Bolalar maydonchalarida texnika xavfsizligiga rioya etish qoidalarini tasdiqlash haqida (32-Б-son)
18.07.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2012-yil 29-avgust, 6-24-/23-8448/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-dekabrdagi 304-son “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011—2015-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 488-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Bolalar maydonchalarida texnika xavfsizligiga rioya etish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2012-yil 16-iyul
32-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yil 18-avgustdagi 32-B-son buyrugʻiga ILOVA
Bolalar maydonchalarida texnika xavfsizligiga rioya yetish
qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-dekabrdagi 304-son “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011—2015-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 51-son, 488-modda) muvofiq bolalar maydonchalarini qurish va undan foydalanishda texnika xavfsizligiga rioya qilinishini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar bolalarning oʻynashi va dam olishi uchun moʻljallangan bolalar maydonchalariga (keyingi oʻrinlarda bolalar maydonchalari deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-dekabrdagi 304-son “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011—2015-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan bolalar maydonchalarining koʻrkam va obod holda saqlanishi, ulardagi oʻyin va sport qurilmalarining (keyingi oʻrinlarda jihozlar deb yuritiladi) texnik jihatdan soz holatda boʻlishiga uy-joy mulkdorlari shirkatlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari masʼuldir.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Bolalar maydonchalarini jihozlanishi, joylashuvi va oʻlchamlari ShNK 2.07.01-03 talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
II bob. Jihozlar va ularning tarkibiga boʻlgan texnika xavfsizligi talablari
5. Bolalar maydonchalari bolalarning oʻz vaqtini mazmunli oʻtkazishi, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga xizmat qiladigan, shuningdek bolalar uchun qiziqarli boʻlgan jihozlar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
6. Bolalar maydonchalarining qulay, koʻrkam va tekis joylarda tashkil etilishi, ularning atrofida sersoya daraxtlar va oʻtirib dam olinadigan hordiq oʻrindiqlar boʻlishi, jihozlar bolalarning yoshi va qiziqishlariga mos zamonaviy va sodda tuzilishga ega boʻlishi hamda ularning sanitariya va xavfsizlik texnikasi talablariga javob beradigan turlarini oʻrnatish lozim.
7. Bolalar maydonchalarida jihozlar Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 22-dekabrdagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalar maydonchalariga qoʻyiladigan talablarga muvofiq boʻlishi lozim.
8. Bolalarning jihozlardan yiqilib tushishlarini oldini olish uchun qoʻl bilan ushlab yurish moslamasi va toʻsiqlar, shu bilan birga yiqilganda jarohatlanishni oldini olish uchun zarbani yumshatuvchi qoplamalar koʻzda tutilishi kerak.
9. Bolalarning yuqoriga chiqishi va sirgʻanib tushishida, uzunligi 2 m, balandligi 2,5 m dan baland boʻlmagan qoʻl bilan ushlab chiqish uchun moslangan sirpanchiqlar bilan jihozlanishi kerak.
10. Sirpanchiqlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
sirpanchiqqa chiqishda narvon, tirmashib chiqish uchun seksiya yoki boshqa moslamalar boʻlishi;
alohida turgan sirpanchiqning balandligi, unga chiqish yoʻllaridan qatʼi nazar, 2,5 m dan baland boʻlmasligi;
ochiq va toʻgʻri sirpanchiqning eni 0,7 m dan kam va 0,95 m dan katta boʻlmasligi;
start maydonchasi uzunligi kamida 0,3 m va qiyaligi 5° gacha, eni — sirpanib tushish uchastkasining gorizontal proyeksiyasi eniga teng boʻlishi;
alohida turgan sirpanchiqlarda start maydonchasi yon tomonining toʻsiqlari balandligi 0,75 m dan kam boʻlmasligi;
sirpanchiqning sirpanib tushish qismi qiyaligi, uning istalgan nuqtasida 60° dan oshmasligi;
sirpanchiqning sirpanib tushish qismi yakuniy boʻlagida oʻrtacha qiyalik 10° dan oshmasligi;
sirpanchiqning yakuniy qismi kamida 0,5 m radius va kamida 100° burchak bilan yer yoʻnalishida aylanma shakliga ega boʻlishi;
sirpanchiqning sirpanib tushish yakuniy qismi chetidan yer yuzasigacha boʻlgan masofa 0,10 m dan koʻp boʻlmasligi;
sirpanib tushish yakuniy qismining yon tomonlarini toʻsib turuvchi moslamalarning balandligi, sirpanib tushish uchastkasining uzunligi 1,5 m dan kam boʻlganida — 0,20 m dan koʻp, shuningdek sirpanib tushish uchastkasining uzunligi 1,5 m dan koʻp boʻlganida — 0,35 m dan koʻp boʻlmasligi;
tunnel shaklidagi sirpanchiqning minimal balandligi va eni 0,75 m boʻlishi;
sirpanchiqlar bolalar maydonchalarida joylashtirilganda yon konstruksiyalardan kamida 1 m va sirpanchiq qiya sirtining pastki qirrasidan oldingi tomonga kamida 2 m xavfsizlik masofalari koʻzda tutilishi shart.
11. Bolalar maydonchalari bolalarning kuchini va ularning egiluvchanligini rivojlantirish maqsadida balandligi 3 m, eni kamida 1 m, koʻndalang yogʻochlar diametri 22 mm, koʻndalang yogʻochlar orasidagi masofa 0,25 m boʻlgan gimnastika devori hamda gimnastika ustunchalari bilan jihozlanishi lozim.
