Intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
06.11.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
iqtisodiyot, savdo, madaniyat, fan va texnika sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun intellektual mulkni samarali himoya qilishning muhimligini anglab,
1967-yil 14-iyulda Stokgolmda imzolangan Butunjahon intellektual mulk tashkilotini taʼsis Konvensiya qoidalariga asoslanib (bundan keyin— Konvensiya),
1996-yil 21-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa hamjamiyatlari va ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisida Bitimga muvofiq,
Tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish sohasida qulay sharoitlar yaratib berishni istab va hamkorlikni rivojlantirish zarurligini anglab,
quyidagilar haqida kelishdilar:
1 - modda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun “intellektual mulk” termini Konvensiyaning 2-moddasida koʻrsatilgan maʼnoda tushuniladi.
2 - modda
1. Tomonlar davlatlarning milliy qonunchiliklari va oʻzlari ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarga muvofiq, ikkala davlat rezidentlari subyektlarining intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish yuzasidan samarali chora-tadbirlar koʻradilar.
2. Intellektual mulk sohasida bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari boshqa davlat hududida shu davlat qonunchiligi tomonidan oʻzining jismoniy va yuridik shaxslariga hozirgi vaqtda berilgan yoki beriladigan shunday huquq va imtiyozlardan va shuningdek ularni shunday asoslarda va hajmda muhofaza qilish usullaridan foydalanadilar.
3- modda
Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
1) intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish va huquqlaridan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish;
2) intellektual mulk huquqini muhofaza qilish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha axborot almashish va bu yoʻnalishda rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish;
