Quymachilik ishlab chiqarishida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash haqida (122-son)
11.07.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi Boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2012-yil 3-avgust, 6-24-8056/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Quymachilik ishlab chiqarishida xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Boshliq B. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 11-iyul,
122-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal - maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2012-yil 11-iyuldagi 122-son buyrugʻiga ILOVA
Quymachilik ishlab chiqarishida xavfsizlik
qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida” gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) muvofiq quymachilik ishlab chiqarish jarayonida halokat va jarohatlanishning oldini olish hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanayotgan tashkilotlarni oʻz mahsulotlaridan foydalangan holda va halokat oqibatlarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan sanoat xavfsizligiga rioya qilish talablarini belgilab beradi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar quymachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
aspiratsiya — changli havo aralashmalarni soʻrib olib, atmosferaga zararli gazlardan tozalangan havo chiqarish tizimi;
vagranka pechi — quymachilikda choʻyan eritiladigan shixta tipidagi pech;
quritish barabani — materialni namlikdan quritish uchun moʻljallangan uskuna.
3. Mazkur Qoidalar quymachilik ishlab chiqarishiga moʻljallangan bino va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, kengaytirish, texnik jihatdan jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
II. Xavfsizlikka qoʻyiladigan umumiy talablar
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
5. Ishchilarni mehnat xavfsizligiga oʻqitishni tashkil etish va yangi ishga kiruvchilar va kasbini oʻzgartirayotgan ishchilarni tayyorlash va ishchilar malakasini oshirish GOST 12.0.004-90 “SSBT. Mehnat xavfsizligiga oʻqitishni tashkil etish. Umumiy qoidalar” va Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisida namunaviy nizom (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Ishga yangi qabul qilinganlar, shuningdek bir ishdan boshqa ishga oʻtkazilgan ishchilar Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq xizmat koʻrsatishi lozim boʻlgan maʼlum ish oʻrni uchun tashkilot tomonidan tasdiqlangan dastur asosida texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻl-yoʻriq oladilar.
7. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofazasi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi.
8. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
9. Xodimlar Kon-metallurgiya ishlab chiqarish korxonalari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1902, 2009-yil 13-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 7-son, 75-modda) muvofiq yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan taʼminlanadi.
10. Ishchi xodimlar ish boshlanguniga qadar, ish uchun zarur boʻladigan ehtiyotkorlik qurilmalari, asbob-uskunalari, mexanizmlari va moslamalarining mavjudligi va ularning sozligini tekshirib koʻrishlari lozim. Texnologik qurilmalarning ehtiyotkorlik uskunalari, mexanizmlar va moslamalarning kamchilik va nosozliklari aniqlangan taqdirda ishchi xodimlar bu haqida boʻlinma rahbariga xabar berishi lozim.
11. Har bir ish joyida xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilgan boʻlishi lozim.
12. Xavfsizlik qoidalaridan chetga chiqish holatlari mavjud boʻlgan ish joylarida ishlash taqiqlanadi. Ushbu chetga chiqishlarni bartaraf etish ishlarini bajarishga qoʻshimcha xavfsizlik choralari taʼminlangan holda ruxsat beriladi.
13. Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha plakatlar, yoʻriqnomalar va belgilar navbatchilik xonalarida, ish joylarida, agregatlar va odamlar harakatlanadigan yoʻllarga ilib qoʻyilishi lozim.
14. Tashkilotlarda har bir uchastka (obyekt, boʻlinma) uchun yongʻin va portlashdan xavfli toifa oʻrnatilishi va tegishli xavfsizlik choralari nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
15. Statsionar koʻchirish-silliqlash qurilmalarining tuzilishi ehtiyot soyabonlari va changsizlantiruvchi himoya gʻilof-panalagichga ega boʻlishi kerak.
16. Gʻilof-panalagich yirik changni tutish uchun moʻljallangan filtrga va shamollatish tizimining tortish tizimiga biriktirish uchun moʻljallangan patrubkalarga ega boʻlishi lozim.
17. Ishchi zonadagi (ish oʻrinlaridagi) havo GOST 12.1.005-88 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Ishchi zona havosiga boʻlgan umumiy sanitariya-gigiyena talablari”ga mos kelishi kerak.
18. Texnikaviy qurilmalardan xavfsiz foydalanish, texnologik jarayonlar va ishni olib borish tartiblari va sharoitlari mazkur Qoidalar, GOST 12.3.027-04 “Xavfsiz mehnat standartlari tizimi, quymachilik ishlarida xavfsizlik talablari” , GOST 12.2.046.0-04 “Quymachilik ishlab chiqarishi uchun texnologik uskunalar” , SanQvaM 0208-06 “Texnologik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha sanitariya qoidalari va ishlab chiqarish jihozlariga boʻlgan gigiyenik talablari”ga mos kelishi lozim.
19. Quymachilik ishlarini oʻtkazishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillariga quyidagilar kiradi:
havoga zararli moddalarning ajralishi (fenol, aerozol va boshqalar);
yuqori darajada changitish, gazlantirish va ishchi zonaning harorati;
jihozlar, uskunalar va quyma yuzasining yuqori harorati;
yuqori darajadagi shovqin va titrash;
harakatlanuvchi transport va yuk koʻtarish jihozlari, texnologik quyma jihozlarning harakatlanuvchi qismlari;
ogʻirlik va mehnatning keskinlashuvi tufayli jismoniy toliqish;
jarohatlanish yuzaga kelishining yuqori xavfga egaligi.
20. Quymachilik sexlari, uchastkalari hududlarida chuqurchalar, zovurlar va oʻydim-chuqurlar boʻlmasligi lozim. Taʼmirlash vaqtida oʻrnatilgan vaqtinchalik chuqurcha va zovurlar atrofi toʻsiqlar bilan oʻrab qoʻyiladi, tunda esa yoritilishi kerak. Toʻsiqning balandligi 1 m dan past boʻlmasligi kerak.
21. Tashkilot maydonlari va binolarning joylashuvi QMQ 2-89-80 “Sanoat tashkilotlarining bosh plani” talablariga mos boʻlishi lozim.
22. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilishi va rahbar tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
23. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning koʻrinarli joylariga osib qoʻyilishi kerak.
24. Tashkilot hududi (sexlari, uchastkalari) metall qoldiqlari, maishiy chiqindilar va zararli ishlab chiqarish chiqindilaridan tozalanib turilishi lozim.
25. Tashkilot hududida joylashgan quduqlar qopqoqlar bilan yopilgan boʻlishi kerak.
26. Yoʻllar, yoʻlakchalar, tashqi zinalar, transport vositalari va piyodalar oʻtish joylari soz holatda boʻlishi va oʻz vaqtida taʼmirlanishi kerak, yozgi vaqtda u joylarga suv sepib turish, qishda esa qor va muzdan tozalab turish, muzlab qolgan taqdirda esa qum, shlak yoki boshqa sirpanishga qarshi materiallar sepib qoʻyish lozim.
27. Trotuarlar va transport vositalari yoʻllarining temir yoʻllar bilan kesishadigan joylarida, piyodalar va transport vositalari uchun, oʻtish joylari oʻrnatilishi lozim.
28. Temir yoʻllar boʻylab yurish, shuningdek ularning belgilangan joylaridan oʻtish taqiqlanadi.
29. Transport vositalari, avtokarlar, elektrokaralar va boshqa relssiz transport vositalari harakatining tezligi tashkilot hududi boʻyicha tashkilot rahbariyati tomonidan belgilanadi, biroq ishlab chiqarish binolariga kirishda, binolar ichida va u erdan chiqish paytida 5 km/soatdan oshmasligi kerak.
30. Vagrankalar, metall eritish pechlari, suyuq metallga pechdan tashqari ishlov berish va quyish maydonlarining poli tekis boʻlishi kerak.
31. Ishlab chiqarish, sanitariya va maishiy xonalarda shamollatish va isitish tizimi QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
32. Tashkilotlarda qurilish va yigʻish ishlari tugallangandan soʻng shamollatish tizimining loyihaviy quvvati rostlanishi va samaradorlik sinovidan oʻtkazilishi lozim. Shamollatish tizimi ishining samaradorligini sinovdan oʻtkazish kamida bir yilda bir marta oʻtkaziladi.
33. Suv bilan taʼminlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
34. Ish oʻrinlarida shovqin va vibratsiya darajasi SanQvaM №0120-01 “Ish oʻrinlarida shovqinning yoʻl qoʻyilgan darajasining sanitariya meʼyorlari” va SanQvaM №0122-01 “Ish oʻrinlarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya meʼyorlari” talablariga mos kelishi lozim.
35. Bino va inshootlarning ishlab chiqarish xonalaridagi havoda zararli moddalar miqdori SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
36. Yongʻin yoki portlashni yuzaga keltirish xavfi bilan bogʻliq boʻlgan quymachilik ishlab chiqarish obyektlari GOST 12.1.004-91 “Xavfsiz mehnat standartlari tizimi. Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” talablariga muvofiq yongʻin oʻchirish vositalari va yongʻin signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
37. Tashkilotning barcha bino va inshootlariga erkin kirish taʼminlanishi lozim. Bino va yongʻin suv manbalariga kiraverish joylari, shuningdek yongʻin vositalari va jihozlariga boradigan yoʻlaklar doim boʻsh boʻlishi kerak. Binolar oraligʻidagi yongʻinga qarshi yoriqlardan materiallar, jihozlar, taralar va transport vositalari uchun toʻxtash joylari maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
38. Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilot tomonidan “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 16-iyundagi 124-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlab chiqarish nazoratini tashkil etish va amalga oshirish qoidalari” ga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 16-iyuldagi 6-15/12-5550/6-son xulosasiga muvofiq ushbu hujjat texnik hujjat deb topilgan) ishlab chiqarish nazorati tashkil etilishi lozim.
39. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bogʻliq ravishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
III. Elektr xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
40. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini oʻrnatish va ulardan foydalanishda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
41. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritishlar QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talabiga mos kelishi lozim.
42. Yoritqichlarning konstruksiyasi va tuzilishi elektr tarmoqning nominal kuchlanishi va tashqi muhitga mos xolda bajarilishi kerak.
43. Avariya yoritish tarmoqlariga boshqa elektr energiya isteʼmolchilarining ulanishi taqiqlanadi.
44. Yuqori xavfli boʻlmagan xonalarda barcha statsionar yoritqichlar uchun 220 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanishdan foydalanishga ruxsat etiladi.
45. Choʻgʻlanma lampali mahalliy statsionar yoritqichlar uchun quyidagi kuchlanish qoʻllanishi lozim:
yuqori xavfli boʻlmagan xonalarda 220 V dan yuqori boʻlmagan;
yuqori xavfli va oʻta xavfli xonalarda 42 V dan yuqori boʻlmagan.
46. Avariya yoritishlarni sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
47. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak.
48. Yorugʻ tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
49. Yorugʻlik tushadigan deraza va eshiklarni begona predmetlar ( uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) toʻsib qoʻyishiga ruxsat etilmaydi.
50. Sunʼiy yoritishda ikki tizim ishlatiladi: umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qoʻllash taqiqlanadi.
51. Uchastkalar va xonalarda portlash boʻyicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yigʻilib qolish ehtimoli boʻlsa, elektr yoritish tizimi portlashdan himoyalangan holda bajarilishi kerak.
52. Xavflilik darajasi yuqori boʻlgan xonalarda koʻchma elektr yoritqichlardan foydalanilganda kuchlanish 42 V dan yuqori boʻlmasligi kerak. Oʻta xavfli xonalarda, xonalardan tashqari hamda uskunalar va inshootlar (bunkerlar, siloslar, quduqlar, bugʻlantirish kameralari, tunnellar va boshqalar) ichki sirtini yoritish uchun koʻchma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
53. Elektr yoritish tarmoqlari poldan 2,5 m dan past boʻlmagan balandlikdan oʻtgan boʻlishi kerak.
IV. Quymachilik ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Boshlangʻich materiallarni tayyorlashga qoʻyiladigan talablar
54. Boshlangʻich materiallarni hozirlash va tayyorlashga boʻlgan talablar GOST 12.3.027-04 “Xavfsiz mehnat standartlari tizimi, quymachilik ishlarida xavfsizlik talablari” ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
55. Metall eritish agregatlari uchun metall shixtada kam miqdordagi qum kuyindisi boʻlishi lozim.
56. Metall chiqindilarini navlarga ajratish bosh muhandis tomonidan tasdiqlangan texnologik yoʻriqnoma talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
57. Metallni eritish uchun shixta sifatida ishlatiladigan metall (rangli metallar, choʻyan, poʻlat va boshqalar) qirindilari moysizlantirilgan, quritilgan va eritish agregatlariga solinishidan avval isitilgan boʻlishi kerak.
