Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2387-son)
29.08.2012
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 29-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2387]
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 1-songa ilova), Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 9-son, 128-modda) qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2000-yil 6-iyundagi 300-son “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 10-iyul,
200-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2012-yil 10-iyuldagi 200-son buyrugʻiga ILOVA
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom tashkilotlarda xodimlarni dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan (bundan buyon matnda vaqti-vaqti bilan deb yuritiladi) tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan lavozimlarga ega boʻlgan tashkilotlarga taalluqlidir.
2. Mazkur Nizom talablari boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladigan xodimlar toifasi uchun qoʻllanilmaydi.
3. Tibbiy koʻriklar yuqumli va parazitar kasalliklar kelib chiqishi va tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek kasb kasalliklari, zaharlanishlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida oʻtkaziladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 214-moddasiga asosan ish beruvchi ushbu Kodeksga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan xodimlarni, shu jumladan mazkur Nizomning 1, 2 va 3-ilovalarida keltirilgan roʻyxatlarda nazarda tutilgan ishlardagi xodimlarni tegishli ravishda mehnat shartnomasi tuzish vaqtida dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilishi shart.
5. Tibbiy koʻriklar tashkilotga tibbiyot xizmati koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular boʻlmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan oʻtkaziladi.
Vaqti-vaqti bilan oʻtkaziladigan tibbiy koʻriklar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining tegishli klinikalarida ham oʻtkazilishi mumkin.
6. Vaqti-vaqti bilan oʻtkaziladigan tibbiy koʻriklar ish davomida oʻtkaziladi.
7. Tibbiy koʻriklarni oʻtkazish paytida xodimning ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlanadi.
II bob. Tibbiy koʻrikni oʻtkazish
8. Ish beruvchi hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari (bundan buyon matnda hududiy DSENM deb yuritiladi) va tashkilotning kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan birgalikda har kalendar yilning 1-dekabrigacha tashkilotdagi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart boʻlgan xodimlarning lavozim boʻyicha kontingentini aniqlashi va bu haqda mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma tuzishi lozim.
9. Ish beruvchi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart boʻlgan xodimlarning lavozim kontingentidan kelib chiqib hududiy DSENM va tashkilotning kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishgan holda tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzadi va tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasiga taqdim etadi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan xodimlarning roʻyxatida tashkilot nomi, xodimning kasbi, u ishlayotgan sex yoki boshqa boʻlinma nomi, ishlab chiqarishning xavfli va zararli omillari hamda xodimning ushbu omillar taʼsiridagi ish staji koʻrsatiladi.
10. Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining rahbari tomonidan hududiy DSENM bilan kelishilgan holda mazkur Nizomning 5-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq xodimlarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazishning kalendar rejasi tuziladi.
11. Agar xodim oʻz sogʻligʻining holati mehnat sharoiti bilan bogʻliq holda yomonlashgan deb hisoblasa, u navbatdan tashqari tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni talab qilish huquqiga ega.
12. Dastlabki tarzda tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan xodimlar tashkilot tomonidan tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasiga mazkur Nizomning 6-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq taqdim etilgan yoʻllanma asosida tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Xodim tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati bilan kelishi lozim.
13. Tibbiy koʻriklarni oʻtkazish uchun tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrugʻi bilan tibbiy komissiya tashkil etiladi.
Tibbiy komissiya tarkibi vrach-terapevt, nevropatolog, oftalmolog, dermatovenerolog, otolaringolog, psixiatr, akusher-ginekolog va jarroh hamda boshqa mutaxassislardan iborat boʻlib, ularning tibbiy komissiya tarkibiga kiritilishi vrach-terapevt tomonidan mazkur Nizomning 1, 2 va 3-ilovalarida belgilangan talablardan kelib chiqib hal etiladi.
Tibbiy koʻriklarni oʻtkazish boʻyicha tuzilgan tibbiy komissiyaning raisi profpatologiya yoki kasb kasalliklari boʻyicha kasbiy tayyorgarlikdan oʻtgan vrach boʻlishi lozim.
14. Ayollar yilda kamida bir marta akusher-ginekolog koʻrigidan oʻtishi lozim.
15. Allergen moddalar taʼsiriga duchor boʻluvchi shaxslar terapevt, otolaringolog, dermatovenerolog koʻrigidan oʻtishi hamda ular qonining klinik tahlili oʻtkazilishi lozim.
