Oʻsimliklar karantini soxasida hamkorlik toʻgʻrisida
03.10.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN VETNAM SOTSIALISTIK RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati, keyinchalik Tomonlar deb ataluvchi,
oʻsimliklarning karantini va ikkala Tomon davlat hududining oʻsimliklar karantinidagi organizmlarning olib kirilishiga qarshi muhofazasini yaxshilash va ular keltiradigan zararlarni kamaytirish soxasidagi ikki taraflama xamkorlikni mustahkamlash maqsadlarida,
ikkala mamlakat oʻrtasida savdo, urugʻlar, ekin maxsulotlari va fitosanitariya nazorati ostiga tushadigan boshqa mahsulotlarning almashinuvini yengillashtirishni istagan holda,
quyidagilar haqida bitimga keldilar:
1-modda. Atamalar
Mazkur Bitimda quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
“karantinli organizmlar” — 1 va 2-sonli Ilovalarga muvofiq Roʻyxatlar boʻyicha zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklarining qoʻzgʻatuvchilari va begona oʻtlar;
“entomofaglar” — hasharotlarni eydigan organizmlar;
“feromonlar” — hasharotlar tomonidan turkum ichida tarovati bilan taʼsir qilish uchun ajratiladigan moddalar;
“biopreparatlar” — zararkunanda hasharotlar bilan kurashish uchun yashirin holati ishlatiladigan kasallik tugʻdiruvchi patogen mikroorganizmlar tarkibli preparatlar;
“karantin ostidagi yuklar” — karantin organizmlarining (urugʻlar, ekin mahsulotlari, oʻsimliklar va ularning qismlari, oʻsimlikdan kelib chiquvchi boshqa mahsulotlar) tarqalishini chaqiruvchi yoki ularning yordamida tarqalishi mumkin boʻlgan import, eksport qilinuvchi yoki Tomonlar davlatlari hududi orqali tranzit oʻtuvchi har qanday materiallar.
2-modda Hamkorlikni mustahkamlash
Oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish maqsadlarida Tomonlar quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmalariga oladilar:
karantin ostidagi materiallarning importi, eksporti va tranziti vaqtida bir Tomon davlatining hududidan boshka Tomon davlati hududiga karantin ostidagi organizmlarning kirishini oldini olish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish;
tomonlar davlatlarining hududlarida karantin organizmlarining paydo boʻlishi, tarqalishi va karantindagi organizmlarning miqdorini kamaytirish maqsadida entomofaglar, feromonlar, biologik va boshka omillar haqida yozma shakldagi axborot bilan almashish;
karantin ostidagi materiallarning importi, eksporti va tranzit qilishda tartibga soluvchi, amaldagi fitosanitariya qoidalariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilganligi haqida xabar berish;
karantinli organizmlarni aniqlash, toʻplash va yoʻq qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishda oʻzaro ilmiy, texnik va maslahat yordamini koʻrsatish;
oʻsimliklarning karantin sohasidagi muammolarni tahlil qilish va yutuqlarni oʻrganish, chegaradan oʻtkazish punktlarida oʻsimliklarning karantini boʻyicha masalalarni samarali hal etish;
Tomonlardan birining davlat hududiga yetkaziladigan karantin ostidagi materiallarning karantin tekshiruvini amalga oshirishda Tomonlar oʻzaro mutahassislarining hamkorligini tashkil etish;
oʻsimliklarning karantini sohasidagi favqulodda vaziyatlarda Tomonlardan birining iltimosiga koʻra, birgalikdagi shoshilinch choralarni koʻrish uchun mutahassislardan iborat ekspeditsiyani xizmat safariga yuborish.
3-modda Oʻsimliklar karantini
Kelishuvchi bir Tomon davlatining hududidan boshqa tomon davlati hududiga oʻtkazilayotgan karantin ostidagi yuklar quyidagi talablarga javob berishi shart:
1. Kelishuvchi bir Tomonning nazoratidagi mahsulotlari ikkinchi Tomonning oʻsimliklar karantini qoidalariga javob berishi shart.