58. Shixta materiallarini eritish agregatlariga solishdan oldingi hozirlash jarayoni (eritish va boshqalar) ushbu materiallarning texnik shartlariga muvofiq soʻruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan maxsus ajratilgan uchastkalarda amalga oshirilishi lozim.
59. Eritish agregatini metall bilan toʻldirishdan avval quyidagilarni bajarish lozim.
shixtaning portlash va radiatsion xavfsizligini tekshirish, belgilangan tartibda metall chiqindilarini qabul qilish, tashkilotga kelib tushgan paytda radiatsion xavfsizligini nazorat qilish;
tegishli fraksiyalarni, neft mahsulotlari va begona narsalardan tozalanganligini va quritilganligini tekshirish va bu haqda jurnalga qayd qilish.
2-§. Boshlangʻich materiallar, yarim fabrikatlar va ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transport vositasida tashishga qoʻyiladigan talablar
60. Xavfli va zararli moddalar soʻruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan alohida xonalarda, zich yopiladigan idishlarda saqlanishi lozim.
61. Fosforli, marganetsli va kremniyli misni yopiq bochkalarda yoki qutilarda saqlash lozim.
62. Magniy va uning qotishmalari yongʻinga qarshi toʻsiqlar bilan jihozlangan, alohida izolatsiyalangan xonalarda germetik idishlarda saqlanishi lozim. Magniy omborlarini eritish uchastkalari va yengil alangalanuvchi suyuqliklar omborlariga yaqin joyga joylashtirishga ruxsat etilmaydi. Magniy omboridan uni eritish boʻlinmasigacha (eritish uchastkasi) boʻlgan masofa 20 m dan kam boʻlmasligi lozim. Kichik hajmli ishlab chiqarish uchun (yiliga 5 t quyma) eritish uchastkalariga yaqin joyda saqlanadigan magniy va uning qotishmalari zaxiralari bir kunlik isteʼmoldan oshmasligi kerak.
63. Saqlash uchun qabul qilinadigan alyuminiy qirindisi quruq, moy va kir izlarisiz boʻlishi lozim.
64. Maxsus sex omborlarida saqlanadigan yengil alangalanuvchi suyuqlik tashkilotning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan texnologik yoʻriqnoma bilan aniqlanishi lozim.
65. Zararli moddalar ajratib chiqaruvchi sochiluvchan materiallarni soʻruvchi shamollatish tizimiga ulangan yopiq qutilarda saqlash kerak.
66. Quymachilik ishlab chiqarish chiqindilarini chiqindixonalarda saqlash, faqat ularni utilizatsiyalash va regeneratsiyalash imkoniyati boʻlmagan hollarda amalga oshirilishi lozim. Ularni joylashtirishdan avval qora va rangli metallar ajratib olinishi lozim.
67. Xavfli va zararli moddalar chiqindilarini utilizatsiyalash, neytrallash, joylashtirish yoki koʻmish tartibi, shuningdek chiqindilar rekultivatsiyasi texnologik yoʻriqnoma bilan aniqlanishi lozim.
68. Chiqindilarni yuklash, tashish, tushirish va joylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha ishlar mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Chiqindilarni tashish maxsus jihozlangan transport vositasida, yoʻlda ketayotganda yoʻqotishlarga va atrof muhitni ifloslanishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirilishi lozim.
3-§. Qolipli va oʻzak qorishmalariga qoʻyiladigan talablar
69. Qorishma tayyorlash boʻlinmalarining mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan tizimlarini boshqarish markazlashtirilgan holda boʻlishi lozim.
70. Qoliplash va oʻzak qorishmalarini tayyorlashning asosiy jarayonlari, boshlangʻich materiallarni tashish maksimal darajada mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
71. Qorishma komponentlarini bunker-dozatorlardan yoʻrgʻalarga yuklash mexanik tarzda, toʻkmasdan amalga oshirilishi lozim.
72. Yengil alangalanuvchi suyuqliklar idishlarini ochish, yongʻin va portlashdan xavfsiz joylarda, yashin hosil qilmaydigan asbob bilan amalga oshirilishi kerak.
73. Yengil alangalanuvchi suyuqliklarni toʻkish va quyish operatsiyalari, yashin paytida, elektrpayvandlash ishlari olib boriladigan joylarda va uchqun hosil qiluvchi mexanik va elektr qurilmalari yaqinida oʻtkazilmasligi lozim. Xonalarda statik elektrdan himoya qiluvchi moslamalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
74. Quyish moslamalarida eritmalarni qotib qolganlarini isitish ochiq olovdan foydalanilmagan holda olib borilishi lozim.
75. Ish vaqtida konveyer lentalarini yopishib qolgan qotishmalardan tozalash avtomatik tarzda oʻtkazilishi lozim. Qoʻlda tozalashni esa faqat mexanizmlar toʻxtatilganidan soʻng oʻtkazish lozim.
76. Bunkerlar, yoʻrgʻalar, separatorlar, transportyorlar, qotishmani namlovchi apparatlarning ish maydonchalari, shuningdek koʻprikchalar va galereyalar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
oʻtish joylari va galereyalarning ish maydonlari toʻshamalari, quvurli oʻtkazgichlar, kran moslamalaridan bino, ferma qismlarigacha boʻlgan masofa 2 m dan kam boʻlmasligi kerak;
balandlikda joylashgan maydonlarning transportyorlari va agregatlar orasidagi yoʻlak va galereyalarning eni 0.7 m dan kam boʻlmasligi shart (transport vositasi va mexanizmlar bilan bevosita ish olib borish maydonchalari enini hisobga olmagan holda). Oʻtish joylari va ish maydonidagi toʻshamalar yaxlit yoyilgan boʻlishi kerak;
erdan balandligi 1 m boʻlgan bunker va aralashtirgich yaqinidagi ish maydonchalarining eni 1 m dan kam boʻlmasligi, ish olib borishda qulay va xavfsiz boʻlishi kerak;
qorishmalar tayyorlash mashinalari va moslamalari galereyalariga olib chiquvchi zinalarning burchagi 60° dan ortiq boʻlmagan holatda eni 0.7 m dan kam boʻlmasligi kerak.
Qoliplash va oʻzak qorishmalarni, quyishdan soʻng hosil boʻlgan metall chiqindilarining ogʻirlik bosimi ostida qolishi koʻzda tutilmagan maydonchalarda yigʻilib qolishi taqiqlanadi.
77. Qoliplash qurilmalarining plitalarini qorishmalar chiqindilaridan tozalash mexanizatsiyalashtirilgan mahalliy chang tozalash qurilmalari yordamida amalga oshirilishi lozim.
78. Mexanizmlar qurilmasi, ochiq lyuklar va oʻchirilgan shamollatish tizimi ostida ishlashiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovkalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Barabanli elaklar yuklash uchun moʻljallangan qabul voronkasiga ega boʻlgan himoya gʻiloflari, shamollatish tizimiga ulash uchun patrubkalar va xizmat koʻrsatish lyuklari bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Elak romining maydoncha bilan tutashganligining zichligini taʼminlash uchun uning pastki qismi tekis yuzaga ega boʻlishi lozim.
79. Qoliplash va qorishmalarini tayyorlash uchun aralashtirgichlar va mashinalarning texnik pasportiga muvofiq ular yuklash darchalariga ega boʻlgan himoyalash vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
80. Namunalarni qoʻlda tanlab olish usulida (konus yoki qoshiqda) aralashtirgichlar toʻxtatilgan boʻlishi lozim.
81. Aralashtirgichlarga qotishmalar va qoʻshimcha moddalarning boshlangʻich komponentlari bunker-dozatorlardan toʻkilib amalga oshiriladi. Mahsulot chiqarish qopqoqlari va dozatorlar zatvorlari ularni xavfsiz ochilib yopilishini taʼminlab beruvchi mexanizmlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
82. Likobli qorishtirgichlarning ish boʻshligʻi shamollatish tizimiga biriktirish uchun changdan saqlovchi patrubkali qopqoq bilan yopilgan boʻlishi lozim.
83. Parrakli qorishtirgichlar lyuklarining eshiklari, ishchi boʻshliqdan chang chiqib ketmasligi uchun zichlagichlarga, shuningdek agar hech boʻlmasa bitta eshik ochiq boʻlsa qorishtirgichlar ishini toʻxtatuvchi blokirovkaga ega boʻlishi kerak.
84. Parrakli qorishtirgichlar toʻldirish zonasida mahalliy tortuvchi shamollatish tizimi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
85. Suyuq bogʻlovchi kompozitsiyalar qatlamlarga ajratilib ketishining oldini olish uchun foydalaniladigan parrakli qorishtirgichlar tuzilishlarida quyidagilar nazarda tutilgan boʻlishi lozim:
qorishtirish zonasini yaxlit yopish;
qorishtirgichdan iflos havoni chiqarib tashlash uchun shamollatish tizimi.
86. Aralashmani sovitishga tayyorlash uchun davriy harakatdagi muqim qurilmalar tuzilishlarida quyidagilar nazarda tutilgan boʻlishi lozim:
tirqishlarda havo oqimi harakatining 0,5 m/s dan past boʻlmagan tezligini taʼminlovchi, bunkerlardan havoni soʻrib oluvchi patrubkalari;
ortish va material yetkazib berish zonasida havoni soʻrib olish uchun moʻljallangan dozatorlar va qorishtirish kameralari germetizatsiyasi;
qorishtirgich lyuki ochiq holda ishlovchi qurilmadan tashqari boshqa blokirovkalar.
87. Qorishmalar tayyorlashda qotirgichni eritish uchun moʻljallangan qurilmalar germetik boʻlishi va namunalarni xavfsiz tarzda olish tizimini taʼminlab berishi lozim.
88. Lentali transportyorlar yoki bunkerli taʼminlagichlar va elaklar yuklash tirqishlarini biriktirish joylari, shuningdek elangan materiallarni toʻkish joylari yopilgan boʻlishi kerak. Yopilgan narsalar shamollatish tizimiga biriktirilgan boʻlishi lozim. Ochiq tirqishlardagi soʻrib olinadigan havoning tezligi 3 m/s dan kam boʻlmasligi lozim.
89. Qorishmani saqlash bunkerlari bunker ichiga ishchilar yiqilib tushmasligi uchun ustki tomonidan himoya toʻsiqlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
90. Lentali transportyorlar ishlayotganda shunday blokirovkalangan boʻlishi kerakki, bunda ularni pastga tushirganda, toʻxtatganda yoki avariya hollarida tashiladigan material uyulib qolmasligi lozim.
91. Zararli moddalar ajratib chiqaruvchi materiallarni uzatish uchun moʻljallangan lentali transportyorlar, soʻruvchi shamollatish tizimiga biriktirilgan yopish moslamalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
92. Qorishma tayyorlash mashinalari va mexanizmlarining ishga tushishi va toʻxtatilishi texnologik hujjatlarga muvofiq aniq ketma-ketlik boʻyicha amalga oshirilishi lozim.
93. Taʼmirlash, moylash, tozalash va ichki koʻriklar oʻtkazish paytida qorishma tayyorlash mashinalari oʻchirilgan boʻlishi, elektr sxemalari esa qismlarga ajratilgan boʻlishi lozim.
94. Xizmat koʻrsatuvchi xodim lentali transportyorlarni kesib oʻtish joylarida balandligi 1 m dan kam boʻlmagan toʻsiqli koʻprikchalar oʻrnatilishi lozim.
95. Qorishmalarning davriy xarajati uchun omborlarning zatvorlari sekin-astalik bilan uzatishni taʼminlovchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
4-§. Andoza uskunalarini tayyorlashga qoʻyiladigan talablar
96. Andoza uskunalarini tayyorlash boʻyicha texnologik jarayon bir necha bosqichdan iborat boʻlib, ularga arralangan materiallarni tayyorlash va boʻlaklarga ajratish, andoza uskunasini yigʻish, andozalar va oʻzak qutilariga ishlov berish, qurilmani shpaklevkalash va boʻyash kiradi.
97. Andoza uskunalarini tayyorlashda yogʻochga ishlov berish dastgohlaridan foydalanish lozim.
Ushbu dastgohlar quyidagi ikki guruhga ajratilishi lozim:
boʻlib beruvchi;
ishlov beruvchi.
