabul qilinadi.
Yoʻnalishsiz taksida yoʻlovchi tashishning oʻrtacha masofasi:
shahar yoʻnalishida — shahar jamoat transportida yoʻlovchilar tashishning oʻrtacha masofasiga;
shahar atrofidagi yoʻnalishda — 10 kilometrga teng holda qabul qilinadi.
Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻnalishsiz taksida yoʻlovchilar tashilganda tashishning oʻrtacha masofasi shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda avtobuslarda yoʻlovchilar tashishning oʻrtacha masofasiga teng holda qabul qilinadi.
III. Yoʻlovchilar aylanmasini aniqlash
11. Yoʻlovchilar aylanmasi umumiy foydalaniladigan transportda (avtobus, elektrobus, yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksi, tramvay, trolleybus va metropolitenda) bajariladigan shahar, shahar atrofi, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda tashuvlarning har qaysi turi hamda soatlar boʻyicha tashuvlar uchun alohida-alohida aniqlanadi.
12. Yoʻlovchilar aylanmasi shahar yoʻnalishlarida umumiy foydalaniladigan transportda (avtobus, elektrobus, yoʻnalishli taksi, tramvay, trolleybus va metropolitenda) tashishda tashilgan yoʻlovchilar sonini yoʻlovchilar oqimini tanlab tahlil qilish asosida hisoblab chiqiladigan ushbu yoʻnalish boʻyicha yoʻlovchi bosib oʻtadigan oʻrtacha masofaga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
13. Oylik transportda yurish kartochkalari boʻyicha yoʻlovchilar aylanmasi, tashuvchilar oʻrtasida ular tomonidan tashilgan toʻlov toʻlab yuradigan yoʻlovchilar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
14. Transportda bepul yurish huquqini beradigan yagona guvohnomalar boʻyicha yoʻlovchilar aylanmasi, shu jumladan metropolitenda, tashuvchilar oʻrtasida ular tomonidan tashilgan toʻlov toʻlab yuradigan yoʻlovchilar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
15. Shahar atrofidagi yoʻnalishda yoʻlovchilar aylanmasi bir martalik chiptalar boʻyicha yoʻlovchilar tashishdan tushgan umumiy tushumni tashilgan (bagaj tashishdan tushumni chegirgan holda) bir yoʻlovchi-kilometr uchun cheklangan tarifga taqsimlash yoʻli bilan aniqlanadi.
16. Shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda yoʻlovchilar aylanmasi bir martalik chiptalar boʻyicha yoʻlovchilar tashishdan tushgan tushumni (bagaj tashish va sugʻurta toʻlovini chegirgan holda) bir yoʻlovchi-kilometr uchun cheklangan tarifga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
17. Umumiy foydalaniladigan avtobusda soatlar boʻyicha tashishlar uchun yoʻlovchilar aylanmasi (turizm-ekskursiya avtobuslaridan tashqari) 0,65 miqdoriga teng holda qabul qilinadigan avtobuslarning bosib oʻtgan masofasi va yoʻlovchi sigʻimidan foydalanish koeffitsiyentlarini hisobga olgan holda, avtobuslarning umumiy bosib oʻtgan masofasi va avtobuslarning oʻrindiqlari soni boʻyicha sigʻimi hosilasi sifatida aniqlanadi.
18. Yoʻnalishsiz taksi boʻyicha yoʻlovchilar aylanmasi tashilgan yoʻlovchilar sonini toʻlov toʻlab yuriladigan kilometrlarga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi.
19. Shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha yoʻlovchilar aylanmasi va tashilgan yoʻlovchilar soni boʻyicha yigʻma hisobotni shakllantirish barcha yuridik shaxslar boʻyicha, ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida yoʻlovchilar aylanmasini va umumiy foydalaniladigan avtomobil va elektr transportida shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda hamda soatlar boʻyicha tashilgan yoʻlovchilar sonini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
Yoʻlovchilarning umumiy foydalaniladigan transportda shahar yoʻnalishlarida cheklangan tarif rejalariga chegirmalar va imtiyozlar qoʻllangan holda hisobga olinadigan yurishlari soni
T/r Tarif rejalarining nomlanishi Tarif rejalarining narxini hisoblash uchun transportda qatnovlar soni Toʻliq qiymatdan chegirish miqdori (%) Chegirishni hisobga olgan holda, tarif rejasi qiymatidan imtiyozlar (%) 5 kunga 10 kunga 15 kunga 20 kunga 30 kunga 1. “AV” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus — aholi uchun 22 44 66 88 130 23 — 2. “N” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus — pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 22 44 66 88 130 50 3. “T” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus — talabalar uchun 22 44 66 88 130 50 4. “Oʼ” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus — oʻquvchilar uchun 22 44 66 88 130 50 5. “AVM” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus, metro — aholi uchun 30 60 90 120 180 23 — 6. “NM” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus, metro — pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 30 60 90 120 180 50 7. “TM” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus, metro — talabalar uchun 30 60 90 120 180 50 8. “OʼM” avtobus, tramvay, trolleybus, elektrobus, metro — oʻquvchilar uchun 30 60 90 120 180 50 9. “B” bepul — Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq transportdan bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar uchun — — — — 60 — 100
Izoh. Tarif rejalaridan foydalanganda, transportdan foydalanish soni va bir transportdan boshqasiga chiqish soni cheklanmaydi, bunda tegishli tarif rejasi birinchi validatsiya sanasidan boshlab koʻrsatilgan muddat davrida amalda boʻladi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 17-sentabrdagi 273-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida cheklangan tariflar boʻyicha aholiga xizmatlar koʻrsatish munosabati bilan shaharda yoʻlovchilarni muntazam tashish bilan band boʻlgan tashuvchilar koʻradigan zararlarni moliyalashtirish va qoplash tartibi toʻgʻrisida
N I Z O M
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”, “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”, “Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi shaharda aholini harakatlanishning muntazam yoʻnalishlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan cheklangan tariflar boʻyicha aholini umumiy foydalaniladigan transportda tashishlarga tatbiq etiladi.
II. Shahar yoʻlovchilar tashuvchilarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari
3. Xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar, oʻzining investitsiyalari va xorijiy investitsiyalar, budjetdan ajratiladigan mablagʻlar, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar shahar yoʻlovchilar tashuvchilari faoliyatini moliyalashtirishning manbalari hisoblanadi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi:
shahar yoʻlovchilar tashuvlari sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari;
metropoliten qurish;
fuqarolarning ayrim toifalarining transportda bepul va imtiyozli yurishi bilan bogʻliq holda tashuvchilarning olinmay qoladigan daromadlarini subsidiyalar berish orqali qoplash;
yoʻlovchilar stansiyalarini, bekat va dispetcherlik punktlarini loyihalash, qurish, obod qilish va saqlash;
yangi tramvay va trolleybus liniyalari, elektrobusni quvvatlash stansiyalari qurish;
tushumlarning toʻliq yigʻilishini taʼminlash, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini pasaytirish tadbirlarini hisobga olgan holda, cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar va bagajni tashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi munosabati bilan shahar yoʻlovchi tashish transporti tashuvchilari koʻradigan zararlarni qoplash.
Toshkent metropolitenida kunduzi soat 10:00 dan 16:00 gacha boʻlgan kunduzgi davrda pensionerlarni bepul tashishda olinmay qoladigan daromadlarni qoplash;
Ushbu bandning beshinchi—yettinchi xatboshilarda koʻrsatilgan xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladi.
Ushbu bandning yettinchi xatboshida nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish, joriy oyning 5-sanasigacha, avans toʻlovlarini teng holda tasdiqlangan budjet parametrlari boʻyicha amalga oshiriladi. Chorak yakunlariga koʻra, oldindan qilingan toʻlovlar va koʻrilgan zarar hajmlari keyingi davr toʻlovlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini inobatga olgan holda solishtiriladi.
5. Navbatdagi moliya yili uchun ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan maqsadlarga mablagʻlarning aniq summasi asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq aniqlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tasdiqlangan parametrlari doirasida yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari asosida ajratiladi.