12. Bolalar maydonchalaridagi osma argʻimchoqlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
osma argʻimchoq oʻrindigʻi, tinch turgan holatda, yer yuzasidan 0,35 m dan kam va 0,63 m dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashtirilishi;
osma argʻimchoqlar bolalar maydonchalarida joylashtirilganda yon konstruksiyalardan kamida 1,0 m va ular qiya turganida eng chekka nuqtalaridan oldinda (orqasida) kamida 1,5 m lik xavfsizlik masofalari koʻzda tutilishi shart.
13. Uchoqlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
oʻrindiqlar bolalar uchun qulay boʻlishi va ular oldida ushlagichlari boʻlishi;
oʻrindiqlar muvozanat holatida yer yuzasidan 0,55-0,75 m balandlikda boʻlishi lozim;
oʻrindiqlar yuqoriga va pastga harakatlanish vaqtidagi qiyaligi koʻpi bilan 20° dan oshmasligi zarur;
uchoqning konstruksiyasi unda oʻtirgan bolaning oyoqlarini uchoqning tayanch qismlari tagiga tushib qolmasligini taʼminlashi va oʻtkir qirralar boʻlmasligi;
uchoqlar podshipnik orqali asosga birlashtirilishi shart. Chunki harakatlarning silliq va ravon boʻlishiga podshipniklar vositasidagina erishilishi mumkin. Vertikal uchoq atrofida maʼlum masofagacha xavfsizlik zonasi tashkil etilishi va boshqa jihozlar joylashtirilmasligi talab etiladi.
14. Karusellar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
bolalar maydonchalariga oʻrnatiladigan karusellar oʻzining sodda konstruksiyasi va hajmining kichikligi bilan bogʻlarda oʻrnatiladigan karusellardan farqlanishi;
karusellarda oʻtirgichlar boʻlmasligi va bolalar unda tik turgan holda aylanishlariga moslashgan boʻlishi, shu bilan birga karusellar elektr quvvati bilan emas, kattalarning yoki bolalarning jismoniy harakatlari evaziga harakatlanishi;
er yuzasidan pastki aylanuvchi qismgacha 6 sm dan kam va 11 sm dan koʻp boʻlmagan masofada boʻlishi;
aylanuvchi platformaning pastki yuzasi silliq boʻlishi;
karuselning pastki qismidan yuqori nuqtasining balandligi koʻpi bilan 1 m boʻlishi;
karusellar bolalar maydonchalarida joylashtirilganda yon konstruksiyalardan kamida 2 m va pastki aylanuvchi yuzadan kamida 3 m balandlikdagi xavfsizlik masofalari koʻzda tutilishi.
15. Bolalar maydonchalaridagi jihozlarning materiallari va ularga ishlov berishda qoʻyiladigan talablar:
yogʻochdan ishlangan jihozlar qattiq daraxt turlaridan tayyorlangan boʻlishi va chirish, yonish hamda sinishlarni oldini oluvchi maxsus ishlov berilgan boʻlishi, shuningdek polirovkalangan va uchli qirralari yumaloqlangan boʻlishi lozim;
jihozlarning koʻtarib turuvchi qismlarida metalldan foydalanganda, ular ishonchli birikmalarga ega boʻlishi va tegishli ishlov berilgan (korroziyaga qarshi qoplamaga ega) boʻlishi zarur;
jihozlarning beton va temir beton elementlari silliq yuzalarga ega boʻlishi zarur;
plastik va polimerlardan tayyorlangan jihozlar silliq, yorqin va toza rang, iqlimiy omillar taʼsirida rangini yoʻqotmaydigan yuzaga ega boʻlishi shart.
16. Bolalar maydonchalarida jihozlarni oʻrnatishda belgilangan xavfsizlik masofalari inobatga olinishi lozim.
17. Jihozlarga bolalarning boshlari, boʻyinlari va tananing boshqa qismlarini hamda kiyimlarini tiqilib qolishini imkon qadar oldini olgan holda oʻrnatilishi lozim.
18. Jihozlarda oʻtkir qirrali chiqib turuvchi qismlar boʻlmasligi va bolalar kira oladigan joylardagi barcha burchaklar yumaloqlashtirilgan boʻlishi shart.
19. Bolalar maydonchalarida bolalar sogʻligʻi va xavfsizligiga salbiy taʼsir etuvchi jihozlarni oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Jihozlar nosoz holga kelgan taqdirda, bolalar maydonchasida xavfsizlik taʼminlanishi uchun jihozning oʻsha qismining atrofi oʻrab qoʻyilishi yoki usti yopib qoʻyilishi shart.
21. Atrofi oʻralgan bolalar maydonchalarining asosiy va zaxira kirish-chiqish yoʻllari doim boʻsh boʻlishi shart.
III bob. Yakuniy qoidalar
22. Mazkur Qoidalar talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
23. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B.ZOKIROV
2012-yil 16-iyul
Ichki ishlar vaziri B.MATLYUBOV
2012-yil 16-iyul
Sogʻliqni saqlash vaziri A.IKRAMOV
2012-yil 16-iyul
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T.NARBAYEVA
2012-yil 16-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan kelishilgan T.KUZIYEV
2012-yil 16-iyul
