267-modda. Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi yoki ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish
Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-335-son) · Sana: 18.09.2012 · Amalda
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining, okrug, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi boʻlmagan yoxud tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan eʼtiboran qirq sakkiz soat ichida koʻrib chiqiladi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma prokuror, himoyachi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan boʻlsa, oʻziga nisbatan ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirish masalasi koʻrib chiqilayotgan shaxslarning manfaatlarini ifodalovchi jabrlanuvchining vakili, guvohning advokati, qonuniy vakillar ishtirokida koʻrib chiqiladi. Tibbiy muassasaga joylashtirilayotgan shaxs, agar uning sogʻligʻi imkon bersa, sud majlisida qatnashishga haqli. Zarur hollarda tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish uchun monelik qilmaydi.
Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish prokurorning maʼruzasi bilan boshlanadi, u mazkur protsessual majburlov chorasini qoʻllash zaruratini asoslab beradi. Soʻngra tibbiy muassasaga joylashtirilayotgan shaxs, agar u sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, himoyachi, sudda hozir boʻlgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