6. Transportda tashuvchilar tomonidan har yili mahalliy davlat organlariga tasdiqlash uchun quyidagilar taqdim etiladi:
yoʻlovchilar aylanmasining, shu jumladan oylik transportda yurish kartochkalaridan foydalanuvchi yoʻlovchilarning Oʻzbekiston Respublikasida yoʻlovchilar aylanmasini va umumiy foydalaniladigan avtomobil va elektr transportida shaharda, shaharlar atrofida, shaharlararo, xalqaro yoʻnalishlarda hamda soatlar boʻyicha tashilgan yoʻlovchilar sonini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq aniqlanadigan prognoz koʻrsatkichlari;
daromadlar va xarajatlar hajmlarining prognoz koʻrsatkichlari;
ularning amalda bajarilishi boʻyicha hisobotni har chorakda taqdim etgan holda tushumlarning toʻliq yigʻilishini, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini pasaytirishni taʼminlash tadbirlari.
III. Tashuvchilarning transportda bepul yuruvchi va imtiyozli yoʻlovchilarni tashishi munosabati bilan olinmay qoladigan daromadlarini, shuningdek cheklangan tariflar boʻyicha xizmatlar koʻrsatishdan koʻriladigan zararlarini qoplash
7. Fuqarolarning ayrim toifalarining transportda bepul va imtiyozli yurishi bilan bogʻliq holda tashuvchilarning olinmay qoladigan daromadlarini subsidiyalar berish orqali qoplash har oyda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tasdiqlangan parametrlari doirasida amalga oshiriladi.
Tashuvchilarning olinmay qoladigan daromadlarini qoplashga mablagʻlar ajratish uchun quyidagilar asos hisoblanadi:
shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslarni har yili xatlovdan oʻtkazish natijalari — shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarni tashishda, har oyda teng ulushlar bilan moliyalashtirgan holda;
shahar yoʻlovchi transportini boshqarish organining oylik transportda yurish imtiyozli kartochkalarining amalda sotilishi toʻgʻrisidagi axboroti — transportda imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarni tashishda;
avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi operatorining, transportdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchilarning aniq soni toʻgʻrisidagi axboroti.
8. Joriy oyning 5-sanasiga qadar tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi tomonidan mahalliy budjet parametrlariga kiritilgan tashuvchilarning prognozlashtirilgan zarar koʻrsatkichlariga muvofiq avans toʻlovlari amalga oshiriladi. Chorak yakunlariga koʻra hisobot davri uchun yuzaga kelgan avans toʻlovlari bilan tashuvchilarning amaldagi koʻrgan zararlari miqdoridagi farqiga, navbatdagi avans toʻlovlarini amalga oshirishda tuzatishlar kiritiladi (qoplanadi yoki ushlab qolinadi).
9. Tashuvchilar koʻrgan zararlarni qoplash uchun zarur boʻlgan mablagʻlar summasi tushumning toʻliq yigʻilishi boʻyicha chora-tadbirlarni hisobga olgan holda, amaldagi daromadlar, shuningdek fuqarolar ayrim toifalarining transportda bepul va imtiyozli yurishi bilan bogʻliq holda olinmay qoladigan daromadlarni qoplash summasi bilan amaldagi xarajatlar oʻrtasidagi tafovut tarzida aniqlanadi, bunda koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini pasaytirish tadbirlari hisobga olinadi.
Bunda koʻrilgan zararlarni qoplash summasi qonunchilikka muvofiq shahar yoʻlovchi tashish transportida bepul va imtiyozli yurish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarning ayrim toifalari uchun chegirishlar va imtiyozlarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
Ushbu miqdorlar oʻrtasidagi tafovut nol yoki ijobiy (tashkilotlarning foydasi) boʻlgan taqdirda koʻrilgan zararlar qoplanmaydi.
10. Tashuvchilar koʻrgan zararlarni qoplash miqdoriga yoqilgʻi-moylash materiallari, elektr energiyasi, asosiy ehtiyot qismlar va materiallar narxlari oʻzgarganda hamda cheklangan tariflarni shakllantirishda nazarda tutilmagan bazaviy hisoblash miqdorida miqdori oʻzgarganda, shuningdek liniyadagi tushumning toʻliq yigʻilishini taʼminlash, shuningdek koʻrsatiladigan xizmatlar tannarxini pasaytirish tadbirlari hisobga olingan holda tuzatishlar kiritiladi.