98. Boʻlib beruvchi dastgohlarga taxtalarni eni va uzunligi boʻyicha boʻlish uchun moʻljallangan uzunasiga va koʻndalang arralash qurilmalari kiradi.
99. Sirkulyar dastgohda uzunasiga arralaganda arraning orqa tomoniga quyidagi talablarga javob bera oladigan ajratib beruvchi pichoq oʻrnatiladi:
pichoqning arraga qaratilgan qirrasi, uning enining 1/5 qismidan ortiq boʻlmagan tarzda oʻtkirlangan boʻlishi lozim;
pichoqning yoʻgʻon qismi changni ajratish enidan 0,5 mm dan yuqori kattalikda boʻlishi lozim;
pichoqning dastgoh stolidan balandligi arra diskidan ortiq boʻlmasligi lozim;
pichoqning oʻtkirlangan qismi va har qanday diametrdagi arraning orqa tishlari oraligʻidagi masofa 10 mm dan oshmasligi lozim;
pichoqni mahkamlash konstruksiyasi, arra almashtirilganda uni tez va yengil oʻrnatilishini taʼminlashi, shuningdek pichoq doimo tekislikda joylashishini kafolatlagan boʻlishi lozim;
arraning diski ustki tomonidan sektori boʻyicha tishli, arra diskining aylanishiga qarama-qarshi yoʻnaltirilgan himoya gʻilofi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
100. Taxtalarni koʻndalangiga arralash uchun quyidagi talablarga javob bera oladigan mayatnik-diskli arralar oʻrnatilishi lozim:
disk ustki tomonining 2/3 qismi gʻilof bilan yopilgan va ishchi harakatdan soʻng mustaqil ravishda boshlangʻich holatga, stol zonasiga qaytib keladigan;
stolda orqa tirgak plankasi, stolga mahkamlangan harakatlanuvchi oʻlchov tirgak mavjud boʻlgan.
101. Ishlov beruvchi dastgohlarga lentali arralar, randalash, reysmusli, frezer, nusxalash-frezer, tokarlik, vertikal-parmalash dastgohlari kiradi.
102. Lentali arralash dastgohi, maxsus moslamalarni qoʻllagan holda qirralarga burchak ostida va turli egri chiziqli yoʻnalishlarda ishlov berish uchun ishlatiladi.
103. Dastgoh arra barabanini qirindilardan tozalovchi hamda lentaning materialini uzatish tomoniga tushib ketmasligining oldini oluvchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
104. Randalash dastgohi taxtalarning yuzasini randalash uchun moʻljallangan.
Uzunligi 400 mm, eni 50 mm, yoʻgʻonligi 30 mm dan kam boʻlgan yarim tayyor mahsulotlarni randalash, qoʻlda uzatishda faqat maxsus dastak-itargichlar yordamida amalga oshirilishi lozim
105. Maxsus shablonlarga materialni oʻrnatib randalashdan tashqari, turli xil egri yuzalarni randalash taqiqlanadi.
106. Reysmusli dastgoh yuzalari, berilgan yoʻgʻonlikkacha randalash uchun moʻljallangan uzatuvchi roliklarga ega boʻlgan, nazorat qilib turiladigan pastki stolga ega, randalashning eng past uzunligi 500 mm, yoʻgʻonligi 5 mm, eni 600 mm boʻlishi kerak.
107. Frezerli dastgoh turli xildagi egri chiziqli yoʻnalishlarda, tarnovchalar, tsapfalar qirralariga ishlov berish uchun moʻljallangan, stol shpindelidan va yechib qoʻyiladigan chizgʻichdan iborat boʻlishi lozim. Shpindelga turli konfiguratsiyali frezalar, pichoqlar va turli shakldagi disklar mahkamlanishi kerak.
Egri chiziqli yoʻnaltiruvchi yordamida chiziqli detallarga ishlov berishda, material moslamalar bilan ham chizgʻichga ham stolga siqib mahkamlangan boʻlishi lozim.
108. Nusxalash-frezer dastgohlari shablon boʻyicha andoza va oʻzak qutilarining ichki va tashqi yuzalarini murakkab yoʻnalish boʻyicha ishlov berishga moʻljallangan.
Shablonlar stollarga, ishlov berilayotgan detallar shablonlarga moslamalar yordamida mahkamlanishi lozim.
109. Tokarlik dastgohlari yuzasi yumaloq-silindr va konussimon-sferik shakldagi detallar tayyorlash uchun moʻljallangan. Ogʻir detallar oʻrnatilganda markazda, uning burchagiga mos keluvchi tirnoqli va chuqurlashtirish tirqishlariga ega boʻlgan mustahkam metall tirgakli plastinalarni qoʻllash zarur. Qirrali shaklga ega boʻlgan yarim tayyor mahsulotlarga aylanish jismining shaklini berish uchun ularni yoʻnish yoki arralash lozim. Diametri unchalik katta boʻlmagan, 800 mm dan uzun boʻlgan detallarga ishlov berishda tegishli lyunet qoʻllanilishi lozim. Charxlangan detallarni jilvir qogʻoz bilan tozalash maxsus dastaklar yordamida amalga oshirilish lozim.
110. Parmalash dastgohlari detallar va yarim tayyor mahsulotlarda tirqishlarni parmalash uchun moʻljallangan. Parma shpindelga Morze konuslari va patronlar yordamida mahkamlanadi. Bunda detallar plankalar yoki richaglar bilan qisib qoʻyiladi.
111. Andoza uskunalarini tayyorlash va ishlov berish jarayonini olib boruvchi texnologik xodim yogʻochga ishlov beruvchi jihozlarning barcha turlarida ishlash koʻnikmalarini mukammal oʻzlashtirgan boʻlishi lozim.
112. Yogʻochga ishlov berish jarayonlari GOST 12.3.042-88 “Yogʻochga ishlov berish ishlab chiqarishi. Umumiy xavfsizlik talablari” ga mos kelishi lozim.
113. Duradgor-andozachilar yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlangan hamda elektr toki bilan shikast yetkazilganda va jarohat olganda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalariga ega boʻlishlari, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha qoidalar va yoʻriqnomalarga rioya qilishlari lozim.
114. Yogʻoch andozalarni yopishtirish maxsus jihozlangan joylarda, havoni tortib olish moslamasi ostida amalga oshirilishi lozim.
115. Shisha matoni bichish va plastmassa modellarga mexanikaviy ishlov berish uchun moʻljallangan stollar, changdan yengil tozalanadigan materialdan tayyorlangan boʻlishi va mahalliy havo tortib olish moslamalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
116. Komponentlarni (qattiqlashtirgichlar, toʻldirgichlar va boshqa reagentlar) maydalash yopiq turdagi chang chiqarmaydigan maydalagichlarda, qattiqlashtirgichlar bilan smola qorishmasini tayyorlash esa qorgʻichli germetik apparatda amalga oshirilishi lozim.
117. Jihozdan bogʻlovchi materiallar qoldiqlarini yuvish uchun benzol, toluol, xlor toʻrt uglerodi va boshqa toksik eritmalardan foydalanilmaslik lozim.
118. Qotmagan epoksid smolaning ortiqcha oqib qolgan joylarini olib tashlash uchun tashkilot texnologik yoʻriqnoma boʻyicha belgilangan eritmalardan foydalanishi lozim.
119. Smola va bogʻlovchi komponentlardan qolgan idishlarni shamollatish tizimi bilan jihozlangan maxsus xonada mexanizatsiyalashgan holda yuvish lozim.
120. Tarkibida epoksid smola mavjud boʻlgan xomashyo va bogʻlovchi materiallar soʻruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan maxsus omborxonalarda saqlanishi lozim.
121. Apparatlar va idishlar ichida taʼmirlash, tozalash va boshqa ishlarni bajarish, barcha jihozlar kommunikatsiyalardan oʻchirib tashlangach, texnologik yoʻriqnomalarga muvofiq naryad-ruxsatnoma orqali amalga oshirilishi lozim.
5-§. Metall quyish qoliplari va oʻzaklar tayyorlashga qoʻyiladigan talablar
122. Silkinuvchan qoliplash qurilmalari vibroizolatsiyalangan asosga oʻrnatilishi lozim. Qorishmani zichlashtirish paytida metall quyish qolipini ushlamaslik lozim.
123. Burilish va osma stolli qoliplash qurilmalarining konstruksiyasi quyidagilarni taʼminlashi lozim:
andoza plitalari va metall quyish qolipi tirgaklarining stolga ishonchli mahkamlanishi;
metall quyish qoliplari va andoza plitalarining oʻz-oʻzidan ajralishiga imkon bermaslik;
metall quyish qolipi va andoza plitasi massasining taʼsiri ostida birikkan qismlarning oʻz-oʻzidan burilishiga yoʻl qoʻymaslik.
124. Osma stolli mashinalarda tushirilgan richaglar stol burilishi va yer oraligʻidagi tirqish 150 mm dan past boʻlmasligi yoki richagning maxsus toʻsiqlari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
125. Osma stolli mashinalarda siqilgan havoning bosimi birdan tushib ketgan holda, shuningdek burilish vaqtida, osma stolning oʻz-oʻzidan boshlangʻich holatga qaytib kelishini bartaraf etuvchi qurilmalar koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
126. Buriluvchan stolli va aravachali mashinalarda metall quyish qoliplarini qabul qilish uchun aravachalarni mashina ostidan mexanizatsiyalangan usulda tashish lozim.
127. Buriluvchan press traversli mashinalarda traversning ishchi holatini belgilash koʻzda tutilgan boʻlishi zarur. Press traverslarning burilishi, burilish kuchi 50 N (5 kgs) ortiq boʻlsa, mexanizatsiyalangan boʻlishi zarur.
128. Metall quyish qolipi va oʻzak yuklangan aravachani quritish pechlari kameralariga olib kirish va ularni boʻshatish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi zarur.
129. Metall quyish qoliplari va oʻzaklarning yuzasini zararli moddalar ajratadigan kuyishga qarshi boʻyoqlar bilan qoplashni, tashkilotning texnologik yoʻriqnomasiga muvofiq, soʻruvchi shamollatish tizimi ostida amalga oshirish lozim.
130. Quritish qurilmasi yoki tutun moʻrisi ichida (ularni oʻchirilgan va sovutilgan holatda) portlash xavfsizligi jihozlari va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanib, naryad-ruxsatnoma orqali ish olib borish lozim.
131. Gazda va elektr energiya yordamida ishlaydigan quritish pechlarida texnologik yoʻriqnoma talablari asosida ish olib borish lozim.
132. Boʻyalgan oʻzaklarni quritish xonasi, soʻruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
133. Metall quyish qoliplari muvozanatni va xavfsiz ilintirishni, shuningdek ularni yuk koʻtarish moslamalari yordamida xavfsiz tarzda tashilishini taʼminlovchi mustahkam mahkamlangan tsapfalar, quloqchalar, dastalar, skobalarga ega boʻlishi lozim.
Metall quyish qolipi burilayotgan va joylashtirilayotgan paytda takelajli (poʻlat arqonli) moslamalardan uzilib ketishi (chiqib ketishi)ning oldini olish uchun tsapfalarning uchida halqali bogʻlar boʻlishi shart.
134. Rolganglar orqali tashiladigan metall quyish qoliplari, qoʻllar ular oraligʻida qisilib qolmasligi uchun maxsus moslamalar bilan taʼminlangan boʻlishi zarur.
135. Ikki metall quyish qolipini biriktirish, mustahkam toʻsiqli moslamalar yoki kerakli yuk bilan amalga oshirilishi zarur.
136. Umumiy massasi 60 kg dan ortiq boʻlgan oʻzaklar (oʻzak qutilari)ni hoshiyalash mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
137. Agar metall qoliplash qurilmalarining ostida odamlar boʻlsa, metall quyish qoliplarini ilintirilgan holatda sozlash va pardozlashga ruxsat etilmaydi. Ushbu maqsadlar uchun metall quyish qoliplari maxsus tirgaklarga tushirilgan boʻlishi zarur.
138. Pnevmatik metall qoliplash qurilmalarning ishga tushirish rukoyatkalari bexosdan ishlab ketishini oldini olish maqsadida toʻsiqlar va fiksatorlarga ega boʻlishi zarur. Rukoyatkalarni siljitish kuchi 39 N dan oshmasligi kerak.