16. Xodimlar dastlabki tarzda tibbiy koʻrikdan oʻtishda dermatovenerolog koʻrigidan majburiy ravishda oʻtkaziladi, vaqti-vaqti bilan dermatovenerolog tibbiy koʻrigidan oʻtishda esa, vrach-terapevtning koʻrsatmasi boʻlgandagina oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtuvchi xodimlarda psixik kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) mavjudligini tekshirishda xodimlarning yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining vrach-psixiatri tomonidan amalga oshiriladi.
Tuman vrach-psixiatri boʻlmagan taqdirda psixiatrik tekshirish tumanlararo yoki viloyat (shahar, respublika) psixonevrologiya dispanserining vrach-psixiatrlari tomonidan amalga oshiriladi.
Agar xodim psixik kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida tursa, unga bu haqda belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beriladi. Agar xodim psixik kasalliklar boʻyicha hisobda turmasa va unda ruhiy buzilishlar aniqlanmasa, unga vrach-psixiatrning imzosi qoʻyilgan belgilangan namunadagi maʼlumotnoma beriladi.
Maʼlumotnomalar ushbu davolash-profilaktika muassasasining muhri va rahbarning imzosi bilan tasdiqlanadi.
17. Yuqumli yoki parazitar kasallik tashxisini aniqlash uchun vrach-infeksionist yoki boshqa mutaxassislar jalb etiladi.
18. Tibbiy komissiya tibbiy koʻrikni oʻtkazishda xodimning kasbiy faoliyati xususiyatlari, tegishli kasb va mutaxassislik hamda mehnat sharoitlari bilan toʻliq tanishib chiqishi lozim.
Tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi vrach va mutaxassislar ishlab chiqarish sohasining xususiyatlari va xodimlarda kuzatilishi mumkin boʻlgan kasbiy patologiyani chuqur bilishlari shart.
19. Tibbiy komissiya tomonidan xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish bilan bogʻliq barcha maʼlumotlarni, shuningdek ularning kasbiy faoliyat yoʻnalishiga oid maʼlumotlarni qayd etish maqsadida har bir xodimga ambulator tibbiy karta (025-u shakli) yuritiladi. Ambulator tibbiy kartada tibbiy koʻrikni oʻtkazishda ishtirok etgan har bir vrach va mutaxassislarning xodimning kasbga yaroqlilik toʻgʻrisidagi xulosalari koʻrsatilishi kerak.
20. Tibbiy koʻrikdan oʻtgan xodimning ish joyi oʻzgargan taqdirda, xodimni tibbiy koʻrikdan oʻtkazgan davolash-profilaktika muassasasi tomonidan uning ambulator tibbiy kartasi (025-u shakli) xodimning yangi ish joyiga tibbiyot xizmatini koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasasiga, agar u boʻlmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasasiga yuboriladi.
21. Tibbiy koʻrikni oʻtkazishda mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan xavfli, zararli moddalar, noqulay omillar taʼsiri bilan bogʻliq ishlarga qoʻyish uchun qarshilik koʻrsatuvchi umumiy tibbiy moneliklar inobatga olinishi lozim.
22. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan xodimning kasbga yaroqlilik masalasi boʻyicha tibbiy komissiya mazkur Nizomning 1, 2 va 3-ilovalarida belgilangan talablarni hisobga olgan holda oʻzining xulosasini beradi.
Tibbiy koʻrik natijasiga koʻra xodim xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ostida ishlashga yaroqsiz deb topilganda, unga bu toʻgʻrisida tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi beriladi va ushbu xulosaning nusxasi uch kunlik muddat ichida xodim ishlaydigan tashkilotga yuboriladi.
