3-modda. Ushbu Qonun amal qiladigan soha
Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida (412-I-son) · Sana: 25.04.1997 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslarning yoqilgʻi qazib olish, yoqilgʻi, issiqlik va elektr energiyasi (matnda bundan buyon energiya deb yuritiladi) hosil qilish, ularni qayta ishlash, saqlash, tashish, taqsimlash va sarflash (matnda bundan buyon energiya hosil qilish va uni sarflash deb yuritiladi) bilan bogʻliq faoliyati ushbu Qonun amal qiladigan soha hisoblanadi.
Energiyadan oqilona foydalanish sohasida huquqiy tartibga solish:
energiya hosil qilish va uni sarflash chogʻida energiyadan samarali va ekologik jihatdan xavfsiz foydalanilishini taʼminlashga;
energiya jihatidan samarali texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishni, arzonroq neft mahsulotlari, tabiiy gaz, koʻmir va boshqa turdagi tabiiy yoqilgʻilarni (matnda bundan buyon yoqilgʻi deb yuritiladi) qazib olish va hosil qilishni ragʻbatlantirishga;
energiya hosil qilish va uni sarflash miqdori hamda sifatini oʻlchash va hisobga olishning aniq, toʻgʻri, bir xil boʻlishini taʼminlashga;
energiyaning samarali hosil qilinishi va sarflanishi hamda uning sifati ustidan, energetika asbob-uskunalarining, energiya bilan taʼminlash va energiyani sarflash tizimlarining texnikaviy holati ustidan davlat tekshiruvi hamda nazoratini amalga oshirishga qaratilgandir.