139. Metall qoliplash qurilmalariga qorishma yuklash odatda bunkerlar orqali amalga oshiriladi. Bunkerli zatvor richaglari qoliplovchi ishlaydigan joyda, xizmat koʻrsatish uchun qulay va xavfsiz joyda joylashgan boʻlishi zarur. Richagdagi pasangi mahkam mustahkamlangan va yopilgan boʻlishi zarur.
140. Moslamalar, metall quyish qoliplari va oʻzaklar yuzasidagi qum va boshqa mayda zarralarni chang tortish qurilmalari yoki choʻtka-supurgich bilan tozalash kerak. Zarur hollarda, nafas olish yoʻllari uchun yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllagan holda, soʻruvchi shamollatish tizimi bilan jihozlangan alohida izolatsiyalangan kameralarda siqilgan havoni haydashga ruxsat etiladi.
141. Metall quyish qoliplari va oʻzaklarning yuzasini zararli moddalar ajratadigan kuyishga qarshi boʻyoqlar bilan qoplash, tashkilotning texnologik hujjatlariga muvofiq soʻruvchi shamollatish tizimi ostida amalga oshirilishi lozim.
142. Oʻzak qutilari va plitalar konstruksiyasi ularni joylashtirish paytida qulaylikni taʼminlab berishi zarur. Oʻlchamlari boʻyicha unifikatsiyalangan plitalarni qoʻllash tavsiya etiladi. Poʻlat arqonli zanjirlar bilan ilintirish uchun tarnovchaga ega boʻlmagan, toʻldirilgan tsapfali, qolipsiz, tirgash panjaralari boʻlmagan, bukilgan mustahkam shtirli oʻzak va modelosti plitalarni qoʻllashga ruxsat etilmaydi.
143. Oʻzak qutilari, ularni qoliplovchi silkinish mashinalariga mustahkam qilib mahkamlash moslamalariga ega boʻlishi zarur.
144. Oʻzaklarni quritish etajerkalari poʻlat arqonli zanjirlarni ilintirish uchun mustahkam ilgaklarga va oʻzakli plitalarning tushib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun tirgakli panjaralarga ega boʻlishi kerak.
145. Ogʻirligi 6 kg dan ortiq boʻlgan oʻzaklarni tayyorlashda oʻzakli mashinalarning oʻzaklari avtomatik va mexanik ajraladigan moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
146. Oʻzak qutilari, andozalar, qolip va oʻzaklar yuzasidan qum, chang va boshqa zarralarni tozalash uchun aspiratsiya tizimi va shunga oʻxshash boshqa qurilmalar qoʻllanilishi lozim.
147. Oʻzaklarning qotish zonasi yaxlit shamollatish tizimiga ega himoyalangan joyda boʻlishi lozim.
148. Quritish pechlari (kameralari)ning eshiklari zich yopilgan boʻlishi lozim. Quritish xonalari eshiklarida mahalliy soʻruvchi moslamalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
149. Quritish pechlarining chuqurchalari balandligi 1 m dan past boʻlmagan metall toʻsiqlar bilan toʻsilgan boʻlishi va qulay tushishga ega boʻlishi zarur. Yuklarni kranlar bilan joylashtirish mumkin boʻlgan zonalarda joylashgan chuqurchalar mustahkam panjaralar bilan yopilgan boʻlishi zarur.
150. Metall quyish qoliplarini erda va oʻzaklarni quritish uchun mangaldan foydalanishga ruxsat etilmaydi. Ushbu maqsad uchun elektr isitish va gaz bilan isitadigan quritish qurilmalarini qoʻllash, shuningdek boshqa zamonaviy quritish uslublarini (metall quyish qolipi va oʻzaklarni suyuq shisha bilan SO2 qoʻllagan holda kimyoviy usulda qotirish, infraqizil qizdirgich va boshqalarni qoʻllab yuzasini quritish) qoʻllash tavsiya etiladi.
151. Metall quyish qoliplari va oʻzaklarni quritish va muzlatish shunday usulda amalga oshirilishi lozimki, bunda issiqlik va gazlar ishchi zonaga tushib qolmasligi zarur.
152. Metall quyish qoliplari va oʻzaklar tayyorlash uchun tayyor qorishma qizdirilayotgan moslamada yopiq metall sigʻimlarda yoki bunkerlarda 30°S dan yuqori boʻlmagan harorat ostida saqlanishi lozim.
6-§. Metall quyish va qoliplashga quyiladigan talablar
153. Eritilgan metallni qoliplarga quyish joyiga tashish mexanizatsiyalangan boʻlishi va avvaldan belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirilishi zarur.
Suyuq metallni qoliplash joyiga yetkazib berish uchun moʻljallangan ishchi vositalari, yuk koʻtarish mexanizmlari, issiqlikdan himoya qiluvchi ekranlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
154. Metall quyish choʻmichlarini quritish va taʼmirlash maxsus stendlarda yoki mahalliy soʻruvchi moslamalar bilan jihozlangan maydonchalarda oʻtkazilishi lozim.
Metall quyish choʻmichlarini taʼmirlash ishlari ularni 45 °S dan yuqori boʻlmagan haroratgacha sovutilgandan soʻng amalga oshirilishi lozim.
155. Taʼmirlash xodimlarini yirik metall quyish choʻmichlarida ishlashga, osilib turgan shlak, metall va futerovka qoldiqlaridan tozalangandan soʻng ruxsat beriladi.
156. Qoʻlda tashiladigan metallning bir ishchiga mos keladigan massasi 15 kg dan oshmasligi lozim.
157. Pechdan metallni chiqarishdan avval novni futerovkasida nuqsonlarning yoʻqligini tekshirish va uni yaxshi quritish lozim.
158. Yuk koʻtarish mexanizmlaridan foydalanuvchi metall quyish uchastkasining ishchilari, ushbu qurilmalardan xavfsiz foydalanish qoidalari boʻyicha oʻqitilgan va tegishli guvohnomaga ega boʻlishlari kerak.
159. Metall quyish uchastkalaridagi koʻprikli kranlar va telferlar kabinalari yopiq turda va yaxshi shamollatish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
160. Baland quyma qoliplarni quyish maxsus tayyorlangan maydonchalarda amalga oshirilishi lozim.
161. Metall quyish choʻmichlari va tigellar, ularning sigʻimlariga qaramasdan, ichki balandligi 0,88 m dan ortiq boʻlmagan balandlikda, suyuq metall bilan toʻldirilgan boʻlishi lozim.
162. Metallni qoliplarga quyishdan avval metall quyish choʻmichlari nuqsonlar yoʻqligiga tekshirishdan oʻtkazilishi, quritilgan boʻlishi va texnologik yoʻriqnomada koʻrsatilgan haroratgacha qizdirilgan boʻlishi zarur.
163. Koʻtarma kranlar bilan joylashtiriladigan, sigʻimi 0,5 t va undan yuqori boʻlgan metall quyish choʻmichlari metall va shlak sachratmalardan gʻilof bilan himoyalanadigan, oʻz-oʻzidan toʻxtaydigan, chuvalchangsimon uzatma va burish chegaralagichiga ega boʻlishi lozim. Burish mexanizmining sozligi har gal metall quyish choʻmichini metall quyishga tayyorlashda tekshiriladi.
164. Sigʻimi 0,5 t dan past boʻlgan, chuvalchangsimon uzatmalarga ega boʻlmagan koʻtarma kranlar yordamida harakatlantiriladigan metall quyish choʻmichlari, agʻdarilib ketishga yoʻl qoʻymaydigan tirgakli qurilmalarga ega boʻlishi kerak.
165. Eritilgan metall bilan toʻldirilgan metall quyish choʻmichlarining ogʻirlik markazi, vertikal holatda aylanish oʻqidan 50-100 mm past boʻlishi kerak. Ushbu shart, yuk koʻtarish qurilmalari bilan koʻtariladigan, doimiy ravishda mahkamlangan va qoʻl zambiliga qoʻyiladigan barcha metall quyish choʻmichlari va tigellar uchun majburiy.
166. Eritilgan metall solingan metall quyish choʻmichi va tigellarni aravalarga joylashtirishda, aravachalarda ularning toʻkilib ketishining oldini olish choralari koʻrilgan boʻlishi lozim.
167. Eritilgan metall solingan metall quyish choʻmichini joylashtirish uchun moʻljallangan yuk koʻtarish qurilmalarining poʻlat arqonlari va zanjirlari, shuningdek metall quyish choʻmichlari traverslari, issiqlik nuri va metall tomchilarining bevosita taʼsiridan tegishli toʻsiqlar bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
168. Tuzilishi toʻxtatkich bilan boʻlgan metall quyish choʻmichlari va ulardan foydalanish quyidagi talablarni qondirishi lozim:
metall quyish choʻmichi toʻxtatkichini yopish mexanizmi, boshqarish vintiga ega boʻlishi zarur;
metall quyish choʻmichi mahkamlagichining tutqichi buriluvchan boʻlishi zarur;
toʻxtatkichning alohida naylari oraligʻidagi tirqishlar mahkam yopilgan boʻlishi zarur;
metall quyish choʻmichining chiqish teshigi uchun magnezit, grafit va yuqori sifatli shamot gʻishtdan tayyorlangan stakanlar qoʻllanilishi lozim;
toʻxtatkichning tiqini toʻxtatkichga mahkamlangan va stakanga ishqalab mahkam yopilgan boʻlishi shart;
pechning novi ostida stoporni metall quyish choʻmichiga oʻrnatishga ruxsat etilmaydi;
toʻxtatkichni oʻrnatishdan avval futerovakaning sozligini va metall quyish choʻmichining quruqligini tekshirish lozim.
169. Metall quyish choʻmichidan metallni kuyish yoki toʻkish uchun ikkilamchi foydalanishga toʻxtatkich va stakan avvaldan almashtirilmasdan ruxsat etilmaydi.
170. Eritilgan metallga tegib turadigan joylarda metall quyish choʻmichlarida zang boʻlmasligi, metallga botirishdan avval ular quritilgan va qizdirilgan boʻlishi zarur.
171. Eritilgan metall bilan ishlab boʻlgandan soʻng metall quyish choʻmichlarini suvli maxsus vannalarda sovutish lozim.
172. Metallni tirqish orqali chiqariladigan har bir eritish agregatida, uzunligi 1,5 m dan kam boʻlmagan, ikkita shtanga va tirqishlarni yopish uchun qoʻshimcha tiqin boʻlishi lozim.
173. Metall quyish ishlari tugagandan soʻng shlak va metall qoldiqlarini quruq qutilarga yoki metall quyish choʻmichiga toʻkish lozim.
7-§. Quymalarni qoqish, tozalash va qirqishga boʻlgan talablar
174. Quymalarni qoqish, quyma va qoqib tushirilgan qorishmani tashish ishlari mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
175. Qoqish panjaralari yopilgan boʻlishi va ularning konstruksiyasi maʼlum ish sharoitlari bilan belgilanishi kerak.
176. Barcha qoqish uchastkalari aspiratsiya tizimi bilan panjaralar esa harakatlanuvchi himoya moslamasi bilan yopilgan boʻlishi lozim.
177. Qoqish panjaralarini ishga tushirilishi shamollatish tizimi, qoqilgan qorishma va quymani yigʻib oluvchi transportyorlar bilan bloklangan boʻlishi lozim.
178. Qoqish panjaralari gʻiloflarining ichki yuzasi qoplamaga ega boʻlishi lozim.
179. Qoqish panjaralari atrofida eni 1 m dan kam boʻlmagan oʻtish joylari boʻlishi lozim.
180. Quymalarni qoliplardan qoqib tozalash metallning qolipdagi kristallizatsiyalanish jarayoni tugagandan soʻng oʻtkazilishi lozim. Quymalarning qoliplarda sovitish davomiyligi texnologik hujjatlar bilan belgilanadi.
181. Quymalarni tozalash, joylariga olib qaytish, ularni tozalash kameralariga yuklash va qurilmalardan tushirish mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
182. Quymalarning ortiqcha qatlamlarini qoʻl mashinalarida qirqish va tozalash ishlarini, ishchilarning uchib turgan parchalardan himoya qilish uchun doimiy oʻrnatilgan yoki koʻchma toʻsiqlarga ega boʻlgan maxsus ish joylarida olib borish lozim. Qirqish va tozalash ishlarini quymalarning harorati 45 °S dan yuqori boʻlmagan sharoitda oʻtkazilishi lozim.
