258-modda. Sud ajrimi
Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-335-son) · Sana: 18.09.2012 · Amalda
Sudya ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqib, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida yoki ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishni rad qilish haqida ajrim chiqaradi.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi ajrimida: lavozimidan chetlashtiriladigan shaxs haqidagi maʼlumotlar; uning ish joyi; lavozimdan chetlashtirish asoslari; ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga qoʻyiladigan talab koʻrsatiladi.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirishni rad qilish haqidagi ajrimi asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Sudyaning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi ajrimi u oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi. Ajrim tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbariga ijro uchun, prokurorga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa maʼlumot uchun yuboriladi.
Sudyaning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilgan ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan eʼtiboran yetmish ikki soat ichida ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili, lavozimidan chetlashtirilgan ayblanuvchi ishlagan tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan apellatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud qirq sakkiz soat ichida ularni materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Shikoyat yoki protest berish sudning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi ajrimi ijrosini toʻxtatib qoʻymaydi. Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan eʼtiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmasdan koʻrib chiqishi kerak.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini koʻrib chiqib, oʻz ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini oʻzgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirishsiz qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilish va ayblanuvchiga nisbatan lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qoʻllashga yoki mazkur protsessual majburlov chorasini bekor qilishga haqli.