2. Eksport qilinishidan oldin qattiq karantin nazorati olib borishilishi shart.
3. Import qilingan yuklarda eksport qilingan davlatning karantin organizmlari topilsa, kelishuvchi Tomonlarning har biri oʻz davlatining oʻsimliklar karantiniga oid milliy qonuniga asosan, oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlarini zararlanishini oldini olish maqsadida chora-tadbirlarni qoʻllash huquqiga egadirlar.
4. Xashak, barglar va boshqa oʻsimlik mahsulotlarida karantinli organizmlarni tarkatuvchi boʻlishga loyiq oʻrama materiallar va idishlar, qogʻoz va sintetik mahsulotlardan tashqari, taqiqlanadi.
5. Yukning oʻrama materiallari va idishlari yaxshilab tozalangan va zararsizlantirilgan boʻlishi lozim.
Yogʻochdan ishlangan oʻrama va qadoqlovchi mahsulotlari Xalqaro standart fitosanitar choralari № 15(MSFM15)ga asosan koʻrilishi shart.
6. Zarur boʻlgan holatlarda kelishuvchi Tomonlar eksportyor davlatining karantin qoidalarini bajarish maqsadida hamkorlik qilishlari shart.
4-modda Fitosanitar sertifikati
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlati hududiga yuborilayotgan karantin ostidagi yuklarning har bir partiyasi, eksport qiluvchi Tomon davlatining oʻsimliklar karantini xizmati tomonidan beriladigan, xamda ushbu yukning import qiluvchi Tomon davlati taqdim qiluvchi import karantin ruxsatnomasida belgilangan fitosanitariya normalariga javob beradigan fitosanitar sertifikati bilan yuborilishi zarur. Fitosanitar sertifikati eksport qiluvchi Tomonning rasmiy davlat tilida yoki ingliz tilida rasmiylashtirilishi shart. Kelishuvchi Tomonlar fitosanitar sertifikatlarining namunalari bilan almashinishlari zarur.
Tomonlar davlatlarining vakolatli idoralari, muayyan karantin ostidagi yuklarning importi yoki tranziti, import qiluvchi Tomon davlati taqdim qiladigan import karantin ruxsatnomasida belgilangan talablar asosida amalga oshiradilar.
5-modda Nazorat va xabarnoma (notifikatsiya)
Tomonlar davlatlarining vakolatli idoralari, muayyan karantin ostidagi yuklarning importi yoki tranzitida, ularning fitosanitar holati boʻyicha qoʻshimcha shartlar va talablarni qoʻyish huquqiga ega.
Tomonlar davlatlarining vakolatli idoralari, import qiluvchi Tomon davlatining hududida fitosanitar nazorati vaqtida karantinli organizmlarni aniqlagan hollarida, karantin ostidagi yuklarni eksport qiluvchi Tomon davlatiga qaytarish yoki uni zararsizlantirish, zararsizlantirishning imkoniyati boʻlmaganda — Tomonlar davlatlarining qonunlariga muvofiq, uni yoʻq qilish huquqlariga ega.
Karantin ostidagi yuklarning zararsizlantirilishi, qaytarilishi yoki yoʻq qilinishi uchun toʻlovlar import qiluvchi Tomon davlatidagi yukni qabul qiluvchi hisobiga yuklatilib, keyin eksport qiluvchi Tomon davlatidagi yuk yuboruvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Import qiluvchi Tomon davlatining vakolatli idoralari eksport qiluvchi Tomon davlatining vakolatli idoralariga yozma shaklda koʻrilgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotni yoʻllaydilar. Ushbu holat haqida Tomonlar Xalqaro Oʻsimliklarni Himoya Qilish Tashkilotiga axborot berishlari shart.
Zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklarining qoʻzgʻatuvchilari va begona oʻtlarning tarqalishi mumkin boʻlgan urugʻlar, ekin mahsulotlari, oʻsimliklar va boshqa mahsulotlarni (karantin ostidagi yuklar) eksport, import va tranzit qilishda Tomonlar davlatlarining qoidalariga va milliy qonunchiligiga rioya qilishlari shart.
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlati hududiga karantin ostidagi yukning importi, eksporti va tranziti, import qiluvchi Tomon davlatining oʻsimliklar karantini xizmati bilan belgilanadigan chegara punktlari orqali amalga oshiriladi.
6-modda Vakolatli idoralar
Tomonlar davlatlarining ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha vakolatli idoralari boʻlib, quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan: Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi qoshidagi Oʻsimliklar karantini Bosh davlat inspeksiyasi;
Vyetnam Sotsialistik Respublikasi tomonidan: Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Qishloq xoʻjaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Oʻsimliklarni himoya qilish va karantini departamenti.
7-modda Nizolarni tartibga solish
Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilish va qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
Tomonlar davlatlarining vakolatli idoralari, zaruriyat tugʻilgan hollarda, ushbu Bitimni bajarish boʻyicha kelib chiqadigan muammolarni hal qilish va kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida hamda oʻsimliklarning karantini sohasida axborot va tajriba almashish uchun maslahatlar oʻtkazadilar.
Bunday kengashlarning oʻtkazilish vaqti, joyi va dasturi Tomonlar davlatlari vakolatli idoralarining kelishuvlari boʻyicha belgilanadi.
Kengashlarni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan tashkiliy xarajatlarni qabul qiluvchi Tomon qoplaydi.
Transport va boshqa turdagi xarajatlarni har bir Tomon oʻzi qoplaydi.
8-modda Xalqaro bitimlar
Mazkur Bitimning qoidalari, Tomonlar qatnashchilar boʻlib hisoblangan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquqlari va majburiyatlariga daxlsiz boʻladi.
9-modda Qoʻshimchalar va oʻzgartishlar
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin va ular mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblangan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladi. Protokollar mazkur Bitimning 10-moddasiga asosan kuchga kiradi.
1 va 2-sonli ilovalar bilan belgilanadigan, ikkala Tomon davlatlari uchun karantin ahamiyatiga ega boʻlgan, zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklarining koʻzgʻatuvchilari va begona oʻtlarning Roʻyxatlari mazkur Bitimning ajralmas qismidir. Tomonlar davlatlarining vakolatli idoralari oʻzaro kelishilgan holda, zaruriyat tugʻilgan hollarda, mazkur Bitimning karantin zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklarining qoʻzgʻatuvchilari va begona oʻtlarning Roʻyxatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
10-modda Bitimning kuchga kirishi yoki bekor qilinishi
Mazkur Bitim, diplomatik kanallar orqali, Tomonlarning ichki davlat taomillarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi xabarnoma olingan kundan boshlab, oʻttiz kundan soʻng kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuzildi va basharti Tomonlardan biri besh yillik muddat tugashidan kamida olti oy avval mazkur Bitimni harakatdan toʻxtatish toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda ogohlantirmasa, keyingi besh yillik muddatlariga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Mazkur Bitimning amal qilish muddati, bir Tomonning diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonga mazkur Bitimni bekor qilish istagi haqidagi yozma xabarnomani yuborgan kundan olti oy oʻtgandan keyin toʻxtaydi.
2011-yil 3-oktabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, vyetnam va ingliz tillarida ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar kelib chiqqan hollarda, ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga 1-sonli ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararkunandalar, oʻsimliklar va begona oʻtlar kasalliklarining
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati oʻrtasida oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimga 2-sonli ILOVA
Vyetnam Sotsialistik Respublikasida karantin ahamiyatiga ega boʻlgan zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari va begona oʻtlarning
ROʻYXATI
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2012-y., 1-2-son)