183. Quymalarni abraziv aylanali shlifovkalash qoʻl mashinalari yordamida tozalash uchastkalari, yon tomonlama chang qabul qilish qurilmalariga ega boʻlgan soʻruvchi shamollatish tizimi, polda yoki dastgohda panjaralar bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
184. Pnevmatik qoʻl bolgʻalari GOST 12.20.010-75 “Mehnat xavfsizligi standartlari sistemasi. Pnevmatik qoʻl mashinalari. Umumiy xavfsizlik talablari” talablariga, maʼlum turdagi va modeldagi (rusumli) pnevmatik bolgʻalar standartlari va texnik shartlariga mos kelishi lozim. Quyish nuqsonlarini qirqishda ishlatiladigan pnevmatik bolgʻalarning turi texnologik hujjatda belgilanadi.
185. Quymalarning havo-yoysimon ishlov berish postlari alohida xonalarda yoki kameralarda, bir tekisda shimuvchi egri panellar yoki harakatlanuvchan va koʻchma filtrli shamollatish tizimi agregatlari koʻrinishida tashkil etilishi lozim.
186. Pitra otib tozalash kameralari konstruksiyalarida quyidagilar koʻzda tutiladi:
ishchi zonaning toʻliq yopilishi, soʻrilayotgan havoning miqdori va tozalash inshootlarining xili, standartlar va texnikaviy shartlarda jihozlarning xillariga qarab oʻrnatilishi lozim;
shamollatish tizimi oʻchirilganda, pitra otish va pitra oqimi apparatlarning ishlashiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovka;
pitra va changning ish makonidan chiqib ketishini bartaraf etuvchi toʻsiqlar, pardalar va zichlagichlar;
pitra otish jihozlarning eshik va pardalarining ochiq holatidagi ishini cheklovchi blokirovkaga ega boʻlishi;
shovqin oʻtkazmaydigan devorlar boʻlishi;
pitrani changdan ajratish tizimi.
187. Quymalardan oʻzaklarni chiqarish va ishlov berilgan qolipli qorishmadan tozalashga moʻljallangan gidravlik kameralar quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
shamollatish tizimiga biriktirish uchun patrubkalar;
gorizontal yuzada tozalanadigan quymalarni burish uchun moʻljallangan uzoqdan turib boshqariladigan maxsus moslamalar;
eshiklari ochiq va shamollatish tizimi oʻchirilgan holda gidromonitorning ishlashiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovka;
kameralar devorlarining tovushdan izolatsiyasi;
ish maydonining vibroizolatsiyasi.
188. Gidravlik kamera operatorining ish oʻrni kameradan tashqari joyda boʻlishi lozim.
189. Gidravlik kameralarni, nasoslarini alohida, tovushdan izolatsiyalangan xonaga joylashtirish lozim.
190. Elektrgidravlik qurilma oʻchirilganda yoki qurilma turadigan xonada eshiklar ochilganda razryadli qarshilik orqali tutashgan kondensatorlar batareyalari blokirovkalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Toʻliq zaryadlangan kondensatorlar batareyasining razryadlanish vaqti 11 sekunddan oshmasligi lozim.
191. Elektrgidravlik qurilmaning toʻyintirish bloki toʻgʻrilagichlarida rentgen nurlariga ega boʻlmagan elementlar qoʻllanilishi lozim.
192. Elektrgidravlik qurilmaning texnologik qismi xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga zararli omillar (shovqin, vibratsiya, elektromagnit nurlar) taʼsirini bartaraf etuvchi himoya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
193. Elektrgidravlik qoqish oʻtkaziladigan vanna titrashdan izolatsiyalangan asosda oʻrnatilishi lozim. Chuqur va vanna devorlari oraligʻida 40 mm dan kam boʻlmagan tirqish qoldirilishi kerak.
194. Elektrgidravlik qurilmadagi razryadli havo oraligʻi tovushdan izolatsiyalangan shamollatish tizimli gʻilof bilan yopiladi. Chiqarilayotgan havoning hajmi (m3/s) qurilma quvvatining 3 foizga (Vt) teng boʻlgan miqdorida qabul qilinishi lozim. Havo harakatining yoʻnalishi sharlar orasidagi elektr razryadi yoʻnalishiga perpendikulyar boʻlishi lozim.
195. Elektrgidravlik qurilmalar tuzilishida boshqaruv pulti va texnologik jihoz orasida qattiq aloqa (“akustik koʻprikchalar” ) boʻlmasligi lozim.
196. Boshqaruv pulti xonasi va texnologik qurilma orasidagi devorda yoki texnologik qurilma gʻilofida, boshqaruv pultidan butun texnologik qism yaxshi koʻrinib turishini taʼminlovchi, koʻrish darchasi oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Ikkita darchali koʻrish darchasi, poʻlat setka bilan ekranlashtirilgan boʻlishi va xonaning tovush izolatsiyasini yomonlashtirmasligi kerak.
197. Boshqaruv pulti, energetik va texnologik qismga olib boruvchi har qanday eshikni ochganda, elektrgidravlik qurilma oʻchirilishini taʼminlashi kerak.
8-§. Past bosim ostida kokilga quyishga boʻlgan talablar
198. Past bosim ostida kokilga quyishda qismlarga ajraladigan metall qoliplar konstruksiyasi ikkita yarim shaklni zich holda birikishini, ularning aniq fiksatsiyasi va yetarli mustahkamligini, tirgakli qurilmalar esa quyish va qotish davrida yarim shakllarning mustahkam birikishini (bosib mahkamlanishini) taʼminlashi lozim.
199. Yarim shakllarni ajratish qulflari uchun moʻljallangan kokillardagi dastak va richaglar, oʻzaklarning itargich va kavaklari, tuzilishi va joylashishi boʻyicha, qoʻl barmoqlari va panjalari qisilib qolishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
200. Metall quyishdan avval kokil ishonchli holda oʻrnatilishi lozim.
Kokilli shakllar va oʻzaklarni quyishdan oldin quritish va qizdirish lozim.
201. Kokillarni elektrda qizdirish uchun kokilning ichida yoki plitada joylashgan isituvchi qarshilik elementlari 42 V dan ortiq boʻlmagan kuchlanishga hamda metallning tasodifan tegib yoki sachrab ketishidan himoyalash uchun toʻliq yopib qoʻyilishi lozim.
202. Suv bilan sovutiladigan kokillar germetik boʻlishi lozim. Qolip boʻshligʻiga suvning sizib kirishiga ruxsat etilmaydi.
203. Kokilga metall quyish uchun moʻljallangan metall choʻmichlar va qoshiqlarni metallga botirishdan avval qizdirib olish lozim.
204. Kokillarni ochish va quymalarni itarish uchun mexanizmlar konstruksiyasi, ushbu operatsiyalarni yordamchi qoʻl vositalari qoʻllanilmagan holda taʼminlashi lozim.
9-§. Quyma quyish jarayonida foydalaniladigan konveyerlarga qoʻyiladigan talablar
205. Oʻtish joylari va texnik qurilmalar ostida konveyerlarni joylashtirish paytida ularning pastki tarmogʻi sochilgan materiallar tushib ketishining oldini olish uchun yaxlit qoplama bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
206. Konveyerlar qurilmali barabanlarining oʻqi qurilmalarga xizmat koʻrsatish uchun pol sathidan 1,5 m balandlikda maydonchalar oʻrnatilgan boʻlishi shart.
207. Konveyerlarda zanjirli, remenli, chuvalchangsimon va tishli uzatmalar elementlari, biriktirish muftalari, uzatma mexanizmlarining barabanlari, barabanlar, troslar va choʻzma qurilmalar yuklari toʻsilgan boʻlishi lozim.
Toʻsiqlar konstruksiyasi ishqalanuvchan qismlarning moylanishiga va podshipniklarni toʻsiqlarni olmasdan qiziganini tekshirib koʻrish imkonini berishi lozim.
208. Lentali konveyerlar barabanlariga ulanib ketadigan lentalar uchastkalari yon tomoni boʻyicha barabandan 1 m dan kam boʻlmagan va baraban radiusi qoʻshgan holdagi masofada konveyer uzunligi boʻyicha toʻsilgan boʻlishi lozim.
209. Konveyer lentasi harakatlanish paytida baraban va rolikli tirgaklar chekkalaridan siljib chiqmasligi lozim.
Konveyer lentasining yon tomonidan tushib ketishining oldini olish uchun lentalarning siljib ketishining oldini oluvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi zarur. Lenta harakatini qoʻl bilan maxsus moslamalarsiz yoʻnaltirish taqiqlanadi.
210. Lentaning bir joyda aylanishini bartaraf etish maqsadida qurilmali barabanga kanifol yoki boshqa materiallar sochish taqiqlanadi. Ushbu kamchilik lentani taranglashtirish natijasida bartaraf etilishi lozim.
211. Doimiy konveyerlarning uzunligidan qatʼi nazar, avariya holatlarida konveyer qurilmasining uzunligi boʻyicha, har qanday joyda toʻxtatish imkonini beruvchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
212. Lentali konveyerlar lenta va barabanlarni yopishqoq materialdan mexanikaviy tozalash uchun maxsus moslamalarga ega boʻlishi lozim.
213. Konveyerlar elektrdvigatellarini toʻyintiruvchi elektr kabellar shunday joylashtirilishi kerakki, bunda ulardan ishonchli foydalanish taʼminlanishi va oʻtish joylari toʻsilib qolmasligi kerak. Kabellar termik taʼsirlardan himoyalangan boʻlishi kerak.
214. Quruq va changiydigan materiallar, yuqori haroratli va bugʻ ajratuvchi materiallarni, lentali konveyerlarda tashishda yuklash va tushirish joylari germetizatsiyalangan boʻlishi, hamda ish zonasida chang va bugʻ tarkibi ruxsat etilgan chegaraviy meʼyordan oshmasligi kerak. Quruq kukunsimon changiydigan materiallarni tashishda lentaning ishchi tarmogʻi toʻliq germetizatsiyalangan boʻlishi kerak.
215. Bir necha ketma-ket konveyerlar yoki bir texnologik liniyadagi boshqa jihoz bilan bogʻliq boʻlgan konveyerlar bir vaqtda ishlagan paytida ularning elektrdvigatellari bloklangan boʻlishi kerak. Bunda:
konveyerlar va jihozlarni ishga tushirish va toʻxtatishni zavod hujjatlarida koʻzda tutilgan aniq tartib boʻyicha amalga oshirish;
jihoz yoki konveyer toʻsatdan toʻxtab qolgan taqdirda undan avvalgi jihoz va konveyer oʻchirilishi, keyingisi esa ulardan tashilayotgan material toʻliq tushirib olinganiga qadar ishlashda davom etishi lozim.
216. Konveyerda metall boʻlagini ajratib olish uchun magnitli metall ajratgichlar oʻrnatish lozim.
217. Materialni qoʻlda yigʻishtirishga faqat konveyer toʻxtatilgan paytda ruxsat etilishi lozim.
218. Konveyerni ishga tushirishdan avval konveyerning butun uzunligi boʻyicha eshitiladigan 5 sekunddan kam boʻlmagan, tovushli ogohlantirish signali berilishi kerak.
219. Konveyerlar ishlagan vaqtda uning biror qismini taʼmirlash va qoʻlda tozalash, shuningdek konveyer lentasi ustida turish taqiqlanadi.
220. Konveyer lentasining eni 0,8 m dan ortiq boʻlgan qurilmali va choʻzish qurilmalari ustida, taʼmirlash ishlari uchun yuk koʻtarish vositalari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
221. Gʻilofda elevatorlarning ishini kuzatish uchun eshigi mahkam yopiladigan koʻrish darchalari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
222. Elevatorlar yuklash va tushirish joylarida avariya oʻchirish tugmachalariga ega boʻlishi lozim.
223. Elevatorlar mexanizmi, u toʻxtaganda qaytishiga yoʻl qoʻymaydigan tormozli qurilmalar bilan jihozlanishi lozim.
V. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Ishlab chiqarish asbob-uskunalaridan foydalanishga qoʻyiladigan talablar
224. Texnikaviy qurilmalar (eritish agregatlari, suyuq metallga pechdan tashqari ishlov berish) uchun asosiy texnikaviy maʼlumotlar, xizmat muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, koʻrikdan oʻtkazish muddati va tartibidan iborat boʻlgan pasportlar tuzilishi lozim. Texnik qurilmalardan foydalanishda ularning pasportiga texnik qurilmalar tuzilishining mukammal oʻzgarishlari haqidagi maʼlumotlar, mukammal taʼmirlov oʻtkazilganligi haqidagi belgilar, sodir boʻlgan avariyalar va shunga oʻxshash hodisalar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha qabul qilingan choralar haqidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak.
