19-modda. Energiya hosil qiluvchilar va uning isteʼmolchilariga beriladigan imtiyozlar
Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida (412-I-son) · Sana: 25.04.1997 · Amalda
Energiyadan oqilona foydalanish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yuridik va jismoniy shaxslarga:
energiyadan foydalanish samaradorligini ancha oshiradigan maxsus asbob-uskunalar, asboblar va materiallarni import qilishda bojxona bojlari va soliqlar boʻyicha;
oʻz vakolatiga muvofiq boshqa masalalar boʻyicha imtiyozlar beradi.
Energiyadan oqilona foydalanish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik va jismoniy shaxslarga:
energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi davlat, tarmoq va hududiy dasturlar hamda loyihalarni davlat imtiyozli krediti hisobidan moliyalashtirish boʻyicha;
tarmoqlararo ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirish, energiya jihatidan samarador va energiya jihatidan tejamkor asbob-uskunalarning tajriba turkumlarini ishlab chiqarish boʻyicha;
oʻz vakolatiga muvofiq boshqa masalalar boʻyicha imtiyozlar beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
belgilangan normativlarga nisbatan energiya sarfi kamayishini taʼminlagan;
energiya sarfi miqdori belgilangan normativlardagidan kam boʻlgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarayotgan;
yoqilgʻidan ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalanayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga energiya uchun imtiyozli tariflar belgilashi mumkin.
Energiyani tejaydigan texnologiyalarga sarflangan xarajatlar va kapital mablagʻlar qoplanishini jadallashtirish maqsadida asbob-uskunalar, asboblar, qurilish materiallari va konstruksiyalar, koʻplab ishlab chiqariladigan energiya jihatidan samarali va energiyani tejaydigan mahsulotlarni chiqarayotgan, tegishli ishlarni bajarayotgan va xizmatlar koʻrsatayotgan ishlab chiqaruvchilarga, shuningdek mazkur asbob-uskuna, asbob, material konstruksiya, mahsulotlarning joriy etilishini va ulardan foydalanilishini taʼminlayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga qonunchilikka muvofiq soliq boʻyicha imtiyozlar belgilanadi.
Energiya va issiqlik taʼminotini takomillashtirish, uy-joylar, kvartiralar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni energiya sarfini hisobga oladigan, nazorat qiladigan va boshqarib turadigan asboblar bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirayotgan, issiqlik yoʻqolishiga yoʻl qoʻymaslik va energiya sarflashni kamaytirishga, isitish uchun ikkilamchi energiya resurslaridan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan, mahalliy yoqilgʻi turlari va ishlab chiqarish chiqindilaridan foydalanishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni qoʻshimcha ravishda amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslarga energiyani tejash fondi mablagʻlaridan dotatsiya berilishi mumkin.