23. Tibbiy komissiya tomonidan oʻtkazilgan tibbiy koʻrik natijasiga koʻra xodimga quyidagi davolash va sogʻlomlashtirish tadbirlari rejalashtirilishi lozim:
kelib chiqishida kasbiy omil asosiy hisoblangan aʼzolarda keskin boʻlmagan oʻzgarishlar aniqlangan xodimlarni dinamik kuzatish va zarur davolash choralarini koʻrish;
aniqlangan kasalliklarning turidan kelib chiqib belgilangan tartibda xodimlarni statsionar va sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yuborish, shuningdek dam olish uylari, sanatoriylar va profilaktoriylarga yoʻllanma berish;
sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan holi boʻlgan boshqa ishga vaqtincha oʻtkazishda, ishning turi xodimning malakasini hisobga olib, ish beruvchi bilan kelishgan holda tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy-maslahat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
24. Vaqti-vaqti bilan oʻtkaziladigan tibbiy koʻrik natijasi boʻyicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsiri mavjud ishlardagi xodimlarni dinamik kuzatish maqsadida ushbu xodimlar quyidagi differensiallangan guruhlarga ajratiladi:
D1 — zararli ishlab chiqarish omillari taʼsiri belgilari boʻlmagan guruh;
D2 — kasb kasalliklarining rivojlanish xavfi yuqori boʻlgan guruh;
D3 — kasb kasalliklari aniqlangan bemorlar.
25. Vaqti-vaqti bilan oʻtkazilgan tibbiy koʻriklar natijasi boʻyicha tibbiy komissiya tomonidan mazkur Nizomning 8-ilovasiga muvofiq dalolatnoma tuziladi.
Dalolatnoma toʻrt nusxada tuzilib, hududiy DSENM, xodim ishlaydigan tashkilot va kasaba uyushmasi qoʻmitasiga yuboriladi hamda bir nusxasi tibbiy koʻrikni oʻtkazgan davolash-profilaktika muassasasida qoladi.
26. Tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonida xodimda kasb kasalligi bilan bogʻliq holatlar aniqlangan hollarda ushbu xodim tibbiy komissiya tomonidan kasallikning kasb bilan bogʻliqligini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining tegishli klinikalariga yuborilishi lozim.
Bunda kasb kasalligining turi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-fevraldagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslarning kasbiy mehnat layoqati yoʻqotilishi darajasini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1-ilovasida keltirilgan Kasb kasalliklari roʻyxatiga muvofiq aniqlanadi.
27. Hududiy DSENM lar tegishli ravishda kasb kasalligiga chalingan xodimlarni hisobini yuritadi.
28. Kasb kasalligiga chalingan xodimlar ushbu kasallik davri boʻyicha dispanser nazoratida turadi va ular kasb kasalliklari klinikalarida har yili davolanishlari lozim.
III bob. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlarini tashkil qilish boʻyicha javobgarlik
29. Tibbiy koʻrikning sifatli oʻtkazilishiga tibbiy koʻrikdan oʻtkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining rahbari javobgar hisoblanadi.
30. Tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart boʻlgan xodimlar tibbiy koʻriklardan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emaslar. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qoʻymaslikka haqlidir.
31. Ish beruvchilar oʻz xodimlarining majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi uchun va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni ishga qoʻyish natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar boʻladilar.
IV bob. Yakuniy qoida
32. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.XAITOV
2012-yil 9-iyul
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T.NARBAYEVA
2012-yil 9-iyul
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Taʼsiri natijasida ishlovchi xodimlari dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart boʻlgan xavfli va zararli moddalar roʻyxati, shuningdek ushbu moddalar taʼsirida ishlovchi xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtish muddatlari, tibbiy koʻrikni oʻtkazuvchi vrach va mutaxassislar toifasi hamda zarur boʻlgan laborator va funksional tekshiruvlar, ishga qoʻyish uchun qarshilik koʻrsatuvchi tibbiy moneliklar
ROʻYXATI
Izoh:
dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan oʻtkaziladigan tibbiy koʻriklarni oʻtkazishda qonning tahlili Nv, leykotsitlar, eritrotsidlarni choʻkish tezligi aniqlanishi shart. Koʻkrak qafasining toʻgʻri proyeksiyadagi rentgenogrammasi 3 yilda 1-marta qilinishi shart.
“A” — belgisi koʻrsatilgan moddalar allergenlarga, “K” — kanserogenlar, “F” — fibrogen moddalarga kiritiladi (koʻrsatma boʻlsa allergolog, onkolog, profpatologga koʻrsatilishi lozim).