225. Sovitish tizimlaridan suvning yorilib chiqqanida eritish agregatlaridan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
226. Eritish pechlarining ishchi maydonlarida, shuningdek erigan metall va shlak tushishi mumkin boʻlgan boshqa joylarda namlik boʻlmasligi kerak.
227. Barcha elektrpechlarda (qarshilik hisobiga ishlovchi tigel pechlaridan tashqari) shixtani toʻldirish, shixtalash, qoʻshilmalarni kiritish, eritilgan metallni aralashtirish, shlakni olib tashlash va namuna olish jarayonlari isitish elementlaridan kuchlanish olib tashlangandan soʻng oʻtkazilishi lozim.
228. Metall va shlak solingan choʻmichni koʻtarish moslamasiga ilintirib olingandan keyin texnologik hujjatlarga muvofiq javobgar shaxs ruxsati bilan koʻtarish lozim.
229. Shixta va toʻldirish materiallarini olib kelish uchun qoʻllaniladigan koʻtarma kranlar va maxsus idishlar (konteynerlar, kurakcha, bunkerlar, qutilar va boshqalar), troslar va yuk koʻtarish qurilmalarining holati “Yuk koʻtarish kranlarining tuzilishi va xavfsiz foydalanish qoidalari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
230. Egiluvchan quvur oʻtkazgichlarni texnik qurilmalarning shtutserlari va patrubkalariga ulash va ajratish faqat berkituvchi armatura yopiq turgan paytda bajarilishi lozim.
231. Texnik qurilmalarga xizmat koʻrsatishda qoʻllaniladigan asbob va moslamalar konstruktorlik hujjatlari boʻyicha tayyorlanishi hamda standartlarga va bajarilayotgan ishga mos kelishi va soz holatda boʻlishi lozim.
232. Blokirovakalar xavfsizligi, signalizatsiya va eritish agregatlarining yongʻinga qarshi himoya tizimlari ish qobiliyatining tekshirish davriyligi va tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish tegishli meʼyoriy hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
233. Mexanizmlarni boshqarish organlariga ega texnik qurilmalar va poldan qoʻl yetmaydigan balandlikda joylashgan va doimiy yoki davriy sozlashni, kuzatuvni va taʼmirlashni talab etuvchi boshqa moslamalar muqim, olib qoʻyiladigan, tashlanma maydon va zinalar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Maxsus maydonlar va zinalar zinapoyalari, toʻshamalarining yuzasi sirpanib ketmaydigan boʻlishi lozim. Maydonlar balandligi 1 m boʻlgan panjaralar bilan toʻsilgan boʻlishi, pastki qismi esa 1-2 m balandlikdagi yaxlit qoplamaga ega boʻlishi lozim.
234. Texnologik qurilma va mexanizmlarning barcha ochiq aylanuvchi qismlari (vallar, muftalar, tasmali, zanjirli va tishli uzatgichlar, shkivlar va boshqalar) yaxlit, mustahkam va mexanikaviy shikastlanishlarga va korroziyaga chidamli toʻsiqlar bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
235. Texnologik qurilma va mexanizmlar ishlayotgan paytda harakatlanayotgan qismlarni taʼmirlash va tozalash, shuningdek toʻsiqlarni olib tashlash va mustahkamlashga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
236. Mexanizmlarning ishqalanish qismlaridagi moylash tizimi germetik boʻlishi lozim.
237. Ish joylaridagi apparatlar, uskunalar va toʻsiqlar sirtining harorati 40°S oshmasligi lozim.
238. Texnik sabablarga koʻra koʻrsatilgan haroratga erishish imkoniyati boʻlmasa, yuqori issiqlik manbalari (eritish pechlari, eritmalar, eritilgan metall va boshqalar) atrofida ishlovchilarni qizib ketishdan himoya qilish choralari (ekranlashtirish, suv-havoli dushlash) koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
2-§. Vagranka pechlariga qoʻyiladigan talablar
239. Metall eritishda qoʻllanilayotgan vagranka pechlari yopiq turda boʻlishi hamda chang tozalash, chiqayotgan koloshnik gazlarini toʻliq yoqish va gazlarni bir vagrankadan ikkinchisiga oʻtkazish uchun portlashdan himoyalangan qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Chiqayotgan gazlardagi uglerod oksidining miqdori 0,1 foizdan, changniki 80-100 mg/m3 dan ortiq boʻlmasligi lozim.
240. Rekuperatorlarning tuzilishi gazlarning sex binosiga kirishini istisno qilishi kerak.
241. Vagranka pechining korpusi germetik boʻlishi va issiqlikdan himoyalangan maxsus metall tayanchga yoki (taʼmirlararo sikl muddati 80 soat boʻlgan vagranka pechlar uchun) pech tubini mexanizatsiyalashgan tarzda ochilishini taʼminlaydigan sathdagi maxsus maydonchaga oʻrnatilishi lozim. Taʼmirlararo sikli 80 soatdan koʻp boʻlgan vagranka pechlarida eritma qoldiqlarini chiqarib tashlash uchun shaxtaning ostki qismida tuynuklar boʻlishi kerak.
242. Vagranka pechining tubini ochish va yopish tubning oʻz-oʻzidan ochilishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmani maʼlum masofadan turib boshqarish tizimi orqali amalga oshirilishi lozim.
243. Vagranka pechlarining kolopshik qismidagi maydonchalarga olib boradigan metall zinapoyalar boʻlishi va ularda pastiga balandligi kamida 0,14 m yonlama yaxlit qoplama va balandligi kamida 1 m toʻsiq (panjara)lar oʻrnatilgan boʻlishi kerak
244. Koloshnik maydonchalarining oʻlchamlari vagrankalarga erkin xizmat koʻrsatishni taʼminlashi lozim. Koloshnik maydonchasining xonasini qoʻshni xona (boʻlinma)lardan alohida ajratib qoʻyish kerak. Koloshnik maydonchasi, vagranka va koʻtargich shixtasi orasidagi tirqish 50 mm dan oshmasligi lozim.
245. Vagranka pechlari loyiha hujjatlari va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq shixtani olish va tortish uchun qurilmalar, uni yuklash uchun magnitli koʻtargichlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
246. Umumiy dudboʻronga ega boʻlgan vagranka pechlari, ulardan foydalanish toʻxtagan paytda gaz traktidan yopib qoʻyilishini taʼminlaydigan tiqinlarga ega boʻlishlari lozim.
Yangi qurilayotgan vagranka pechlari uchun alohida dudboʻron qurilishi kerak.
247. Vagranka pechining barcha furmalari kuzatish darchasi boʻlgan qaytarma ramka bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Furmalar pol sathidan 1,5 m balandlikda joylashgan boʻlsa, ularga xizmat koʻrsatish uchun vagrankaning aylanasi boʻylab toʻsiqli, eni kamida 0,8 m metall maydonchaga ega boʻlishi kerak.
248. Eritish jarayoni kechayotgan vaqtda puflash toʻxtab qolsa, barcha furmali qopqoqlar darhol ochib qoʻyilishi kerak.
249. Shlak tuynuklari, chiqarilayotgan shlakning sachrashidan, xodimlarni muhofazalaydigan himoya moslamalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
250. Granulalash qurilmalari va shlak chiqarish joyi mahalliy tortish shamollatgichi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
251. Choʻyan uzluksiz chiqarilganda vagrankalar buriluvchan toʻplagich bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
252. Choʻyan vaqti-vaqti bilan chiqarilganda vagranka tuynukni ochish va yopish uchun ishlatiladigan asbob bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
253. Vagrankaning furma va eritish qismini suv bilan sovitishda gʻilofidagi suvning harorati 80°S dan ortiq boʻlmasligi kerak.
254. Vagranka pechining suv bilan sovitiladigan yopiq tizimi suvli gʻilofda bosim koʻtarilib ketishiga va unda bugʻ toʻplanishiga yoʻl qoʻymaydigan saqlash qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
255. Suv bilan sovitiladigan vagrankalar sovitish suvi uzatilishi toʻxtaganda havo purkagichlarni oʻchirib qoʻyuvchi blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi kerak.
256. Koks gazli vagrankalar portlashga qarshi klapanlar va gaz bosimi 0,5 kPa dan kamayib ketganda, uning uzatilishini avtomatik tarzda uzib qoʻyadigan saqlovchi qurilmalar hamda yorugʻlik va tovush signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
257. Chang tozalash va chiqib ketayotgan vagranka gazlarini tozalash tizimining apparatlari bosimni 5 kPa (0,05 kgs/sm2) gacha pasaytirilishini taʼminlovchi portlashga qarshi klapanlar bilan jihozlanishi kerak.
258. Vagrankalar pech parametrlari nazorat qilinishini taʼminlovchi nazorat-oʻlchov asboblari bilan uskunalangan boʻlishi lozim.
259. Vagrankalardan shlakni tashish, shixta qoldiqlari va vagrankani tozalashda boʻsh kaloshani yigʻishtirish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
260. Vagrankalarni taʼmirlash ishlari shixta ichidagi havo harorati 40°S gacha sovitilgandan (havo puflagichdan yoki tabiiy tortish kuchidan havo berib) soʻng bajarilishi lozim.
3-§. Yoyli elektrpechlarga qoʻyiladigan talablar
261. Elektrpechlar tutunli gazlarni chiqarish va ularni changdan tozalash uchun loyiha hujjatlariga muvofiq qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
262. Pech poydevorining konstruksiyasi gʻilof tubini va ogʻdirish mexanizmini qulaylik bilan koʻrikdan oʻtkazilishi va taʼmirlanishini taʼminlab berishi lozim. Metallni gʻilof tubi orqali oʻtkazish uchun poydevorda chuqurcha (priyamok) boʻlishi lozim.
263. Elektrqurilmali ogʻdiriladigan va tebranuvchan elektrpechlar ogʻdirish cheklagichiga, oʻzi tormozlanadigan moslamalar va pech metall chiqarish uchun ogʻdirilganida, kuchlanishni qizdirish elementlaridan avtomatik tarzda uzish uchun blokirovka. Pech ogʻdirilishini ishga tushirish moslamalari shunday joyga oʻrnatilishi kerakki, bunda undan pech ichidan chiquvchi suyuq metall oqimi va metall quyilishida ishtirok etayotgan yuk koʻtarish qurilmasi haydovchisi koʻrinib turishi lozim.
264. Pechni ogʻdirish uchun gidravlik qurilma qoʻllanilgan hollarda, gidravlik qurilmaga erigan metall va shlak tushmasligi uchun tegishli choralar koʻrilishi lozim.
265. Elektrpechlar shchitlari va pultlarida pechlarni qizdirish elementlarining ishchi holatini aks ettiruvchi “Ulangan” — “Uzilgan” yorugʻlik signalizatsiyasi koʻzda tutilgan boʻlishi kerak.
266. Elektrpechni yoqish (metallni quritish va eritish uchun) navbatchi elektrik tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgandan soʻng texnologik yoʻriqnomaga binoan bajarilishi lozim. Eritish paytida quvvatni yoqish va oʻchirish shchit yoki pultli boshqaruvning tashqi tomoniga chiqarilgan oʻchirish moslamasi yordamida, elektrodlarni koʻtargan holda amalga oshirilishi lozim. Eritish jarayonida elektrodlarning holati avtomatlashtirilgan boʻlishi kerak.
267. Elektrodlarni oʻrnatish, pechni koʻrib chiqish va elektrodlarga bevosita tegib turish bilan bogʻliq boshqa ishlar, shuningdek toʻsiqlarni almashtirish paytida elektr quvvat oʻchirilgan boʻlishi lozim.
268. Elektrodlarni almashtirishdan avval metall nipelning kesilgan qismi elektrodga toʻliq burab qoʻyilgan boʻlishi lozim.
269. Elektrodlar bosh qismining ishonchli mustahkamlanganligi doimiy ravishda tekshirib turilishi lozim. U boʻshab qolgan barcha hollarda pechni zudlik bilan oʻchirish lozim.
270. Elektrodlarni elektr tutgichlarga mahkamlash va boʻshatish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim. Elektrodlarning qisqich mexanizmini boshqarish pech yonida ish maydonchasidan amalga oshirilishi lozim.
Elektrodlar qubba teshiklarida erkin holatda harakatlanishi va qubba taxlamiga tegib ketmasligi lozim.
Elektrodlar qisqichlari, pech tirgovichlari va erga ulangan uzellaridan izolatsiyalangan boʻlishi lozim.
Elektrod halqalari va elektrodlar oraligʻidagi tirqishlar zichlangan boʻlishi lozim.
271. Pech qubbasida elektrodlar uchun tirqishlar ish xonasiga gaz ajralib chiqishini kamaytirish uchun zichlashtirish halqalariga ega boʻlishi lozim.
272. Poldan yetib boʻlmaydigan balandlikda joylashgan yoyli pechlar elektrodlarni qulay va xavfsiz tarzda almashtirish uchun zinapoyalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Elektrodlarni almashtirish koʻtarma mexanizmlar yordamida amalga oshirilishi kerak.
273. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlar shixtani eritish davrida pech ostida turmasliklari kerak.
Ish maydonchalarida ishlayotgan xodimlarni shlak va metallni chiqarish uchun pechni navbatdagi qiyalatish haqida ogohlantirish uchun tovushli-yorugʻlik signalizatsiyasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Ogohlantirish signali odamlarning xavfsiz joyga chiqib olishlari uchun yetarli boʻlgan vaqt ichida berilishi lozim.
274. Ish maydonchalari, perimetri boʻylab toʻsiqlar bilan toʻsilgan boʻlishi lozim. Ish darchalari yaqinida panjarali toʻsiqlar olinadigan boʻlishi kerak.
Pech oraligʻining ish maydonchasi va ogʻdiriladigan pech maydonchasi orasidagi tirqishlar pechning yon tomonlaridan sigʻimi 50 t dan kam pechlar uchun 80 mm dan koʻp boʻlmasligi, sigʻimi 50 t va undan yuqori boʻlgan pechlar uchun esa 150 mm dan koʻp boʻlmasligi zarur.
275. Elektrpechlarning osti, qiyaligi va devorlarini toʻldirish mexanizatsiyalangan boʻlishi lozim.
Metall shixtasining suyuq metall yuzasiga qulab tushishining oldini olish uchun qiyaliklardan shixta boʻlaklarini oʻz vaqtida tushirish boʻyicha choralar koʻrilishi lozim.
276. Gaz kislorodli goryelkani oʻrnatish uchun elektrpechning yuklash darchasiga maxsus panjara oʻrnatilishi lozim.
277. Goryelkani yoqishdan avval kislorod bilan puflanishi, undan soʻng gaz berilishi lozim. Bunda:
aralashmaning yonib ketishiga ishonch hosil qilmasdan gaz va kislorodning berilgan xarajatini oʻrnatishga ruxsat etilmaydi;
goryelkani oʻchirish teskari tartibda amalga oshiriladi. Avariya holida birinchi navbatda kislorod oʻchirilishi lozim;
karetalarda goryelkaning holatini nazorat qilish uchun maxsus koʻrsatgichlar oʻrnatilishi lozim.
278. Gaz-kislorod goryelkasi ishlayotgan vaqtda uyum toʻplanadigan oynaning qopqogʻi yopiq boʻlishi kerak.
279. Shlakni chiqarib olish uchun ish maydonchasining tirqishi yechiladigan qopqoq bilan yopib qoʻyilishi kerak.
280. Pechdan metallni chiqarish uchun tarnovning tuzilishi uning metall bilan toʻlib ketishiga, shuningdek eritilgan metallni chiqarish paytida tarnov futerovkasi va metallning oʻtish joyining shikastlanishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Pechning chiqarish tirqishi, eritilgan metall chiqarilib va pech toʻldirilgandan keyin metall shixta eritilguncha va suyuq metall paydo boʻlguniga qadar yopiq boʻlishi lozim.
281. Chiqarish tarnoviga xizmat koʻrsatish uchun uning yaqinida toʻsiq panjarali metall maydoncha oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Maydonchaning ustki qismi gʻisht bilan futerovkalangan boʻlishi va notekisliklarga ega boʻlmasligi kerak.
282. Chiqarib olingan shlakni qabul qilish uchun shlak kovshlari yoki shlakdonlar qoʻllaniladi. Shlakdonlar, ularni transport vositasida tashish yoki agʻdarish uchun maxsus moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
283. Shlakni qabul qilib olish uchun oʻrnatilgan kovsh va shlakdonlar quruq, olovbardosh va ajratma qoplama bilan qoplangan boʻlishi lozim. Pech ostidagi pol, shuningdek chuqurchaning tubi shlakdonni oʻrnatish uchun quruq boʻlishi lozim.
284. Kovshlar yoki shlakdonlar shlak bilan toʻldirib yuborilmasligi lozim. Koʻpirib ketgan shlak choʻkmasi olovbardosh yoki quruq qum bilan tindirilishi lozim.
285. Pechlarning suvni sovitish elementlari ularni oʻrnatishdan oldin 1,5 Rish (sovituvchi suvning ish bosimi) kattalikdagi gidravlik sinovdan oʻtkaziladi.
286. Suv bilan sovitish elementlarini birlashtirish alohida elementlarni sovitish tizimidan uzib qoʻyish imkoniyatini berishi kerak.
287. Suv bilan sovitiladigan elementlardan qaytayotgan suvning harorati 50°S. dan oshmasligi kerak. Sovitiladigan elementlarni davriy ravishda koʻrikdan oʻtkazib, zarur hollarda almashtirib turish lozim.
288. Pechning barcha sovitish elementlari va oʻtkazish uzellari germetik boʻlishi lozim. Sovituvchi suv uzluksiz tarzda uzatilib turilishi lozim.
289. Sovitish suvini uzatish va qaytarish uzellarini yuklash darchasi va chiqarish tarnovi ostida joylashtirmaslik lozim.
290. Sovitish suvini uzatish toʻxtatilganda yoki koʻp suv ketgan holda yoki bugʻ paydo boʻlganda qizdirish elementlaridan kuchlanishni olib tashlash lozim. Sovitish tizimidagi nuqsonlar bartaraf etib boʻlingandan soʻng, jadal ravishda bugʻ hosil boʻlmasligi va portlash xavfining oldini olish uchun sekin-astalik bilan suv uzatishni qayta tiklash lozim. Elektrodlar oʻtuvchi qizib ketgan sovituvchi qismlar, sovitish suvini uzatishdan oldin siqilgan havo bilan sovutilgan boʻlishi kerak.
291. Pech devorlari yoki tubining gʻilofi qizib ketganligi aniqlangan taqdirda, eritish paytida qizib ketganligini bartaraf etish uchun pech toʻliq toʻxtaguncha bu joylar siqilgan havo yoki suv bilan sovitilishi lozim.
292. Elektrpech gumbazi, yenglar, ogʻdirish mexanizmlari va pech ustunlaridagi taʼmirlash ishlari, shuningdek elektr jihozlar, shlak va quyish chuqurchalarini tozalash ishlari kuchlanish toʻliq oʻchirilganidan soʻng amalga oshirilishi lozim.
4-§. Induksion pechlarga qoʻyiladigan talablar
293. Induksion pechning karkasi induktor oʻramidan izolatsiyalangan boʻlishi kerak. Induktorga tok oʻtkazuvchi kabellar izolatsiyalangan va toʻsilgan boʻlishi lozim.
294. Pechning elektr yuritmali ogʻdirish mexanizmi, pech ogʻdirilishini cheklovchi qurilma va ogʻdirilayotgan pechni istalgan holatda darhol toʻxtashini, shuningdek pech ogʻdirilayotgan vaqtda elektroenergiya taʼminoti uzilishi roʻy berganda uning toʻxtashini taʼminlaydigan toʻxtatish (tormoz) qurilmasi bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
Pechni ogʻdirish mexanizmi metall va shlak sachrashidan himoyalangan boʻlishi kerak.
Pechni ogʻdirish mexanizmi joylashgan xona QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talablariga muvofiq yoritilgan boʻlishi kerak.
295. Koʻtarib qoʻyilgan pechning ostida joylashgan uskunani koʻzdan kechirish va taʼmirlashga faqat koʻtarilgan pech mustahkam va barqaror maxsus tayanchlar yordamida qoʻshimcha tarzda mahkamlangandan soʻng ruxsat etiladi.
296. Induktorni sovitish tizimining quvurchasi mustahkamlikka va zichlikka kamida 1,5 Rish gidravlik bosim ostida sinovdan oʻtkazilishi kerak.
297. Induktor va suv keltirish quvurlari orasidagi suv keltirish qismi rezina matoli yeng (shlang, qoʻlqop)lardan va dielektrik materialdan yasalgan boʻlishi kerak.
298. Sovitish suvining pech induktoriga uzluksiz kelishi koʻz bilan kuzatib turilishi hamda signal beruvchi asboblar va sovitish suvi kelmay qolganda pechni avtomatik ravishda oʻchirib qoʻyuvchi maxsus asboblar yordamida nazorat qilinishi lozim.
Induktorning kirish va chiqish joyidagi sovituvchi suvning harorati muayyan bir jihozning pasport maʼlumotlariga mos kelishi lozim.
299. Pechning ish maydonchasi butun perimetri boʻylab pastki qismi balandligi 0,14 m boʻlgan, yaxlit yon qoplamali toʻsiqlar bilan balandligi 1.0 m panjaralar bilan oʻralgan boʻlishi kerak. Pech yaqinidagi ish maydonchasining poli elektrdan izolatsiyalovchi toʻshama bilan qoplangan boʻlishi lozim.
300. Induksion pechlarga xizmat koʻrsatishda qoʻllaniladigan metall asboblar dielektrik materialdan tayyorlangan elektrdan izolatsiyalangan dastaklarga ega boʻlishi lozim.
Tigelga tegib ketish bilan bogʻliq ishlarni oʻtkazishda pech oʻchirilgan boʻlishi lozim.
301. Elektr tokidan shikastlanish yoki elektr maydoni taʼsiri xavfi bilan bogʻliq ishlarda himoya vositalarini qoʻllash lozim.
302. Ochiq induksion pechlar aspiratsiya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
5-§. Elektr pechlarining tuzilishi va xizmat koʻrsatishiga qoʻyiladigan talablar
303. Elektr pechlarining tuzilishi va xizmat koʻrsatishi “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari” (roʻyxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari” (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 33-son, 379-modda) talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
304. Ish maydonchasidan 3,5 m balandlikda joylashgan (pech transformatoridan pech elektrodlariga elektr oʻtkazuvchi) kabellar paketi (kabellar toʻplami), xizmat koʻrsatuvchi xodimga bexosdan tegib ketish imkoniyatini keltirib chiqarmaslik uchun toʻsiqqa ega boʻlishi lozim.
305. Elektr pechining korpusi va konstruksiyasi ishonchli tarzda erga ulangan boʻlishi lozim.
306. Elektr pechlarini boshqarish pulti shunday joylashgan boʻlishi kerakki, bunda elektr yoyi pult operatorining koʻziga taʼsir etishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
307. Boshqarish pulti derazalariga issiqlikdan himoyalovchi oynalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
308. Pult xonalari normal mikroiqlim sharoitlarini taʼminlovchi shamollatish yoki havoni moʻtadillash qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Yilning sovuq va oʻtish mavsumlarida pult xonalari isitilishi lozim.
309. Boshqarish pulti taʼminlovchi elektr stansiyalar bilan bevosita telefon aloqasiga ega boʻlishi va zarur signalizatsiya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
310. Eritish jarayonini boshlash uchun pechni yoqishdan avval poʻlat erituvchi hamda mexanika va elektr xizmatlarining javobgar shaxslari pech uskunasi, futerovkasi va gumbazining sozligini tekshirib chiqishlari shart.
Pult operatorining pechni yoqishiga faqat poʻlat erituvchidan pechni ishga tushirish huquqini beruvchi kalit birkani olgandan soʻng ruxsat etiladi.
Pechni ishga tushirishdan oldin barcha xodimlarni xavfsiz masofaga uzoqlashtirish lozim.
Ishlab turgan pech yonida unga xizmat koʻrsatmaydigan shaxslarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
311. Qisqa muddatli oʻchirish uchun (qayta ishga tushirish, elektrodlarni almashtirish yoki ulash, elektrod siniqlarini olish uchun va boshqalar) pech kalit birka olib qoʻyilganda yuqori voltli ulab-uzgichning oʻchirilishini taʼminlaydigan blokirovka qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
6-§. Markazdan qochma quyish qurilmasiga qoʻyiladigan talablar
312. Markazdan qochma quyishda metallni qoliplarga quyish mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak.
313. Metallni qolipga quyishdan avval markazdan qochma quyish qurilmasini tekshirish uchun uni salt yurishda sinab koʻrish lozim.