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Mehnat sharoiti noqulay ishlar va bajarilayotganida dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtilishi lozim boʻlgan boshqa ishlar
ROʻYXATI
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2013-yil 16-oktabrdagi 351-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2387-1, 06.11.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 45-son, 594-modda)
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart boʻlgan oziq-ovqat sanoatida, savdo va bevosita aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tarmoqlardagi ishlarda band boʻlgan, shuningdek umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim va boshqa muassasalarning bevosita bolalarga taʼlim yoki tarbiya berish bilan shugʻullanuvchi pedagoglar va boshqa xodimlar
ROʻYXATI
Izoh:
bolalarni davolash va ularga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq ishlarda band boʻlgan, mazkur Roʻyxatning 21 — 25-bandlarida nazarda tutilgan xodimlar ishga kirishdan oldin va 1 yilda bir marta gelmentlarni aniqlash uchun najas tahlilidan oʻtkaziladi;
teri va shilliq qavatlarning buzilishi, qon va organizmning boshqa biologik suyuqliklari bilan ishlovchi va mazkur Roʻyxatning 21 — 25-bandlarida nazarda tutilgan xodimlar ishga kirishdan oldin va 1 yilda bir marta odamning immunitet tanqisligi virusiga qon tekshiruvidan oʻtkaziladi.
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
* Tibbiy koʻrik vaqtida qoʻshimcha vrach – mutaxassislarni (onkolog, allergolog va boshqalar) jalb qilishni talab qiluvchi ishlab chiqarishning kimyoviy moddalari yoki fizik omillarining taʼsiri kuzatilsa, ularning organizmga spetsifik taʼsiri xarakteri koʻrsatiladi.
Laborator va funksional tekshiruvlarning natijalari koʻrsatiladi (miqdoriy tavsifi).
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Dastlabki tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun
YOʻLLANMA
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Xavfli, zararli moddalar, noqulay omillar taʼsiri bilan bogʻliq ishlarga qoʻyish uchun qarshilik koʻrsatuvchi umumiy tibbiy moneliklar
ROʻYXATI
1. Funksional faoliyatining buzilishi bilan kechuvchi aʼzolarning tugʻma nuqsonlari.
2. Funksional buzilishlar turgʻun ifodalangan markaziy asab tizimining organik kasalliklari.
3. Surunkali ruhiy xastaliklar va psixo-nevrologik dispanserlarda albatta majburiy dinamik kuzatuvga muhtoj boʻlgan shu kasalliklarga teng boʻladigan holatlar, paroksizmal oʻzgarishlar bilan kechuvchi epilepsiya. Oraliq ruhiy kasalliklar yaqqol ifodalangan holatlarda tegishli ishlarga yaroqlilik masalasi psixo-nevrologik dispanserining komissiyasi tomonidan individual ravishda hal qilinadi.
4. Yaqqol ifodalangan oʻzgarishlar bilan kechuvchi endokrin tizimining kasalliklari.
5. Xavfli oʻsmalar (davolangandan keyin mutlaq moneliklar boʻlmagan hollarda masala individual hal qilinishi mumkin).
6. Qon tizimining barcha kasalliklari (hamma bosqichlarida) (jumladan qon yaratuvchi tizimning kasalliklari).
7. Gipertoniya kasalligining III bosqichi.
8. Qon aylanishi yetishmovchiligi bilan asoratlangan yurak kasalliklari.
9. Yaqqol ifodalangan oʻpka-yurak yetishmovchiligi bilan asoratlangan oʻpkaning surunkali kasalliklari.
10. Nafas va qon aylanishining yaqqol ifodalangan funksional buzilishlari bilan kechuvchi bronxial astmaning ogʻir turi.
11. Tuberkulyozning har qanday joylashgan faol turlari.
12. Surunkali tez-tez qaytalanadigan va asoratlanishga moyil meʼda va 12 barmoqli ichakning yara kasalligi.
13. Jigar sirrozi va faol gepatitlar.
14. Buyrak yetishmovchiligi bilan asoratlangan surunkali buyrak kasalliklari.
15. Kollagenozlar.
16. Kasbi boʻyicha ish bajarishga xalaqit beruvchi turgʻun buzilishlari boʻlgan boʻgʻim kasalliklari.
17. Homiladorlik va sut ajralish davri.
18. Farzand koʻrish istagi boʻlgan ayollarda anamnezida odatdagi homila nuqsonlari va homiladorlikning oxiriga yetmasligi.
19. Bachadondan qon ketishi bilan kechuvchi hayz koʻrish funksiyasining buzilishlari.
20. Glaukoma dekompensatsiya davrida.
Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 35-son, 407-modda; 2013-y., 45-son, 594-modda; 2016-y., 1-son, 11-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 07.05.2026-y., 10/26/3831/0463-son)