314. Markazdan qochma quyish uchun qolipni bir muvozanatga keltirib olish zarur.
315. Markazdan qochma quyish qurilmasi aylanayotgan qolipdan suyuq metallni chiqarib yubormaydigan sachratmaydigan qurilmalar bilan taʼminlanishi, shuningdek qurilmali mexanizmlarning harakatlanadigan qismini toʻsib turuvchi toʻsiqlarga ega boʻlishi lozim.
316. Markazdan qochma quyish qurilmasi muvozanatlangan boʻlishi kerak.
317. Gabarit oʻlchamlari va markazdan qochma quyish qurilmalarning turlariga qaramasdan barcha metall qoliplarni metall qolip yorilganda ishchilarning himoyasini taʼminlovchi gʻilofga solib qoʻyish kerak.
318. Markazdan qochma quyish qurilmalari konstruksiyasi gʻilof yopiq boʻlmagan holatda shaklning aylanishiga yoʻl qoʻymaydigan blokirovkani koʻzda tutishi kerak.
319. Markazdan qochma quyish qurilmalariga quyish joylari, shamollatish tizimli panellar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
7-§. Aspiratsiya tizimiga qoʻyiladigan talablar
320. Aspiratsiya tizimlari chang-gaz-havo aralashmalari koʻrinishidagi xavfli va zararli moddalar (gaz, chang, bugʻ va aerozollar)ni ular hosil boʻlgan joylardan chiqarib yuborilishini va ishlab chiqarish binolari ish hududi havosida bunday moddalarning miqdori GOST 12.1.005-88 “SSBT. Ish hududi havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitariya-gigiyena talablari”da belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
321. Ishlab chiqarish xonalaridagi atmosfera havosini chang, gaz va boshqa zararli moddalar bilan ifloslantirish manbai hisoblanuvchi texnologik jarayonlarga ega jihozlardan aspiratsiya tizimlarini oʻrnatmasdan foydalanish taqiqlanadi.
322. Aspiratsiya tizimi qurilmalarini texnologik jihozlar ishga tushirilguniga qadar ulash, toʻxtagandan soʻng esa oʻchirish kerak.
323. Aspiratsiya tizimi qurilmalari chang, gaz, bugʻ va aerozollarni ularni hosil boʻlish joyidan yoʻq qilinishini shunday taʼminlashi lozimki, bunda ushbu moddalarning ishlab chiqarish xonasining ish zonasi havosidagi konsentratsiyasi ruxsat etilgan meʼyordan oshmasligi lozim.
324. Aspiratsiya tizimlarining ish samaradorligini instrumental tekshirish kamida bir yilda bir marta kapital taʼmir yoki qayta qurish ishlaridan keyin oʻtkazish kerak.
325. Aspiratsiya tizimlarining germetik elementlari va jihozlarini muntazam ravishda kuzatib borish lozim. Nosozliklar darhol bartaraf qilinishi shart.
326. Ishlab chiqarish xonalaridan aspiratsiya tizimi qurilmalari yordamida chiqariladigan havoning oʻrnini bosish uchun hajmi boʻyicha teng boʻlgan yoki chiqarilayotgan havoning hajmidan oshadigan hajmi boʻyicha sunʼiy chiqarish yoʻlini koʻzda tutish lozim.
8-§. Metall quyish choʻmichlariga qoʻyiladigan talablar
327. Metall quyish choʻmichlari ularni tayyorlash boʻyicha ishlab chiqilgan texnikaviy shartlarga mos kelishi lozim.
328. Metall quyish choʻmichlari tsapfalarining eyilishi boshlangʻich hajmlardan 10 foizdan oshmasligi lozim. Sapfalarning eyilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatish shart.
329. Devorlari va tsapfalarni mahkamlash joylarida oʻyiqlar va yoriqlarga ega boʻlgan, shuningdek deformatsiya taʼsiridan va jismida tsapfaning tebranib turishi natijasida shaklini yoʻqotgan quyma quyish choʻmichlarni qoʻllash taqiqlanadi.
330. Metall quyish choʻmichining sigʻimini oshirish uchun uning oʻlchamini koʻpaytirishga ruxsat etilmaydi.
331. Metall quyish choʻmichining toʻkish tutqichi uning hoshiyasidan pastda boʻlishi va kuyindiga ega boʻlmasligi lozim.
332. Yuk koʻtarish qurilmalari bilan joylashtiriladigan metall quyish choʻmichlari ruxsat etilgan ogʻirlikka hisoblanishi va tayyorlanganidan soʻng tayyorlovchi tashkilotda, taʼmirdan soʻng esa taʼmirlash ishlarini bajargan tashkilotda sinovdan oʻtkazilishi lozim.
333. Metall quyish choʻmichlari tsapfalari poʻlatdan yasalgan, toblangan boʻlishi; halqa va tsapfalarga esa termik ishlov berish lozim. Halqalar va tsapfalarning alohida qismlarini payvandlashga ruxsat etilmaydi.
334. Barcha metall quyish choʻmichlari faqat maxsus ajratilgan joylarda oʻrnatilishi lozim. Metall quyish choʻmichlari oʻrnatiladigan maydonchalar tekis va toza boʻlishi lozim.
335. Metall yoki shlakni quritilmagan yoki qizdirilgan joyga toʻkish taqiqlanadi.
336. Metall quyish choʻmichida eritish darajasi toʻkish tutqichidan 0,2 m ga past boʻlishi lozim.
337. Metall quyish choʻmichlarini taʼmirlash maxsus ajratilgan joyda amalga oshirilishi lozim.
338. Shlaqdonda yoriqlar, oʻyiqlar va boshqa nuqsonlar boʻlmasligi lozim.
339. Shlak quyishdan avval shlakdon quritilgan va qizdirilgan boʻlishi shart.
VI. Texnik uskunalarga xizmat koʻrsatishda va taʼmirlashda xavfsizlik talablari 1-§. Umumiy qoidalar
1-§. Umumiy qoidalar
340. Texnik uskunalarga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun mazkur Qoidalar talablari tatbiq etiladi.
341. Texnik uskunalarga ulardan foydalanish muddati davomida texnik xizmat koʻrsatish lozim. Texnik uskunalarni soz holatda ushlab turish uchun profilaktik ishlar oʻtkazish hajmi va muddati, ushbu uskuna uchun texnik hujjatda koʻrsatilishi lozim.
342. Metall quyish sexlarining texnik qurilmalarini taʼminlash, koʻrikdan oʻtkazish, taʼmirlash va tozalash “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalar” (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 28-maydagi 20-15-195/12 sonli xatiga muvofiq texnik hujjat deb topilgan) talablariga muvofiq belgilangan muddatlarda bajarilishi kerak.
343. Metall quyish sexlarida texnik qurilmalar roʻyxati tuzilgan boʻlishi lozim. Ularni taʼmirlash esa birka tizimi qoʻllanilib, naryad-ruxsatnoma rasmiylashtirgan yoki tashkilot tomonidan tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasini ishlab chiqqan holda amalga oshirilishi kerak.
344. Ishlarni tashkil etish loyihalarida taʼmirlash ishlarini oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxslar, shuningdek ishlovchilarning xavfsizligini taʼminlovchi taʼmirlash ishlari va choralarini bajarish tartibi va ketma-ketligini koʻrsatish lozim.
345. Barcha turdagi taʼmirlash ishlarini oʻtkazish tartibi va navbati, taʼmirlash boʻyicha texnologik xaritalar bilan belgilanishi kerak. Taʼmirlash boʻyicha texnologik xaritalarga quyidagi chora-tadbirlar kiradi:
taʼmirlash zonalarini belgilash va toʻsish;
transport, yoʻlovchilar oʻtish va kirish joylarining tuzilishi;
taʼmirlash zonasining elektr taʼminoti;
ortish-tushirish jihozlari va transport vositalaridan xavfsiz foydalanish; suv taʼminoti; isitish tizimi; elektr yoritish;
vaqtinchalik kommunikatsiyalarni ochish;
ogohlantiruvchi, koʻrsatuvchi va taqiqlovchi xavfsizlik belgilarini oʻrnatish va boshqa chora-tadbirlar.
2-§. Metall eritish agregatlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga qoʻyiladigan talablar
346. Metall eritish agregatlarini taʼmirlashdan oldin zarur joylarda xavfsiz oʻtish yoʻlaklari belgilanishi lozim. Pech va ish maydonchasi oraligʻi yopilgan yoki toʻsilgan boʻlishi zarur.
347. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazishda konstruksiyalar, detallar, qurilish materiallari va boshqalarni koʻtarish va joylashtirish mexanizatsiyalangan boʻlishi va ular yiqilib tushishiga yoʻl qoʻymaydigan usullar bilan amalga oshirilishi zarur.
348. Pechlar futerovkasini parchalash tartibi tashkilotning ishlarni xavfsiz olib borish choralari koʻzda tutilishi, shuningdek texnologik yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
349. Taʼmirlash ishlari tugagandan soʻng metall eritish agregatlari, texnologik hujjatlarga muvofiq quritilgan va qizdirilgan boʻlishi lozim. Quritish tartibini nazorat qilishni nazorat-oʻlchov asboblari yordamida amalga oshirish lozim.
350. Metall quyish choʻmichlarini taʼmirlash, texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasi qoidalari talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
3-§. Metall quyish texnik qurilmalariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga qoʻyiladigan talablar
351. Metall quyish texnik qurilmalariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashda, texnologik qurilmalarni taʼmirlash boʻyicha ishlarni olib borishda, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma, shuningdek texnik qurilmalarni taʼmirlash boʻyicha texnologik yoʻriqnoma talablarini bajarish lozim.
352. Taʼmirlash ishlarini olib borishda ish zonasini toʻsib qoʻyish yoki “Kirish taqiqlanadi!” , “Taʼmirlash ishlari ketmoqda” yozuvlari tushirilgan ogohlantirish plakatlarini ilib qoʻyish lozim. Agregatlar bexosdan yoqilishdan himoya qilingan boʻlishi kerak.
353. Harakatlanayotgan mexanizmlarga yaqin joyda ishlaganda xavfli joylarni toʻsiqlar, panjaralar va boshqalar bilan toʻsib qoʻyish lozim.
354. Yomon yoritilgan joylarda ish olib borishda 12 V kuchlanishga ega koʻchma elektr lampalaridan foydalanish zarur.
355. Xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun toʻxtatilgan texnik qurilmalar, agregatlarni kommunikatsiyalardan uzib qoʻyish, elektr energiyasi manbalaridan oʻchirish va texnologik materiallardan boʻshatish lozim. Texnik qurilmalarning elektr sxemalari qismlarga ajratilgan, ishga tushirish qurilmalarida yoki ilingan rubilnik dastalariga “Ulanmasin — odamlar ishlayapti” yozuvi tushirilgan plakatlar ilib qoʻyish lozim.
356. Balandligi 2 m dan ortiq boʻlgan zinada texnik qurilmalarni taʼmirlash bilan bogʻliq ishlar bajarilganda, ishchilar saqlash belbogʻlari bilan bogʻlanadigan ehtiyotkorlik arqonlaridan foydalanishlari lozim.
357. Texnik qurilmalarni sinash uchun ishga tushirish, taʼmirlash ishlari toʻliq tugatilgach va barcha harakatlanuvchi qurilmalar toʻsiqlari tiklangandan soʻng amalga oshirilishi lozim.
358. Sinash uchun ishga tushirish, sozlash, salt yurishda va yuqori kuch ostida ishlash, har bir texnik qurilma uchun undan foydalanish boʻyicha qoʻllanmada bayon etilgan xavfsizlik talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
359. Sozlash tartibida sinash uchun ishga tushirishda, barcha blokirovkalarning ishonchli ishlashi, mexanizmlarni avtomatik rejimda xavfsiz ulash ketma-ketligini aniqlab beruvchi, uchli oʻchirish tugmachalarining eyilib ketishi tekshirilishi kerak.
VII. Qoidalarni buzilganlik uchun javobgarlik
360. Mazkur Qoidalarga rioya qilmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
VIII. YAKUNIY QOIDALAR
Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi, “Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati va “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” ochiq akdiyadorlik jamiyati bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
“Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori A. FARMANOV
“Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” ochiq aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori A. NURITDINOV
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi Bosh direktori K. SANAQULOV
“Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasi boshligʻi A.NIMATULLAYEV
